January 1

Jadidlar

Taqdir erkalatgan qizlar, yigitlar –

Sohilda sayr qilib, atirgul hidlar.

Xayolchan boqadi g‘oziy shahidlar...

Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.

Shaxsiy namuna yo‘q, chunki Ibrat yo‘q,

Olimlar juda ko‘p, bitta Fitrat yo‘q,

Shu sabab majol bor, kuch bor, qudrat yo‘q,

Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.

Ular g‘isht qo‘ygan, biz toshlar otamiz,

Ular so‘z yiqqanlar, biz gap sotamiz,

Ular kun kutgan, biz oylik kutamiz,

Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.

Tavallo, Qodiriy, Cho‘lponlar qayda?

Hamzaxonlar qayda, Usmonlar qayda?

Og‘iz juda katta, yuraklar mayda,

Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.

O‘shalar bizlarning bobolarmikan?

Bizdan o‘zlarini topolarmikan?

Bizni nabiram, deb tan olarmikan?

Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.

Ular maktab qurgan, biz uy quramiz,

Ular g‘oya surgan, biz o‘y suramiz.

Yoppa tomoshabin bo‘lib turamiz,

Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.

Qopog‘on davr edi, qattol, qatag‘on,

Otilib chiqqanni shartta otag‘on...

Bugun yuki yengil tuya yotag‘on...

Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.

O‘ziga kelmaydi o‘zdan ketganlar,

Ixlos qo‘yib shayton dumin tutganlar...

Qani yurt deb o‘zini unutganlar?

Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.

She’r avjida birdan qalam sekinlar,

Buyuk ustozlarim nima derkinlar?

So‘nggi jadid edi Abdulla, Erkinlar...

Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.

Ufqqa urilib, qaytib kelgan o‘q

Mening yuragimni teshib o‘tgan cho‘g‘.

Muallimlar serob, Avloniylar yo‘q.

Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.

Ta’lim-tarbiyani najot bilganlar,

Ilmiga o‘zlari amal qilganlar.

Qarang, amal deb o‘z jonin yulganlar,

Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.

Maishat, to‘y, hasham bosh maqsad hamon,

Gapdan boshqa gap ham bor, ey qadrdon!

Hamma zamonda ham kelmaydi zamon,

Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.

Zanglagan zehnimni charxlab beradigan,

Umrim savdosini narxlab beradigan,

Shu she’rni o‘g‘limga sharhlab beradigan

Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.

Iqbol MIRZO,

O‘zbekiston xalq shoiri