Samolardan balandda
" Hech qachon — Rameo va Julietta haqidagi kabi fojiali hikoya bo’lmagan. "
— William Shakespeare
Sevgining zaiflik tomoni aslida shu emasmi? Inson ba'zan nafas olishni ham unutib qo'yadi. Damryeong ham uni pardalar orasi, chiroq nurlari yorug'ligi ostida, qon aralash yotgan holatda ko'rganida nafas olishni unutib qo'ygandi. Ayni damda sovuqdan muzlab qolgan kaftini o'zining titrayotgan qo'llari bilan ushlar ekan, urib turgan tomiriga barmoqlari tegishi bilan qayta tirilgandek his etdi o'zini. Ilk marotaba Damryeongning ko'zlari namlandi. Balki u hayoti davomida yoshlik chog'laridan bo'lak hech qachon yig’lamagandi. Damryeong o'zini qo'lga oldi. Hozir kuchli bo'lishga majbur. U Raniyani qo'llariga ko'tarayotgan chog’i, teatrga uning odamlaridan biri shoshib kirdi.
- Qolgan qizlarni topdik! - deb xabar berdi yigit.
Damryeongning birgina ishorasi bilan zinalardan o'qdek sakrab, Jimin teatrdan otilib chiqib ketdi. Doonaning ahvoli qandayligini hayoliga ko'p marotaba keltirsa ham, o'z aybdorlik hissi bois Damryeongning yonida bir og'iz gapirolmay o'zini tutib yurgandi u.
O'n besh daqiqa vaqt oralig'ida markaziy shifoxonalarning biriga ketma-ket to'xtagan mashina ichida xushsiz qizni ko'targan holatda tushgan yigit jon hovuchlab ora-orada unga havotir bilan qarab qo'yar, ust-boshi allaqachon qizning qoni bilan belangandi. Raniyaning nafasi tobora sustlashar, tanasi soniya sayin muzlab ketardi. Damryeong shifoxonani oyoqqa turg'azgudek baqirib, shifokor chaqirdi. Zum o'tmay Raniyani tibbiy bo'limga olib kirib ketishdi. Damryeong yerga tizza qo'yib, sovuq devorga suyanar ekan, alvon tusga kirib qolgan qo'llariga tikilib qoldi. Uning tomog‘iga tiqilgan qasos va havotir unsiz bir faryodga aylandi. U devorga chakkasini tirab, ko‘zlarini mahkam yumdi. Har bir soniya go‘yo yillarga teng o‘tayotgandi. Ehtimol " U tirik qolsin.. u yaxshi bo'lsin. " iborasini bir soat davomida tilidan qo'ymay takrorladi yigit.
Holsizlikdan boshi yon tarafga cho'kib qoldi. Ko'zlarining osti charchoqdan qorayib, mungib qolgandi. Qora savlatiga ko'rk berib turadigan kostyumi bugun juda tartibsiz holatda, oq ko'ylagining tugmalari qadalmagan, usti-boshi chang, sochlari ham to'zib yotipti. Uning ham ahvoli havas qilargudek emasdi.
Biroz vaqt o'tib yo'lak oxirida Jimin va Doona ko'rinish berdi. Ular tezda Damryeongning tepasiga yetib kelishdi. Doonaning sochlari to'zigan, kiyimlari ham tartibini yo'qotgan, ko'zlarining qizil tus olganidan yig’laganini yaqqol bilish mumkin edi. Yoki titrayotgan lablari sabab qattiq qo’rqqanini ham. Damryeong uni ko'rishi bilan o'rnidan darhol turdi. Qizni uyoq buyog'ini tekshirgan bo'lib ko'zdan kechirdi, so'ng bazo'rg'a kichik tabassum qila oldi holos.
- Hammasi joyida bo'ladi, unga hech narsa bo'lmaydi. - dedi Doona, Raniyani olib kirib ketishgan eshik tomon ko'z tashlab.
- Umid qilaman, - Damryeong o'zini majburan tetik tutdi. - Qolganlar yaxshimi?
- Qolgan qizlarni xavfsizlik yuzasidan hozircha uyimizga olib bordik. Biroz qo'rqib ketishgan, ammo hammasini ahvoli yaxshi. - dedi Jimin, Doonaning yelkasidan ohista quchib.
