𝐒𝐞𝐧 𝐯𝐚 𝐦𝐞𝐧
" - Kel agar uchrashuv manzilimiz - Jannat bo'lsa, bu hayotda hech qachon birga bo'lmaymiz..
- Hayotni.. o'zingga qarzdor qilmoqchimisan ?
- Yuragimga isming yozilgan ondayoq u mendan qarzdor edi.. "
Koreyaga kelganimga endigina 2 oy bo'ldi. Avvaliga ish topishim qiyin kechadi deb o’ylagan edim, ammo dugonam sabab bu oson kechdi. Tarjimon bo'lib ishlay boshladim, koreys tilini yetarli darajada yaxshi bilganim qo'l kelishiga ishongan edim. Bugun men uchun taklif tushdi, kichik deb ham bo'lmaydi ancha mas'uliyatli. Seuldan biroz uzoqroqda bo'lib o'tadigan " Hayvonlarni himoya qilish " haqidagi tadbir uchun tarjimon kerak bo'lar ekan, chunki u yerda bir nechta davlat vakillari ishtirok etadi. Men koreys tili tarjimoni sifatida qatnashaman, va mendan tashqari yana tarjimonlar bor. Umuman olganda bu tadbirda qatnashishni o'zim ham istayapman, hayvonlarni himoya qilish hozirgi kunda jamiyat uchun kerakli mavzu.
Tuni bilan ertangi tadbirga tayyorlanib chiqtim. Menga taklif yuborgan kompaniyaga bordim. U yerda faqatgina men qiz bola ekanman, qolgan hamma erkak kishi. Noqulaylik tufayli bizni olib boradigan mashinaning eng oxirgi o'rindig'iga o'tirib oldim. 2 soat deganda boradigan manzilimizga yetib keldik.
Katta shisha devorli bino, ancha katta, avvallari hech qachon bunday hashamatli joylarda bo'lmaganim yuz ifodamdan ma'lum. Boshliq men bilan birga kelgan yana bir tarjimon yigitga tadbir bir necha soatdan keyin boshlanishi haqida xabar qilganida yuragim joyidan chiqib ketgudek hayajon bilan ura boshladi. Har bir davlat vakillari o'zlari bilan ikki nafardan tarjimon olib kelgan. Aslida bir tadbir uchun bitta tarjimon yetardi, ammo kompaniyalar bir-biriga ishonishmaydi. Balki atayin so'zlarni noto'g'ri tarjima qilib yetkazar?
Jig'imga tegayotgani nima aytaymi? bu yerdagilar avval hech qachon hijobli qizni ko'rmagandek menga tikilib qarashi. Bu yerda bo'lib o'tadigan tadbir katta telekanallarda qo'yiladi. Shu sabab yuzimni yopib kelganman. Va bu yerda xizmatchi qizlardan bo'lak tadbir mehmonlari orasida bittagina ham ayol zoti yo'q.
Tadbir boshlangandan beri men tik turardim, birma-bir yonimdagi yigit bilan ingiliz va koreys tillarida tushayotgan takliflarni tarjima qilar edik. Odamlar anchagina ko'p. Loyihalar, turli davlatlardan kelib tushayotgan taklif, hayriyalar qiziqarli davom etardi. Barcha e'tiborimni hozir tarjima qilishim kerak bo'lgan so'zlarga qaratgan onim menga tikilib turgan ko'zlar sabab jimib qoldim. Shunda hamma baravariga menga qaradi, ehtimol tarjimada xato qilyapti deb o'ylashayotgandir. Lekin unday emas, meni fikrimni buzishdi.
- H..haligi.. b..bu mas'uliyat..
Ozgina gapirishda titraganim uchun o'rnimga yonimdagi yigitni tarjima qilish uchun qo'yib qo'yishdi. U ham kamiga koreys tilida yaxshi ekan. Katta tadbirda sharmanda bo'lganimni hisobga olib tashqariga chiqib ketdim. O'zimni juda ahmoqona his qildim, binoning ortgi tarafida ancha chiroyli joylar bor ekan. Tushib ketgan kayfiyatimni toza havo yaxshilar degan maqsadda biroz bino atrofida sayr qildim. Chuqur nafas oldim, endigina yuzimdagi ro'molni yaxshiroq nafas olish uchun yechmoqchi edim hamki kimningdir qadam tovushini eshitiboq qayta yuzimni berkitdim.
