October 4

Samolardan balandda

​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​" Hech qachon — Rameo va Julietta haqidagi kabi fojiali hikoya bo’lmagan. "
— William Shakespeare

Chorasizlik - inson ruhiyatining eng ogʻir va shu bilan birga eng teran holatlaridan biridir. Barcha yoʻllar berkilayotgandek, har bir urinish zoye ketayotgandek tuyulgan ushbu lahzalarda inson oʻzining ojizligini butkul his etadi.
Tun qoraygan, atrofni qalin tuman qoplab manzarini ko'rishni cheklab qo'ygudek edi. Havo issiq emas, ammo sovuq ham. Xuddi quvonchni, baxtni o'zi bilan birga olib ketgandek, bir necha kundan buyon quyosh ko'rinmasdi.
Bo'lgan baxtsiz voqeadan so'ng Damryeong endi va'da so'ragan insonining huzuriga ilk marta bosh egib keldi. U hech qachon bergan va'dasini bajarmay qo'ymas, kimningdir yonida bosh egmasdi. Ammo bugun hammasi o'zgargandi. Uning qarshisida aylanma stulga oyoqlarini chalishtirgan ko'yi, asabiy holatda Marcus Cabone o'tirardi. Erkakning jag’lari qattiq siqilgan, bir qo'lida qimmatbaho italyan sigarasini tutib turardi. Sigara tutunining achchiq va og‘ir hidi xona bo‘ylab sekin yoyilar, tumanli va qorong‘u tunga hamroh bo‘lib xonadagi sovuq muhitni yanada quyuqlashtirardi. Cabone tutunni sekin puflarkan, uning o‘tkir nigohlari eshik bo‘sag‘asida sukut saqlab turgan Damryeongga qadalgan edi.
Damryeong xuddi shunday inson edi hech qachon birovga tizzalamaydigan, mag‘rur va o‘z so‘zining ustidan chiqadigan. Ammo bugun uning yelkasida nafaqat o‘zining, balki butun bir taqdirning og‘irligi yotardi. Mag‘rurlik va chorasizlik o‘rtasidagi bu ayovsiz jangda u ilk bor o‘zligini qurbon qilishga majbur edi.
Cabone aylanma stulida sekin tebranib, sigarasining kulini qimmatbaho xristal idishga qoqdi. Va Damryeong uchun o'tirishini imlab qo'ydi. Damryeongning qadamlari sekin ammo og'ir edi. U kelib Cabonening qarshisidagi stulga joylashdi. Cabone unga italyan sigarasini taklif qildi, ammo Damryeong chekishni istamadi. Shundan so'ng Cabone asta suhbatni boshladi.
- Nima qilib qo'yganingni anglayapsanmi, Kim? - dedi sigarani chertib qo'yar ekan, lablari asabdan titrab. - Butun Yevropa bozori bu haqida eshitdi! Agar biron kim senga qarshi bosh ko'tarsa.. sen tamomsan Damryeong.
Damryeong pinagini ham buzmay, bir nuqtadan bosh ko'tarmadi. Ammo Cabone aytayotgan har bir so'z uning qon-qoniga singib kirardi.
- Kimdir endi men bilan vaqtini ketkazib o'chakishadi deb o'ylamayman. - vanihoyat gapirdi, Damryeong boshini ko'targisi kelmay.
- Ha albatta, axir barcha mol-mulkingni Xunrezga qo'sh-qo'llab uzatib yubording-ku? To'g'rimi? - Cabone kinoyali jilmaydi. - Men senga uni yo'q qilishni, tag-tugi bilan ag'darib tashlashni uqtirsam-u… sen uni kuchiga kuch qo'shib menga qayta raqib qilib qo'yding.
Damryeong og'ir nafasini ichiga yutdi. U bilmasdi bundan keyingi kunlari qanchalik og'ir o'tishini. Cabone haq edi, agar Damryeong bu ishni qilmaganda edi hozir Xunrezni yo'q qilish ancha oson kechgan bo'lardi.
