January 7

JADIDCHILIK NIMA? Uni nega o‘rganish kerak?

Shuhrat RIZAYEV,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, professor

XIX asr oxiri – XX asr boshlarida “jadid”, “usuli jadid”, degan so‘z va iboralar qo‘llana boshladi. Keyinroq esa bu hodisa butun jamiyat hayotida o‘zgarishlar yasay boshlagach, “jadid”, “usuli jadid”, “ziyoli”, “taraqqiy” kabi so‘zlar ommalashib ketdi. Qrimning Bog‘chasaroy shahrida “Tarjumon” nomli gazeta chiqarib, Rossiya chor ma’murlarini tashvishga solib qo‘ygan tatar ziyolisi Ismoilbek G‘asprali “usuli jadid” tushunchasi va u bilan bog‘liq butun bir jarayonning asoschisi edi. Bu tushunchani Ismoilbekning o‘zi shunday ta’riflaydi: “...ota-bobo kunlarindan qolmish milliy maktablari isloh etmak usuli jadid demakdir, boshqa bir o‘quv, boshqa bir maktab demak dagildir”.

Amaliy jihatdan favqulodda ijobiy natijalar bergan bu usul asr boshida Turkistonning barcha shahar va qishloqlariga kirib borayotgan edi. Bu usul targ‘ibotchilari ana shu munosabat bilan “jadidlar” nomini oldi, ularning maktablar islohoti bilan boshlanib, asta-sekin jamiyatning madaniy-ma’naviy hayotini, keyinroq ijtimoiy-siyosiy sohalarini qamrab olgan harakati uchun esa “jadidchilik harakati”, davrni esa “jadidchilik davri”, deb atash ham XX asr 20-yillarda taomilga kirgan edi. Bu davrni o‘z vaqtida ayrim mutaxassislar “Turkistonning milliy uyg‘onish tarixi”, deya nomlab salmoqli tadqiqotlar ham yaratganlar.

Shunday qilib, XIX asr oxirlarida va XX asr boshlarida Turkis­tonda “jadidchilik” yoki “milliy uyg‘onish davri” boshlandi. Professor Begali Qosimov bu davr xususiyatlarini o‘rganib, shunday xulosaga kelgan edi: “Turkistonni savodli va ma’rifatli, to‘q va farovon, ozod va obod vatanga aylantirish, birinchi navbatda, mustaqillikka erishish, mustamlakachilik iskanjasidan xalos bo‘lish jadidchilik harakatining aso­siy maqsad-vazifasini tashkil qilar edi”.

XIX asrning oxirlari va XX asr boshlariga kelib jamiyatning eng ilg‘or fikrli qatlamlari kurashlarini aks ettirgan milliy uyg‘o­nish muayyan mafkura sifatida, birinchi navbatda, ma’rifatchilikda ko‘rindi. Ana shu mafkuraning jarchilari bo‘lgan jadidlar esa keng miqyosli amaliy faoliyat bilan o‘z g‘oyalarining jamiyat hayotida qaror topishi, mustahkamlanishi va oxir-oqibat ular ko‘zlagan milliy ozodlik, siyosiy mustaqillik kurashlariga o‘sib o‘tishi uchun zamin yarata boshladilar. Bu butun Turkiston xalqining ijtimoiy-siyosiy tafakkuri taraqqiyotida yangi bir bosqich edi.

XX asr boshlariga kelib Toshkent, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona vodiysi shaharlarida o‘nlab “usuli jadid” maktablari ochildi. Bu xayrli ishning tashabbuskorlari Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abduqodir Shakuriy, Siddiqiy-Ajziy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Ashurali Zohiriy, Lutfulla Olimiy, Muhammadsharif So‘fizoda, Abdurauf Fitrat, Sadriddin Ayniy, Hamza Hakimzoda Niyoziy kabi atoqli zotlar edi.