- Kechirasiz.. qo'rqitmoqchi emasdim..
Ko'zlarim kattarib ketdi. Bu o'sha tadbirda meni chalg'itib yuborgan yigit. Uni deb birinchi ishimda sharmanda bo'ldim. Boshdan oyoq nega meni hayollarimni bo'lgani uchun qaradim. Bo'ylari baland, ustida o'ziga yarashgan jigarrang rangli kostyum, sochlari jingalak, ko'zlari esa juda chiroyli edi.
- Men uzur so'ramoqchi edim, meni tushunasiza?
Bosh irg'ab qo'ydim. Gapirish hususiyatim pand berayotgandek menga.
- E’tiboringizni tortga..
- E'tiborimni tortmadingiz.
- Unda nega hayajonlandingiz ?
- Bu hayajon emasdi, bu meni… birinchi ishim..
Ko'zlarimni boshqa tarafga olib qochardim, ammo harakatlarimni tushunmasdim. Butun hayotim aynan mana shu uchrashuvda boshlangan edi. U menga qiziqish bildirgandi, menga tikilishni istayotgandek yaqinroq qadam bosdi.
- Siz ichkarida bo'lishingiz kerak edi.
- Endi u yer zerikarli.
Qo'llarimni hayajon sabab qayirardim. Aslida haligacha kimdir bilan tuzukroq suhbat qura olmasdim.
- Koreya.. bu yerga faqatgina tarjimonlik uchun kelganmisiz? - so'radi u suhbatni nimadan boshlashni bilmay.
- Men shu yerda o'qiganman.
- Buntunlayga shu yerda yashamoqchimisiz ? oilangizchi?
- Oilam bu yerda emas, dugonam va men.
Men unga umuman qaramadim, u ham noqulay vaziyatga tushishimni xohlamadi. Mendan uzoqroq turdi. Lekin gaplashishni juda istardi.
- Men.. ketishim kerak. - deb bino ichiga shoshiqib ketdim.
- Shoshmang… hech bo'lmasa ismingizni ayting!
So'zlarini eshitsam ham eshitmaganlikka yo'yib ichkariga yugurib kirdim. Bu oddiy suhbat edi, ammo juda hayajonli.
Sezdingmi? shu on sen va mening hikoyamiz boshlangan edi.
Shu ko'yi bizga mehmonxona berishdi. Sammit 2 kun davom etarkan. Ikkinchi kunim birinchisidan tuzukroq o'tdi. Chunki suhbat davomida umuman unga qaramadim. Uning ko'zlari esa menda ekanini sezardim, yuragim har on tez urib turdi, nafasim ba'zida bo'g'ilganida suv ichardim. Tezroq uyga qaytishni istardim, u bilan iloji boricha to'qnashmaslikka urindim.
- Kimdan qochyapsiz? - to'satdan ortimdan kelgan ovozni eshitishim bilan ortimga o'girildim. Yana u.
- Shunchaki charchadim, qochayotganim yo'q. - oldimlab tashqari tomon yurib ketdim. U ham ortimdan keldi.
- Ismingizni bilishni istayman.
- Bu nega kerak?
- Sizga qanday murojaat qilishim mumkin?
- Shundoq ham ikki kundan so'ng qaytib meni ko'rmaysiz, ozroq kuting. Va iltimos ortimdan yurishni bas qiling… qarashni ham.
Undan uzoqlashib ketmoqchi bo'ldim.
To'xtadim. Unga tushunarsiz ifoda bilan qaradim. Izohlashini kutdim.
- Ismimni..
- Hujjatlarda yozilgan ekan.
Qizdan avval yigitning o'zi javobni berdi.
- Mendan nima istaysiz?
- Shunchaki yaqinroq tanishmoqchiman.
- Siz taniqli odamsiz, muxlislaringiz o'rtasida turli gaplar chiqishidan havotirlanmaysizmi?
Yigit jon kuydirib gapirayotgan qizga tikilib qoldi, na uni eshitardi, na gapirar. Shunchaki uni ko'zlari juda maftunkor.
- Ko'zlaringiz.. - dedi u umuman boshqa mavzuga javoban.
- Nima?
