UYG‘ONMOQ DUNYO BILAN BAROBAR YASHAMOQDIR
O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi,
Jadidlar yoshlarni G‘arb va Sharqning taraqqiy qilgan mamlakatlariga o‘qishga yuborishga alohida ahamiyat berdilar. Avloniy tilga olgan toshkentlik taraqqiyparvarlar – “jadidlar to‘dasi” “jamiyati xayriya” ochadi. Jamiyatning 1909-yil 12-mayda tasdiqlangan 41 moddalik Nizomidan ma’lum bo‘lishicha, uning muassislari Toshhoji Tuyoqboyev, Nizomiddin Mulla Husainov, Mulla Abdulla Avlonov, Munavvarqori Abdurashidxonov, Bashirulla Asatillaxo‘jayevlar bo‘lib, viloyat hududidagi nochor, muhtoj musulmonlarning moddiy-ma’naviy ahvolini yaxshilash, jumladan yetimlar, keksalar, nogironlar uchun kasalxona, ambulatoriya, choyxona, oshxona, yotoqjoylar ochishdan tortib, yoshlarni maktabda o‘qitish, so‘ng oliy tahsil uchun chet ellarga yuborishgacha bo‘lgan masalalarni ko‘zda tutar edi.
Umuman olganda, mamlakatimiz qop-qora zulmat qa’rida qolgan paytlari ham uning farzandlari orasida yorug‘likka yo‘l topib, oz-ko‘p bahra olganlari bo‘lgan. Yuqorida XIX asrning oxiri – XX asr boshlarida Turkistonda minglab maktablar bo‘lganini ko‘rib o‘tdik. Gap bu davrda jahonning taraqqiyot yo‘lini belgilab turgan Ovrupo ilm-fani, zamonaviy oliy o‘quv muassasalari haqida ketadigan bo‘lsa, bu borada ham misollar yo‘q emas. Masalan, taqdir taqozosi bilan boshidan qanchadan-qancha mojarolarni o‘tkazgan va haj yo‘li bilan Jiddaga borib, rus konsuli yordami bilan 1894-1904-yillarda Moskvadagi Lazarev nomli Jonli sharq tillari institutining gimnaziyasidan oliy kursigacha o‘qigan Muqimiyning jiyani Ro‘zimuhammad Do‘smatovni olaylik. Bu dargohda asr boshlarida A.Y.Krimskiy, V.A.Gordlevskiy kabi mashhur olimlar dars bergan edilar. 1916-yili mardikorlik voqealarini yoritgani kelgan “Vaqt”ning muxbiri Shahid Muhammadyorov Samarqandning Bog‘i shamolidagi bir yig‘ilishda Ovrupo harbiy meditsina akademiyasini tugatib, bir necha yil askariy tabib bo‘lib ishlagan, 1914-yilgi urushdan oldinroq Bag‘dodga konsul qilib tayinlangan mahalliy xalq vakilini ko‘rib, hayratga tushgan va “tabiatning o‘yini”, deb baholagan edi. “Sadoyi Turkiston”ning muharriri, Turkiston muxtoriyatining harbiy noziri Ubaydulla Xo‘jayev (1880-1939) Saratov universitetining huquq fakultetini bitirgan edi. 10-yillarda yuqorida qayd etilgan “Jamiyati xayriya“ning yordami bilan bir guruh yoshlar Ufadagi “Oliya”, Orenburgdagi “Husayniya” madrasalarida o‘qiganlar. “Oliya”da o‘qiganlar orasida Mo‘minjon Muhammadjonov (1883 – 1964), Lutfulla Olimiy (1893 – 1963), Mirmuhsin Shermuhamedov (1895 – 1929), Abdulhay Tojiyev (1899 – 1938), Tohir Shokir (Tohir Chig‘atoy 1902 – 1984)lar bor edi.