“Usuli jadid” maktablarining ochi­la bosh­lashi ularni alifbo va boshqa o‘quv qo‘llanmalari bilan ham ta’minlash muammosini keltirib chiqardi. Samarqand­lik ma’rifatparvar Hoji Mu’in yozadi: “1901-yildan e’tibo­ran Qo‘qon va Toshkentda, 1903-yildan Samarqandda yangi maktablar ochila boshladi. Bu maktablar Turkis­tonning katta shaharlarida son jihatidan (taqlidiy suratda) bir doroja ko‘paygan bo‘lsa ham, 4-5 yildan keyin yana kama­yib, faqat ba’zi tuzuklari davom etdi. Bu­ning bir sababi kitobsizlik bo‘lsa, boshqa sababi o‘qitguv­chilarning usuli ta’limdan xabarsizliklari edi”. Bu vazifani ham yangi maktab tashab­buskorlari o‘z zimmalariga oldilar. Tur­kiston jadidlari birin-ketin “Ustodi avval” (Saidrasul Saidaziziy), “Adibi avval” (Munavvarqori Abdurashidxonov), “Birinchi muallim”, “Ikkinchi muallim” (Abdulla Avloniy), “Tahsil ul-alifbo” (Abduvahob Ibo­diy), “Rahbari avval”, “Tahzib us-sibyon” (Sadriddin Ayniy) kabi alifbo va darsliklar yozib, nashr qildirdilar. Nafaqat alifbo, ayni chog‘da hisob, jug‘rofiya, ta­rix, imlo qoidalari, islom dini tarixi, ona tili va adabiyoti kabi alohida predmetlar bo‘yicha ham Behbudiy, Fitrat, Ashurali Zohiriy, Hamza, Avloniy, Ayniy kabilarning maxsus darslik va majmua­lari tayyorlanib chop etildi.

Jadidlar maslagining amalga oshuvida maktab­lardan keyingi asosiy o‘rinni matbuot egallaydi. “1904-yilda rus-yapun urushi chiqib, bizning ham ko‘zimiz ochildi. 1905-yildagi Rusiyada boshlangan inqilob to‘lqini bizga ham zo‘r ta’sir qildi. Bizning tashkilotimiz (jadidlar – Sh.R.) siyosiy maslaklarga tushunib, birinchi navbatda qora xalqni oqartirmoq va ko‘zini ochmoq chorasiga kirishdi. Bu maqsadga erishmoq uchun gazeta chiqarmoqni munosib ko‘rib, uyushmaning harakati bilan o‘zbek tilida gazetalar chiqarildi”, deb yozgan edi Abdulla Avloniy.

Darhaqiqat, 1905-yil rus inqilobi va ­uning ta’sirida, keyinroq podshoh Nikolay II tomonidan 17-oktyabrda e’lon qilingan manifest Turkiston taraqqiyparvar ziyolilarining faoliyatlari kengayishiga biroz imkon berdi. Manifestdagi ayrim demokratik islohotlar, ya’ni shaxsning daxlsizligi, vij­don va so‘z erkinligidan foydalanib, milliy gazetalar chiqarishga rasmiy ruxsat olindi: shu zayilda jadidlarning “Taraqqiy”, “Xurshid” (1906), “Shuhrat”, “Tujjor” (1907), “Osiyo”, “Samarqand” (1913), “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Farg‘ona” (1914) gazetalari, “Oyina” (1913), “Al-isloh” (1915) kabi jurnallari dunyo yuzini ko‘rdi. Milliy matbuotimizning bu ilk namunalari turlicha taqdirga ega. Aksariyati bir necha sonlari chiqib ulgurmay, hurfikrliligi uchun yopib qo‘yildi.

Ming yillik an’anaviy yo‘sindagi adabiyot o‘rniga yangi, zamonaviy adabiyot, yangi adabiy tur va janrlar, hatto yangi adabiy til shakl­lana boshladi. Matbuot bilan birga turli sohalarni qamrab olgan publitsistika, adabiy tanqid paydo bo‘ldi. Badiiy ijodda “janroviy” inqilob sodir bo‘lib, barmoq vaznidagi ijtimoiy, ma’rifiy she’riyat, ro‘mon, hikoya, dramaturgiya maydonga keldi. Yangi adabiyotning Beh­budiy, Siddiqiy-Ajziy, Abdulla Qodiriy, Hoji Mu’in, Abdulla Avloniy, Hamza Hakimzoda, Sidqiy Xondayliqiy, Fitrat, Sadriddin Ayniy, Tavallo, Nozimaxonim, Mirmulla va Mirmuh­sin Shermuhamedovlar, So‘fizoda, Ibrohim Davron, Abdulla Badriy, Nusra­tulla Qudratulla-Milliy, Xurshid, Cho‘lpon kabi o‘nlab namoyandalari yetishib chiqdi.