- Ular juda chiroyli.. - deganimda uning ko'zlarining hayajon sabab qanday kattarib ketishini tikilib kuzatdim. Kipriklari juda uzun, ko'zlari esa bor diqqatimni, hayollarimni o'g'irlab olyapti o'z go'zalligi bilan. Mendan uyalgani uchun ortiga burilib yana ketib qoldi. Ammo bu safar ortidan bordim.
- Nega yuzingizni yashirib olgansiz? - ortidan ketar ekanman savollar bera boshladim.
- Nega menga qiziqyapsiz? nega ortimdan kelyapsiz?
- Shunchaki do'st bo'lishni xohlayman desamchi? - yigit bosh qashlagancha dedi.
- Bu gunoh.. - dedi qiz.
- Gunoh? bu nima degani?
- Mumkin emas degani.
- Qayerda yigit va qiz do'st bo'lishi mumkin emasligi aytilgan? hech qayerda bunday qonun yo’q.
- Bu mening dinimda shunday.. siz buni tushunmaysiz. - muloyim, va sokinlik bilan tushuntiradi qiz.
- Bu g'alati ekan… istisno qilsak bo'lmaydimi?
- Shunchaki boshqa do'st topsangiz bo'ladi.
- Istamasamchi?
- Unda keyingi ishlaringizda omad, janob..
- Shunchaki Taehyung..
- Hayr.. Taehyung. - qiz bir qo'lini havoda siltab niqob ostida tabassum qildida yigitdan uzoqroqqa ketdi.
Tushunganingizdek o'sha kunni o'zidayoq biz bir-birimiz bilan qandaydir rishta tufayli bog’landik. Va xatto buni anglash ham qiyin kechmadi.
- Yana yolg'izsiz.. tadbirdan erta chiqib ketganingizni ko'rdim. - yigit mehmonxona tomida ochiq havoda hayol surib turgan qiz yoniga kelib turadi. Qo'llari cho'ntagida, qizning ko'zlariga tikilishdan o'zini tiya olmaydi.
- Gapirmaysizmi? - dedim uning ovozini eshitishni juda xohlaganim sabab. Ularda bu gunoh edimi? xatto oddiy suhbat hammi?
- Siz musulmonsiz to'g'rimi?
- Shunday. - vanihoyat qizdan javob keladi. U atrofni chuqur kuzatgancha iloji boricha yigitga qaramaslikka urinadi.
- Sizning diningizda suhbat gunoh sanalmaydi..
Qiz mana endi qoshlarini chimirib yigit tomon o'girildi.
- Buni… o'qidingizmi?
- Ha.
- Nima uchun? - qizning ko'zlariga beixtiyor yosh keladi, nafaqat yigit balki qiz ham yigitning butun bir olam yashiringan ko'zlariga tikilishdan o'zini tiya olmasdi. O'rtada ochiq havo shamoli qizning ro'molini uchirar, yigitning esa jingalak sochlari uyoqdan-buyoqqa qimirlab turardi.
- Bilasizmi… hozirgi savolingizga nima deb javob berishni bilmayman… bu savolga o'zimda ham javob yo'q, bilishni istardim. Hammasi juda chalkashib ketdi.
- Xato qilyapsiz.. noto'g'ri qadam tashlab boryapsiz, bu shunchaki qiziqishdan ortiq narsa emas. Ertaga barcha loyihalar tugaydi, va biz ko'rishmaymiz.
- Nima uchun? ayting nimaga yaqinlashishimiz mumkin emas?! buni qanday yomon jihati bor? diningizda? menga buni mohiyatini anglata olasizmi?
- Sizchi? nega menga yaqinlashishni istayotganingizni mohiyatini anglata olasizmi ? - qizdan kelgan keskin javob tufayli yigit og'iz juftlay olmadi. O'rtaga sukunat cho'mgan on qiz birinchilardan u yerni doimgidek tark etdi. Ehtimol u o'zi yuzlashishi kutilayotgan xavfdan qochdi.
2 kun… atigi 2 kun ichida menga nima anglatding aytaymi? Shu kungacha yashagan hayotim aslida haqiqiy hayot emas. Seni uchratgan kunim asl hayotim boshlangan on edi.