1909-yilning martlarida Buxoroda “Shirkati Buxoroyi sharif” tuzildi. Maktab-madrasalar bilan tanishmoq uchun bir kishi Istanbulga, bir kishi Boqchasaroyga yuborildi. 1909-yil 18-iyulda Buxoro yoshlari “Tarbiyai atfol” nomli yashirin jamiyat tuzdilar. “Jamiyatning birinchi maqsadi Istanbulga o‘quvchilar yubormoq chorasiga kirishmoq edi. Masorif uchun jamiyatning sirini ochmasdan e’timod qildig‘i taraqqiyparvarlardan iona to‘plar edi, jamiyatning ijtihodi soyasida bir qancha talaba Istanbulga yuborildi”.
1909 – 1913-yillarda Abdurauf Fitrat (1886 – 1938), Usmonxo‘ja Po‘latxo‘ja o‘g‘li (1878 – 1968), Ato Xo‘ja (1894 – 1938), Mazhar Burxonov, Muqimbek Istanbulda o‘qidilar “Buxoro ta’mim maorif jamiyati” tuzdilar. Ayniy uning muassislaridan Muqimiddinbek (Muqimbek), Sodiq Ashur o‘g‘li va Abdulazizlarni sanab o‘tadi. Buxoroda tahsil ko‘rgan, keyinchalik Germaniyaga buxorolik talabalarni olib borgan tatar Olimjon Idrisiy ham ushbu jamiyatda ishlagan ekan. Ayniyning ma’lumot berishicha, Istanbuldagi buxorolik talabalar yildan-yil ko‘payib borgan. 1911-yilda 15 nafarga, 1912-yilda 30 taga yetgan.
Turkistondan ham Istanbulga o‘qishga borganlar bo‘lgan. Masalan, Hamza “Dorulvoizin”da, G‘ozi Yunus (1893 – 1938) dorulmualliminda o‘qiganlar.
Birinchi jahon urushi, mardikorlik harakati, hatto 1917-yil voqealaridan keyin ham bu g‘oya to‘xtab qolmadi. 1922-yilning yozida Turkiston Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi hay’ati rayosati va Buxoro hukumati qaroriga ko‘ra 60 dan ortiq o‘quvchi Germaniyaga o‘qishga yuboriladi. G‘oyaning boshida Fitrat, Munavvarqori, Fayzulla Xo‘jayev, Turor Risqulov turadilar. Bulardan hozircha Sattor Jabbor (1905 – 1938), Solih Muhammad (1902 – 1938), Saydalixo‘ja (1893 – 1973), Xayriniso Majidxonova (1905 – 1938), Maryam Sultonmurodova, Saida Sherahmad qizi, Birimjon Azim, Fuzayl Sherahmedov, Rauf Rasuliy, Vali Qayumxon, Ahmadjon Ibrohimov, Abdulvahob Is’hoqov (O‘ktoy), Ibrohim Yorqin, Afzal Abusaid, Sulton Matqul, Sobir Turkistonli, Ahmad Naim, Temur, Abdumajid Ibrohimov, Ahmad Shukriy, Tohir Chig‘atoy, Bahvaddin Amin, Bilol Fathullo, To‘lagan Mo‘min, Orifxon Ibrohim, Abdulla, Ahmad Shukuriy (Buxoro), Ruqiya Rahim qizi, Shamsulbarotxonim, Zahro Kashayeva, Gulsum Muzaffar, Ertoy nomlari ma’lum. Abdulvahob Murodiy ulardan sal oldinroq borgan edi.
1923-yilda Germaniyada turkistonliklardan 11, buxoroliklardan 51 talaba o‘qir edi.
Turkistonliklardan Berlin Humboldt universitetining tibbiyot fakultetida 1, Berlin Texnik akademiyasida 4, Qishloq xo‘jaligi akademiyasida 2 talaba o‘qir edi. Ikki o‘quvchi ko‘nchilik maktabida, 2 talaba gimnaziyasida edi. Buxoroliklardan Berlin Humboldt universitetining tib, falsafa, iqtisod, binokorlik, elektrotexnika, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi kabi ixtisosliklarida 7, Vitsinxauz oliy qishloq xo‘jaligi maktabida 4, Saksoniya Frayberg ko‘nchilik maktabida 2, Leypsig matbaachilik maktabida 2, Drezden muallimlar maktabida 1, gimnaziyasida 1, Bilefold dorulmualliminida 2, Braunshveyt dorixona ishlari maktabida 1 talaba o‘qigan. Berlin maktabgacha tarbiya qizlar o‘quv yurtida bir o‘quvchi, shuningdek, bolalardan 16 nafari Koslindagi (Pomen viloyati) 10 yillik davlat bilim tarbiya muassasasida, 4 nafari doktor Fakkelmanning xususiy o‘rta maktabida, bittasi Xermsdorf bolalar uyida ta’lim olgan. Har xil mashinasozlik zavodlarida 6 o‘quvchi o‘qish uchun tajriba va ko‘nikma orttirgan edilar.
