August 20

Samolardan balandda

​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​​" Hech qachon — Rameo va Julietta haqidagi kabi fojiali hikoya bo’lmagan. "
— William Shakespeare

Inson hech qachon o’zi botgan botqoqlikka, sevgan odamini yaqinlashtirishni xohlamaydi. Xohlasa, demak chinakam sevgan emas. Jinoyat olamida esa, har bir bosilgan qadam xavfga chaqirguvchi surnaydek. Bilmaysan, balki tunda ayoling yonida uhlayotgan vaqting o’ldirib ketishar, yoki o’z oilang davrasida bayramni nishonlayotgan soniyangda peshonangni mo’ljalga olishar. Inson o’zidan ham burin, o’qqa tutilgan vaqti o’z jonidan emas, yon-atrofidagi sevgan insonlarining to’kilayotgan soch tolalaridan tashvishga tushadi. Zero, bunga jinoyat dunyosi emas, undagi jinoyatchining o’zi javob bergay.
Oshxona jihozlarining taraq-turiq ovozi yigitni hayolot olamidan chalg’itdi. Jimin qo’lida halittan beri ushlab turgan sochig’ini endi harakatga keltirib stol ustini arta boshladi.
- Raniyaning kayfiyati tushgandek ko’rindi.
- Janob uni xursand qiladi, uni biram qattiq sevib qolganki dunyoni oyog’ini tagiga tashlaydi, ko’rasan. - Jimin yengil kulib, toza bo’lgan stoldan biroz uzoqlashdi.
- Bunga shubham yo’q, qolaversa ular bilan oilamiz kengaygandek tuyiladi.
- Men yana kengaytirmoqchiman. - dedi Jimin, jiddiylashar ekan kichkina javonga tanasini suyab. Doona qo’lidagi likoblarni stolga qo’ydi. Erining ohangidan jiddiyroq nimadir aytmoqchi ekanini sezgandi.
- Men hali tug’ilgan kun sovg’angni bermadim.
- Shundaymi? Xo’sh nima ekan u sirli sovg’a?
Jimin oldinga yurdi. Lablari samimiy tabassum qildi, lekin ko’zlarida ikkilanish bordek edi.
- Men qaror qildim Doona.
Doona qoshlarini olarazak qildi-da, savolga to’la ko’zlarini yuqori ko’tarib o’zidan bo’yi ancha baland bo’lgan Jiminga pastdan qaradi. Jimin soniyaga sukut saqlab, so’ng chuqur nafas oldi.
- Agar sen ham istasang, balki mehribonlik uyidan bola asrab olarmiz? - dedi yurak yutib.
Doona turgan joyida tosh haykaldek qotdi. Tanasiga muzdek suv quyilgandek, qo'llari titradi. Ayol ko'zlariga, eshitayotgan quloqlariga ishongisi kelmas bu haqida avval bir nech marta o'ylab ko'rgan bo'lsa ham Jimin buni istamagan bo'lardi deb og'iz juftlamagandi.
- Siz.. siz xohlaysizmi? - uning lablari titradi. Ko'zlarida ham quvonch, ham alamli yosh qalqib ketdi.
- Xohlayman.. lekin hozir emas. - Jimin sekin boshini pastga egdi. - Men.. men sabr qilyapman Doona. Mehrga muhtoj, ota-onam qachon meni olib ketadi deb soniya sanab eshikka mo'ltirab qarayotgan bir bolakayga otalik qilgim bor. Ammo.. - Jimin to'xtab qoldi.
- Nima ammo?
- Ammo uni o'zimni xavfga to'la dunyomga olib kirishni istamayman.
Doona masalanining muhim pallasini tushungandek xo'rsindi. Jiminning ko'zlarida havotir bilan birgalikda otalikka bo'lgan kuchli istak jo'sh urib turibdi. Doona unga termulib qarar ekan, ich-etini yegudek o'zini ayblay boshladi. Lablarini bor kuchi bilan qattiq tishladi.
- Biz hammasini yengamiz.
