Samolardan balandda
" Hech qachon — Rameo va Julietta haqidagi kabi fojiali hikoya bo’lmagan. "
— William Shakespeare
Raniya ikki haftada ancha o'ziga kelib qolgandi. Ammo o'sha ikki hafta ichida qiz betob holatda ham sahnaga chiqishga majbur bo'ldi. Teatr kunini o’zgartirib bo'lmasdi, Damryeong buni hal qilmoqchi bo'ldi-yu ammo Raniya chiqaman deb turib oldi. Keyinchalik Narangdan bir necha haftaga javob oldi. Damryeong uni Doonaning yonida qolishga majburladi. To'g'ri u har soatda qizdan xabar oldi, tun bo'yi uhlamay o'zi qarab chiqdi. Barcha dori-darmonlarini o'zi berib, tuzatdi. Raniya bu yigitni shu ikki hafta ichida yana qaytadan tanigandek bo'lardi. Uning ochilmagan qirralari, tunlari uhlamay holidan xabar olishi, joni og'riganda Damryeongniki ikki baravar bo'lib og'rishi.. hammasini his qildi. U ba'zan muhim ishlar bilan qizning yonida bo'lolmagani uchun ham Jiminnikida qolishini xohlardi. U yerda qo'riqchilar yetarlicha va yolg'iz bo'lmaydi Doona ham Raniya bilan ancha yaqin dugonaga aylanib qolgandi. Albatta ba'zi kunlari Doonaning dugonasi Hanni ularnikiga kelaverishini aytmaganda Raniya doim Doona bilan yaxshi kelishadi. Nega ekanini bilmaydi-yu ammo Raniya Damryeongni doim shu qizdan rashk qilardi, xuddi ichidan bir nimani sezgandek. Doim sabab topdim deganda Hannining bu uyga kelaverishi Raniyani borgan sari shubhalarini orttirib boraverdi. Hozir ham u divanga o'tirgan holatida qo'llarini qayirgancha Hanni va Doonani suhbatiga quloq tutib o'tiribdi. Lablarini tishlayverib qizartirib yuborgandi, asabiylashganida yoki hayajonlanganida qo'llarini qayiradigan odati bor. Jaxli chiqqanda esa qizning ko'zlarida sovuqqonlik paydo bo'ladi, bu xuddi uning tengsiz husnini orttirib yuborgandek Raniya yanada go'zallashib ketardi. To'satdan eshik ochilib ichkariga Damryeongning o'zi kirib qoldi. Doona va Hanni suhbatni yakunlab o'rnilaridan turishdi, Raniya ham olayib qizlarga qarab qo'ydi. Damryeong egnidagi yengil kostyumini yechib ichkariga kirdi.
- Xush kelibsiz.
- Salom Damryeong. - avvaliga Doona so'ng Hanni, Damryeongga mulozamat qilar ekan Raniya og'zini ochgancha bir burchakda xuddi ajratib qo'yilgan mushukdek qolib ketgani uchun jimib qoldi. Go'yoki Damryeong unga umuman qaramayotgandek tuyildi, lekin yigitning ko'zlari unda edi. Damryeong qizlarga nomiga egilgan bo'ldi, aslida Doona bilan u doim shunday salomlashadi. Hanniga esa umuman e'tibor bermaydi, shunchaki yuzaki tanishchilik xolos.