Ko‘p o‘tmay, hammalari yo‘llarini topib ketdilar. Abdulvahob Murodiy, Birimjon Azim, Solih Muhammad Berlin Oliy qishloq xo‘jaligi akademiyasiga qabul qilindilar. Saydalixo‘ja Oliy texnika akademiyasining kimyo, Afzal – arxitektura, Ahmadjon Ibrohim – tog‘ muhandisi, Sultonbek, To‘lagan Mo‘min – muhandis-elektrik, Bilol mashinasozlik fakultetlarida o‘qiy boshladilar. Orifxon Ibrohim Bonn Oliy ziroat maktabining suv muhandisi, Sobir Dormshtat Oliy texnika maktabining mashinasozlik, Ahmad Shukriy Berlin Humboldt universitetining tarix-falsafa, Ahmad Naim, Shamsulbarotxonim esa tibbiyot fakultetlariga o‘qishga kirdilar.
Tohir Shokir (Tohir Chig‘atoy) Haydelberg universitetining iqtisod, Abdulvahob Is’hoq (O‘ktoy) shu universitetning meditsina fakulteti, Gulsum Muzaffar Berlin o‘qituvchilar instituti talabasi bo‘ldilar...
20-yillarning o‘rtalaridan Rusiyadagi ichki kurash sovetlar foydasiga o‘zgara boshlagach, bolsheviklar hukumati millatlarga berilgan hurriyatni tortib oldi. Shulardan biri yoshlarni chet mamlakatlarda o‘qitish edi. Xullas “chirik“, “reaksion” “burjua mafkurasining uyasi” – Olmoniyadan yoshlar shoshilinch chaqirib olina boshladi. Talabalarni zo‘r berib Rusiya shaharlaridagi universitetlarda o‘qishga targ‘ib qilish avj oldi. Chetda bitirib kelganlarga dastlab salohiyatiga yarasha ish berildi. Ta’tilga kelganlar qoldirildi. So‘ng esa ularga “Germaniya agenti”, “josus” singari tavqi la’natlar yopishtirilib, qatag‘on qilish boshlandi. Qaytib kelganlarning katta qismi yasama ayblar bilan otib tashlandi, qolgan oz qismi esa qamoq va surgunlarda nobud bo‘ldilar. Safdoshlarining vatandagi mash’um taqdiridan xabar topib, chetda qolib ketgan yoshlarimiz Germaniya, Turkiya shaharlarida o‘z iqtidorlariga muvofiq ilmiy-madaniy muassasalarda xizmat qildilar, professorlar bo‘lib tanildilar (Tohir Chig‘atoy, Ibrohim Yorqin, Saydalixo‘ja, aka-uka Abdumajid va Ahmadjon Ibrohimlar, Abdulvahob Is’hoq-O‘ktoy, Vali Qayumxon kabi). Lekin, tabiiyki, vatanning hasratli yodi bilan umrlarini o‘tkazdilar.
