September 15

Samolardan balandda

​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​" Hech qachon — Rameo va Julietta haqidagi kabi fojiali hikoya bo’lmagan. "
— William Shakespeare

Damryeong chuqur nafas olishga urindi. Ammo ko’ksida havo xuddi yig’ilib qolib, tomog’idan o’tishiga yo’l bermayotgandek edi. U bo’yin qismidagi bir ikki tugmani bo’shatib, Cabonega o’tkir va sovuq qarash qilib qo’ydi. Lablaridan maxluqona bir xirillagan tovush chiqti, lekin hozir buni yuzaga chiqarish mavrida emas. Bir, ikki bosilgan og'ir qadam ortidan tanani nazorat qila olmaslik kuchi, bo'shashish. Go'yoki kuch tark etgan ro'yodek.
- Janob o'zingizni tuting. - Han deyarli iltimosli ohangda gapirgandi.
Damryeong billiard stolga chap qo'lini tirab, o'ng qulog'ini ikkinchi qo'li bilan berkitdi. Kuchli chiyillagan tovush hali hamon tarqamay azob berardi.
- Hammasi joyidami Damryeong? - aslida tashvishga tushmayotgan bo'lsa ham, qiziqish ustunlik qilib so'radi Cabone.
Damryeong unga javob qaytarmadi. Bir necha daqiqa quloqlarini berkitib, o'zini qo'lga olishga, nafas olishga urindi.
- Jimin.. qayerda?
- Qidiruvda.
- Yonimga olib kel.. - lablar titramoqda, xatto butun tana. Damryeongning hayqirig'i yoyilish arafasida. U tashqariga chiqti, o'zini qo'lga olishi ancha qiyin kechdi. Yarim soatlardan so'ng odamlarning hammasi bir yerga kelib to'plandi. Qarama-qarshi mashinalardan pastga birinchi Jimin abgor ahvolda tushdi. Uning sochlari palapartish holatda, qo’llari bir-biriga yopishib qolar darajada qattiq siqilgandi, lablarini qattiq tishlab hech bo'lmaganda xo'jayinining oldida o'zini tutib turdi. Damryeong sekin yaqinlashib Jiminning qarshisiga kelib to'xtadi. Jimin ko'zlarini pastga, yerga qaratdi. Damryeong qizni doim unga ishonib qoldirardi, bu safar esa Jimin hech kimni himoya qilolmadi. Jimin o'zini aybdor his qilardi, shu boisdan ham Damryeongning ko'zlariga qarashga jur'ati yetmadi.
- Sen qayerda eding? - so'radi yigit, juda past faqat Jiminga eshitiladigan tovushda.
Jimin javob bermadi, faqat bir nuqtaga qarab turaverdi. Ikkinchi marotaba esa Damryeong shunday qattiq baqirdiki ortida turgan odamlari ham cho'chib ketishdi.
- SENGA ISHONGANIM O'GIRLANAYOTGAN VAQTIDA SEN QAYERDA EDING!
- Kuzatuvda.. og’ular saqlanadigan. - Jiminning ovozi qo'rquvdan titrab chiqti. Ammo bu qo'rquv Damryeongga nisbatan emas, qizlarga biror korhol bo'lishidan daxshatga tushishdan edi.
Damryeong g'azabdan qaynardi, balki nigohida nafaqat g'azab bilan birga qorishgan havotir, kuchli qo'rquv bordir. U chuqur nafas olishga urindi. Xatto hozir ishni nimadan boshlashni ham bilolmayotgani qonini battar qaynatayotgandi. Raniyani qayerdan izlasin? Aynan kimdan shubhalansin? Qolgan ayollar unda qayerda?
Kichik quloqni qomatga keltiruvchi qo'ng'iroq ovozi. Damryeong go'shakni qulog'iga yaqin olib keldi. Raqam noma'lum, ammo tahmin qilsa bo'ladigan. Avvaliga sukunat, keyin esa mazaxona va o'ta jirkanch kulgu ovozi eshitildi. Damryeong ko'zlarini hafsala bilan yumib, go'shakni qattiqroq siqti.
- Hisob qanday, qadrdon?
- Qiz qayerda?
Noma'lum raqam ortidan Xunrezning manfur, asablarni qaqshatuvchi kulgisi eshitildi. Bu shunchaki tahdid emas, Damryeongning har bir qadamini poylab yurgan ashaddiy raqibining zaharxanda tantanasi edi.