- Balki ular mendan avval munosabatda bo'lgandir? Nega bir-biri bilan bunday salomlashyabdi? Mendan yashirish uchunmi? Shu yerni o'zida hammasini ko'zlarini o'yib olsam kim menga qarshilik qilarkin? O'sha qizni undan uzilmayotgan ko'zlarini sug'irib olaman.. ha shunday qilaman qaytib qarolmaydigan bo'ladi. - Raniya o'zicha Hannini sochini yulayotgan holatini tasavvur qilar ekan, boshini xuddi to'g'ri qilyapman degandek silkib qo'yardi. Birdan uning hayoliga ko'rinishi haqidagi o'ylar yog'ilib kela boshladi. U bir o'ziga nazar tashladi, so'ng Hanniga. Qizning ko'ylagi ancha muncha kalta, oppoq va nozik oyoqlari yaqqol ko'zga tashlanib turibdi. Sochlari mayin yoyilgan tekis, lablariga qizil lab bo'yog'i surtilgan, qaddi tik mag'rurona va juda chiroyli edi. Qolaversa u doim shunday yasanib kelaveradi. Raniyaning kayfiyati tushgandan tushdiki, o'ziga bo'lgan ishonchini bu qiz yeb qo'ygandek xafa bo'ldi. Qiz mayus yonida turgan oynaga qaradi. Hannidan farqli o'laroq Raniyaning sochlari jingalak va juda uzun, yuzida yengil pardoz bor, lablariga ham hech nima surtilmagan ammo xuddi qulupnaydek qizarib turibdi. Egnida oddiy jinsi shim va oq rangli kofta bor xolos. Sodda va tajribasiz. Birdan uning yuzi qarshisida kichik chapak chalindi. Qiz shu zahoti hayolot olamidan qulab, o'ziga tikilib turgan sevgilisini ko'rdida ko'zlarini pirpiratib qaddini tikladi.
- Moychechagim. - dedi Damryeong Raniyaning xafa ekanini yuzidan payqab jilmayar ekan. Raniya avvaliga yigitdan araz qilmoqchi bo'ldi ammo ko'zlarini ulardan uzmay qarab turgan Hannini ko'rishi bilan, o'zini xuddi beparvodek tutishni tanladi. U atayin Damryeongni bo'ynidan qo'llarini aylantirib, bag'riga kirib oldi. Birinchi marta Raniya bunday qadam tashlaganiga qotib qolgan yigit qimir etmay unga hayron qaradi. Ammo qizning harakatlari aynan unga juda yoqib tushayotgandi. Raniya Damryeongdan birozgina uzoqlashdi. So'ng yuzidan ohista o'pib qo'ydi. Damryeong nima bo'layotganini, Raniya nima sababga ko'ra to'satdan bunday qilayotganini tushunmayotgan bo'lsada farqi yo'q. Damryeongga bu shunchalik zavq olib kelyabdiki hammaning yonida qizga hujum qilmaslikdan o'zini zo'rg'a ushlab turibdi.
- Meni shunchalik sog'indingmi? - pichirladi u qizning qulog'iga yaqinlashib. Raniya kutilmagan bu yaqinlikdan seskanib ketdi. Damryeongning o'zi bu safar qizning belidan ushlab o'ziga yaqinroq tortdi. Raniya o'zining bu ishlaridan endi hijolat bo'la boshladi. U shunchaki anavi Hanni deganlariga " U meniki! " degan joyni ko'rsatib qo'ymoqchi bo'lgandi xolos.
Raniya endi sekin qo'llarini yigitdan bo'shatmoqchi bo'ldi lekin Damryeong uni qo'yib yuborarmidi. Hanni bir burchakda ularni halittan beri bazo'r o'zini qo'lda ushlab kuzatib turibdi. Titrab ketayotgan lablaridan sezsa bo'lardi qanchalik Damryeongni Raniyadan rashk qilayotganini. Hammasini bildirib qo'ymaslik uchun ham chuqur nafas olib boshqa tarafga burildi. Raniya va Damryeongning bir-biriga qanday muhabbat bilan qarashi-yu, yaqinligiga u chiday olmasdi. Ayniqsa yillar davomida harakat qilib erisha olmagan muhabbatiga, allaqayerdandir kelgan aktrisa bir deganda erishgani juda alamli edi. U Damryeongni avval hech qachon mehrli kulganini, kimdandir havotir olishini yoki kimdirni o’pishga uringanini ko'rmagan. Doona vaziyat keskinlashayotganini sezib, Hannini kuzatishga chog'landi.
- Men unda boraqolay.. bezovta qilganim uchun kechir.
- Istaganingda kelishing mumkin dugonajon, hech bezovta bo'lmayman.