Shu tariqa jadidlarning chor hukumati davrida yo‘lga qo‘yilgan va inqilobning dastlabki yillarida u qadar qarshilikka uchramagan xorijda milliy kadr tayyorlash dasturi 20-yillarning ikkinchi yarmida sho‘rolar hukumati tomonidan barbod qilindi. Aslida bu ishning muvaqqat ekanligini, o‘z universitetlarini ochmagunlaricha milliy kadr taqchilligi hal bo‘lmasligini ular bilar edilar. Lekin universitet tashkil qilish uchun avvalo moddiy sarvat zarur edi. Mutaxassis kerak edi. Nihoyat, hukumat qo‘llamagan taqdirda ham qarshilik ko‘rsatmasligi lozim edi. Afsuski, XX asr boshidagi Turkistonda bu uch omildan bittasi ham yo‘q edi. Yolg‘iz so‘ngsiz ishtiyoq, buyuk orzu bor edi. Universitet, avvalo, millatning ko‘kragini ko‘tarish, bir vaqtlar o‘z salohiyati bilan jahon sahnasida markaziy o‘rinlarni egallab kelgan, so‘nggi uch-to‘rt asrlik tanazzul va bo‘hronlar sababli surilib, asoratga tushgan Turkistonning ko‘zini ochish, jahonni va o‘zligini tanitish, bir so‘z bilan aytganda, dunyoga qo‘shish uchun lozim edi. Taraqqiyparvar ziyolilarimiz bu zarurat va ehtiyojni dil-dildan angladilar va uni umummillat g‘oyasi darajasiga ko‘tardilar. Bu g‘oya Rusiyaga tobe’ bo‘lgan xalqlarning ilk matbuot minbari “Tarjimon” (1883 – 1914)dan, “Oyina” (1913 – 15)gacha, dastlabki uyushmasi “Ittifoqi muslimin” (1905)dan “Turon” (1913 – 18)u “Sho‘royi islomiya” (1917)gacha aks etdi va takomillashib bordi.
“Ovrupo bir keksa choldir, tajribasi ko‘pdir, – deb yozgan edi Ismoilbek 1885-yilda. – Ulug‘ yoshiga hurmatimiz bor. Tajribasidan o‘rganamiz. Lekin xatolarini takrorlamaymiz. Maktablarini, universitetlarini bizlar ham quramiz. Ammo aqllarimizni qancha yoritsak, qalblarimizni ham shuncha “haqqoniyat” bilan to‘ldirmoqqa harakat qilamiz. Ovrupoda nimani ko‘rsak, yosh boladek olib yugurmaymiz. Esli-hushli insonlardek “Bu nimadir? Oqibati nima bo‘ladi. Vijdon va haqqoniyatga uyg‘unmi?” – deya aql tarozisiga tortib olamiz. Ovrupo madaniyati mulohazasiz qabul qilaverish mumkin bo‘lgan bir narsa bo‘lsa edi, bu madaniyatga Ovruponing o‘z vorisi dushman bo‘lmas edi”. “Fuqaroi islom sizlardan mol istamas, osh istamas. Din – Qur’ondan, jon – Xudodan”, deb yozadi u 1906-yilda Buxoro va Xiva xonlariga xitoban. “Siz, davlatlik xonlardan xalqqa ehson etiladigan narsa nashri maorifga, taraqqiyot va kamolotga omil bo‘luvchi oliy darajalik maorif maktablaridir. Ko‘hna madrasalar ko‘p Buxoroyi sharifda va Xivada endi biror dorulfununi islomiya ta’sis etmoq lozim. Bu dorulfununlarga bir daraja ilm olgan talaba qabul qilinib, tarix, jug‘rofiya, kimyo, handasa, ilmi huquq, usuli idorai davlat, ilmi iqtisod va boshqa lozim fanlar, turkiy, forsiy, rusiy va fransaviy tillar o‘rgatilsa, ushbu dorulfununlarda muallim va mudarrislik qila oladigan ahli kamol topiladi”. (“Tarjimon”, 1906, 89-son).
Behbudiyning “Oyina” jurnalida quyidagilarni o‘qiymiz: “Hozirgi zamon ahvolig‘a oshno kishilarg‘a va boshig‘a ish tushganlarg‘a, barcha tojir va mansabdorlarg‘a albatta ma’lumdurki, bizg‘a muvofiqi zamona odamlar kerak, ya’ni musulmon do‘qtur, musulmon muhandis (injener-pilonchi), musulmon zakunchi, tijoratxonalarda musulmon “agent” ishboshilar, podshohlik mahkamalarida musulmon ma’murlari, musulmon sudyalari, natarius (muqavolot muharriri), bonkalarda musulmon sarkorlari va... kerakdur”.