Cabone Damryeongdan gapirgan gaplari uchun biror arzirli javob kutdi. Damryeong esa qanchadir soniya jim turdi, so'ng:
- Qo'lida butun hayotim bor edi… - deb pichirladi. - Boshqa choram yo'q edi, oyoq-qo'limni ipsiz bog'ladi.
- Bir qizni deb-a? Avvalgi Kim Damryeong bunday emasdi, men tarbiyalagan yigitcha qayerda qoldi? Qani sendagi kuch? Qani iroda? Avvalgi Damryeong matonatliroq edi, bir qizni deb aqlingni yo’qotma. Qo'lingda hech vaqosiz qoldirib ketishdi, seni tahqirlashdi. Bizni dunyoda sevgi yo'q! Sevgi bo’lsa yashay olmaysan. Hech qachon oyoqda turolmaysan.
Damryeong indamay, Cabonening har bir so‘zini o‘ziga singdirardi. U Cabonening barcha gaplari to‘g‘ri ekanini bilardi. Sevgi - bu zaiflik. Sevgi - bu mag‘lubiyat. U o‘sha tunda, Raniyani yo‘qotish qo‘rquvi ichida, o‘zining bu zaifligini butkul his etgan edi.
- Usiz ham endi mendan foyda yo'q.
- Va’dangchi… bergan va'dang nima bo'ladi? - Cabone sigarasining oxirgi tutunini to'kkancha idishga qo'ydi. Qo'llari stol ustida bir-biriga bog’lanib, qoshlarini o'yib Damryeongga tikilib qarab turaverdi. Aslida yigitning haq ekanini, endi undan zig'ircha foyda yo'qligini yaxshi bilsa-da baribir ortga chekinmadi.
Damryeong boshini asta ko'tarib, Cabone tomon burdi. Lablarida alam bilan birga qorishgan charchoqli tabassum paydo bo'ldi.
- Siz buni mendan tezroq bajarasiz. - Damryeong sekin o'rnidan turdi. Va chiqish eshigi tomon qayrilmoqchi edi, shu soniyada ortiga o'girildi.
- O'rtamizdagi barcha sirlar qabrimga men bilan birga ketadi, - dedi, va ko'zlarida nafrat yonib tomog'ini qirdi-da oxirgi so'zlarini aytdi.
- Xunrezni… men uchun bo'lmasa-da qizingiz uchun ham yo'q qilishingizni bilaman. Ammo baribir buni sizdan iltimos qilgan bo'lardim, men qilolmadim, faqat sizning qo'lingizdan keladi.. - Damryeong biroz to‘xtab, tomog‘iga tiqilgan alamli yutunig‘ini ichiga yutdi. Uning ko‘zlaridagi so‘ngan uchqunlar o‘rnini daxshatli, qip-qizil qasos alangasi egalladi.
- Uni.. boshiga it kunini soling.. osonlikcha o'lmasin. Agar shunday bo'lsa men bu hayotda bekorga yashab o'tgan bo'laman.
Cabone mazaxona kulib yubordi.
- Sen xotirjam bo‘l, Damryeong. Men u padarsonatga o‘limni shunday orzu qildiraman...
Shu so‘zlardan so‘ng xonaga yana o‘sha og‘ir, muzdek sukunat cho‘kdi. O‘rtada boshqa hech qanday ortiqcha gapga hojat qolmagandi. Damryeongning ko'z o'ngida Raniyaning har kungi ahvoli, qonga belangan holatdagi ko'rinishi yoki har kuni tushlarida alaxsirab uhlolmay qichqirib chiqishlari, o'ldirgan insoni ko'zi oldiga kelganda telbalardek qo'rqib tipirchilashi birin-ketin paydo bo'ldi.
Damryeong qo'llarini mushtladi. Hammasi ayon edi, endi uning qo'lida hech qanday kuch yo'q. Qo'l ostida xizmat qiladigan to'dasi ham endi uni tark etgan. Mablag' oladigan har qanday ishi endi uniki emas. U Raniyani asrab qolish uchun boridan kechdi. Kuchi asrash uchun yetdi-yu, qasosi uchun yetmadi.
