December 25, 2024

“O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi

Ushbu Qonun bilan “O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga O‘zbekistonning davlat suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga va xavfsizligiga zid bo‘lgan, davlatlararo, milliy, diniy adovatni keltirib chiqaruvchi, O‘zbekiston xalqining sha’nini, qadr-qimmatini, tarixini tahqirlovchi ommaviy chiqishlarni yoki harakatlarni sodir etgan chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning “O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ro‘yxati”ga kiritilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Chet el fuqarosining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning O‘zbekiston Respublikasining davlat suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga va xavfsizligiga zid bo‘lgan, shuningdek davlatlararo, ijtimoiy, milliy, irqiy hamda diniy adovatni keltirib chiqaruvchi, O‘zbekiston xalqining sha’nini, qadr-qimmatini, tarixini tahqirlovchi ommaviy chiqishlari yoki harakatlari ularni O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ro‘yxatiga kiritish uchun asos bo‘ladi.

Chet el fuqarosini yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsni Ro‘yxatga kiritish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining, Senati Kengashining, maxsus vakolatli davlat organlarining taqdimiga asosan amalga oshiriladi.

Ro‘yxat O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan yuritiladi.

Deportatsiya qilish deganda Ro‘yxatga kiritilgan va O‘zbekiston Respublikasida yashash va bo‘lish huquqi qonuniy asoslarda bekor qilingan chet el fuqarosini yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsni majburiy tarzda mamlakatdan chiqarib yuborish tushuniladi.

Agar o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan chet el fuqarosining yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning ota-onasidan biri yoxud homiysi yoki vasiysi O‘zbekiston Respublikasi hududida qonuniy asoslarda yashash huquqiga ega bo‘lsa, ushbu shaxs deportatsiya qilinmaydi.

O‘zbekiston Respublikasida vaqtincha turgan yoki doimiy yashaydigan chet el fuqarosi yoki O‘zbekiston Respublikasida vaqtincha turgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxs Ro‘yxatga kiritilganligi to‘g‘risida xabarnoma olgan kundan e’tiboran o‘n kun ichida ixtiyoriy ravishda O‘zbekiston Respublikasidan chiqib ketishi kerak.

Jarqo'rg'on tuman FHDY bo'limi mudirasi: Z.Jabborova