Hanni chiqishidan avval Damryeongga burilib, o'g'irincha nigoh tashladi. " Men ketayotganimni sezdimi? " degan ma'noda. Ammo yigitning ko'zlari o'zining sevgilisida edi. Hanni chuqur xo'rsinib biroz jaxl aralash chiqib ketdi.
- Haligi.. Jimin qayerda? - Doona eshikni yopar ko'yi tashqariga qaradi. Jimin ko'rinmaydi, u Damryeong bilan kelmagan. Yigit yolg'iz emas ekanliklarini anglab tezda Raniyani qo'lidan bo'shatdi. Qiz paytdan foydalanib yuqori qavatga yugurib ketdi.
- Ha unga muhim ish aytgandim, birozdan so'ng kelib qoladi.
- Tushunarli, hayrli kech yaxshi dam oling. - dedi Doona. So'ng u ham o'zining xonasiga kirib ketdi. Damryeong mana endi biroz avval Raniya yugurgilab chiqib ketgan zinaga qarab yoqimli kuldi. Qizning ortidan xonaga chiqib ichkariga kirganida Raniya yotoq ustida qo'llarini chalishtirib bir nuqtadan ko'z uzmay o'tirgandi. Lablarini tishlab, qo'llarini qayirib o'tirganidan bilsa bo'lardi allanimadandir asabiylashayotganini.
- Nega qochib ketding? - dedi Damryeong o'zini odatiy tutishga urinar ekan, kelib qizning yonidan joy oldi. Raniya javob bermadi keyin keskin harakat bilan Damryeongga burilib qaradi.
- U bilan munosabatda bo'lganmisiz? - kutilmagan savol berildi qiz tomonidan. Yigitning qoshlari to'lqinsimon holatga kelib qoldi. U Raniya kimni aytayotganini umuman tushunmasdi.
- Kim bilan?
- Hanni bilan… yolg'on gapirishga urinmang ham! - dedi Raniya.
Mana endi Damryeong gap nima haqida ketayotganini, Raniya nega halittan beri g'alati qiliqlar qilayotgani, Hannini yonida Damryeongni quchoqlab o'pgani, keyin esa jaxl qilib chiqib ketganini sababini tushundi. Doimgi og'ir bosiq, tortinchoq, kam-gap qizdan hozirgi injiq, jaxldor qizga nega aylanib qolganini ham fahmladi u. Hammasiga bir narsa sabab, hammasi bir tushunchaga kelib taqalmoqda - Rashk! Damryeong lablarini bir-biriga jipslashtirgan ko'yi, bazo'r o'zini jilmayishdan to'xtatib ushladi. Ammo u hozirning o'zida qizni qiynab bor rashkini shu yo'l bilan chiqarib olgisi, jaxldan shishib qolgan lablaridan o'pib tinchlantirishni istardi. Lekin bunchalik oson tugashini istamadi, chunki Raniyaning rashk qilishi Damryeongga biram yoqib tushgandiki. U qizni yanada ko'proq rashkini ko'rishni istadi.
- Javob bering!
- Bir muddat.. - pichirladi Damryeong xuddi aybdorona yuz ifoda bilan. Raniyaning yuragida alla-nima gupirlay boshladi. Tomog'idan nafasi zo'rg'a o'tardi. U o'zini yigitning hayoti yagona ayol deb hisoblardi. Afsus hom-hayollari puchga chiqdi.
- U.. u bilan ham.. t…tunda birga bo'lganmisiz? - shu so'zlari titrab, juda tartibsiz chiqdi. Qiz titrayotgan lablarini tishlab, yigitdan buni inkor qilishini ko'zlari orqali yolvorib so'rardi.
- Unchalik ko'p emas, uch to'rt marta. - javob berdi Damryeong qizning birinchi yuz ifodasi qanday bo'lishiga qiziqib kuzatar ekan. Ammo Raniyaning ko'zlari yoshlanib ketganini ko’rishi bilan darhol o'rnidan turib qizning qarshisida tiz cho'kib o'tirdi. Ha, u biroz oshirib yuborganini fahmlagandi.