Tadbirning so'nggi kunini yakunlab uni yana ko'rish uchun shoshilardim. Doimgi boradigan yeriga bordim, u allaqachon ketish uchun shaylangan edi. Ulgurdim. Yoniga yugurib bordimda qarshisiga turib oldim. U yuzidagi ro'molni bir chetidan mahkam siqqancha qarshimda bazo'r o'zini ushlab turardi.
- Menga savol bergan edingiz, nega menga yaqinlashishni istayapsiz deb. Kecha tungi soat birda buni qiziqishga yo'ydim, tungi soat ikkida esa sizni yoqtirib qolganimni hali hech qachon menda uyg'onmagan hisni uyg'ata olganingizni tushundim… soat to'rtda sizsiz endi eng oddiy kunimni ham o'tkaza olmasligimni tushundim… beshda esa.. sizga bir ko'rishda oshiq bo'lganimni…
Yigit gapini yakunlashga ulgurmasidan qiz yuzidagi niqobni qattiq siqdi, ko'zlaridan yosh quyilib oqa boshladi. Yuzini yerga qaratganida hammasi ayon edi.
- Nega yig'layapsiz ? - u havotir olgan ko'yi qizning qo'lidan tutmoqchi bo'ladi. Lekin qiz o'zini ortga oldi.
- Aslo inkor qila ko'rmang sizni ham ayni damda yuragingiz meni deb urmoqda!
- bu imkonsiz.. - shivirladi qiz.
- Nimasi imkonsiz?!! - yigit esa tobora asabiylashayotgandi.
- Biz o'zga olammiz, siz va mening yo'limiz boshqa boshqa. Hammasi vaqtincha hislar, ishoning o'tib ketadi.. - tushuntirishga urinar ekanman, uning menga qanday tikilib qarashiyu ko'zlarida chaqnab turgan hislari qanday qilib shu ikki kun ichida paydo bo'lganini o'zim tushuna olmasdim.
- Qanday qilib ikki kun ichida..
- Balki sizni diningizdan kelib chiqib gapirarmiz, hamma narsa faqat shunga taqalyaptiku baribir.. Ilohiy taraflama sizga sevgim tushgandir? vaqtning nima ahamiyati bor?
- Bu hazilakam narsa emas! - chuqur nafas oldimda, ketish uchun tayyorgarlik ko'rishim kerakligini aytib uni tark etdim.
O'sha kuni uni so'nggi bor ko'rdim. Uyga qaytganimdan so'ng hammasini dugonamga aytib berganimda u menga umuman ishonmadi. U yigit mashxur inson edi, men esa oddiy qiz. Xatto yuzimni ham ko'rmasdan turib meni yoqtirib qoldimi? Balki ikki kun nima qilishni bilmay menga yolg'on gapirib o'yinchoq qilgandir. Qaytganimga 3 kun bo'ldi, hali ham u bilan bo'lgan mana shu kichik voqeani hayolimdan chiqara olmayapman. Bir necha marta yig'ladim ham, balki uning gapi to'g'ridir.. ikki kun ichida sevgi paydo bo'lmaydi deb o'ylardim, lekin agar Alloh buni qalbimga solgan bo'lsachi… hech qachon qaytib ko'rolmaydigan insonnimi ?
Oradan 4 kun o'tganidan so'ng mashxur insonning yolg'oniga ishonganimni tushundim. Dugonam bilan ijarada yashardik, soat tungi 21:36. Holg'in kayfiyatimni ko'tarish maqsadida film tomosha qilish uchun o'tirdim. Shu on eshik qo'g'irog'imiz chalindi. Tezda yuzimni berkitdimda eshikni beparvo ochdim. Qanday tushuntirishni ham bilmayman eshikni ochganimda yana u.. turardi. Boshqa ko'rolmayman deb o'ylagan edim, ammo yana taqdir bizni uchrashishimizni xohladi. Yuragim ko'ksimdan chiqib ketgudek ura boshladi, nega uni har ko'rganimda ko'zlarim o'z-o'zidan yoshlanadi ?
- Sen.. sen aqldan ozganmisan!! - qiz shoshgancha yigitni kiyimini bir chetidan ushlab ichkariga tortib kirgizdida eshikni yopti.
- Kimdir ko'rib qolsa ikkimiz haqimizda qanday gaplar chiqib ketishini bilasanmi?!
Yigit hech bir so'zsiz jim, u shunchaki bu go'zalni yana qayta ko'rganidan o'zida yo'q xursand edi.