Damryeong bir daqiqa sukut saqladi. Ammo keyin yuzasiga savollar kelib chiqa boshladi. U sekin Doonaga qaradi va o'zini qiynayotgan savolni berdi:
- Bu qanday sodir bo'ldi Doona? - savol ohista, go'yo eshitishni istamagan ammo hammasi shunga bog'liq bo'lgan ohangdek chiqti.
Doonaning ko’zlari yerga qadaldi. U qanchadir soat avvalgi hodisalarni yodga olar ekan, badani titrab ketdi.
- Men… men uyda edim. Birdan hovlida shovqin eshitildi. Keyin ichkariga begona kimsalar bostirib kirishdi, yuzimni berkitib qo'yishgani uchun meni qanday o'g'irlashgani-yu, qayerga qanday olib borishganini ko'rmadim. Ko'zlarimni ochganimda yonimda qolgan qizlar ham, Raniya ham borligini ko'rdim. Qandaydir tashlandiq omborga o'xshardi. - Doona, sekin nafasini yutdi. Nafasi siqib, o'zini tutishi qiyinlashib borardi. Ammo u davom etdi:
- U yerda qizlar ko'p edi.. ammo bizni o'g'irlagan odamlarga ichimizdan faqat bittamiz kerak edik. - Doona shu yerida gapirishdan to'xtadi. U o'sha vaqtdagi odamlardan birining: " Qaysi biringiz Kim Damryeongni oyimchasisiz? " degan so'zlarini qayta qulog'i ostida eshitgandek bo'ldi.
- Kim? - qo'qqisdan savol berib qoldi Damryeong, Doonaning hayollarini chalg'itib.
- Sizni sevgan qizingiz.
Damryeong va Jimin bir-birlariga hayron qarab, so'ng og'ir xo'rsinib boshlarini egishdi. Yigitning barmoqlari kaftiga shunchalik qattiq siqildiki, tomirlari bo'rtib chiqti.
- Damryeong.. - deb qoldi Doona, og'ir yutunar ekan, go'yo hali hech narsa tugamaganini nigohlari orqali yetkazib.
- Biz avvaliga Raniya haqida aytmoqchi emasdik, uni kim ekanini bilishsa nima qilishlarini bilmaganimiz uchun. Ko'p urinishdi va oxiri birma-bir hammamizni kaltaklashmoqchi bo'lishdi.
Jiminning lablari qisildi. Chunki Doonaning ko'zlari namlanib, lablari titrab ketgandi. O'sha odamlar qizni qattiq qo'rqitishgandi, asorati esa Doonaning hali ham qaltirashdan to'xtamayotgan qo'llaridan bilinib turgandi. Ammo qiz baribir davom etdi:
- Raniya chidab turolmadi… va o'zini sotdi.. - qiz yig'lab yubordi. Jimin uni darhol quchog'iga tortib, tinchlantirishga urindi.
Damryeongning tishlari g‘ijirladi. Uning kaftlariga shunchalik qattiq siqilgan barmoqlari tirnoqlari terisini tilib, xuddi qonayotgandek bo‘lib ketdi, lekin u bu og‘riqni his etmasdi. Yigitning ko‘zlaridagi holsizlik va mung o‘rnini birdaniga daxshatli bir zulmat, shafqatsiz va qonxo‘r alanga egalladi.
- " Men o'sha qizman. " deb aytdi. Bizga uni deb zarar yetishini istamadi. Qanchalik qo'rqmasin baribir, o'zini sotdi.. Keyin uni qayergadir olib ketishdi, bizni ham. Men uni olib qololmadim… bilganim faqat shu. Shundan so'ng Raniyani qayta ko'rmadim.
Doona so'zlarini yakunlar ekan, eshik ochilib shifokor qon tekkan tibbiy xalatini yechgancha tashqariga chiqdi. Uning charchagan ko‘zlarida ham toliqish, ham og‘ir mas’uliyat yuki sezilib turardi. Yo‘lakda qotib qolgan uchta vujud Damryeong, Jimin va Doona bir soniya nafas olmay, baravariga shifokorga tikilishdi.
