January 2

MA’NAVIYAT HAYOTIMIZDA YANGI KUCH, YANGI HARAKATGA AYLANISHI KERAK

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan majlisidagi nutqidan

Tarixdan ma’lum: Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari – uyg‘oq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, san’at namoyandalari, ma’naviyat va ma’rifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanlar.

XX asr boshlarida xalqimizni ozodlik va ilm-ma’rifat uchun kurashga chorlagan jadid bobolarimizni eslaylik.

* * *

Mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi g‘arb ilm-fan yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarur.

Lekin ularni kim tarbiyalaydi? Albatta, o‘zimiz tarix saboqlari, zamon talablari asosida tarbiyalashimiz zarur.

Yaqinda poytaxtimizda o‘tkazilgan “Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari” mavzusidagi konferensiya jahon ilm-fan va madaniy jamoatchiligi o‘rtasida katta qiziqish va e’tibor uyg‘otdi.

Bu ishlarni yanada kengaytirish va yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida alohida Prezident qarori qabul qilinadi.

Jumladan, Buxorodagi tarixiy maskanda Jadidlar merosi davlat muzeyi bunyod etiladi.

Ma’rifatparvar ajdodlarimizning me­rosi bugun biz qurayotgan huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati uchun poydevor bo‘lib xizmat qilishi tabiiydir.

Chunki ularning g‘oya va dasturlari Yangi O‘zbekistonni barpo etish strategiyasi bilan har tomonlama uyg‘un va hamohangdir.

Ana shu ishlarimizni davom ettirish maqsadida Yozuvchilar uyushmasi, Fanlar akademiyasi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, “Shahidlar xotirasi” jamg‘armasi hamda jamoatchilik vakillarining “Jadid” nomli yangi gazeta va uning elektron versiyasini tashkil etish haqidagi tashabbusini biz albatta qo‘llab-quvvatlaymiz.

* * *

O‘zimizga bir savol berib ko‘raylik: biz bugungi keskin sharoitda g‘oyaviy-mafkuraviy sohada raqobatga tayyormizmi?

Yosh avlodimiz tarbiyasi murakkab zamon talablariga javob berayaptimi?

Mana, bugun ma’naviy-ma’rifiy sohada ma­sa­la qanday o‘tkir va ko‘ndalang bo‘lib turibdi.

Bular oddiy savollar emas. Odamni jiddiy o‘ylantiradigan, tashvishga soladigan savollar. Agar biz bu yorug‘ dunyoda “o‘zbek”, “O‘zbekiston” degan nomlar bilan yashab qolishni istaydigan bo‘lsak, bu savollarga bugun javob topishimiz va ularni hal etish bo‘yicha amaliy harakatlarni aynan bugun bosh­lashimiz shart. Ertaga kech bo‘ladi.

* * *

Xalqaro maydonda madaniy diplomatiya­mizning o‘rni tobora ortib bormoqda.

Xabaringiz bor, YUNESKO Bosh konfe­rensiyasi sessiyalari qariyb 40 yildan buyon faqat Parijda o‘tkaziladi.

2025-yilda esa bu konferensiyaning sessiyasini birinchi marta boshqa shaharda, ya’ni, Samarqandda o‘tkazish belgilandi. Ushbu nufuzli anjumanga Tashkilotga a’zo barcha davlatlardan vakillar tashrif buyuradi. Hech shubhasiz, bu – O‘zbekiston uchun katta ishonch, ayni paytda mas’uliyat hamdir.

* * *

Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini, ezgu g‘oyalarni tarannum etishda o‘zbek adabiyoti hamisha mustahkam zamin bo‘lib kelgan va ishonamanki, doimo shunday bo‘lib qoladi.

* * *

Avvalo, ma’naviyat va madaniyat sohasidagi ishlarimiz uchun metodik asos bo‘lib xizmat qiladigan milliy g‘oyamizni rivoj­lantirish bo‘­yicha alohida dasturiy hujjat ishlab chiqishimiz lozim.

Bu jarayonda yangi tahrirdagi Konsti­tutsiyamiz talablari hisobga olinishi zarur.

* * *

Ulug‘ ma’rifatparvar Ib­rat domlaning: “Millatni kim isloh etar? Ulamo g‘ayrat etkanda millat, albatta, isloh topur”, degan hikmatli so‘zlarida chuqur ma’no bor.

Fursatdan foydalanib, men muhtaram ulamolarimiz, din peshvolarini inson qadrini ulug‘lash, tinchlik va bag‘rikeng­lik muhitini mustahamlashga qaratilgan islohotlarimizda faol bo‘lishga, o‘zlarining ma’naviy fazilatlari bilan boshqalarga o‘rnak ko‘rsatishga chaqiraman.

* * *

Azizlarim, tarbiyasi izdan chiqqan nopok kimsalardan ogoh bo‘laylik!

Farzandlarimizni ularning buzg‘unchi ta’siridan asrab-avaylaylik!

Kelajagimizni yovuz kuchlar qo‘liga berib qo‘yishga aslo haqqimiz yo‘q.