- Hoy, hoy hazillashdim… moychechak.. kechir. - uning lablarida biroz yoqimli kulgu va ko'zlarida aybdorlik hissi bor edi. Raniya hali chiqib ulgurmagan ko'z yoshlarini artib ortidagi yostiqni oldida oyoqlari ostida tiz cho’kib, kechirim so'rayotgan yigitining boshiga tushirdi. Bu og'riqli emas, shunchaki juda kulgili edi. Damryeong ortga tisarilib, qattiq pol ustiga yotib qoldi. Raniya o'rnidan turib tinimsiz uni yostiq bilan savalay boshladi.
- Yordam… yordam bering zo'rlik qilishyabdi! - kulgu aralash, yolg'ondan baqirgandek bo'ldi Damryeong. Raniya g'azabdan baribir to'xtamadi. Keyingi galda qiz yostiqni qo'yib, yigitni yoqasidan ushlab o'ziga yaqinroq tortdi. Qizdan bunday keskinlikni kutmagan Damryeong, uning chuqur, rashkdan yonayotgan ko'zlariga qarab qotib qoldi.
- Agar yana shunday hazil qilsangiz Kim Damryeong… sizni hech kim qo'limdan sog' chiqarolmaydi!
- O'zing axir dabdurustdan munosabatda bo'lganmisiz deb shunday qaradingki… - kulishdan to'xtamay uyoqdan-buyoqqa tipirchilab gapirdi Damryeong qizning qo'lidan qutilishga aslida chunonan harakat qilmay.
- Nega u sizga bunday tikilib qaraydi doim?
- Rashk qilyapsanmi?
- Hecham.. shunchaki qiziqyapman.
- Qiziqayotgan odam birovni yoqasidan changallab qiziqadimi? - dedi Damryeong hali ham qo'yib yuborilmagan yoqasiga ishora qilib. - Yoki menga tashlanmoqchimisan?
Raniya tezda uni qo'yib yubordi-da endi uzoqlashmoqchi edi yigit uni bilagidan ushlab o'ziga tortgan edi Raniya uning qo'yniga uchib tushdi.
- Qo'yib yuboring.
- Avval qizg'anayotganingni tan ol.
- Qizg'anmadim! nega endi qizg'anishim kerak? - Raniya uni itarib o'rnidan turib ortga burildi. Damryeong ham turib qizning ortidan kelib belidan qo'llarini aylantirib quchib oldi. Raniya chiranib uni changalidan qutilishga urinar ammo befoyda ekanini o'zi ham yaxshi sezib turardi.
- Hamma o'z sevganini qizg'anadi. Men ba'zan seni o'zimdan qizg'anib ketaman. - dedi u. Raniya indamay tikilib turaverdi. Lekin keyin ichidan to'lib-toshib kelayotgan alangani o'chirolmay shartda ichidagini aytdi qo'ydi.
- Ha rashk qilyapman! Men avval sizni atrofingizda ayollarni ko'rmaganman. Shuning uchun o'ylagandimki….
- Xo'sh…? nima deb o'ylaganding?
- Sizni hayotingizda yagona ayol menman deb.
- Usiz ham shunday. - Damryeong biroz kulimsiradi. - Kim Damryeongni hayotidagi yagona ayol sensan.
- Ammo baribir ham u qizni ko'rsam o'zimni ushlab turolmayabman… kamiga u chiroyli, qomati ham daxshat.
Bu safar yigit shunchaki tabassum qilmadi, u xonani boshiga ko'tarib kulib yubordi.
- Ustimdan kulyapsizmi?
- Yo'q.. yo'q, shunchaki.. men bu qizni dunyodagi eng go'zal qiz deb bilsam-u bu moychechak xonim o'zlarini yerga uryabdilar. Shu adolatdanmi?
- Chindanam shunday deb o'ylaysizmi?
- Seni birinchi marta teatrda ko'rgan vaqtimni eslaysanmi?
- Ha..
- O'shanda aytgan ilk gapim nima edi? " Men ilgari hech qachon haqiqiy go'zallikni ko'rmagan ekanman. " - Damryeong mehr bilan rashkdan jizg'anak bo'layotgan sevgilisining sochlaridan silab suhbatni davom ettirdi.