- Sizga ishonaman… umid qilamanki qayta uchrashmaymiz. - Damryeong oxirgi so'zlarini past ohangda aytdi. Keyingi navbatda esa Cabonening qarorgohini tark etdi.

Ular Seulning eng odam kam yashaydigan tumaniga ko'chib o'tishganiga ko'p bo'lmagandi. Damryeong o'zining ko'p qavatli binolarda joylashgan uyini sotuvga qo'ydi, Jimin ham o'zining uyini sotib yubordi. Endi ular Jung-gu tumanida odamlardan ancha yiroq bo'lgan mahallaning burchagida yashay boshlashgan. Uyning tamiri ko'zga ko’rinarli darajada emas. Uy sirtdan qaraganda mutlaqo oddiy, shovqinli shahar shovqinidan yiroqda joylashgan shinamgina ikki qavatli hovli edi. Baland toʻq kulrang devorlar va mustahkam temir darvoza ichkarida nima boʻlayotganini begona koʻzlardan pinhon tutardi. Bino oʻta dabdabali boʻlmasa-da, poydevori va qurilishi pishiq, xuddi tashqi dunyoning har qanday xavf-xatarlaridan himoya qiluvchi xavfsiz qoʻrgʻondek qad rostlab turardi. Damryeong ichkariga kirishdan avval eshik oldida turib qoldi. Qo'llari dastakni pastga tushirish yoki tushirmaslik haqida o'ylayotgandek. Hozir agar u uyga kirsa yana joni azoblanadi. Raniyaning doimgi yig'isini yoki moychechak gulidek to'kilib borayotganini guvohi bo'ladi.
" Men uning yonida bo'lishim kerak.. " degan fikr hayoliga kelib urilishi bilan, dastak pastga tushirildi. Damryeong ichkariga kirganda, havo muhiti og'ir va sukunatga botgan edi. Ayni shu pallada haftada ikki marta tashrif buyuradigan ruhshunos ayol ham zinalardan pastlab kelardi. Ayol Damryeongning qarshisiga kelganda, doimgi kunlardagidek unga Raniyaning ahvoli haqida gapira ketdi.
- Bilasizmi, janob Kim.. unga nisbatan shunchalik kuchli ruhiy jarohat yetkazishgan-ki, holat faqatgina shifoxona talab qiladi. - ayol bir muddat, to'xtab qoldi. - Har bir kichik ovoz, har bir oddiy kutilmagan harakat ham unda kuchli vahima uyg'otyapti. Dori-darmonlar kuchli hayajonni bosmoqda xolos. Uning ruhiyatida qotil degan jumla qayta-qayta aylanyapti. Bu ham aybdorlik hissi deb ataladi.
Damryeong uni indamay eshitardi. Ruhshunosning har bir so‘zi uning yuragiga og‘ir botardi, ammo yuzida hech qanday ifoda ko'rinmasdi.
- U yaxshi bo'ladi… shundaymi? - bu so'zlar, yigitning to’g’ri ko'ksida sekin porlayotgan umiddan chiqti. Ayol bir soniya uning ko'zlariga tikilib qoldi.
- Umid qilamiz. - dedi-yu, ruhshunos ayol chiqish tomon bir ikki qadam tashladi.
- Shoshmang, - Damryeong birdan ortiga o'girildi. - U nega mendan qo'rqyapti?
Ayol bir muddat javob bermadi. So'ng ortiga o'girilib:
- Erkak bo'lganingiz uchun bo'lishi mumkinmi?
Damryeong gavdasini to'liq ortga burdi-da, nigohlaridan biror narsani tushunmaganini ochiqchasiga ko'rsatdi. Qoshlari biroz chimirildi. Ruhshunos bo’lmish xonim tushib turgan sochlarini qulog'i ortiga olib o'tdi va o'zini iloji boricha hotirjamdek tutib tushuntirishni boshladi.
- Bilasizmi.. balki siz unga ojizligingizni ko'rsatishingiz kerakdir.
- Qanday ojizlik?
