January 7

BIR STAKAN SUV  

ANAR

(hikoya)

Bir kuni qishloqqa shahardan katta odamlar keldi. Hammani to‘plab, ajo­yib majlis o‘tkazdi. Paxtakor so‘zga chiqdi. Cho‘pon gapirdi. O‘rmonchi so‘z oldi. Mexanizator va zootexnik ham qatordan qolmadi.

Shahardan kelgan hurmatli o‘rtoqlardan biri dedi:

– Negadir suvchilardan vakil ko‘rinmaydi. Nahotki shunday katta qishloqda bironta ham ilg‘or suvchi topilmasa?

Nega endi ilg‘or suvchi topilmas ekan? Albatta, topiladi. