January 7

UMID GULI BIZIM UCHUN  

Abdurauf FITRAT

Yurt qayg‘usi

Onam! Seni qutqarmoq uchun jonmi kerakdir?

Nomusmi, vijdon bila imonmi kerakdir?

Temur bila Chingiz qoni toshdi tomrimizdan,

Aytgil! Seni qutqarmoq uchun qonmi kerakdir?

Yov suqgali kelgach qilichini yuragingga,

Tush oldiga, ol ko‘ksumi – qalqonmi kerakdir?

Boq, boq, mana turk tengizi toshqun qila qoldi,

Turon yovini quvg‘ali to‘fonmi kerakdir?

Turon, yigiting, barchaga boq, qalqdi oyoqg‘a,

Yurtda qorovul qo‘yg‘ali arslonmi kerakdir?

O‘gut

Og‘ir yigit, sening go‘zal, nurli ko‘zungda

Bu millatning saodatin, baxtin o‘qudim.

O‘ylashingda, turishingda hamda o‘zungda

Bu yurt uchun qutulishning borlig‘in ko‘rdim.

Turma – yugur, tinma – tirish, bukilma – yuksal,

Hurkma – kirish, qo‘rqma – yopish, yo‘rilma – qo‘zg‘al.

Yel yo‘lini to‘sib turgan eski bulutlarni

Yondirib qo‘y, yirtib tashla, barchasin yo‘q et.

Qilolmasang shu ishlarni,

Sening uchun xo‘rlikdir bu...

Yiqil, yo‘qol, ket!

Behbudiyning sag‘anasin izladim

Cho‘kmishdi yer uzra olam to‘sug‘i,

O‘ksuzlik boyqushi qanot qoqardi.

Botuvda qizarib turg‘an bulutdan

Ezilg‘an ko‘nglima motam yog‘ardi.

Haqsizliq shahrining qon hidli yeli

Armonim gulidan bir yaproq uzub,

Bahorsiz cho‘llarga sovurib qo‘ydi.

Ul nozli yaprog‘im so‘lib, sarg‘ayib,

Yo‘qsul qolg‘anlarday har yon yugurdi.

Zolimlar, mazlumlar, zulumlarning-da,

Qayg‘ular, alamlar, o‘lumlarning-da,

Bariga uchradi, barchasin ko‘rdi,

O‘z yo‘qotqonin izladi, so‘rdi.

Bir darak topmag‘ach, birdan bir tikildi.

Bor kuchin to‘pladi.

Zolimning taxtini titratgan bir tovush

Qichqirdi:

– Otamning qabrini qay yerga yoshurding?!

Bot so‘yla!...

Kirli toj ko‘b qo‘rqdi botur tovshidan,

Seskanib, titrab... yoshrundi

Bir javob bermasdan.

Shoir

Bu kun yig‘lab o‘tirmishdim, sen kelding,

Bir shoirning bir “so‘zi”ni so‘zlading,

Men u so‘zning ruhingdagi izlarin

Sening go‘zal ko‘zlaringda o‘qidim.

O‘qiduqcha, u izdan

O‘zim uchun ko‘b umidlar to‘qidim.

– Umidsizcha yashay olmam, netayin.

Emish... Shoir sevgilisiga yozg‘an

Bir yozuvda qayg‘ularini to‘kmish,

So‘zlarining eng oxirida ondan

Ruhi uchun bir oz ko‘mak istamish.

Bilasanmi? Shoir ishqning eng nozli,

Erka, injiq yog‘dusidir, turolmas

Ma’shuqidan ko‘rmagancha kulushli,

Marhamatli, chin sezguli bir ko‘mak,

Mana shudir uning uchun bor tilak.

Shoir

Tabiatdan sirli, teran ma’nolar,

Tiriklik-chun, ochiq, to‘g‘ri, chin yo‘llar

Izlar – topar, o‘zi uchun saqlamas.

Unlarni

Yoz gulining yaprog‘idan to‘qilgan

“So‘z”lar ilan o‘rab bizga topshirar.

Shoir

Ishq bog‘ining tentak, singirli, yongan,

Bulbulidir. Bashariyat dunyosin

Kichik, nozli qanoti uzra qo‘yar,

Ko‘klar sari yuksaltkali talpinar.

Mana shuning o‘ksuz, yo‘qsul ko‘ngluni

Ko‘tarmak-chun, go‘zallarga tegishdir.

Kim ozg‘ina qarag‘aylar, kulgaylar

Ingrab turgan jonini

Qo‘llag‘aylar, bir oz ko‘mak etkaylar.