- Ammo bu Rameoning gaplari edi.
- Men u romanni o'qimaganman, sevgilim.
Raniya o'sha vaqtda Damryeong buni shunchaki Rameo nomidan aytgan deb o'ylagandi. Lekin endi aslida Damryeong bu romanni o'qimaganini va o'sha so'zlarni o'z nomidan aytganini fahmladi. Qizning so’zlari hayajondan qomatga kelolmas, ko'zlarini uyatdan har bir burchakka qaratib chiqardi.
- Sen men ko'rgan eng chiroyli ayolsan.
Damryeong uni rashk sabab qiynalishini istamasdi, har qanday ayol bo'lmasin u Raniyasining o'ziga bo'lgan ishonchini yo'qotishini ham istamaydi. Qizning yuzida paydo bo'lgan hayajon va uyatli nigohni ko'rgan yigit uning peshonasidan mayin o'pib, bag'riga bosdi.
- U baribir sizga boshqacha qaraydi.
- Qarasa qarayversin, bu meni qiziqtirmaydi. Menga faqat bir narsa qiziq… seni ko'zlaring menga qanday qarashi.. - uning ohangi juda mayin edi. Damryeong bu qizni shunchalik qattiq sevardiki buni ba'zan o'zi ham his qilardi. Xuddi har soniya o'tganda qizga bo'lgan muhabbati ortib ketayotgandek tuyilardi. U Raniyani oddiy kichik sababdan ham xafa bo'lishini xohlamasdi. Xoh u Hanni bo'lsin, xoh boshqa ayol. Raniya uning ko'zlarida juda jozibali edi.
- Agar istasang men sen uchun butun dunyo bilan aloqamni uzishim mumkin. - Damryeong javob kutmay qizni kaftidan ushladi. Raniya uyatdan hech nima deyolmadi. U faqat bu sevgi uchun ta’sirlanardi. Qalbida turli gullar nihol ochardi. Endi uning yuragida boyagidek rashk emas cheksiz bir ishonch chaqnardi.
- Kechiring… men shunchaki o'zimni tutolmadim.
- Lekin menga rashk qilishing yoqdi.. - Damryeong lablarini keng yoyib tabassum qildi. - Sen juda go'zallashib ketar ekansan.
- Kulmang.. o'zingizni ham boshingizga tushsa ko'ramiz.
- Bu borada meni rashkim bilan o'yin o'ynamaganing maq'ul.. - bu safar yigitning nigohi jiddiylashdi. Ovozi ham pastladi, ko'zlarida sovuqlik tund urdi. Raniya undan cho'chidi shekil, jaxlini chiqarishga sabab bo'ladigan gap aytmadi.
- Qani, endi uhlaymiz. Bugun juda ko'p energiyangni rashk qilishga sarflading.
- Janob Damryeong! - Raniya jahl qilgandek uning ko'ksiga asta turtib qo'ydi. Lekin lablarida allaqachon samimiy tabassum paydo bo'lgandi. Damryeong yengil kulib qizni qo'llariga osongina ko'tarib oldi-da yotoqqa teparoq olib borib yotkizdi va o'zi ham yonidan joy oldi.