- Buncha shoshilmasang, janob Kim? Sening shunday ojiz va sarosimada qolganingni eshitish men uchun eng katta rohat.
- Agar sochidan tola tushsa..
- Tola, tola juda ko'p tola tushdi.. - telefon ortidan sovuq havo kelgandek bo'ldi.
Shu birgina so'z yigit uchun yetib ortgandi. Damryeongni qo'llari bo'shashib telefonni bazo'rg'a ushlab qoldi. Hayolida qizga nima bo'lgani haqidagi eng iflos va og'ir fikrlar kelar ekan, yurak urish ritmi meyoridan ortib ketdi.
- Sen kecha yevro bozorga qo'shilgan itvachcha, meni imperiyamga bolta urishdan avval kimligimni bilishing kerak edi.
- Nima istaysan? - Damryeong gapni qisqa qildi. Lablari orasidan chiqayotgan havo juda sovuq edi. G’azabiga erk berolmasdi, agar berganida u hech kimning uni haqorat qilishlariga qo’ymasdi. Hozir esa qo’l-oyog’ini bog’lashgan. Eng nozik tomoni bo’lgan qiz manashu kimsaning qo’lida ekan, Damryeong u istagan har qanday ishni o’ylab ham o’tirmay bajaradi.
Xunrezdan avvaliga javob kelmadi. Bir necha soniya o’rtada sukunat paydo bo’ldi. Ularning suhbatini Jimin ham so’zsiz eshitib turardi. Xunrezning maqsadi aniqroq edi. Qulab borayotgan jinoiy muvozanatini buzilishini oldini olish, taxt uchun pinhona kurash. Damryeong u uchun klandagi ortiqcha raqib bo’lib aylangan edi. O’sha qora tunning o’zida Kim Damryeong qora ro’yhatga tushib bo’ldi. Ammo Koreyadan tashqarida kuchi sustlashar ekan, shaharning o’zida uning ustun tomoni bor edi. Xunrez ana shuni o’zlashtirmoqchi, xuddi Damryeong uning imperiyasidan bo’lak sug’irib olgani kabi. Seul uyushmasida, Damryeongning formadagi odamlari yo’q emasdi. Agar Sitsiliyadan bo’lak Seulda ham hukmronlik o’rnatsa bir to’da boshlig’i uchun keragidan ortiq kuch bo’lishi ajab emas.
- Barcha kompaniyalaringni egalik hujjatlarini topshirasan. Og’u omborlaringni, labaratoriyalar, mollar hammasini. Seul politsiyasidagi va yuqori tashkilotlardagi barcha odamlaring ro‘yxatini. Senga vaqt bir soat. Vaqt ketdi.
Telefon uzildi. Tarmoqdagi uzoq va bir maromda eshitilayotgan qisqa vizillash ovozi Damryeongning qulog‘ida teshuvchi g‘illash bilan aks etdi. U telefonga qarab turganicha, qaltirayotgan barmoqlari bilan apparatni shunday qattiq siqdiki, hatto plastik korpusining darz ketgan ovozi eshitildi. Jimin va Han bir qadam oldinga chiqishdi.
- Bu tuzoq.. - pichirladi Jimin, ovozini yumshatib.
Damryeong sekin o‘girildi. Uning yuzi muzlagan niqobdek qotib qolgan, lekin tomog‘idagi tomirlari shishib ko‘rinardi. U barmog‘i bilan Jiminning ko‘kragidan qattiq itarib yubordi.
- Menga farqi yo'q.. istaganini beraman.
- Sizda hech narsa qolmaydi, kuchingiz, yevro bozordagi o'rningiz ham.
- Menga kerak emas, menga faqat u kerak.. nimamni istashsa olishsin, Xunrezga so'raganini ber. - u chuqur va og‘ir nafas olib, ko‘zlarini yumdi.
Mayda titroq hali ham tana a’zolarida kezib yurardi. Damryeong qo‘llari bilan yuzini berkitdi. Ilk bor... hayotida ilk bor u o‘zining chorasiz va ojizligini his qilayotgandi. O‘zi barpo etgan qonli saltanat, qo‘lidagi milliardlab boylik va yuzlab qurollangan odamlarning hech biri hozir unga yordam berolmasdi.