- Meni qanday topding?! - baxtiga dugonasi do'konga ketgan u uyda yolg'iz.
- Qiyin bo'ldi, ammo ilojini qildim.
- Esingni yedingmi ? o'sha kuni hammasini hal qilib olgan edik yana nega kelding ?!!!
Yigit aytgan so'zidan so'ng mutloq tildan qolgan qiz yoshlangan ko'zlarini pastga qaratib, gupirlab urib ketgan yuragini ushlab o'zini ortga oladi.
- Ket, iltimos meni tinch qo'y.
- Havo ancha yaxshi, sayr qilmaymizmi?
- Nima ? Meni shunday qiladi deb o'ylayapsanmi ?
- Uyingdan chiqishimni xohlamaysanmi ?
Noligancha u bilan birga ko'chaga chiqtim, iloji boricha qorong'u joylarda yurishga urinardim, axir bu Koreya. Uni kimdir tanib qolsa menga emas unga tanqid keladi. Men esa buni istamayman.
- Bundan tashvish chekishni hojati yo'q, baribir menga farqi yo'q.
- Nima uchun ? faoliyatingdan tashvishlanmaysanmi ? - yigit bosh chayqadi.
- Savol bersam maylimi ? - yigit yurishi davomida yonida hijolatlanib ketayotgan qizga qarab qo'yadi.
- Nega ikkimizni munosabatimizni imkonsiz deb aytding ?
- Menda hech qanday munosabat yo'q, buni o'zing aytyapsan.
Yigit lab chetida ohista tabassum qildi.
- Menga ilk marta qaraganingni o'zida meni yoqtirishingni sezganman, tasodifni qara menda ham bu his paydo bo'ldi.
Qiz yurayotgan joyida to'xtab qoldi. Ko'zlaridan quyilib tushayotgan yoshlarini artdida, yigitning ko'zlariga qarab turib oldi.
- Bizning dinimizda… o'zga din vakili bilan birga bo'lish katta gunoh sanaladi.
- Sizning diningizda demak bu sevgi bo'lsa ham mumkin emasmi ? demak sevishganlar hech qachon birga bo'la olishmas ekanda?! bu qanday odat ?
- Bu odat emas, birgina sevgining o'zi hamma narsani hal qilmaydi.
U asabiylashayotganini harakatlaridan sezardim, nima u chindan ham meni sevib qolganmi?
- Mendan uzoq yur, vaqt hammasini davolaydi ishon, bir kun kelib yana boshqa qizni sevib qolasan. O'zingga mosini topasan..
- Istamayman! nega sen xatto harakat qilib ko'rishni ham o'ylamayapsan ? jimgina voz kechaymi ? umrim davomida men hech qachon haqiqiy sevgi bilan yuzlashmaganman menda hech qachon bu his bo'lmagan, uni mendan tortib olma!
- Men ham buni istamayman… lekin.. qaytishim kerak..
Qiz ketayotgan joyida yigitning sukunat ichra so'zlagan birgina gapi uni joyida toshdek qotirdi.
- AGAR DININGIZNI QABUL QILSAMCHI?!
Butun tanamga allaqanday sovuqlik yugurdi, havo iliq bo'lsada muzlab ketdim. Titrashdan to'xtamayotgan qo'llarimni birlashtirar ekanman qizarib ketgan ko'zlarim u tomon yo'naldi.
- Ishon hammasi sen o'ylagandek oson bo'lganida edi.. dinni faqatgina o'z ixtiyoring va hech qanday majburiyatsiz qabul qilsanggina..
- Ammo buni meni deb qilmoqchisan!
- Qalbingga… Alloh solishini kut, men uchun emas… o'zing uchun, Alloh uchun qabul qil!
Bu so'nggi gapim bo'ldi, va men uyga qaytdim.
Orzum bor visoling ko’rmoq, Istardim qalbing men deyishin. Birdan bir so’rayman sevging bilmoq, Kel ko’r qalbim sen deyishin.
Dardu-alamim aytarman yo Alloh, U ham bandang, sening quling. Nolimasman dardin bersang ey Valloh, U mo’jizang, yaratgan sening.
Qalbim uchar, qanot qoqar hislarim, Sen sabab deb aytolaman. Bir kun charchar, yiqilar ko’z yoshlarim, Jannatda ham sen deyolaman.