- Ha, bir kun men bu olamdan chiqaman. Shunda oddiy odamlardek xavfsiz, hech qanday narko ishlarsiz mehnat qilib yashayman. O'shanda hammasi yaxshilangan vaqtda.. biz bola asrab olamiz… nima deysan? - Jimin rafiqasiga yuzlandi. Doonaning lablari keng yoyilib, rozidek bosh irg'ab qo'ydi.
- Bu eng yaxshi sovg'a.. - dedi ko'zlaridagi yoshni yengining bir chetiga tez-tez artib tashlar ekan.
- Men unga hammadan yaxshi ota bo’laman.
- Bunga shubham yo'q.
Jiminning ko'zlarida yorqin kelajakka bag'ishlangan uchqun porladi. U sekin yaqinlashib Doonaning qo'llaridan tutib, kaftini lablariga bosdi. Ular tinch hayotga erishish, farzandlarini quchoqlariga olish uchun xuddi qasam ichayotgandek edi. Qachonki Jimin, bu zulmat dunyodan chiqa olsagina, farzand asrab oladi. U bolani xavfga botgan botqoqlikka cho'ktirishni istamadi, bu xudbinlik bo'ladi deb o'yladi. Botqoqlikka tamomila botishdan avval chiqish kerak, yo'qsa u hammani baravar domiga tortib ketadi. Jinoyatning esa oxiri yo'q.

Ertangi kunning tushlik kezlaridan Narangning chaqirig'i ostida Raniya teatrga qarab yo'l oldi. Damryeongning qat'iy bosimi ostida ikki qo'riqchi biri Won haydovchisi bo'lmish Myeongdongning qoq markazida mashinani to'xtatdi.
- Nima ish vaqtim tugaguncha kutasizlarmi? - Raniya mashina tutqichiga qo'l uzatib, ortga burildi.
- Xo'jayinning buyrug'i, xonim.
- Xonim emas Raniya.
- Xuddi shunday xonim. - dedi Won o'zini beparvolarcha tutarkan mashina old oynasidan Raniyaning aksiga qarab. Raniya hafsalasiz, qoshlarini chimirib eshikni yopdi-da ichkariga yugurgilab kirib ketdi. Ichkarida esa uch, to'rt kishi yig'ilib Narang bilan allanimanidir bahs qilayotgandi. Soyon esa kiyinish xonasida. Raniya uzoqdan o'zi tomon yurib kelayotgan Teinga qarab qoldi. Hozir aniq yigit uzr so’rashini, o'sha kungi ishni izohlab berishini tahmin qilayotgandi. Tein keliboq darhol gap boshlab ketolmadi, goh sochlarini qashidi, goh devorlarga olayib chiqdi.
- Hayrli kun. - deb boshlay qoldi Raniyaning o'zi yigitni ko'p qiynamay.
- Senga ham. Haligi men, nega qarshingda bunday turganimni bilasan.. - u tutilib gapirishni boshladi. - Men, o'sha kungi bo'lgan hodisa haqida..
- Sen mast eding.
- Ha baribir o'zimni jilovlashim kerak edi bu mening aybim. - dedi yigit.
Raniya uning ko'zlariga qaradi. Soniya sayin kuchayib ketayotgan uyat va aybdorlik hissi. Qiz uni mastdan o'zini bilmay qolgan degan xulosaga ancha avval kelib bo'lgan va hech ranjimagan edi.
- O'zingni ko'p qiynama, men allaqachon unutdim.
- Men o'zim aytolmayman balki, sen nomimdan undan uzr so'ra ho'pmi?
- Kimdan?
- Kim Damryeongdan.
- Ho'p yaxshi aytaman, sen esa ko'p bunday yuraverma. Uzrni esa bizdan avval anavi qizdan so'ra. - Raniya ko'rsatgich barmog'ini pardalar ortidan chiqib kelayotgan dugonasi Soyonga qaratdi. Tein tushungandek nomiga jilmayib, qizdan uzoqlashdi. Zum o'tmay Soyon pardalar ortidan otilib chiqib, dugonasining yoniga keldi. Atrofda odam kamayganiga ishonch hosil qilganidan so'ng gap boshladi:
- Unga nima deding, yuzi yorishib ketdi.