- Han. - dedi Damryeong bir ozdan so‘ng, ovozi kutilmaganda juda sovuq va qat’iy tus olgandi.
- Eshitaman, janob.
- Seyfdagi barcha maxfiy hujjatlarni va muhrlarni tayyorla. Seul va Sitsiliya o‘rtasidagi barcha aktivlarni rasmiylashtirish qog‘ozlarini ol.
- Ho'p janob.

Damryeong aytgandek Han darhol ishga kirishdi. Bir necha daqiqa ichida Kim Damryeongga tegishli barcha mol-mulklar Xunrezga topshirila boshladi. Xatto og'u yetishtiruvchi labaratoriya xonalaridan tortib, eng kichik nomidagi kompaniyasigacha. Han hujjatlar solingan charm papkani ko‘tarib chiqqanida, Damryeong biror marta ham orqasiga o‘girilib qaramadi. Papkadagi har bir varaq Sitsiliya sindikatlari bilan tuzilgan yillik kelishuvlar, Seul markazidagi millionlab dollarlik ko‘chmas mulklar, xususiylashtirilgan yashirin omborlar va politsiya departamentidagi martabali shaxslarning shaxsiy ma’lumotlari bitilgan ro‘yxat edi.
- Hammasi tayyor, janob. - Han ovozi titrab boshini quyi soldi.
Jiminning boshi pastga egildi. Damryeong esa xatto ko'zlarini ochib yumib ham qo'ymadi. Holbuki endi uning qo'lida hech vaqo qolmadi. Yillar mobaynida to’plagan boyligi, yetishtirgan tajribalari, og'u omborlari, yuqorida o'tirganlardan ham, endi hech kim yo'q. Damryeong qizni qaytarib olish uchun bor davlatidan kechdi. Ammo endi uning so'zi hech kimga o'tmaydi. Birozdan so'ng bir odam kelib hujjatlarni hammasini olib ketdi. Keyin esa kutishga majbur qilishdi. Xunrezga hammasi yetib borguniga qadar. Damryeong biroz past ovozda Jiminga eshittirib gapirdi:
- Raniyani topgunimga qadar, bu haqida hech kim bilmasligi kerak Jimin.
- Tushundim.. - Jiminning ohangida kuchli achinish bor edi. - Lekin, tez orada bilishadi.. agar Cabone ham bu haqida bilsa..
- Aytganimni qil. - Damryeong qat'iy nigohini Jimin tomonga burib, qaradi. U har doim o’z qoidalarini o'zi o'ynagan. - Ular bilan o'zim gaplashaman.
Damryeong barchasini qoldirmay Xunrezga topshirganidan so'ng qanchadir vaqt mobaynida unga qo'ng'iroq qildi. Ko'cha sovuq, tun qoplab ulgurgan. Daraxtlardan barglar uzilib yerga tushardi, xuddi kimningdir sabri kabi asta-sekin kamayib. Jimin yo'l chetidagi beton ustiga o'tirdi. Lablari asabiy titrardi, yuzi sovuq havo sabab muzlab qolgan bo'lsa ham u bunga parvo qilmasdi. Uning xotini ham hozir allakimlarningdir qo'lida.
Chorasizlik - insonning ichidan yemirib o'ldiradigan tuyg'ulardan biri. Xuddi oyoq-qo'li bog'loq odamdek bir yerda yotish kabi. Qancha qimirlasang shuncha azob chekasan, va hech narsa qilolmaysan ham.
Damryeong kaftlarini bir-biriga mahkam bosib chuqur nafas oldi. Yer ancha zax bo'lishiga qaramay, tizzalari bilan pastlab o'tirdi. Qora shim tizza qismi nam tuproq sabab ifloslandi. Yigit osmonga qarata ancha o'ylanib qoldi. Ko'zlarining tub-tubida o'tinish, qo'rquvdan yolvorish bor edi.
- Iltimos…. iltimos.. - u shunday deya oldi holos. Ammo ichida ustiga chiqara olmayotgan faryodi allaqachon osmonga yetib borgandi. Damryeong ehtimol minglab marta o'lib, qayta tirildi. Va shu on, telefonga kelgan xabar beruvchi ovoz eshitildi. Damryeong shoshiqib uni qo'llariga olar ekan begona raqamdan xabar kelgandi. Va unda shunday yozuv bor edi:

Parda ko’tarilar, nur so'nar asta. Sahnada yotar malikang xasta. Rameo izlaydi dardiga darmon, Julietta qalbida qolmadi armon.