- Kim Damryeong.. - dedi shifokor, niqobini pastga tushirib.
Damryeong sekin va og‘ir bosh silkidi. Uning ko‘zlarida so‘ngsiz bir qo‘rquv va umid miltillab turardi.
- Ahvoli nihoyatda og‘ir edi... - shifokor chuqur xo‘rsinib, gapida davom etdi. - Tanasida jiddiy jarohatlar va ichki qon ketish belgilari bor edi. Lekin ajablanarlisi, jarohatlarning hammasi ham bosqinchilar tomonidan yetkazilmagan. Qizning tirnoqlari ostida va kiyimida o‘zganing qoni bor edi... U kimdir bilan shafqatsizlarcha olishgan ko'rinadi. Uning hayotini saqlab qolgan narsa ham aynan mana shu ichidagi so‘nmas yashash instinkti va matonati bo‘ldi. Biz qon ketishini to‘xtatdik. U tirik.. atigi bir necha daqiqa kech qolganingizda qizni yo'qotgan bo'lardingiz. - shifokor oxirgi so'zlariga urg'u berar ekan, Damryeongning yonidan sekin o'tib ketdi.
Jimin va Doona yengil tabassum qilib qo'yishdi. Aqalli Raniyaning tirik qolgani uchun ham. Ammo Damryeongning qulog'iga faqat shifokor aytgan bir so'z kirib uni qayta-qayta bezovta qilardi.
" Bir necha daqiqa kech qolganingizda qizni yo'qotgan bo'lardingiz.. "
Biroz vaqt o'tib unga qizning yoniga kirish uchun ruxsat berishdi. Damryeong soatlar mobaynida Raniyadan ko'zlarini uzmay o'tirdi.
- Ko'zlarim ko'rdi,
Qalbim sevdi.
Seni yo'qotishga bardoshim yetarmi? Jon holatda, azoblanib yotishingga qarab turish qanchalik qiyin ekanini bilasanmi? Yuzingdagi jaroxat izlarini har ko'rganimda jonim ming bo'lakka bo'linyapti. Qon tomirlaringga ulangan ignalar, yuraging urishini tekshirib turgan bu moslama ovozi… qulog'imni qomatga keltiryapti. Men bularga ko'nikib qoldim deb o'ylagandim… - Damryeong bir zum to'xtab qoldi. U xatto nafas olishni ham unutib qo'ygandi. Lekin qizning qo'llaridan mahkam tutdi-yu lablari titrab ketdi.
- Lekin har gal jonim qattiq azoblanyapti.. gulim. Seni asrashga kuchim yetmayapti.
Uning boshi quyi egildi. Raniya xushsiz holatda, juda abgor ahvolda yotardi. Qo'llari va yuzidagi qon talash jaroxatlar, Damryeongni qonini qaynatar, bu ishni qilganlarni qo'lini sindirish haqida o'ylardi faqat. Shu payt reanimatsiya xonasining eshigi juda ohista ochilib, Jimin ichkariga mo‘raladi. Uning yuzida hali ham horg‘inlik va aybdorlik izlari bor edi. U Damryeongning ahvolini ko‘rib, bir zum to‘xtab qoldi.
- Janob Kim... - dedi Jimin past ovozda. - Doonani uyga jo'natdim, qizlar ham xavfsiz joyda. Lekin... omborxonani ko‘zdan kechirgan odamlarimizdan xabar keldi.
Damryeong o‘rnidan qimir etmadi, ko‘zlarini ham Raniyadan uzgani yo‘q.
- Nima xabar? - so‘radi u, ovozi pichoqning damidek keskir va sovuq chiqdi.
- O‘sha omborxonaning ichki xonasida... Xunrezning eng yaqin soqchilaridan birining jasadi topildi. - Jimin biroz ikkilanib, gapini davom ettirdi. - Uning bo‘yin qismiga o‘tkir jism bilan og‘ir zarba berilgan. Qon ko‘p yo‘qotganidan joyida o‘lgan. Tahminimizcha.. u xonimga juda qattiq bosim qilgan..