- Ko'p o'zini qiynamasligini, aybi yo'qligini.
- Tentakmisan Rani, nega endi aybi bo'lmas ekan? Holis fikrimni aytadigan bo'lsam men bu safar janob Kim Damryeong tarafman. Uni mutlaqo haq deb bilaman va oxirigacha qo'llayman.
- Tein mast edi-ku Soyon.
Soyon qochlarini uchirib, Tein tomon olarazak bir qarab qo'ydi. Va Raniyaning bir qo'lidan o'zinikini o'tkazib teatr koridori bo'ylab sekin yura boshladi. Bir necha soat davomida dugonasiga hayotiy nasihatlarni kanda qilmay valdiradi.
- U mast bo’lgan bo'lsa ham, aqli joyida bo'lmagani uchun javobgarlikdan qutilib qoladimi? - Soyon dugonasining yelkasidan silkib qo'ydi. Raniya esa og'ir uf tortib, peshonasi ustidan barmoqlarini yurgazdi.
- Erkak kishi mastlikda ichidagi borini yuzaga chiqaradi, agar Kim Damryeong o'sha yerda bo'lmaganida voqea qanday tugashini bir tahmin qilgin-a. U seni qanchalik rashk qilishini ana o'sha vaziyatda ko'rdim.
Umuman olganda qizning gaplarida mantiq bor edi. Raniya o'sha kungi Damryeongning sovuq nigohlarini eslasa, yuragi siqilardi. Ayniqsa uni tungi klubdan mast holatda qaytib kelgani, Raniya uchun dunyosi ostin-ustun bo'lgandek gap edi. Tashqarida hali ham uni mashinada kutishmoqda. Raniya o'zini oltin qafas ichiga tushib qolgandek his etdi.
- Men shunchaki masalani kattalashtirgim kelmadi. Janob Damryeong esa… unga buni qayta eslatishni istamayman. U o'sha kuni alamini qanday olmoqchi bo'lganini eslasam qo'rqib ketaman.
- Sen aytganimni qilib, Teindan uzoqroq yur. Uzr so'ragani bilan bo'lgan ish yuvilib ketmaydi. Ha, yana aytgandek agar bu gaplarimni Teinni rashk qilgani uchun aytyapti deb o'ylaydigan bo'lsang bekorlarni aytibsan.
- Soyon men hali bunday o'ylaganim yo'q.
- Shunchaki aytdim, meni u takasaltang bilan zarracha ishim yo'q, qolmagan ham.
- Ho'p tushundim. - deb qo'ydi Raniya gapni qisqa qilib.
Shu payt koridor oxirida Narang paydo bo'lib, qizlarni tayyorgarlik zaliga chorladi:
- Qizlar yangi pyesaga tayyorlanamizmi, yoki sizlarni suhbatingiz yakunlanishini kutib turaymi?! - kinoyali, o'shqirdi Narang.
Raniya va Soyon bir-biriga qarashdi-da, zal tomonga yura boshlashdi.
- Bugun Kim Damryeong teatrga kelmadi-da, Narang sohibni zaxri burnida. Og'zi qulog'ida, zarda qilishini qara. - kuldi Soyon.
Hamma bir joyga yig'ilganidan so'ng Narang keyingi ishlarni ketma-ket tushuntirishni boshladi. Doimgidek kim qanday rolni ijro qiladi, kim salbiy, kim ijobiy holatda. Sahna chiroqlari yonib, charchoqli yana bir kun davom etardi.