Qisqa muddatda, hech qanday sababsiz, hech qanday manfaatsiz bir ko'rishda bizni oshiqqa aylantirding. Endi usiz.. kelajak hayotimni qanday tasavvur qilay ?
U aytgandek harakat qilib ko'rishni tanladim. Dugonam meni qo'llab quvvatladi, onamga aytishim kerakligini aytdi. Onamdan yashiradigan hech qanday sirim yo'q, u menga do'stdek munosabatda bo'lar edi. Lekin bu tanlovimni u xato deb bildi.
- Qizim.. tavba de. Boshqa millat, kamiga mashxur inson!
Men uni hissiz shunchaki oynadan shaharni kuzatgancha tinglardim.
- Har taraflama bir-biringizga mos emassiz, u boshqa sen boshqa olam. Ishonchim komil ertaga ayrilib ketasiz. Qancha qizlar bilan ko’ngil-xushlik qilganini Xudo biladi. Nimasiga ishonding ?
- Ko'zlariga…
- Juda soddasan.
Ko'zlarimni og'ir yumdimda, telefonni o'zimdan biroz uzoqlashtirdim yig'layotganimni onam bilishini xohlamadim.
- Men rozi bo'lgan taqdirimda ham… dadang rozi bo'ladi deb o'ylayapsanmi? u qaytib yuzingga qaramaydi.
Lablarim alamli tabassum qilganida ko'zlarimdagi yosh ko'pligidan atrofimni ko'rolmay qoldim. Lablarimni qattiq tishlab :
- Tushundim oyi.. - dedimda go’shakni qo'ydim. Harakatlarim imkonsiz ekanini bilardim, ammo yuragimda kichkina bir umid bor edi. Ilojsiz sevgiga yo'liqqanimga yana bir bor amin bo'ldim.
Seni uchratgan onimda hayotimdagi har bir his aslida hech nimani anglatmasligini, va hayotim sen sabab o'z ma'nosini topganini angladim. Bugun yana uchrashdik. Va buni men o'zim istadim.
Qarshimda ko'zlaringda umid bilan menga boqarding. Ularni so'ndirishni istamayman, ammo ikkimiz uchun halol munosabat yo'lini tanladim. Seni so'nggi bor ko'rishdan o'zimni tiya olmadim. Meni kechir Allohim… kechir.
- Qo'lingdan tutsam maylimi? - dedi yigit qiz tomon qo'l uzatar ekan, ammo qiz bunga izn bermadi. Yigit havoda muallaq qolgan qo'lini pastga tushirib shunchaki tabassum qildi.
- Mumkin emas, tushunarli.
- Kel agar uchrashuv manzilimiz - Jannat bo'lsa, bu hayotda hech qachon birga bo'lmaymiz. - dedi qiz.
- Hayotni.. o'zingga qarzdor qilmoqchimisan ? - javob berdi yigit.
- Yuragimga isming yozilgan ondayoq u mendan qarzdor edi. Biz ilojsiz sevgiga qurbon bo’ldik, taqdirimga ko'nishni o'rgandim, jannatda hamma o'zi sevgan insoni bilan birga bo'ladi… men bilan bo'lasanmi ?
- Men senga oshiqman… qaysi tomon olib ketsang sen bilan ketaveraman. Ammo men jannatga kirmasamchi ? - yigit qiziqish bilan savol berdi. Qiz esa og'ir yutunib javob berdi.
- Sensiz bo'lgan har qanday yerni menga " Jannat " deya ta'riflama.
- Kel hech kimga qarab o'tirmaymiz, hamma narsani unutamiz! va shunchaki baxtli bo'lamiz..
- Bu so'nggi ko'rishishimiz edi.. - dedim bor kuchimni yig'ib. Uning ifodasiga qarolmayman, bunga kuchim yetmaydi. Uni azoblashni istamayman!
- Nima ? … nega bunday deyapsan ?
- Men ketyapman, bu shahardan.
- Q..qayoqqa ? nega to'satdan ? yana kelasanmi ? - qo'rquv, havotir boshqa hech qachon ko'ra olmaslik tuyg'usi. Juda achinarli.
- Meni unut, endi qaytmayman. Avval boshidan bu imkonsiz edi. Ikki xil din vakili hech qachon birga bo'lolmaydi!