- Bu nima..? - dedi Damryeong xabardagi so'zlarni o'qir ekan.
Jimin va Han uning yoniga kelishdi va ular ham sirli topishmoqni o'qishdi. Hammaning yuzida bir savol. U bu bilan nima demoqchi bo'ldi? Damryeong battar g'azab otiga mindida yerga qattiq musht tushirib, baqirib yubordi. Musht urilgan joydagi nam tuproqqa qon sachradi, yigitning qo‘l bo‘g‘imlaridagi terisi shilinib ketgandi. Lekin u bu og‘riqni his etmasdi. Uning miyasida faqat o‘sha xabardagi to‘rt qator so‘z takrorlanardi.
- Parda ko’tarilar, nur so’nar asta.. - Damryeong o‘rnidan sapchib turdi. Uning ko‘zlari qonga to‘lgan, tishlari g‘ijirlardi. U telefondagi harfma-harf bitilgan satrlarga barmog‘i bilan yopishib oldi. - Romeo izlaydi dardiga darmon, Julietta qalbida qolmadi armon.
- O'yin o'ynamoqchi ablax. - dedi Han qo'llarini beliga tirab.

- Bu o'yin emas. - Damryeong telefoniga tikilgancha to'xtab qoldi, xuddi bir narsani tushungandek. - So'zlarga e'tibor bering.. Parda ko'tarilar, nur so'nar asta. Qayerda parda ko'tariladi va nur so'nadi?
Jimin va Han o'ylanib qolishdi. Damryeong bir ikki qadam tashlab yana so'zlarni qayta o'qidi.
- Rameo izlaydi dardiga darmon.. Julietta qalbida qolmadi armon. - oxirgi so'zlar esa juda past chiqdi. - Rameo va Julietta.. parda.. nur..
Va so'nggi so'z. Damryeong tushundi va javobni aytdi.
- Teatr.
Hamma baravariga qotib qoldi. Hammasi faqat bitta manzilga taqalyapti - teatr. Damryeongning ko'zlari kattalashib ketdi. U bir zum qimirlamay turar ekan, keyingi navbatda mashinasi tomon shunday tez yugurdiki yerdagi tuproq har yoqqa sochilib ketdi.
- Myeongdong.. JIMIN TEATRGA!
Odamlar birin-ketin mashinalarga o'tirishdi. Damryeong bu safar rulga o'zi o'tirdi. Yon va orqa tomoniga Han bilan Jimin. Mashina o'qday Myeongdongga uchib ketdi. Deyarli o'n daqiqaga qolmay qora mashinalar teatr yonida to'xtadi. Myeongdong teatri chiroqlari hali ham yonib turgani ajablanarli emas. Eshiklari ham ochiq edi. Damryeong mashinadan tushishi bilan ichkariga otilib kirdi. Ichkari ancha pala-partish ba'zi o'rindiqlar ag’darilib ketgan, zaldagi havoga chang va o'tkir qonning hidiga qorishgan sovuq namlik insoniylikdan yiroq bir vahimani taratib turardi. Jimin va Han qurollangan holatda ichkariga kirishdi. Damryeongni kuchli vahima qopladi, u atrofni ko'zdan kechirar ekan nogohon endi ko'zlari teatr sahnasidagi markazga tushdi. Damryeong yurayotgan joyida toshdek qotib qoldi, qo'lidagi quroli ham yerga tushdi. Jimin va Han u qarab turgan nuqtaga qarashdi. Teatr sahna markazida yorqin ikki chiroq aynan uning ustiga aniq ko'rinishi uchun tushirilib qo'yilgan. Ikki qizil parda esa ochilib turibdi. Xuddi Xunrez yuborgan xabardagidek.
Pardalar ko'tarilar nur so'nar asta.
Ammo mana shu chiroqlar sahna ustida xushsiz yotgan qizga tushirilgani eng qo’rqinchilisi edi. Kilometr uzoqlikdan ham bu Raniya ekanini bilish Damryeong uchun qiyin emasdi. Qizning sochlari pala-partish yoyilgan to'lqin misoli yerga sochilgan, egnidagi kiyimlari iflos bo'lgan, yuzidagi qon talash yaralar shunchalik ko'p ediki oppoq yuzini qip-qizil tusga kirgazib qo'ygandi. Qo'llari yastanib cho'zilgan, va u mutloq harakatsiz edi. Xatto nafas olmayotgandek.