Agar barchamiz birgalikda qat’iy harakat qilsak, jamiyatimizda sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhitni mus­tahkamlashga albatta qodirmiz.

* * *

Ta’kidlab aytmoqchiman: bugun ma’naviyat boshqa sohalardan o‘n qadam oldinda yurishi kerak, ma’naviyat yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi shart!

Shu maqsadda xalqimiz, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni sifat va mazmun jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarishimiz lozim.

* * *

Teatr san’atini rivojlantirish bo‘yicha Madaniyat vazirligiga bir oy muddatda das­tur ishlab chiqish va tasdiqlash uchun kiritish vazifasi topshiriladi.

Ushbu dasturda quyidagilar ko‘zda tutilsin:

– tarixiy va zamonaviy mavzular bo‘yicha 20ta eng yaxshi pyesa uchun ijodiy buyurtma berish orqali dramaturglarga 50 million so‘mdan qalam haqi to‘lash tizimini joriy etish;

– 50 nafar ijodiy va yordamchi xodimlarning rivoj­langan davlatlar teatrlarida mahorat oshirishini yo‘lga qo‘yish;

– yosh rejissorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun Mannon Uyg‘ur nomidagi mukofot ta’sis etish va g‘oliblarni munosib taqdirlash.

Bunga qo‘shimcha ravishda besh yillik das­turga binoan teatrlar to‘liq ta’mirlanib, eng ilg‘or texnologiyalar asosida modernizatsiya qilinadi.

* * *

Maqom san’atini rivoj­lantirish, uni qorong‘ulikdan yorug‘likka olib chiqish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatayotgan san’atkorlarimizga har qancha rahmat aytsak, arziydi.

Xalq og‘zaki ijodi durdonalarini keng targ‘ib etib kelayotgan baxshilar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash ham e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

* * *

Yana bir muhim yangilik – maqom, katta ashula, baxshichilik, atlas va adras, kulolchilik va zargarlik kabi 12ta noyob madaniy meros namunalari bo‘yicha an’analarni davom ettiradigan maktablar yaratiladi.

* * *

Muzeylar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha yetti yillik dastur qabul qilinadi.

Eksponatlarni saqlash va muhofaza qilish bo‘yicha barcha muzeylar zamonaviy uskunalar bilan jihozlanadi va eng noyob eksponatlar markirovka qilinadi.

Innovatsion texnologiyalar asosida Tarix muzeyi hamda San’at muzeyining zamonaviy yangi binolari barpo etiladi.

Temuriylar tarixi hamda Tabiat muzey­la­ri­ning ekspozitsiyasi yangilanadi. Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi kapital ta’mirlanadi.

* * *

Muqaddas kitob – Usmon Qur’oni sahifalari ham konservatsiya va restavratsiya qilinadi.

Yurtimizning ko‘hna tarixiga bag‘ishlangan 18 ta arxeologiya yodgorligini ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantiramiz.

Shuningdek, Samarqandda So­­­hib­qiron Amir Temur bog‘lari qayta tiklanadi, “Buyuk ipak yo‘li” muzeyini barpo etamiz va Bibixonim majmuasini restavratsiya qilamiz.

* * *

Hozirgi vaqtda dunyo media olamida tele va kino seriallar jadal rivojlanmoqda. Dastlab ko‘ngilochar va maishiy mavzularda paydo bo‘lgan seriallar bugungi kunga kelib, turli davlat va millatlarning muayyan maqsadlarini targ‘ib etish vositasiga aylanib bormoqda.

Savol tug‘iladi: xalqimiz televizorni eng ko‘p ko‘radigan paytlarda, ya’ni “praym-taym” vaqtida xorijiy seriallarga katta o‘rin berayotganimiz qanchalik to‘g‘ri?

Albatta, bularning barchasi oldimizga kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb vazifalarni qo‘ymoqda. Jumladan, milliy seriallar ishlab chiqarish bo‘yicha mavjud tizimni tubdan isloh etish, bu yo‘nalishda ijodkorlarimizni qo‘llab-quvvatlash lozim.

Aynan shu yo‘l bilan milliy seriallarimizni g‘oyaviy-badiiy va texnik jihatdan jozibali, hamma qiziqib ko‘radigan darajaga yetkazish mumkin.

* * *

Keyingi paytda mamlakatimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda.

Ana shu ishlarimizning davomi sifatida umumta’lim maktablarida o‘zbek tilini o‘qitish samarasini oshirish masalasiga bundan buyon ham alohida e’tibor qaratamiz.

Hech shubhasiz, “O‘zbek tili va adabiyoti” fani o‘qituvchilari ham xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan boshqa fan o‘qituvchilaridan kam bo‘lmagan miqdorda qo‘shimcha haq bilan ta’minlanishi kerak. Bu, albatta, adolatdan bo‘ladi.

Shu maqsadda milliy sertifikatga ega bo‘lgan “O‘zbek tili va adabiyoti” fani o‘qituvchilariga kelgusi o‘quv yilidan boshlab 50 foiz ustama to‘lanadi. Bu maqsadlar uchun 2024-yilda qo‘shimcha 10 milliard so‘m, 2025-yilda esa 30 milliard so‘m ajratiladi.