- Buni siz bilasiz Damryeong. U hozir o'zini qanchalik ojiz his etayotgan bo'lsa balki siz erkak kishi bo'lganingiz uchun, uni shu ahvolga solgan odamlarni eslayotgandir? Sizdagi kuch uni vahimaga solar? O'zini yanayam ojiz his etar, va unga yana ozor yetkazishadi deb o'ylar? Moychechakni ba’zi insonlar gullatsa, ba’zilari bargini yuladi… siz ikkala toifaga ham kirasiz janob Kim. Uni gullatadigan ham siz, payhon qiladigan ham sizsiz… - ayol oxirgi so'zlariga alohida urg'u berdi-yu, uyni tark etdi.
Damryeong uning aytgan gaplarini uzoq o’yladi. So'ng ichkariga kirdi. Avvaliga hamma narsa tinch tuyildi. Jimin ko'zga ko'rinmadi, Doona aftidan do'konga chiqib ketgan? yoki xonasida. Ovozlar eshitilmasdi.
Ammo keyin yuqori qavatdan Raniyaning qichqiriq ovozi uyni to'ldirib yangradi. Damryeong tepaga qanday tezlikda ko'tarilgani-yu, Raniyaning xonasiga qanday qilib yetib kelganini xatto anglolmay qoldi. Ichkarida qiz sovuq polga tizzalab o'tirib olgan, ikki qo'li bilan quloqlarini berkitgan, yuzini esa tizzasiga qo'yib yopib olgan ko'yi to'xtovsiz bir gapni aytib tebranardi:
- Ket.. ket, ket! Ket! Ket!… men qilmadim.. men o'ldirmadim! men qilmadim… ket.. yolvoraman ket!
- Moychechak.. menga qara, qara bu menman.
Damryeong uning qarshisiga sekinlik bilan o'tirdi. Qo'llarini uzatib, billurga teginayotgandek Raniyaning kaftidan tutdi. Qiz boshini biroz ko'tarib, qizg'ish tus olgan, nam kipriklarini pirpiratib Damryeongga tikilib qaradi. Uning ko'zlari yig'idan shishib qolgan, lablari ham titrab turardi.
- Meni taniyapsanmi? Axir bu men.. sen sevgan inson.. - Damryeong, so'zlariga sekin qo'shimcha kiritdi. - Oshig'ingman…

Raniya uni tinglardi ammo ko'zlari oldida paydo bo'layotgan yukdan qutilolmasdi. U o'ldirgan o’sha kungi yigit qayta-qayta qarshisidagi paydo bo'lar, joniga azob ustiga azob berardi. Raniya birdan o'zini ortga surdi. Qo'llarini tortib oldi va yana titrashga tushdi. Damryeong o'rnidan turib uning dorisini olib keldi va suv bilan birga. Ammo Raniya faqat boshini burib, yigitni o'ziga yaqinlashishiga qo'ymasdi. Dorini esa qo'liga ham olmadi. Damryeong majburan suv bilan dorini og'ziga soldi-da, qizni iyagidan kutilmaganda ushlab lablarini birlashtirdi. Raniya xatto suv bilan kichik dori lablari orasidan qanday o'tganini anglashga ulgurolmay ham qoldi. Damryeong bu yo'l bilan ham dorini unga ichirmoqchi edi, ham oz bo'lsa ham sog'inchini bosish niyatida edi. Ammo Raniya uni ko'ksidan keskin itarib yubordi. Bir soniya o'tmay xonani qattiq tarsaki ovozi egalladi. Damryeongning chap yuzi achishib, qizg'ish tusga kira boshladi. U og'riq sezdi ammo yuziga tushgan tarsakidan emas, Raniya lablarini qo’llari bilan qayta-qayta artib tashlayotganidan og'riq yedi. Yigitning ko'zlari biroz namlangan bo’ldi. Qizdan ko'z uzolmay ho'rlanib termuldi. Avvallari u Raniyani o'pganida, qiz qanchalik hayajonlanardi, yurak urishi qattiqligidan bu xatto Damryeongga eshitilib turardi. Bo'sadan so'ng yanog'i uyatdan qizarib ketganini ko'rish qanchalik maroqli kechgan bo'lsa, hozir lablarini artib tashlashi shunchalik azobli kechdi. Uning qalbi o'rtanib ketdi. Lekin bir zumga ham qizdan araz qilmadi. O'zi istamayapti-ku deya uzoqlashmadi. Tashlab qo'yishni xatto hayol qilmadi.