Yuqori qavatdagi xonada orom olgan Damryeong va Raniyadan tashqari uyda yana boshqa juftlik ham bor edi. Pastgi qavat, chap tomondan uchinchi xona. Ichkarida kichik tungi chiroq yonib bazo'r xonani yoritardi, qorong'u ichkariga suqilib kirishga urinar, mayin shamol ichkaridagi ayolning sochlari bilan o'ynashardi. Doona maroq bilan bolalar moda jurnalini varoqlar, bir-biridan yoqimtoy bo'lgan chaqaloqlarni ko'rib ko'zlari porlab mehrli jilmayardi. Chetdan balki bilinmas, ammo qiz har shu sur'atlarga tikilganida yuragi o'rtanib ming bo'lakka bo'linib ketardi. Doona ho'rsinib qo'ydi-da yana keyingi sahifaga o'tdi. Unda ham oppoq va kulgan yuzli qizchaning sur'ati chiqdi. Chaqaloqning boshiga o'ziga mos kichik kepka kiygazib qo'yishgandi. U shunday shirin kulardiki, Doona ham qo'shilib jilmaydi. Barmoqlari chaqaloqning sur'ati ustidan sekin siladi. Shu vaqt xona eshigi shovqinli ochilib ichkariga Jimin kirib keldi. Uning qadamidan charchog'i shundoq bilinib turardi. Jimin xonaga kirishi bilan allanimaga boshini ko'tarmay tikilib o'tirgan xotinining yoniga bordi. Ko’zlari u har kuni ko'radigan bolalar sur'atini ko'rishi bilan hafsalasiz yuz o'girdi. Doona uni kelganini xatto sezmay ham qolgandi.
- Yana o'sha jurnallarmi? - Jiminning nafasida koyish bilan birga mayuslik bor edi. Doona mana endi boshini ko'tarib, o'zini xuddi hech narsa bo'lmagandek tutishga urindi. Lablari alamli jilmayib, jurnalni chetga surib yopib qo'ydi.
- Kelganingizni sezmabman. - dedi u Jiminning yoniga borib yuzidan ohista o'pib qo'yar ekan. Jimin hech qanday javob qilmadi.
- Doona senga necha marotaba aytdim?
- Nimani nazarda tutyabsiz?
- Bu rasmlarni. - Jimin jurnalga ishora qildi. Doona gap nima haqida ketayotganini bilib, ho'rsindi. Ammo o'zining o'sha " Hammasi joyida " degan qiyofasini yechmay Jiminning qo'lidan tutdi. Qiz o'zining ichki kechinmalarini ustiga chiqarolmasdi, o'zini doim yaxshi va u juda baxtli ayoldek ko'rsatardi.
- Hech bo'lmaganda sur'atlarda his qilishimga qo'yib bering. - pichirladi u. Bu gaplar Jiminning yuragini teshib o'tgandek bo'ldi.
- Men seni bunday azob chekishingga uzoq vaqt chidab turolmasligimni bilasan-a?
- Unda men sizdan so'ragan narsamni qiling. - Doona yuzini boshqa tarafga burdi. U Jimin bilan yetti yildirki farzand degan tuyg'uni his qilolmadi. Taqdir ularga bitmas-tuganmas sevgi ato qildi-yu ammo uning mevasini ko'p deb bildi. Doona farzand ko'rolmasdi, doktorlar unga bepushtlik tashxisini qo'yishgan. Jimin nima bo'lmasin baribir undan kechmasligini, kerak bo'lsa butun umr farzandsiz o'tishga ham tayyor ekanini ko'p marotaba aytgan bo’lsada, Doona yaxshi bilardi Jimin ham qiz farzandi bo'lishini orzu qilishini. Bu so'zlar qizga zarracha taskin bermadi. O'sha xabarni eshitganidan buyon qiz juda kamgap va sokin bo'lib qolgandi. Jimindan so'ragan yagona narsasi esa, boshqa ayoldan farzand ko'rishi edi.
- Aljirama Doona, sen bilan yana tortishishni istamayman! - Jimin zarda qilib o'rnidan turdi.
- Mendan keching demayabman axir, shunchaki hayotingizga kimnidir olib kiring.. o'zimni emas sizni ota bo'lishingizni ko'rish istagim bor. - qiz dod solib yig'lashni istardi. Ammo ko'zlaridan umuman yosh oqmadi. U faqat o'zini baxtli ko'rsatdi, doim kuldi, doim azobdan kuldi… Jimin bunday qilolmasdi. Chunki u biladi bu narsa baribir Doonaga og'ir botadi.
- Menga bola kerak emas. Agar bu seni yuzingdagi kulguni so'ndirsa… - Jiminning ko'zlari yoshlandi. Uning so'zlari xonadagi sukunatni parchalab tashlagandek bo'ldi. Doona hali ham o'zini yig'idan tiyib turardi. Jimin uchun bu ayol dunyodagi eng kuchli inson edi.
