FIKR TINIQ, G‘OYA ANIQ BO‘LSIN!
Dunyo geosiyosiy maydonida so‘nggi yillarda O‘zbekiston tez-tez tilga olinadigan bo‘ldi. Bu bejiz emas. 2017-yil 22-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan birinchi marta mamlakatimiz parlamenti — Oliy Majlisga Murojaatnoma taqdim etildi. O‘shanda davlatimiz rahbari avvallari xayolga keltirish mumkin bo‘lmagan ko‘plab yo‘nalish va tamoyillar qatori “Yangi fikr, yangi g‘oyaga, innovatsiyaga tayangan davlat yutadi”, degan aniq maqsadni o‘rtaga qo‘ygan edi.
Jumladan, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan islohotlar qatorida innovatsiya kelajak kafolati ekanini, jamiyat hayotida eng muhim loyihalarni amalga oshirishda o‘ziga xos lokomotiv rolini bajarishini, bu jarayonda iqtidorli yoshlar ishtirokini, ijodiy g‘oya va ishlanmalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash vazifasi e’tibor markazida bo‘lishini alohida ta’kidlagan edi.
Oradan olti yil o‘tdi. Tarixan olib qaraganda, bu ko‘z ochib yumgunchalik fursat. O‘nlab yillar davomida qotib qolgan tushunchalar va o‘zgarmas aqidalar fonida yangilanish qiyin kechadi, deyishadi. Niyat boshqa, amalga oshirish boshqa, deya belgilangan vazifalarga shubha bilan qarab, o‘lda-jo‘lda qolib ketishini gumon qilganlar ham bo‘ldi. Ammo, mana, shu olti yillik qisqa fursat barcha shubha-gumonlarni chippakka chiqardi. Avvallari nomi ham qayd etilmagan dunyo reytinglarida O‘zbekistonning turli jabhalardagi ko‘rsatkichlari salmoqli o‘rin oldi. Taqqoslasa, tahlil etsa arzigulik raqamlar, natijalar paydo bo‘ldi. Bularning barchasi ezgu g‘oya o‘z natijasini bera boshlaganini namoyon etdi. Tanlangan yo‘l to‘g‘riligini isbotladi.
Eng muhimi, xalq roziligi yo‘lida ko‘zlangan marralar yuksak. Yangi O‘zbekistonning Uchinchi Renessansi poydevorini yaratishdek yuksak maqsad aholining nufuzli qismini tashkil etadigan yoshlarni harakatga unday boshladi. Iqtisodiy-ijtimoiy sohalar bilan bir qatorda madaniy yuksalish muhimligiga e’tibor kuchaydi. Yangilikka intilish, yuksalish, rivojlanish, taraqqiyot, bunyodkorlik yoshlikning ajralmas qismi ekani o‘z isbotini topa boshladi.
O‘zbekiston – yoshlar mamlakati. Yoshlik beqiyos imkoniyatlarni yuzaga chiqardi. Sohalar gullab-yashnab, ishbilarmonlik muhiti paydo bo‘ldi, biznes rivoji yo‘lga qo‘yildi.
Davlatimiz rahbari yangi – 2024-yil munosabati bilan xalqimizga yo‘llagan tabrigida iqtisodiyotimizga xorijiy investitsiiyalarni jalb etish, tadbirkorlik va xususiy mulk uchun keng imkoniyatlar yaratish, ilm-fan, innovatsiya, IT kabi sohalarni, “yashil” va raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi. Yangi ish o‘rinlari tashkil etish, aholi daromadlarini oshirish, ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdorini ko‘paytirish, xotin-qizlar va nuroniylarni, yordamga muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy sohalar rivojini mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarish rivojlanishga muqobil ravishda o‘sadi. Inson qadrini ulug‘lash, aholi manfaatlarini ta’minlash, buning uchun kuchli iqtisodiyot barpo etish asosiy vazifa ekani aytib o‘tildi. Shu maqsadda 2024-yil mamlakatimizda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”, deb e’lon qilindi.
Tabrikda tilga olingan sohalarga oid atamalarning aksariyati texnologik o‘zgarishlarga yuz tutgan dunyo taraqqiyoti bilan bog‘liq ravishda zamonga mos ekani e’tiborga olinadigan bo‘lsa, yil nomi har tomonlama puxta o‘ylab qo‘yilgani, jonajon O‘zbekistonimizning dunyo bilan hamqadam taraqqiyot yo‘lini aks ettiradi.
Tabrikda ta’kidlanganidek, ortda qolgan 2023-yil el-yurtimiz uchun qut-barakali va omadli keldi. Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, turli millat vakillari o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik ezgu g‘oyalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi. O‘tgan yili mamlakatimiz tarixida birinchi marta umumxalq referendumi asosida yangilangan Konstitutsiya qabul qilindi. Kelgusi taraqqiyotimizni belgilab beradigan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi amalga oshirila boshlandi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yangi tahrirdagi “Jadid” haftalik adabiy-ma’rifiy, ilmiy gazetaning chiqa boshlagani ham Siz aziz mushtariylarga yangi kunlar shukuhini baxsh etishiga ishonamiz.