Jimin gapini oxirigacha yetkaza olmadi. Lekin Damryeong hammasini tushundi. Uning tishlari shunday qattiq g‘ijirladiki, jag‘ tomirlari bo‘rtib chiqdi. U ko‘zlarini yumib, chuqur nafas oldi. Endi biror narsa deb og'iz juftlashga uringandi ham, Raniyaning lablari orasidan kichik ingrash ovozi eshitildi. Damryeong darhol o'rnidan turdi, ko'z qovoqlariga namlik yugurib, qizga bir noodatiy mehr va qo'rquv bilan tikilib qoldi.
- Moychechak.. - dedi, lablari titrab undan javob olishni orzu qilgudek. - Moychechagim.
- Men shifokorni chaqiraman. - Jimin halloslab eshikdan otilib ketdi.
Raniya ko'zlarini ohista ochar ekan, qayerda ekanini, nimalar bo'layotganini hali anglab ulgurmagani bois shunchaki shiftga qarab qoldi. Ammo yurakni ezuvchi, qizil tus olgan ko’zlari endi butkul so’ngan edi. Yon tomonidan asta-sekin yostiqqa qizning ko'z yoshlari oqib tushardi, kipriklari nam va holsiz qimirlardi. Jimin shifokorni olib kelganda va shifokor uni ko'rikdan o'tkazganda ham Raniyadan bir og'iz sado chiqmadi. Damryeong boshida haykaldek turar, qo'llarini hech qo'yib yubormadi. Xuddiki yana Raniyani kimdir tortib olishga urinadigandek.
- Unda hammasi yaxshimi?
- Ha, jismoniy tomonlama sog'ayadi havotirga hojat yo’q. - dedi shifokor. - Moychechagingizga doimiy parvarish kerak. - qo'shib qo'ydi, Damryeongga yengil jilmayib.
So'ng xonadan chiqib ketdi.
Doktor chiqib ketishi bilan yotoqda hali ham ovoz chiqarmay yotgan qizimni yoniga kelib o'tirar ekanman, uning maftunkor ovozini eshitishni juda istardim. Qattiq qo'rqib ketgan, yoki talvasada gapirolmayapti deb o'ylay boshladim. Ammo ko'zlarining yon qismidan chiqayotgan har yosh-tomchilari meni haqiqatni bilishga undardi. Men unga qo'llarimni uzatib, yuzidagi yoshni artmoqchi bo'lgan vaqtim o'zini shunday olib qochdiki bir zum karaxt bo'lib qoldim. Xuddi instinktiv ravishda o'zini himoya qilayotgandek. Uzatilgan qo'llarim havoda muallaq qolib ketdi. Uning mungli ko'zlarida endi oddiy emas, daxshatli qo'rquvni ko'rdim.
- Moychechak.. - dedim, biroz yaqinlashishga urinib ohista.
Ammo u qo'llari bilan choyshabni mahkam siqqan holatda, o'zini ortga olishga urindi. Shunda boshqa yaqinlashmaslikka qaror qildim. U bir necha daqiqa qimir etmay o'tirdi. Men ham undan ko'z uzmasdim. Lablari qimirlab harakatga kelganida, menga nimadir demoqchi ekanini angladim. Ammo titroq haddan ziyod kuchli edi. Menga havotir bilan bosh ko'tarib qaradi.
- Sevgilim, hammasi joyida. Hech narsadan qo'rqma, men endi yoningdaman.
Raniya gapirishga urinadi, ammo tomog'iga achchiq bir tan ololmaslik tuyg'usi tiqilib keladi. U qo‘llari bilan choyshabni barmoqlari oqarib ketgunicha siqardi. Damryeongning mehrga va azobga to‘la ko‘zlariga qarash Raniya uchun o‘sha omborxonadagi daxshatli azoblardan ham og‘irroq kelayotgandi.
- Men... - dedi Raniya nihoyat. Uning ovozi shunchalik pichirlab, shunchalik singan holda chiqdiki, go‘yo xonadagi sovuq havo ham bu pichirlashdan titrab ketdi.
Damryeong yuzini biroz egib, qizga diqqat bilan tikildi. Gapining davomini kutdi. Ammo qizning keyingi pichirlagan tovushi yigitning ko'ksidagi so'nggi havoni ham yulib olgandek bo'ldi.
