Ingliz Tilshunosligi kafedrasida ma'rifat soati tadbiri o'tkazildi
BuxDU Xorijiy tillar fakulteti Ingliz tilshunosligi kafedrasida "Mangu hilpirasin davlat bayrog’i" deb nomlangan ma'rifat soati davra suhbati bo'lib o'tdi.
Ma’lumki, bayroq har bir davlatning davlatligini, har bir millatning tarixiy o‘zligini aks ettiradi. Azal tarixdan ma’lumki, har bir urug‘, etnik birlik yoki millat o‘z tug‘iga ega bo‘lgan. Bundan tashqari, bayroq suverenitet, mustaqillik, ozodlik, hurlik, tinchlik va barqarorlik ramzi bo‘lib kelgan.
Bayroq milliy g‘oyani aks ettiradi, chunki uning ta’rifining o‘zidayoq milliy-davlatchilik va uning mustaqillik orzusi yoki intilishi namoyon bo‘ladi.
1990-yil 20-iyunda O‘zbekiston Oliy Soveti ikkinchi sessiyasida Davlat suvereniteti to‘g‘risidagi deklaratsiyani qabul qildi. O‘n ikki banddan iborat hujjatda o‘zbek xalqining davlat qurilishidagi tarixiy tajribasi va boy an’analaridan kelib chiqib, o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi mavjudligi kabi g‘oyalar ta’kidlangan edi. Shuningdek, ushbu Davlat suvereniteti to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 8-bandida “O‘zbekiston o‘z taraqqiyot yo‘lini, o‘zining nomlanishini o‘zi belgilaydi, o‘z davlat ramzlarini ta’sis etadi: gerb, bayroq, madhiyasini”, deyilgan. Davlat suvereniteti to‘g‘risidagi deklaratsiya ilk marotaba bayroq haqida so‘zlangan huquqiy-rasmiy hujjat hisoblanadi.
1991-yil 18-noyabrda O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Ushbu qonun 13 moddadan iborat bo‘lib, davlat mustaqilligini mustahkamlovchi omil bo‘lishi bilan birga, davlat timsoli hamdir. Bu qonun davlat bayrog‘ini huquqiy-siyosiy jihatdan asoslovchi ikkinchi rasmiy va huquqiy hujjatdir. Qonunning 5-moddasiga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘iga nisbatan hurmatni ta’minlagan holda, undan jamoat joylarida, binolar va boshqa ob’ektlarda, yashash yoki ish joylarida, shuningdek ularga tutash bo‘lgan hududlarda, transport vositalarining salonida foydalanilishi mumkin”, bu degani, deylik, ziyolilar, tadbirkorlar va barcha fuqarolar o‘z ishxonalari, ofislari, uylaridagi ish stollarida, bolajonlarimiz va talabalarimiz dars stolida bemalol davlat bayrog‘ining kichik nusxalarini qo‘yishlari yoki ishxona va uy yoki talabalar turar joyi(yotoqxona)da “hurmatni ta’minlagan holda” o‘rnatib qo‘yishlari mumkin. Shuningdek, fuqarolar davlat bayrog‘i aks etgan yoki bayroqning kichkinagina mo‘‘jaz tasviri bo‘lgan har xil suvenirlar tarzidagisini o‘z avtotransportlarida ilib qo‘yishlari mumkin, deganidir.