Keyingi kunlarda qizning ahvoli battar og'irlashib ketdi. U tamomila ruhan aqldan ozganlarga o’xshardi. Tunlari ba'zan qichqirib uyg'onar, sochlarini to'zitib, baqirib yig'lardi.
- Men emas.. men xohlamagandim! Nari ket!.. meni tinch qo'y! - qiz barmoqlari bilan sochini yulqib, quloqlarini berkitib oldi.
Damryeong charchoqdan bukilib qolgan tanasini bazo'r ko’tarib, Raniyaning yoniga tizzalab bo'yi tengi o'tirdi. Qo'llarini uzatmadi, bu hol har kungidek davom etardi.
- Gulim.. iltimos.. - deya oldi, xolos. - Qabul qil, sen buni xohlamading.. senda ayb yo'q.
Damryeong uning kaftini majburan o'ziga tortib, yuziga olib keldi. U bu so’zlarni har kuni takrorlardi:
- Meni ur, men bilan urush, ammo o'zingni azoblayverma.. qilgan gunohingni menga ber. Hammasiga men aybdorman…

Hammasi butkul foydasiz. Kunlarning birida Damryeong biroz toza havo olish uchun hovliga chiqti. Havo etni junjiktirib yuboradigan dajarada nam sovuq, shu bilan birgalikda to'lin oyli edi. Raniya ichkarida dugonalari Soyon va Jinri bilan birgalikda qoldi. Xatto bir kuni Damryeong uyga Teinni ham chaqirdi. Qancha rashki qo'zisa ham, balki Raniya do’stini ko'rsa biroz hotirjam bo'lar, hamma uning yonida, uni aybsiz deb hisoblashayotganini tushunar deb o'ylagandi. Tein Raniyaning yonida ikki soatdan oshiq vaqt birga o'tirdi. Kichik suhbat qurishga ham erishdi. Damryeong buni chetdan kuzatib turar ekan, yaproqdek titradi-yu, kuz bargidek to'kildi. Qo'llarini musht holatiga keltirdi, ammo hech narsa qilolmadi.

Damryeong sovuq havodan chuqur nafas oldi. Aprel oyi, shamol kelib uning yuziga urildi. U qo'llarini cho'ntagiga tiqqan holatda osmonga qarab hotirjamdek turardi.
Uning ortidan Jimin ham tashqariga chiqti. Jimin uni zimdan kuzatib turar ekan, Damryeong xatto uni kelganini payqamay ham qolgandi. Jimin eng qadrli insoni bo'lmish yigitning, uyqusizlikdan qoraygan ko'z ostiga, charchoqdan yumilib ketayotgan ko'zlariga, holsiz nafas olayotgan lablariga qarab ich-etidan ezildi. Jimin o’zining kelganini bildirish uchun sekin yo'talib qo'ydi.
Damryeong sekin ortiga o'girilib qaradi. Jimin unga alamli tabassum qilib qo'ydi va yoniga yaqinlashdi.
- Bir o'zingiz turibsiz.
- Biroz havo almashtiray degandim. - oddiygina javob qildi, Damryeong.
- Menimcha, uhlab olishingiz kerak. - Jimin buni hazilomus ohangda, go'yo Damryeongni tushgan ahvoli kulgilidek ko'rsatib jilmaydi.
Damryeong ham unga qarar ekan, lablari hiyol tabassum qildi.
- Ahvolingiz havas qilgudek emas.
- Achinarlimi?
- Ha, juda harob ko'rinishda. Ko'zlaringiz uyqu nimaligini yuz yildan beri bilmaydigandek ko'rinyapti. - Jimin yana kuldi.