- Lekin o'zingiz ham istaysiz. Siz baxtli bo'lishga loyiqsiz.
- Men hozir ham juda baxtliman. Va bunga faqat sen sababchisan, lekin buni tushunolmayabsan. - Jimin sekin qizning qarshisiga keldi-da, uning titrayotgan sovuq qo'llarini o'zining issiq kaftlari orasiga oldi. Uning nigohida nafrat yoki g'azab emas, balki qalbni ezib yuboradigan darajadagi chuqur bir mehr va ojizlik bor edi.
- Sen menga dunyodagi eng baxtli ota unvonini emas, eng baxtli er unvonini hadiya qil… sendan menga faqat shu kerak sevgilim. Uyimda ming bolalar kulgusi baralla yangrasa ham, kichik tabassumingsiz u uy men uchun baribir kimsasiz cho'l bo’lib qolaveradi…
Doona javob berolmay lablarini tishladi. Shu paytgacha yuzida mahkam ushlab turgan o'sha " Baxtli va kuchli ayol " niqobi nihoyat dars ketdi. Qizning yillar davomida ichiga yutib kelgan achchiq mehnati, tuganmas iztirobi ko'zlariga qalqib chiqdi. Birinchi yosh tomchisi yonog'idan pastga dumaladi. U endi jilmayishga ham, o'zini tutib turishga ham ojiz edi.
Tun oralab tongga ulandi. Ertalabdan hamma yaxshi kayfiyatda nonushta qilganidan so'ng Raniyaning iltimosi bilan Damryeong o'zining uyiga qaytishga vanihoyat ko’ndi. Aslida bu o'ziga ham yoqib tushgandi, Raniya bilan istaganicha yolg'iz qola olishini o'ylab bilintirmay kulib qo'ydi. Kechga yaqin Damryeong Jiminni xotinining yonida vaqt o'tkazishini tayinlab, o'zi haydovchilik uchun Wonni chaqirtirdi. U hech qachon jinoiy ishlardagi odamlarini oilaviy uylariga yaqinlashtirmasdi. Eng ishongan odami esa Jimin va Won xolos. Raniya va Damryeong mashinaning orqa o'rindig'iga o'tirishdi. Doona va Jimin esa ularni ketishlaridan avval kuzatib qo'yishdi. Yo'l bo'yi Raniya holsiz oynadan tashqariga qarab ketardi. Atrofga allaqachon qorong'ulik tushib kelmoqda. Biroz avval tinib ulgurgan yomg'ir, asfaltni nam qilib ulgurgan. Ko'chada yonib turgan mitti chiroqlar nam asfalt ustida nur sochardi. Mashina shahar markazidan biroz chetroqda joylashgan gavjum ko'chadan o'tib borar vaqti Raniyaning nigohlari yo'l chetidagi bir binoning burchagiga o'rnatilgan, neon chiroqlari lip-lip o'chib-yonayotgan kichkina gumbazsimon kabinaga tushdi. Bu o'sha mashhur, oq-qora va oniy sur'atlar chiqaradigan polaroid fotobudka edi. Uning peshtoqiga rang-barang harflar bilan " Lahzalar muhrida " deb yozib qo'yilgandi. Raniya juda-juda istadi sevgan insoni bilan shunday lahzani xotirlab qo'yishni. Qiz hapqirib ketdi, holsiz ahvoli birdan jonlanib Damryeongga tezda burildi.
- Buni qarang! - dedi u zavqqa to'lib toshib. - Iltimos to'xtaylik.. bir daqiqaga.
Damryeong qizning kutilmagan hayajonidan hayron bo'lib, u ko'rsatgan tomonga qaradi. Oddiygina qizil pardalar bilan berkitilgan fotokabina. Damryeong hayoti davomida hech qachon bunday joylarga kirmagan. U shunchaki buni be'manilik, bolalarcha harakat yoki behuda vaqt o’tkazish deb hisoblardi. Lekin Raniyada paydo bo'lgan quvonchni ko'rib rozi bo'lgandek lab chetida mayin kuldi. Qizning qanday xohishi bo'lmasin bu hammasidan muhim edi. Damryeong oldinda o'tirgan Wonga qisqa ishora qildi.