Daqiqalar soniya kabi tez o'tib borar ekan, quyosh asta botib atrofni shafqatsiz tun egallay boshladi. Shahar chetidagi eng nufuzli, faqat oliy tabaqali narkobaronlar klani a'zolarigina kira oladigan dabdabali elit billiard klubida mutlaqo boshqacha, sovuq va tarang muhit hukmron edi. Yopiq zalda yashil movut qoplangan katta billiard stoli atrofida shaharning eng nufuzli jinoyatchi to'dalari yig'ilishgan edi. Suv tushsa, muzlaydigan sukunatda faqat sharlarning bir-biriga urilib chiqaradigan taq-tuq ovozi va sigara tutunining qalin buluti kezardi. Damryeong qo‘lida kiy tutgancha, stol ustidagi sharlarni sovuqqonlik bilan mo‘ljalga olardi. Stol chetida o‘tirgan Yevropa yo‘nalishi bo‘yicha kontrabanda qiroli hisoblangan Marko qo‘lidagi konyak stakanini stendga qo‘yib, gap boshladi:
- Osiyo portlaridan kelayotgan sintetik og'u partiyasini Yevropa bozoriga o‘tkazish grafigi kechikyapti, Damryeong. Rotterdam va Gamburg portlaridagi nazorat kuchaygan. Myeongdong orqali o‘tadigan tranzit yo‘lagi xavfsizligiga kimsan?
- Barcha marshrutlar tekshirilgan. - dedi Damryeong ko‘zini sharlardan uzmay. - Dengiz orqali ketadigan yuklar hujjatlarda toza qurilish mollari sifatida rasmiylashtiriladi. Yevrohududga kirishda hech qanday muammo bo‘lmaydi. Faqat mening foizim o‘zgarmasdan qoladi.
Burchakda turgan janubiy klan vakili Antonio tutun burqsitar ekan, miskin tabassum qildi:
- Narxni oshirishga shoshilma yosh janob. Yevropadagi ulgurji xaridorlar og'u tranziti uchun yangi tariflardan norozi. Agar sen va Cabone kelishib, chegirmalar bermasangiz portdagi yuklarni boshqa yo‘lak orqali yo‘naltirishga majbur bo‘lamiz.
Damryeong kiy bilan kuchli va aniq zarba berdi. Oq shar qizil sharni to‘ppa-to‘g‘ri burchakdagi to‘rga tushirdi. Taq! Sitsiliya mafiasi bo'lmish Marcus Cabone endi tishlarini g'ijirlatib o'tirgan o'rnidan turib billiard stol yoniga kelib turdi.
- Narxlar va chegirmalarni muhokama qilishdan avval kim bilan gaplashayotganingni unutma Antonio. - dedi Cabone past, ammo salbatli to'nda. - Damryeongning yo‘lagi eng xavfsiz. Bu yigitchaning texnikasini ham, xalqaro savdodagi qat’iyatini ham bir paytlar o‘zim shakllantirganman. Qo‘limda oddiy yordamchi bo‘lib yurgan kunlari kechagidek yodimda. - Cabone ham kamsituv, ham tahdidli nigohini bir Antonioga bir Damryeongga qaratdi. U xuddi kimligingni unutma degandek kinoyali gapirdi. Damryeongning yuzida na sarosima, na g‘azab aks etdi faqat sovuqqonlik va bosim tuyulardi. Meksikadan kechagina Koreyaga kelgan Antonio, kema portlaridan og'u olib o'tishda juda usta edi. U billiard stolning o'ng qanotidagi burchakda sigara tutatib turar, bir qo'lida esa sochlari sariq, oriq, bo'yi baland rus qizni pinjiga tiqib olgan edi. Antonio Cabonening eski hamkorlaridan bo'lib, yoqimsiz burunga ega, sariqqina sochli, ko'zlari yashil badbashara kimsa edi. Antonioning shundoq ro'parasida joylashgan qizil divan ustida, ikki yon bag'riga qizlarni o'tkazib olib, hech nimaga aralashmay o'tirgan, yoshi o'ttizlar atrofidagi yana bir yigit esa Yuhan, Koreya bosh vazirlaridan biri janob O ning kichik o'g'li bo'lib yigirma yashar vaqtlarida Damryeongning narkofurushlari sotgan og'uga qattiq bog'lanib qolib, shu to'daga qo'shilib qolgandi. Antonio uni siyosat ishlarida bir kun otasining foydasi tegadi deb olib qolgandi. Yuhan vazir otasining mansabidan farqli o'laroq, siyosatga zarracha boshini suqib ko'rmagan. Janob O ishimni davom ettiradi deb eng ko'p katta o'g'illariga e'tiborini, vaqtini ketkazdi-yu kichigini qarovsiz tashlab qo'ydi. Bola esa hozirgi kunga kelib aqlini yo'qotgan, og'uga qul bo'lib bormoqda. Cabone unga chetda sudiralib foydasiz yotgan itga qaragandek qarab qo'ydi.