Aslida bu kulgu do'stining yuzida ham paydo bo'lishi uchun kichik harakat edi. Balki biroz chalg'ir?, balki tashvishini ikki soniya bo'lsa ham unutar? degan holda. Damryeong jilmaydi, ammo samimiy emas.
- Kechasi uhlay olmadi. - dedi, yuzini yana qayta osmonga qaratib.
Jimin esa unga qarab turardi.
- Ko'ziga hali ham o'sha odam ko'rinyaptimi?
- Qaydam.. uning holatida qotil ko'rinishi qanday bo'lishini tushunolmadim. Men ilk marta odam o'ldirganimda uchalik og'ir ahvolda emasdim.
- Ular bilan farqimiz ancha katta. - Jimin ham qo'llarini cho'ntagiga tiqib, xuddi Damryeongdek osmonga qarab turib oldi.
- Men buni o'zim istab qilgandim, u esa tasodifan qildi. Tasodifan qilgan bo’lsa ham o'zidan shunchalik jirkanyapti. - Damryeongning qoshlari chimirildi, va yuzini burib Jiminga qaradi. - Qalbi shunchalik tozami Jimin?
- Toza bo'lgani uchun ham hozir tiriklayin yonayapti. - Jimin og‘ir tin olib, uning savoliga bosiqlik bilan javob berdi. Uning nigohlari to‘lin oy yog‘dusida yiltillayotgan qora bulutlarga qadalgan edi. - Bizning qo‘limiz qonga belanganda, vijdonimiz allaqachon o‘lib bo‘lgandi. Biz bu botqoqlikni o‘zimiz tanladik.
Damryeong indamadi. Tungi salqin shamol uning yuzini silab o‘tar, ammo ko‘ksidagi achchiq alanganini o‘chira olmasdi.
- Ruhshunosning gaplarini o‘ylab ko‘rdingizmi? - Jimin burchakda turgan temir o‘rindiqqa suyanib, Damryeongga qaradi.
- Ha, yashatadigan ham o'ldiradigan ham sensan degandek bo'ldi.
Jimin og'ir yutundi. So'ng ustiga chiqarolmayotgan yoki chiqarishdan qo'rqayotgan jumlasini jasorat to'plab zo'rg'a aytdi.
- Balki shifoxonaga yotqizish kerakdir?
Damryeong oydan ko'zlarini uzdi, lablarining orasi biroz ochilib qoldi. U hayron Jimin tomon burildi. Qoshlari jaxl aralash chimirilgandi.
- To'liq aytmaysanmi? Ruhiy kasalliklar shifoxonasiga demoqchimiding?
- Men shunchaki ikkingizni ham qanday azob chekayotganingizni ko'rib turibman, janob. - Jimin nigohini yerga qaratib, bazo‘r gapirdi. Ovozidagi xijolatchilik va ikkilanish har bir so‘zidan bilinib turardi. U Damryeongning yuziga tik qarashga ham botinolmadi.
Damryeongning qoʻllari beixtiyor musht boʻlib tugildi. U bir qadam oldinga bosdi, jagʻlari qattiq siqilgan, ko‘zlarida esa chuqur bir alam va chorasizlik zohir edi.
- Men uni hech kimga berib qo'ymayman Jimin.. hech qachon. U tuzaladi… mana ko'rasan! Yaxshi bo'ladi, bunga ishonaman.
Damryeong ishonchli gapirdi, lekin ich-ichidan o'zi ham bunga shubha bilan qarardi. Yuqori qavat derazasi ochiq qolgan, u yerdan Raniyaning yig'i ovozi eshitilib turibdi. Damryeong charchoq aralash yana qayta uy ichiga kirib ketdi. Qalbidagi og'riqni esa shu hovliga tashlab ketgandi.
Jimin u ketgan tomonga qarab o'ylanib qoldi. Damryeongning o'rniga o'zini qo'yib Raniya o'rnida Doonani xatto tasavvur qilishga qo'rqdi. U lablari yalab, so'ng o'ziga eshitiladigan ohangda shivirladi:
- Seni ko'zing qiyarmidi?

#Muallif - Kang Raniya