- Men… bir insonni o'ldirdim..
Bir necha soat avval.
Aslida voqea uyushtirilmagandi. Xunrezdan yuborilgan odamlar Damryeongni sevgan qizini aniqlash maqsadida barcha ayollarni olib ketishdi. Raniya haqida xabar topishganidan keyin esa, qolganlarni alohida joyga o'tkazishdi. Raniyani jismonan sindirishga, harob ahvolga solishlari kerak edi. Va shunday bo'ldi ham. Qizni shunchalik ko'p urishganidan u o'zini himoya ham qilolmaydigan og'ir ahvolga yetib kelgandi. Avval boshida uni alohida xonaga olib kirib, qiz bilan o'ynashishmoqchi ham bo'lishdi. Raniya qo'liga xona burchagida yotgan shisha idishni olib, odamlarga tiradi. O’ziga yaqinlashtirmaslik uchun oddiy himoya edi bu. Ammo keskin harakat va to'satdan qizni sochidan yulib ushlagan erkakka u beixtiyor qo'lidagi buyumni sanchib yubordi. Bu og'riqdan bo'shashgan ruhiyatning boshqarib bo'lmas harakati bo'ldi. Erkak bo'yin qismiga sanchilgan eski shisha qirrasiga qo'llarini olib borar ekan, sharros oqayotgan qon uning ko'ylagiga keyin Raniyaga sachrab ketgandi. Raniyaning ruhiy salohiyati o'sha soniyada buzildi. Erkak zax yerga yuz tuban yiqildi. Bir necha soniya jon talvasada tipirchilab yotdi, keyin esa birdan qimirlamay qoldi. Va bu hammasini ayon qilardi. Qizning bu ishidan keyin odamlar uni battar kaltaklashga tushishdi. Ular tamoman qizni tirik murdaga aylantirishmoqchi edi. Butunlay chilparchin qilishga. Ham jismonan, ham ruhan sindirishga. Ular qizni ayamadilar. Har bir zarba, har bir shafqatsiz so‘z va har bir tahqirlash Raniyaning nafis vujudini ezib borardi. Shunchalik ko‘p va shafqatsizlarcha kaltaklashdiki, oxir-o‘qibat Raniya hatto qo‘llarini yuziga qalqon qilishga ham majoli qolmagan, hayot va o‘lim oralig‘ida inqillab yotgan bir ojiz vujudga aylandi. Uning tanasidagi har bir qism og‘riqdan yonar, nafasi siqilardi.
Erkaklardan biri Raniyaning sochidan chalgallab boshini ko'tardi va yerda yotgan jasadga qaratdi.
- Unga qara, foxisha! uni sen o'ldirding. Xuddi yigitingdek qotilsan.. qara.. QARA!
Raniya yuzini burishga harakat qilib, tipirchiladi. Oyoqlarining harakati yerdagi tuproqni har-yoqqa sachratar, qancha joni og’risa ham u yerdagi o'likka qaramaslikka urindi.
- QARA DEYAPMAN, IFLOS FOXISHA!
- Yo'q.. YO'Q! men qilmadim! Me..men qilmadim..
Erkak Raniyani jasadni oldiga sudirab olib bordi va yuzini murdaning ochiq, qotib qolgan ko'zlariga deyarli yopishtirib qo'ydi.
- Qani uni qo'llarini olib kel.
Raniya nima bo‘layotganini anglashga majoli yetmay, daxshat ichida tipirchiladi. Ammo ikkinchi erkak Raniyaning titrayotgan, bazo‘rg‘a harakatlanayotgan barmoqlarini mahkam ushlab, yerda yotgan murdaning bo‘ynidagi hali ham issiq, sharros oqayotgan o‘sha qonli yaraga majburlab bosdi. Raniya qo'rquvdan chinqirib, tipirchilashga tushdi. O'zini qancha ortga tortishga urinsa ham, baquvvat erkaklarning qo'llari uni mahkam ushlab turardi.
- Qonni sezyapsanmi?
Ular Raniyaning qonli barmoqlarini qizning o‘z yuziga, chakkalariga va peshonasiga surta boshlashdi.