Boshqa tillarda ta’lim olgan hamyurt­larimizni davlat tilini o‘rganishga rag‘bat­lantirish bo‘yicha ham alohida mexanizmlar joriy etiladi. Xususan, ular bu borada maxsus sertifakatga ega bo‘lsa, o‘qish xarajatlari davlat tomonidan qop­lab beriladi.

Bundan tashqari, o‘zbek tilidan boshqa tillarga ixtisoslashgan maktablarda davlat tilini o‘qitish soatlari ko‘paytiriladi.

O‘zbek tili bo‘yicha ham xalqaro fan olimpiadasini o‘tkazamiz. Olimpiadaning g‘olib va sovrindorlari pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Shuningdek, ular mamlakatimiz oliygohlarining o‘zbek tili filologiyasi yo‘nalishi bo‘­yicha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.

* * *

Jamiyatimizda kitobxonlik madaniyatini oshirish bo‘yicha boshlagan ishlarimiz davom ettiriladi. Kelgusi yildan milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini ko‘pming nusxalarda chop etish va barcha kutubxonalarga yetkazib berish choralari ko‘riladi.

Shu bilan birga, har yili eng yaxshi badiiy asarlar yaratish, tarjima qilish uchun ijodiy buyurtmalar berilib, muallif va tarjimonlarga munosib qalam haqi to‘lanadi.

* * *

Biz Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino deb ko‘p gapiramiz. Ammo bolalarimiz ularning qaysi asarini o‘qiy oladi?

Ahmad Farg‘oniy, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi deymiz, lekin ularning bolalik davrini kim biladi?

Demak, ana shunday allomalarimizning yoshligi haqida kitoblar yozish, yozganda ham bolalarbop qilib yozish kerak.

Fursatdan foydalanib, men o‘z sohasida ilmiy maktab yaratgan hurmatli olimlarimizni adiblar va noshirlar bilan hamkorlikda bolalar uchun qiziqarli va sermazmun kitoblar yaratishga chaqiraman.

* * *

Yurtimizda kitobxonlik, mutolaa madaniyatini yuksaltirish, turli yo‘nalish va mavzudagi adabiyotlarni chop etishni ko‘paytirish uchun nashriyot va matbaa korxonalarining moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish, moddiy-texnik bazasini mus­tahkamlash zarur. Shu maqsadda ushbu korxonalar 5 yilga soliqlardan ozod qilinadi. Shuningdek, ularga imtiyozli kreditlar ajratiladi.

* * *

Albatta, bu zalda o‘tirgan adiblarimiz tarjima san’atining naqadar mashaqqatli ish ekanini yaxshi biladilar. Mana shun­day mas’uliyatli mehnatni munosib rag‘bat­lantirish uchun ulug‘ shoir va tarjimon Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis etsak, nima deysizlar?

* * *

So‘nggi paytlarda o‘z hisobidan kutubxona barpo etayotgan tashabbuskor insonlar ko‘payib borayotgani barchamizni mamnun etadi.

Tasavvur qiling, 100 dan ziyod yurtdo­shi­miz bunday xayr­li ishga qo‘l urgan. Masalan, Marhamat tumanida tadbirkor Qobiljon Obidov 50 mingdan ziyod kitob fondiga ega, uch qavatli zamonaviy kutubxona tashkil etgan, bu ziyo maskanida 300 mingta elektron kitob ham mavjud.

Mana shunday insonlar jadidlarning muno­sib davomchilari, bugungi kun qahramonlari emasmi?

Marhamatlik ma’naviyat fidoyisi davlati­mizning nufuzli ordeni bilan taqdirlangani ham shundan dalolat beradi.

Biz barchaga ibrat bo‘layotgan bunday yurtdoshlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz.

* * *

Hammamiz bir haqiqatni unutmasligimizni istardim.

Hayot bor ekan – jaholat ham, ma’naviy tahdidlar ham bo‘lishi tabiiydir.

Ammo eng xatarlisi – yurt kelajagiga loqaydlik, ezgu qadriyatlarga nisbatan beparvolikdir.

Tinch va farovon hayot qurish uchun avvalo odamlar qalbida bir-biriga hurmat, xalqqa, Vatanga mehr va ishonch mustahkam bo‘lishi zarur.

* * *

Mamlakatimiz yangi taraqqiyot davriga qadam qo‘ygan bugungi kunda xalqimiz, ayniqsa, farzandlarimiz ongida Vatanga muhabbat, yurtimiz kelajagiga daxldorlik, tinch, erkin va farovon hayotning qad­riga yetish tuyg‘usini kuchaytirishda siz, mada­niyat ahlining o‘rningiz va ta’siringiz beqiyosdir.

Sizlar yuksak iste’dod va mahoratingiz, ijtimoiy hayotimizdagi faol ishtirokingiz bilan yangi Uyg‘onish davrini barpo etishga albatta munosib hissa qo‘shasizlar, deb ishonaman.