“Turon” jamiyatining 73 moddalik nizomida “ovrupocha o‘quv muassasalari ochish”, “o‘rta va oliy o‘quv yurtlarida o‘qiyotgan talabalarga stipendiyalar belgilash” ko‘zda tutilgan. Shunga yaqin maqsadni “Nashriyot” (1914) shirkati ham qayd etgan edi. Turkiston universiteti g‘oyasi va uning amaliyoti haqida gap ketganda muhim izohtalab nuqta bor. Gap shundaki, o‘tgan asr so‘ngidagi o‘lkada yuz bergan ijtimoiy-siyosiy qo‘zg‘olishlar tufayli chor hukumatining muayyan davrlarida ham o‘lkani har jihatdan tadqiq etish, boy tabiiy-iqtisodiy iqtidoridan zamonaviy asoslarda yanada samaraliroq foydalanish, ya’ni o‘zlashtirish maqsadini ko‘zda tutuvchi universitet g‘oyasi shakllanib kelar edi. Ayni paytda, bu jahon hamjamiyatida mahalliy xalqning ma’rifati yo‘lida qilingan ishdek taassurot qoldirmog‘i lozim edi. Shunday bir sharoitda yuz bergan 1917-yil voqealari millatning istiqlolga ishonchini qanchalik oshirgan bo‘lsa, universitet haqidagi orzulariga shuncha umid tug‘dirdi. Biroq sho‘rolarning riyokorligi, Turkiston muxtoriyatining fojiali taqdiri mustaqillik bilan bir qatorda universitet g‘oyasini ham xayolga aylantirdi. Shunga qaramay, jadidlarimiz istiqlol g‘oyasidan voz kechmaganliklari singari, millat avlodini ushbu yo‘lda tarbiyalashda buyuk vosita bo‘lgan zamonaviy oliy maktab fikridan ham voz kechmadilar. Imkon qadar uni amalga oshirish chorasini izladilar. 1918-yili yuzaga kelgan sharoitdan, ayrim rus liberal demokrat ziyolilarining xayrixohligidan unumli foydalandilar. 9-aprelda Munavvarqori Abdurashidxonovning hovlisida 9 kishilik tashkiliy hay’at ish boshladi. Bir oy davomida 9 yig‘ilish o‘tkazildi. Bo‘lajak universitetning tashkiliy tuzilishlaridan tortib, sho‘ba fakultetlari-yu eng muhim sohalarning dasturlarigacha ishlab chiqildi.
1918-yilning 21-aprelida Toshkentning Yangi shahar qismida A.V.Popov bosh Turkiston xalq universiteti ta’sis etilgan bo‘lsa, rosa 21 kundan keyin 12-mayda Eski shaharda Munavvarqori bosh bo‘lgan Turkiston Musulmon xalq dorulfununi talabalariga o‘z eshiklarini ochdi. 15-mayda nizomi qabul qilindi.
Dorulfunun uch (quyi, o‘rta, yuqori) bosqichli bo‘lib, 5 yillik dorulmualliminni ham ko‘zda tutar edi. Qisqa muddatda 23 maktab tashkil topdi, 299 muallim jalb etildi. Ulardan 22 kishi oliy diniy madrasalarni, 2 kishi Rusiya universitetlarini bitirgan edilar. O‘qituvchilar orasida 20 ga yaqin turli soha vakillari, shu jumladan, taniqli shoir va yozuvchi, darslik mualliflari bor edi. Chunonchi, Abdusami’qori Ziyoboyev, G‘ulom Zafariy, Mo‘minjon Muhammadjonov, Qayum Ramazon, Shokirjon Rahimiy, Sobirjon Rahimiy, Haydar Shavqiy, Majid Qodiriy, Abdulvahob Murodiy, Maryam Sultonova, Zaynab Shamsuddinova, Abdulla Rahimboyev, Shamsiddin Sharafiddinov (Xurshid), Sa’dulla Sharafiddinov, Ahmad Shukriy, Eshonxo‘ja Xoniy kabi nomlarni eslash kifoya.