- Sening go‘zal yuzing endi qotilning yuzi! Damryeong sening mana shu qonli kaftlaringni o‘padi deb o‘ylaysanmi?! U seni ko‘rsa, jirkanib ketadi!
Raniya endi tipirchilasdan to‘xtadi. Qarshilik ko‘rsatmay qo‘ydi. Uning ichki dunyosi, bor-yog‘i bitta soniyada tamomila chilparchin bo‘lgandi. Uning nafis va beg‘ubor ruhiyati bu dahshatli psixologik qiynoqqa bardosh bera olmadi. Erkaklar Raniyaning bu ahvolini ko‘rib, maqsadlariga erishganlarini anglashdi. Qiz endi jismonan ham, ruhan ham shunchaki tirik murdadan farq qilmasdi. Ular uning xushsiz, lekin so‘ngan ko‘zlari, ochiq holatdagi tanasini sahnada tashlab ketish uchun teatr tomonga sudrab ketishdi. Myeongdongga kelishganida Raniyani yana bir marta urishdi, bu safar oddiy emasdi. Qiz butunlay xushidan ketdi. Chakkalaridan qon sizib chiqti. Erkaklar uning har bir tanasiga qo'llarini surkashdi, tillari bilan yuziga teginishdi. Endi uning avvalgi ko'rinishidan, ruhiyatidan asar ham qolmagandi.
Bu daxshatli va og‘ir kechmishdan so‘ng oradan roppa-rosa bir hafta o‘tdi. Lekin Raniya uchun vaqt xuddi o‘sha omborxonada to‘xtab qolgandek edi. U bir hafta davomida deyarli bir og‘iz ham gapirmadi. U na to‘g‘ri ovqat yer, na atrofdagilarning harakatiga e’tibor berardi. Ko‘pincha deraza yonida, divan chetida ojizgina burishib o‘tirgancha, o‘zining kaftlariga tikilib soatlab qimirlamay qolardi. Qanchalik yuvmasin, qanchalik artmasin, uning miyasida o‘sha qonli izlar hali ham barmoqlarida turgandek, yuzini yeb bitirayotgandek tuyulardi. Tunlar esa eng daxshatli sinov edi. Raniya har safar ko‘zini yumishi bilan o‘sha erkakning sharros oqayotgan qonini, omborxonadagi vaxshiyona qah-qahalarni va " Seni ko‘rsa jirkanib ketadi! " degan so‘zlarni qayta eshitib, chinqirib, xushsizlanib uyg‘onardi. U har safar o‘zidan va o‘z qo‘llaridan daxshatga tushib, burchakka tiqilib olardi.
Bugun ham bahorgi mayin shamol deraza pardalarini ohista tebratar, hovlidan nam tuproq va barglar hidi kelardi. Raniya har doimgidek so‘ngan va hayotdan uzilgan nigohlari bilan polga tikilib o‘tirardi.
Damryeong xonaga sekin kirib keldi. Uning qo‘lida oppoq, yangi uzilgan bir dasta moychechak bor edi. U har kuni qizning xonasiga mana shu gullardan olib kirardi. Yigit qizdan biroz masofa saqlagan holda yerga, uning poyiga ohista o‘tirdi va gullarni stol ustiga qo‘ydi.
- Havo sovuq, gulim. Shamollab qolasan. - dedi u, Raniyadan biror javob kutar ekan, umid bilan mungli ko'zlarini qizga qaratib.
Raniyadan biror sas-sado chiqmadi. U xatto gullarga qayrilib qaramadi. Damryeong chuqur va og‘ir xo‘rsindi. U qizni quchishga yoki qo‘lidan tutishga urinmadi, chunki Raniyaning o‘z tanasidan va birovning teginishidan daxshatga tushishini bilardi. Yigit shunchaki o‘zining qaynoq kaftlarini Raniyaning titrayotgan, ojiz kaftlaridan bir necha santimetr teparoqda ushlab turdi.