- Uni allaqachon yo'qotish vaqti kelgandi.
- Sabr qil, bir kun kerak bo'lib qoladi.
Damryeong Yuhanni avval boshidan yoqtirmagan, qizlarga suyagi yo’qligi uchun ham har safar yig'inlarga yonida bir janon bilan kelishi uni jig'iga tegardi. Antonio Marko bilan, keyingi portni yevropa bozoriga qanday kiritish masalasida maslahatlashib tashqariga chiqib ketishdi. Vaziyatdan foydalangan Cabone, xonada hali Yuhan ham borligiga qaramay Damryeongga yuzlandi. Go'yo Yuhan hech narsadek, qulog'i kar, ko'zlari ko’r.
- Meni masalam nima bo'ldi? - dedi, kiyni stolga qo'yib qorong'u ko'chaga oynadan tikilib turgan Damryeong tomon yaqinlashar ekan.
- Men uni bir oyog'ini sindirdim.
- Ammo u yiqilmagan shunday emasmi? Vaqting tugayapti xuddi meni sabrim kabi.
Cabone Damryeongni kuch-qudratiga, va doim bergan va’dasini ustidan chiqishiga ishonchi komil bo'lgani uchun ham uni tanlagandi. Agar ulkan bozor ichidan ikkita eng ishiga usta shaxslarni baravariga yo'q qilsa Cabone yevropada ancha katta imperiya qura oladi.

- O'zingiz avval ichidan yemirishimni xohlamaganmidingiz?
- Ha to'g'ri buni o'zim so'radim, lekin sen ichidan yemirmayapsan, Damryeong. Sen uni yashashiga vaqt beryapsan. Boshini uzib tashlash uchun imkoning bo'la turib, oyog'ini sindirish bilan cheklanyapsan.
- Bo'yniga sirtmoqni birdaniga tortsangiz, arqon uzilishi mumkin. Ilonni dumini bosish bilan kifoyalanmayman holbuki, men uni eng ishongan odamini ham yo'q qilganman.
- Men uni qizimga qilgan ishlarini badalini ortig'ini xohlayman. - Cabone sekin ortga yurdi. Yuzida sovuq va qonli tabassum paydo bo'ldi.
Oynadan o'z aksiga qarab turgan Damryeong, qo'llarini cho'ntagiga solgan holatda Cabone tomon burildi.
- Menga evaziga bergan va’dangiz bor. Siz ham istaganingizni olasiz.
Cabone bir soniya jiddiy tortdi, uning ko‘zlaridagi qonli qasos olovi vaqtincha bosilgandek bo‘ldi. Sitsiliya mafiyasining keksaygan, ammo hamon xavfli sarvari sekin bosh silkidi. Uning uchun raqibini yo'q qilish hamma narsadan ustun edi va bu yo‘lda Damryeongdan ko‘ra shafqatsizroq hamkor topa olmasligini yaxshi bilardi.
- Yevropa portlaridagi butun monopoliyani senga topshiraman. - dedi Cabone past, xirillagan ovozda. - Rotterdam, Gamburg va xattoki O‘rtayer dengizidagi barcha tranzit yo‘laklari sening nazoratingga o‘tadi.
Damryeong sekin va past ovozda xirillab kuldi.