- Won, chetga ol.
Mashina yo'l chetida yengilgina to'xatadi. Raniya otilib tushdi-da o'sha tomonga birinchilardan yugurib ketdi. Damryeong Wonga chetroqda hushyor turishini tayinladi. Won xo'jayinining bunday narsalarga rozi bo'lishini hech kutmagan edi, shu bois o'ziga bilintirmay rosa hiringladi. Damryeong esa Raniyaning ortidan keldi. Ular ikkisi fotobudkaning og'ir, qizil pardasini surib ichkariga kirishdi. Ichkarida faqatgina xira, sarg'ish chiroq yonib turardi. U yer o'ta tor bo'lib, ikkalasi yonma-yon zo'rg'a sig'ishdi. Damryeongning keng yelkalari kabina devorlariga tegib turardi. Bu torlik ularni bir-biriga yanada yaqinlashtirdi. Raniya uning tanasidagi tanish, yoqimli ifor va iliqlikni his qildi. Shu bois ham hayajondan titrab o'zini ortga olishga urindi. Lekin bu juda yoqimli edi.
- Xo'sh nima qilish kerak? - so'radi yigit monitorning ko'zni qamashtiruvchi yorug'ligidan o'ng'aysizlanib.
- U uchgacha sanaydi, kameraga qarang shu holos.
Taymer ishga tushdi : 3… 2… 1…
Birinchi chiroq charaqladi. Ikkisining ham ko'zlari qamashib ketdi. Keyingi kadrda Raniya sho'xlik qilib Damryeongning yuzidan ushlab o'ziniki bilan birlashtirib oldi. Uchinchi kadrda nihoyat harakatni qo'liga olgan Damryeong Raniyaning nozik va kalta ko'ylagi sabab ochilib turgan belidan qo'llarini o'tkazib o'ziga tortdi. Kuchli bosimdan o'zini ushlolmay Raniya uning tizzasiga o'tirib qoldi. Qizning yuragi do'mbira chalib yubordi, xatto sur'atga tushayotganini ham unutib qo'ydi. Ochiq tanasi ustida uning belini ataylab sekin silayotgan yigit mamnun jilmayib turib oldi. So'nggi to'rtinchi kadr taymer sanayotganida, Damryeong kutilmagan va juda tez harakat bilan qizni iyagidan ushladi. Raniya nima bo'layotganini anglashga ulgurmay Damryeong uning lablariga ochlik bilan yopishdi. O'sha onda chiroqlar yana bir bor charaqladi. Bu takrorlanmas lahza abadiy muhrlandi. Chetda joylashgan kichik tirqishdan g'ajirlagan ovoz chiqdi va polaroid rasmlar lentasi sekin sirg'alib tushdi. U hali nam, oq hoshiyali, oq-qora ranglardagi to'rtda mittigina kadr edi. Pastiga bugungi sana yozilgandi. Bir ming to'qqiz yuz to'qqiz sakkizinchi yil, ikkinchi aprel.
Raniya yigitdan asta uzoqlashmoqchi bo'ldi, ammo qulay paytdan foydalangan Damryeong uni tizzalaridan turgazmay bo'sani chuqurroq davom ettirdi. Qizil parda ortidan ularning juft oyoqlari ko'rinib turardi xolos. Qora erkaklar tufligi va bejirim qizil konvers. Tashqaridan kimningdir ovozi eshitilganida Raniya tezda lablarini undan uzib hijolatomuz uzoqlashdi. Nafasi tartibsiz, juda hayajonlanayotgandi. Yurak urishini nazorat qilolmagani sabab Damryeongning yonida uyaldi. Damryeong esa chindan zavq olgandi, lablarida mamnun tabassum. Qiz uyalib, chiqqan rasmni tezda qo'liga oldida pardalarni surib tashqariga yugurib chiqib ketdi.