- MEN MUSULMONMAN! - baqirdi yigit jaxl bilan.
Karaxt ahvolga tushib qolgan qiz esa bir muddat tildan qoldi. Bu vaziyatga qanday javob to'g'ri kelishi mumkin?
- Iltimos meni tashlab ketma.. - yigitning lablari titrab so'zlaydi, ko’zlaridan yosh yuziga quyilib oqadi. Qiz birinchi marta uning yig'isini ko’rganida uning yuragi og'riqdan urmay qoladigandek xuddi. Bir zum hamma narsani unutganida qizning qo'llari yigitning yuzi tomon uzatildi.
Hech nimani his qilmasdim, hamma narsa ahamiyatsiz. Faqatgina sen tomon qo'l cho'zdim, yuzingga ohista qo'limni qo'ydim. Birinchi marta senga qo'l tekkazdim. Yuragimni urishini o'zim ham eshityapman, balki sen ham eshitgandirsan. Ko'z yoshlaringni kaftim bilan artar ekanman, qo'llaring bilan qo'limni ushlab olding. Qarshilik qilishga holim yo'q…
- Bizga yana nima to'sqinlik qiladi?!!
- Ertaga men ketsam hayotingni yangidan qurasan.. men bunga ishonaman. Men bilan birga bo'lsang ishingni yo’qotasan. Muxlislaring ichida tanqidga qolasan, biz boshqa boshqa olammiz birga bo'lolmaymiz!
Yig'idan ikkimizni ham tomog'imiz bo'g'ilib qoldi. Ortiq gapira olmadim. Shunchaki unga termulib soatlab o'tirdim. U ham shu qatorda.
- Kel shunchaki baxtni o'zimizga qarzdor qilamiz, bir necha kunlik dunyoda emas abadiy dunyoda baxtli bo'lishni tanlaymiz. Shunda ota-onalarimizni ham rozi qilgan bo'lamiz. Senga va'da beraman… hech qachon sendan boshqasini sevmayman. Abadiy hayotga ketgunimizcha faqat seni kutaman. Agar nasib qilib Jannatga kirsam… u yerdan seni topmagunimcha izlayman. Minglab olamlar va dunyolardan topmagunimcha..
- Topmaguningcha kutaman.. har birida.
- Va'da berasanmi ? Jannatda birga bo'lishga ? u yerda o'zingdan meni itarmaysana ?
- Va'da beraman, hech qachon itarmayman. Eng avvalo seni bag'ringga otilaman.. iforingdan hidlayman. Ko'zlaringga soatlab termulaman, o'shanda hech kim menga to'g'anoq bo'lmasin.
Yigit qizning qo'lidan o'pib yuziga bosdi. Ko'zlaridan tushgan yoshlari qizning kaftiga oqdi, hali yana qancha suhbatlar, gaplar bor edi. Ammo ular tilda emas nigohlardan aytib bo'lindi.
- Jannat guli… - ketayotgan qizni to'xtatdi yigit.
- Alloh.. nafasimni to'xtatishni buyuradigan kungacha… sevgimizni xotirlab yashayman. Seni yana bir marta ko'rishni orzu qilaman..
- Garchi… birga bo'lishimizga yo'l qo'ymagan bo'lsa ham, aynan seni sevganim uchun roziman.. jannatda ko'rishguncha..
Aytar ko’nglim, sevdingu unitding egam, Yurak deydi boqma, senga ne g’am ? Berar javob kuyinib qalbim ham, O’ylasam o’ylarim deydi beg’am.
Qushlar tomon yangrar ohu nolam, Bilgayman iloj yo’q istayveraman. Yulduzlar boqar, titrar ruhu tanam, Osmonlardan seni so’rayveraman.
Aytaman qayta bu ne hijron ? bu ne dard ? Uchar so’zlarim qalb tomon falak. Chiqsin quyosh bir safar sharq emas g’arb, Bo’layin so’zlaring men bo’lay malak.
Ilk uchrashuv bo’lsa ko’rasan sevgim, Dengizlar ummoni ko’ldan farq qilmas. Shu on jo’sh urar bilasan dardim, Daraxtlar shamoli biz tomon kelmas.