- Tilyog'lamalik qilmay qo'yaqoling. Men sizdan oxirgi ishim evaziga meni tinch qo'yishingizni so'raganman.
Cabone ikki yelkasini ko'tarib, qo'llarini billiard stolga tiradi. Nazarida Damryeongning niyati jiddiy.
- Hayoting qanchalik xavf ostida qolishini bilasan-a? To'dadan chiqsang mening ismim seni himoya qilolmaydi.
- Men usiz ham Koreyada mustaqil ish olib borishni boshlaganman.
Cabone ortiq bahslashishni istamadi. Damryeong mustaqil bo'lsa, narko bozorda ishi yurishishini va hozir ham Yevropaga kirib borayotganini hayolidan o'tkazib, asabiy lablarini yalab qo'ydi. Xoh u to'dadan chiqadi, xoh yo'q baribir eng katta maxfiy sirlarni bilguvchi odamni shunchaki qo'yib yuborish, Sitsiliya odatlariga mos emas. Lekin shunga qaramay, Cabone ikkiyuzlamachilik qildi.
- O'zing bilasan. Agar ishni yakunlasang, men seni hech qachon izlamayman. Lekin bilib qo'y… bu dunyo seni shunchaki qo'yib yuborishiga ko'zing yetsa bo'lgani.
Damryeong bir og'iz gapirmadi. Ayni shu daqiqada billiard zalining og'ir eshiklaridan halloslab Damryeongning sodiq odamlaridan biri Han kirib keldi. Cabone ruxsatsiz kirgani uchun yigitga endi dakki bermoqchi bo'lgandi, Damryeong sekin qo'lini ko'tarib uni to'xtatdi.
U darhol payqadi yigitni bunday ahvolda kirib kelishi bejizga emas. Hanning nafasi-nafasiga ulanmas, yuzida daxshatli sarosima aks urib turardi. Damryeongning ko'zlari qisildi.
- Janob.. - Han shoshilgancha Damryeongga yaqinlashdi. Va tutilayotgan ovozda Cabonega eshitilmasin deb pichirlab gapira boshladi:
- Janob.. Raniya xonim yo'q… - dedi Han, xo'jayinidan qo'rqib bazo'rgina.
Ayni shu onda yigitning ustiga butun dunyo qulagandek bo'ldi. Quloqlari ostida kuchli chiyillagan tovush yangrab, hech narsani eshitolmay qoldi. Yuragida paydo bo'lgan havotir, yo'qotib qo’yish, qo'rquv hislari uni ichini kemira boshladi. Cho'ntagida turgan qo'llari tugun bo'lib tugildi. Lablari titrab, turgan joyida qotib qolgan Damryeong zo'rg'a o'zida kuch topib " Nima? " deb shivirlay oldi holos.
- Nima bo'lganini, kim qilganini bilmaymiz. Teatrda Won ham bor edi, uni bir ahvolda topdik. Myeongdongga hujum qilingan. Xonim esa hech qayerda yo'q. Birgina u emas, barcha ayollar, teatrdagi boshqa ayollarni ham, jumladan dugonalari Jinri, Soyon va yana Doona xonim ham o'g'irlangan. Jimin aqldan ozay deyapti…
Damryeongning tomirlarida qon muzlab qolgandek bo‘ldi. Quloqlari ostidagi o‘sha daxshatli chiyillash butun borliqni qamrab oldi, atrofdagi shovqinlar, sigara tutunlari va hatto uning qarshisida turgan Cabonening sharpasi ham g‘oyib bo‘lgandek edi.
Hayotining butun mazmuniga aylangan qiz, hozir kimlarning qo'lida, ahvoli qanday, qo'rqmayaptimi, uning ismini aytib qutqarishini so'rayaptimi, unga hech kimning qo'li tegmadimi? Damryeong nafas olishni ham unutib qo'ydi. Yuragi o'tdek yonardi, na qimirlashni, na gapirishni bilardi. Faqat bitta narsa bor. Raniyaga biror narsa bo'lsa u ham yashay olmaydi.

#Muallif - Kang Raniya