January 7

ERTANING GʻAMI...  

...Bu qizchani deyarli har kuni “Navoiy – 30” nomi bilan shuhrat topgan bino oldida ko‘raman. Qoramag‘izdan kelgan, yirtiq kavushini epchillik bilan sudrab, bir qo‘li bilan yo‘lovchining etagidan tutgancha, ikkinchi qo‘li bilan yuziga fotiha tortadi. Jimgina turaveradi. Faqat... ko‘zlari gapiradi. Qop-qora bu ko‘zlarda go‘yoki siyoh bilan yo‘g‘on-yo‘g‘on harflarda “Sadaqa bering!” yozilgandek...

Navoiy ko‘chasidan tasodifiy yo‘lovchi kam o‘tadi. Kunda-shunda nashriyot va tahririyatlarga keluvchilarning aksariyati qizchani taniydi. Kimdir hazil-huzul qilib, bir-ikki so‘m bersa, ayrimlari o‘zini ko‘rmaganga olib, o‘tib ketadi.

– Pulni nima qilasan? – gapga soldim bir kuni qizchani.

– Non olaman.

– Noning bor-ku? – qo‘lidagi non bo‘lagiga ishora qildim.

– Ertaga nima yeyman? – ajablanib so‘z qotdi qizcha.

G‘alati ahvolga tushdim. Qizchaga “nonpuli” berib, ishxonaga keldim. Uning savoli tinmay miyamda aylanardi: “Ertaga nima yeyman?”...

O‘sha voqeaga qadar Xudo meni tilanchi qilib yaratmaganiga shukrona keltirib, sadaqa qilardim. Bundoq o‘ylab qarasam, men ham, mendan ustun bo‘lganlarning ko‘pchiligi ham shu qizchadan deyarli farqimiz yo‘q ekan. Biz uchun ham “Ertaga nima yeyman?” degan savol hayotimiz ma’nosiga aylanib qolgandek...

Qorin g‘ami jamiyat taraqqiyotiga eng katta ta’sir ko‘rsatadigan omil bo‘lib ko‘rinadi gohida. Bir vaqtlar Karl Marks aytganidek, iqtisodiy farovonlik jamiyatning ma’naviy barqarorligini ta’minlaydi. Shu gap rost bo‘lsa, faqat boylari ko‘p bo‘lgan jamiyat madaniyat, ma’naviyat, axloq haqida qayg‘uradi. Yo‘qsillar jamiyatida adabiyot ham bo‘lmaydi, san’at ham. Madaniyat ham bo‘lmaydi, ma’naviyat ham... Unda nega kommunistlar boylarga qarshi kurashishdi? Tushunmayman. Mayli, gap bu haqda emas. Gap – boylik va ma’naviyat munosabatlari haqida.

Tarixga murojaat qilamiz. Firdavsiy “Shohnoma”siga yetarli haq olmagani uchun Sulton Mahmud G‘aznaviyni hajv qildi. Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa”siga besh nafar podshoh homiylik qilgan. Alisher Navoiyning so‘z sohibqironi bo‘lishiga kim sababchi bo‘lganligini Kishvariy degan bir shoir shunday ifodalagan ekan:

Kishvariy she’ri Navoiy she’ridin aksik emas,

Baxtiga dushsaydi bir Sulton Husayni Boyqaro.

Biz Mustaqillikning dastlabki bosqichida ham shu yo‘sinni mahkam ushladik – oldin iqtisod! Keyin siyosat! Ayniqsa, tadbirkorlikka keng yo‘l! Ma’naviyat-chi? Oldin qorinni to‘yg‘azaylik, keyin ma’naviyat haqida o‘ylaymiz. Ma’naviyat haqida o‘ylaydigan bo‘lsak, ertaga nima yeymiz?..

Kimdir xorijga chiqib ketdi, kimdir tirikchilik bozoriga. Kimdir poraxo‘rlikni boshladi, kimdir vositachi bo‘ldi. Hamma to‘rt tomonga o‘zini urib, ro‘zg‘orini obod qilishga kirishdi. Qornimiz nonga to‘ydi, biroq ko‘zimiz ochligicha qoldi. “Ertaga nima yeymiz?” savolidan qutulolmadik.

Ma’naviyat esa, bozorga qaram bo‘lib qoldi. Bozorga solindi ma’naviyat. Musaffo osmon haqidagi ma’ruzalar maktabda “ikkichi” bo‘lgan uddaburonlarning ajnabiy moshinasining changida qolib ketdi. Odamni odam o‘rnida ko‘rmaydiganlarning dong‘i chiqdi, ma’rakalarning to‘ri shularniki bo‘ldi. Mezonlar qoringa qarab belgilandi...

Islohotlar boshlandi. Katta islohotlar, umidbaxsh islohotlar. Oyliklar bir necha baravar ko‘tarildi, uy-joy sotib olishga imkoniyatlar yaratildi. Ammo poraxo‘rlik illatidan butkul xalos bo‘lmayapmiz. Kamida o‘n million so‘m oylik oladigan ayrim amaldorlar muhtoj bir insonning oxirgi 100 so‘mini yulishdan hazar qilmaydi. Olaveradi. Tilanchi qizchaga o‘xshab, “Ertaga nima yeyman?” deb olaveradi. Berganning betiga qaramay olaveradi...

Bizda boylar qatlami hali to‘liq shakllanmadi. Ismiga “boy”ni qo‘shib chaqirtiradiganlarning ko‘pi hali boylik nimaligini bilmaydi. Haqiqiy boy qullikka ko‘nmaydi. Nafsga qul bo‘lmaydi...

Nafsni itga o‘xshatishgan mutafakkir bobolarimiz. Itning bo‘ridan farqi nimada? Bo‘ri sassiq go‘shtga qaramaydi. Itning oldiga toza go‘sht bilan hidlangan go‘shtni otsangiz, badbo‘y go‘shtga yopishadi. Nafs ham xuddi shunday – halol luqmadan ko‘ra, harom porani ko‘proq istaydi...

Bugungi farovonlik, qulaylik va erkinlik hattoki Temuriylarning shonli davrida ham bo‘lmagan. Ammo sabr-qanoat, muruvvat, mehr-oqibat, odamiylik bobida ahvolimiz qanday? Nafsimiz quliga aylanib bormayapmizmi...

Shayx Fariduddin Attorning “Tazkirat ul-avliyo” asarida keltirilishicha, Turug‘badiy ismli bir avliyo muridlari bilan taomlanib o‘tirgan ekan. Cho‘l tomondan bir yigit katta ovchi itini yetaklab kelibdi. Keksa Turug‘badiy mehmonni izzat-hurmat bilan davraning to‘riga o‘tqazibdi. Mehmon hech narsa yemas, so‘z qotmas har zamon yoniga cho‘kkalagan itiga bir burda non berib qo‘yarkan.

Mehmonni kuzatganidan so‘ng, muridlar shayxga e’tiroz bildirishibdi:

– Dasturxon to‘riga iti bilan chiqib olgan bu befarosat kim bo‘ldi?

– Bu yigit – Mansur Halloj. Ichidagi nafsini tashqariga chiqarib, it suratida o‘ziga ergashtirib yuribdi. Buning kashfu karomotlari hali ko‘p marotaba olam ahlini hayratga solar, deb javob beribdi Shayx.

Bizning nafs itimiz qayerda?..

Nodira ASADOVA,

jurnalist