Sahnada yotar malikang xasta.
Bu atayin uyushtirilgan tomosha edi. Damryeong bu daxshatli manzaradan bir soniya nafas olmay qoldi. Butun hayoti shu onda ostun-ustun bo'ldi. Tizzalari bukilib tiz cho'kib Raniyaga uzoqdan termulib qoldi. Han instinktiv ravishda qurolini teatrning ikkinchi qavatidagi soyalarga qaratdi. Atrofda bir ikki jonsiz o'lik bor, otishma bo'lgani ma'lum. Jimin esa Damryeongning ahvolini ko'rib o'zi birinchilardan Raniyaning yoniga yugurdi. Damryeongning ko‘zlari qarshisidagi manzarada qotib qolgan, butun dunyo u uchun birdaniga jimjitlikka burkangandi. Uning ichida yillar davomida shakllangan o‘sha muzdek salobat, shafqatsiz imperatorlik kuchi bir soniya ichida qum kabi to‘kilib tushdi. U tizzalari shilinib, nam va sovuq polga cho‘kkalab qolgancha, sahnada jonsizdek yotgan qizdan ko‘z uzolmasdi. Ko‘kragidagi har bir nafas xuddi o‘tkir tig‘dek bo‘g‘zini tilib o‘tar, yuragi urishdan to‘xtagandek tuyulardi. Sahnadagi o‘sha oppoq va qirmizi rangga belangan qizning harakatsiz tanasi Damryeong uchun dunyoning oxiri edi. Uning nigohida nafrat ham, g‘azab ham qolmagan, faqat cheksiz va chuqur qorong‘ulikka cho‘kkan muhabbat va so‘ngsiz azob binar edi. Damryeong qimirlay olmasdi, hatto qo‘lini uzatishga ham qo‘rqar, chunki bu manzaraga yaqinlashish o‘sha daxshatli haqiqatni tan olishdek tuyulardi. U qizni o’lganini tan olishni, qabul qilishni istamasdi.
Ayni shu soniyada Jimin sahna pillapoyalaridan otilib chiqib, Raniyaning yoniga tizzaladi. Uning daf’atan sarosimaga tushib, qaltiragan barmoqlari Raniyaning loy va qonga belangan sochlarini chetga surdi. Jimin dahshat ichida qizning bo‘ynidagi tomirga ko‘rsatkich va o‘rta barmoqlarini bosdi. Zalda bir necha soniya davom etgan o‘limga teng sukunat hukm surdi. Faqat tepadagi projektorlarning xira vizillashi eshitilardi. Jiminning yuzidagi dahshatli qotib qolgan ifoda birdaniga yorishdi. U boshini keskin ko‘tarib, pastda, tizzalgancha jonsiz azobda qolgan Damryeongga qarab bor ovozi bilan hayqirdi:
- TIRIK!
Bu so‘zlar teatrning baland gumbazlarida aks-sado berib, Damryeongning quloqlariga urildi. U xuddi chuqur uyqudan yoki o‘lim yoqasidan uyg‘ongandek sekin silkindi. Chuqur nafas olib qo'llari bilan yuzini berkitdi. Qo'llar hali ham titramoqda, ammo endi xuddi qayta jon kirgandek edi. Uning ko‘zlarida ushlab turolmagan, tomchilab oqayotgan qaynoq yosh tomchisi oqarib ketgan yuzidan pastga, polga tushdi. U o‘zining qayta tirilayotganini his etdi. Dunyo yana aylana boshladi, uning tomirlarida yana qon yugurdi. U o‘rnidan daxshatli shiddat va tengsiz bir yengillik bilan turib, sahnaga qarab yugurdi. Endi u shunchaki qasoskor maxluq emas, o‘z hayotini, o‘zining yagona baxtini qayta topgan oshiq edi. Sahnaga chiqib, Raniyaning yoniga tizzaladi va uning muzlab borayotgan, kichkina va zaif kaftlarini o‘zining qonagan, lekin qaynoq kaftlari aralash bag‘riga bosdi.
- Men shu yerdaman... - pichirladi Damryeong, uning peshonasiga peshonasini tirab.

#Muallif - Kang Raniya