XX asrning 10-yillari Turkiston madaniyati tarixiga yangi o‘zbek milliy teatri­ning ham vujud­ga kelish davri bo‘lib kirdi. 1911-yilda Mahmudxo‘ja Behbudiy “Padarkush yoxud o‘qumagan bolaning holi” nomli “3 parda 4 manzarali milliy, birinchi fojia”sini yozadi. Asarni chop qilish xususidagi urinishlar ikki yilgacha muvaffaqiyatsiz kechadi. Faqat pyesani 1812-yili rus-fransuz muhorabasining Borodino maydonidagi ruslar g‘alabasi bilan yakunlanishi 100 yilligiga bag‘ish­lab, Tiflisdagi senzorga yuborilishi nashr uchun imkon beradi. “Matbuot ishlari Tiflis qo‘mitasi senzori ruxsati bilan Kavkaz o‘lkasi sahna­larida qo‘yish mumkin”, degan 1913-yil 23-mart 19940-son qaroriga ko‘ra, asar 1913-yil Samarqandda alohida kitob holida chop etiladi.

“Padarkush”ning nashrdan chiqishi tom ma’noda o‘zbek milliy teatrining tug‘ilishini belgiladi. Shu yilning o‘zida­yoq Samarqandda Behbudiy, Toshkentda Munavvarqori va Abdulla Avloniy rahbarligida asarni sahnalashtirish hara­katlari boshlanadi.

“Padarkush” ilk bor havaskorlar tomonidan 1914-yil 15-yanvar kuni Samarqandning Yangi shahar qismida namoyish etiladi va juda katta muvaffaqiyat qozonadi. “Padarkush”ning ilk muvaffaqiyati butun Turkistonga yoyi­ladi. Ketma-ket barcha yirik shaharlarda sahnalashtiriladi.

Teatrdan birlamchi maq­sad yangi, g‘oyat ta’sirchan san’at turi bilan millatning ma’rifiy-madaniy saviyasini ko‘tarish, ilm va o‘qimoqqa da’vat etish bo‘lsa, ikkinchidan, ta’kidlaganimizdek, teatr-tomoshalar vositasida muay­yan mablag‘ topib, “usuli sav­tiya” maktablari, boshqa xil o‘quv yurtlari, xay­riya jamiyatlari, matbuot va boshqa madaniy ishlarga moddiy yordam ko‘rsa­tish edi.

“Turon” nomini olgan Toshkent teatr truppasi 1915-yildan boshlab tarjima asarlari qatori milliy dramaturgiyamizning yangi-yangi namunalarini muntazam sahnalashtirib boradi. 1915 – 1916-yillar davomida Abdulla Qodiriyning “Baxtsiz kuyov”, Abdulla Avloniyning “Advokatlik osonmi?”, “Pinak”, Hoji Mu’inning “Maz­luma xotun” pyesalari truppa repertuaridan joy oladi. Ta’kidlaganimizdek, shu yillari o‘z milliy rejissyorlarimiz ham yetisha boshlaydi. Nizomiddin Xo‘jayev, Abdulla Avloniy, Badriddin A’lamov kabilar bu sohaning ilk qaldirg‘ochlari bo‘ldi. Avloniy o‘z “Tarjimai holi”da “...bizning maqsadimiz zohirda ­teatru bo‘lsa ham botinda Turkiston yoshlarini siyosiy jihatdan birlashtiruv va inqilobga hozirlov edi”, deb ayt­gandi.

20-yillarning o‘rtalaridan jadidchilik ideologiyasi va namoyandalarini ma’naviy tazyiq qilish kuchaydi. Avval matbuotda munozaradek boshlangan jarayon rasmiy tus olib, siyosiy yorliq yopishtirish bilan yakunlandi. 1927-yilda jadidchilikka sovet ideologiyasiga qarshi aksilinqilobiy hodi­sa va harakat, deb rasman siyosiy baho berildi. Namoyandalari “ziyoli” emas, “ziyonli” deb qoralandi. 1929-yil o‘rtalaridan esa ularni jismoniy ta’qib etish boshlandi. Munavvarqori Abdurashidxonov, Ubaydulla Xo‘jayev, Salimxon Tillaxonov, Saidnosir Mirjalilov, Qayum Ramazon kabilar hibsga olinib, surgunga mahkum etildilar. Biror tasodif va ayrim sabablarga ko‘ra ta’qibdan omon qolganlari ma’naviy tazyiq va tahdidlar xavfida sovet ideologiyasini qabul qilib, shu pozisiyada faoliyat ko‘rsatmoqqa maj­bur bo‘ldilar. Ammo bu ham ko‘pga bormay, 1937-yilning umumittifoq qatag‘on kompaniyasida batamom barham topdi. Jadidchilik harakatining har qanday ko‘ri­nishi so‘nggi vakillari bilan birga butkul tugatildi.