BIRLASHMOQ DAVRI
Assalomu alaykum, aziz gazetxon!
Ayonki, “jadid” so‘zi “yangi” demakdir — fikrda, axloqda, ilmda, Vatanga muhabbatda yangilanish demakdir.
Yaqin tarixda o‘tgan jadid bobolarimiz millat oydinlari edi. Ular ma’naviy-ma’rifiy, adabiy-ilmiy, moddiy-texnikaviy sohalarda yangilikka intilishdi. Inson hurligini qadrlashdi. Vatan istiqloli va millat istiqboli uchun jon fido qilishdi. Biz jadid ziyolilari, fidoyi bobolarimiz orzu qilgan istiqlol zamonida ularni yodga olamiz. Haqlariga duolar qilamiz.
Jadidlarning orzulari armonga aylangan zamon – “tariximizning eng kirlik, qora kunlari” (Qodiriy) bir asr ortda qoldi. U – tarix, u – yaqin moziy. Tarix saboqlari bilan istiqbolga qaraladi. “Moziy – istiqbol tarozusidir” (Behbudiy). Jadid bobolarimiz o‘gitidan, ular hayotida yuz bergan shonli va armonli kunlardan ibrat olib, istiqbolga, Vatan va millat kelajagiga nazar solish lozim.
22-dekabr kuni o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ma’ruzasini tinglarkanmiz, ko‘nglimizni bezovta qilib, uyqumizni qochirgan ko‘p achchiq savollarga javob topdik. Davlatimiz rahbari jadid bobolarimiz kurashgan illatlar bugun ham taraqqiyotimiz oyog‘iga tushov bo‘layotganini ta’kidlab, najot faqat ilm-ma’rifatda, ta’lim-tarbiyada ekaniga yana bir bor e’tiborimizni qaratdi.
Yig‘ilishda Prezident tomonidan milliy taraqqiyotni har tomonlama jadallashtirishga, ziyoli va ijodkorlarni birlashtirishga xizmat qiladigan ko‘p ibratli tashabbuslar ilgari surildi.
Xususan, hurmatli Prezidentimizning bugun qo‘lingizga yetib borgan yangi nashr – “Jadid” gazetasini tashkil etish tashabbusi yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan gulduros qarsaklar bilan kutib olindi. Zero, ma’rifatparvar bobolarimiz ham millatni uyg‘otish, uni taraqqiy yo‘liga olib chiqish uchun ishni aynan gazeta ta’sis etishdan boshlagani hammamizga kunday ayon.
Prezidentimizning “Tarixdan ma’lum: Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari – uyg‘oq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, san’at namoyandalari, ma’naviyat va ma’rifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanlar”, degan so‘zlari shunchaki tarixiy ma’lumot emas, balki biz uchun jiddiy chaqiriq ekanini har birimiz teran anglashimiz shart.
“Jadid” gazetasi ana shunday jasoratli ziyolilar uchun asosiy minbarga aylanishiga bel bog‘laganmiz va bu borada barcha jonkuyar, fidoyi yurtdoshlarimizni ijodiy hamkorlikka chorlaymiz.
Yangi nashrning aynan ana shunday vazifani ko‘p yillar ado etib kelgan “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi negizida tashkil etilganida nafaqat ramziy, avvalo, chuqur tarixiy ma’no, vorisiylik tuyg‘usi bor. Shu ma’noda, ikki jilg‘a birlashib, katta bir daryoga aylanadi, deb ishonamiz.
Zotan, Vatan va millat manfaati yo‘lida hamma zamonlarda fidoyilar – o‘zini, o‘zligini teran anglagan ilg‘or shaxslarni birlashtiradi.
Shu bois biz peshqadam jadidlarimizning “Tilda, fikrda, ishda birlik!”, degan g‘oyasini o‘zimizga bosh shior qilib oldik.
Illo, jadid bobolarimiz ham “Oyina”, “Taraqqiy”, “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Farg‘ona”, “Najot”, “Hurriyat”, “Al-isloh” kabi gazeta-jurnallar orqali xalqimizni jipslashtirishga, hurriyat, ma’rifat g‘oyalarini xalq ichiga olib kirishga astoydil sa’y-harakat qilgan edilar.
Shu o‘rinda hurmatli Prezidentimizning hozirgi paytda jadid bobolarimiz kabi g‘arb ilm-fan yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar zarurligi haqidagi fikrlari ham nihoyatda dolzarb ekanini ta’kidlamoqchimiz. Bunday kadrlarni kim tayyorlaydi, degan savolga davlatimiz rahbari shunday javob berdi: “Albatta, o‘zimiz tarix saboqlari, zamon talablari asosida tarbiyalashimiz zarur”.
Haq gap. Vatanimiz, xalqimiz taqdiriga daxldor bo‘lgan hayot-mamot masalasida boshqa birovdan najot kutishimiz o‘rinsiz. Faqat o‘zimiz, moziyga tayanib, kelajakka intilib, zamon talablariga javob beradigan yosh jadidlarni tarbiyalashimiz lozim.
Bu – “Jadid” gazetasining asosiy maqsadlaridan biridir.
Aziz do‘stlar!
“Jadid” – bu Yangi O‘zbekistondagi Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo‘lida Vatanning har bir fuqarosi tafakkurini tub-tubidan yoritib turadigan ma’rifat chirog‘idir.
“Jadid” – bobolar orzu qilgan yangi zamon shodiyonasining shukronalari izhoridir.
“Jadid” – loqaydlik va tanballik dushmani, eng mayda ijtimoiy-maishiy jaholat yuziga ham ilm-fan va ma’rifatning tiniq ko‘zgusini tutguvchi nashrdir.
“Jadid” – bu faqat o‘tmish emas, jadid – bugun va kelajakdir.
“Jadid” – mustaqil O‘zbekistonning ma’naviyat sarhadlari daxlsizligini tunu kun xuddi vatanparvar va sergak, fidoyi va jasur askar kabi himoya qiladi.
Sizning yangi nashringiz – “Jadid” gazetasi barchamizga muborak bo‘lsin va uning tez kunda ishga tushiriladigan elektron shakli yangi fikr ufqlarini ochaversin!