O'sha kun so'nggisi edi. Qaytib hech qachon uchrashmadik. Men Koreyadan ketdim. Hayotimning eng yorqin pallasi o'sha shaharda qolib ketdi. U bilan hayrlashganimdan buyon qayta hech qachon tabassum qilmadim. Har kunim ko'z yoshlarga to'la o'tardi, ota-onam mendan havotir olishar biror bir kasallikka yo'liqqanmikan deb ham o'ylashardi. Do'stlarimdan ajralib qoldim, quloqlarimda doim quloqchin bo'ladi, insonlarga qo'shila olmayman, kula olmayman, o’ychan bo'lib qoldim. Hammasiga birgina voqea sabab bo'ldi. O'zga dindan bo'lgan inson qalbimni o'g'irlagani. Hamon birgina savol meni qiynaydi.
Nega taqdirim bo'lmagan insonni hayotimga kirgazding Allohim ? baribir ayirib yuborar ekansan nega butun hayotim mazmuniga aylanishiga yo'l qo'yding ? Lekin nolimoqchi emasman, birga bo'lolmagan bo'lsakda, har soniyam ming bir azobda o'tayotgan bo'lsa ham… hayotimga uni olib kirganing uchun sendan minnatdorman… O'zim uchun emas faqat u uchun duo qilaman. Mening baxtimni ham unga ber. Unikiga qo’shib ber, u dunyodagi eng katta baxtga erishsin.
Qo'llarimni duoga ochib qorong'u xonamda tiz cho'kdim. Yig'layverganimdan boshim juda qattiq og'rirdi. Lekin bu har kungi kunim.
Iltimos u baxtli bo'lsin, bir narsadan umid qilib qolaman… unga jannatdan joy ajrat. Bu dunyoda bizga bu baxtni nasib ko'rmading. Sabrimiz va aytgan so'zlaringga qarshi bormay harom munosabatdan kechganimiz haqqi, ota-onam roziligi sabab voz kechganim haqqi jannatda uchrashtir. Uni yana bir bor ko'ray. Sen qodirsan, hamma narsaga qodirsan.. o'zim uchun so'ramayman faqat u uchun. Usiz menga makoning qanday jannat bo'lsin ?
- Seni unutmadim.. unutolmadim. Telbalardek sog'indim, atigi bir necha marotaba ko'rishgan bo'lsak ham. Abadiy o'chmas iz qoldirding qalbimda. Senga bergan va'damni bajardim. Hech qachon o'zga inson bilan birga bo’lmadim. Sevging bilan yolg'iz yashash ham go'zal ekan. Senda hammasi yaxshi degan umiddaman, balki turmush qurgandirsan.. ? allaqachon farzandlaring ham bordir.. turmush o'rtog'ingga havasim kelyapti. Mendan jaxling chiqmasin, men ikkimiz uchun.. sevgimiz uchun bu dunyoda emas, keyingi dunyoda baxtli bo'lishni tanladim. Minglab olamlar ichra seni topmagunimcha izlayman.. eslaysanmi ? Sendan birinchi muhabbatingni tortib olganim uchun mendan xafa bo'lma. Kechirim so'rayman..
Qiz uni ba'zan katta ekranlarda tasodifan ko'rib qolar, har ko'rganida yuragidagi o'sha jaroxat yangilanaverardi. Uni xabari yo'q lekin yigit ko'p o'tmay faoliyatini tugatib ketdi. Ekranlarda ham ko'rganda sezish mumkin, yuzidagi soxta tabassumni. Yigit faoliyatini yakunlaganidan so'ng internetda keskin xabarlar tarqaldi. Xatto o'sha vaqtda ularni sur'ati ham olingan ekan. Ikkisi ham o'zgasiga qaramadi, qaray olmadi. Bu foniy dunyoda ular qayta uchrashishmadi.
" Koreya yulduzi Kim Taehyungning musulmon dinidan bo'lgan niqobli qiz bilan o'rtasidagi ishqiy munosabati "
" Kim Taehyung faoliyatini o'sha munosabatlari sabab to'xtatdimi ? "
" Koreya yulduzining kundan kunga so'lib borayotgan yuzi, balki u kuchli stressdadir ? bunga sabab nima ? "
" Tahminiy ma'lumotlarga ko'ra Kim Taehyung hozirda yolg'iz, munosabatda emas va u islom dinini qabul qilgan "
- Sen va men, hech qachon biz bo'lolmadik.