Dorulmualliminda esa, Fitrat ona tili va adabiyotidan, Munavvarqori axloqdan, Abubakr Divayev etnografiya, Kamol Shamsi matematika, Burhon Habib siyosiy tarix, Ismoil Haqqi madaniyat tarixi fanlaridan dars berdilar.
Dorulfunun Samarqandda o‘z sho‘basini ochdi. Mashhur Mahmudxo‘ja Behbudiy – rais, taniqli adiblar Hoji Muin-Mehriy, Saidahmad Siddiqiy-Ajziy, A.Qurbiy, Sh.Muxtoriy a’zo bo‘ldilar.
Biroq rasmiylashtirishni kundalik siyosat darajasiga ko‘targan Sho‘ro hukumati musulmon dorulfununi faoliyatiga yo‘l bermadi. Besh yilga mo‘ljallangan dorulmuallimin 4 oylik kursga aylantirildi va o‘sha 1918-yilning sentabr o‘rtalaridayoq tugatildi. Rus tilini yetarli bilmagan mahalliy yoshlar oliy tahsildan mahrum bo‘lib qolaverdilar. Turkistonliklarning chetda o‘qishlariga 20-yillarning o‘rtalarigacha tishini tishiga qo‘yib chidagan Sho‘ro hukumati Turkistonda milliy universitet ishlashiga toqat qila olmadi. Shu sabab 1919-yildayoq Turkiston xalq universiteti (to‘g‘rirog‘i, rus universiteti) Davlat universitetiga aylantirildi.
1923-yili uning beshta fakultetida o‘qigan talabalarning milliy tarkibi quyidagicha edi:
Jami – 2453. Shundan: ruslar – 1575; Yevropa yahudiylari – 397; armanlar – 134; tatarlar – 81; o‘zbeklar – 50; qirg‘iz(qozoq)lar – 57; tojiklar – 11; Buxoro yahudiylari – 34; turkmanlar – 9; uyg‘urlar – 8; dunganlar – 1; litvaliklar – 11; latishlar – 18; estonlar – 4; polyaklar – 32; nemislar – 15; boshqirdlar – 17.
Bu jarayon, tabiiyki, anchagacha hech bir o‘zgarishsiz davom etdi. Va u o‘z davrida bolsheviklarning o‘zini ham befarq qoldirgan emas. Masalan, 1927-yil 19-martda O‘zKP (b) MK ning 5-Plenumida Akmal Ikromov shunday degan edi: “Ikki mingdan ortiqroq talabasi bo‘lgan O‘rta Osiyo universitetida o‘zbeklar bor-yo‘g‘i 80 ta va millati ozchilikni tashkil etuvchilardan esa atigi 64 ta ekan. Va u yana O‘rta Osiyo universiteti emish! Moskva oliy o‘quv yurtlarida o‘qiyotgan o‘zbek o‘quvchilarining soni Toshkentdagidan ko‘proqdir.
Shu tariqa, oliy ta’lim yo‘lidagi qizg‘in harakat qiyofasini biroz o‘zgartirib, to‘xtab qoldi. Universitet endi millatning asliy xususiyatlarini tiklash, ko‘ksini ko‘tarish emas, aksincha, uning xos jihatlarini izchil yo‘qotib borish, undan rus andozasi asosidagi sovet kishisi yasash ustaxonasiga aylantirildi.
Taniqli olim Begali Qosimov (1942-2004) o‘zbek mumtoz va yangi adabiyoti muammolari bo‘yicha tadqiqotlar yaratgan. U turkiy olamdagi uyg‘onish, adabiy aloqalararo bog‘liqlik masalalarini mufassal o‘rgandi va targ‘ib etdi. Turkiya Otaturk kultur markazi faxriy a’zosi, Turkiya Otaturk tadqiqotlar markazi muxbir-a’zosi sifatida faoliyat yuritdi. O‘ndan ortiq darslik va qo‘llanmalar, 10 nomda alohida asarlar, 200 ga yaqin ilmiy maqolalar muallifi. O‘zbekiston Milliy universiteti Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti kafedrasi asoschisi, birinchi mudiri.