- Meni eshita olsang, bir daqiqa tingla... - pichirladi Damryeong. - Sening qo‘lingda qon yo‘q, gulim. U yerda faqat sening pokliging va mening hayotimni asrab qolgan buyuk matonating bor. Agar bu dunyoda kimgadir qarasalar jirkanishlari kerak bo‘lsa, u sen emassan... U seni asray olmagan, seni mana shu ahvolga solib qo‘ygan menman. Meni qarg‘a, meni yomon ko‘r, lekin o‘zingni qiynama…
Raniya uning so'zlarini eshitardi, xatto hammasini anglardi ham. Ammo uning ongi allaqachon zaxarlangan va endi buni davolab bo’lmasdi. Qizning lablari qimirladi, va faqat bir so'z deya oldi xolos:
- Keting…
- Moychechagim..
Shu vaqt xonaga Soyon kirib keldi. Damryeongning iltimosiga binoan Soyon ba'zida esa Jinri dugonasining yonida qolar, balki dugonalariga ichini ochar deb umid qilardi u. Raniya yana bir marta qaytardi, ammo bu safar ovozi qat'iy edi.
- Keting.
- Raniya, u axir Damryeong.. sevgan insoning. - dedi Soyon.
U shu bir hafta ichida Damryeong qanchalik azob chekkanini, sog'inch girdobida yonib kul bo'la yozganini ko’rgandi. Raniya Damryeongni o'ziga yaqinlashtirmasdi. Soyon esa Damryeongga achinardi.
- Ketsin!
- Sevgilim.. iltimos.. - dedi yigit, tomog'iga bir narsa tiqildi. Ohangi juda kuchsiz hiqillab chiqdi.
- Menga bunday qilma.
- Ketsin! Ketsin! Ketsin! U ketsin!
- Rani, tinchlan.. hammasi yaxshi u senga yaqinlashmaydi.
Soyon kelib Raniyani mahkam ortidan quchib ushlab oldi. Damryeong qizning bu ahvoliga chidolmay o'zini biroz ortga oldi. Raniyadan uzoqlashish u uchun qanchalik qiyin bo'lmasin, baribir masofa o'rnatdi.
- KETSIN! KETSIN, KETSIN, U KETSIN!
U endi butunlay qichqirishni boshladi. Qichqiriqlari xonadagi sovuq havoni tilib yubordi. Uning ovozida faqat g‘azab emas, balki chuqur, chidab bo‘lmas bir azob va o‘zidan ko‘ngli qolish tuyg‘usi bor edi. Qiz bor kuchi bilan Soyonning quchog‘idan chiqishga urinar, xuddi qarshisida turgan Damryeong unga muhabbat emas, faqat o‘sha qorong‘u omborxonadagi daxshatlarni eslatayotgandek xitob qilardi.
- KETSIN! KETSIN! - Raniyaning nafasi siqilib, ko‘zlaridan achchiq yoshlar sharros oqa boshladi. U o‘z tanasiga, xususan, o‘sha fojiali tunda qon sachragan kaftlariga tikilishdan qorqardi. Damryeongning mehr to‘la nigohlari unga taskin bermasdi, aksincha o‘zini so‘ngan va " qotil " deb bilgan qiz uchun bu nigohlar eng og‘ir jazoga aylanayotgandi. Damryeong qimirlamay qoldi. Uning yuragi tilka-tilka bo‘lib borardi. Har bir " ketsin " degan hayqiriq yigitning ko‘ksiga sanchilgan pichoqday edi. U qizning tiyib bo‘lmas titrog‘ini, ko‘zlaridagi vahimani ko‘rib, o‘zining bu yerda turishi Raniyaning ruhiyatini battar chilparchin qilayotganini angladi.
- Ho'p… ho'p, ketaman.. tinchlan.. - u sekin-asta, qadamlarini orqaga tashlab, qizdan uzoqlasha boshladi. - Tinchlan, mana ketyapman... Faqat o‘zingni qiynama...
Damryeong xona eshigi tomon chekinar ekan, so‘nggi bor stol ustida qolgan oq moychechaklarga, so‘ng Soyonning quchog‘ida halloslab, hiqillayotgan Raniyasiga tikildi. Yigit eshikni darchasidan sekin yopib, tashqariga chiqdi va eshik ortiga suyanib, yerga cho‘kib o‘tirib qoldi.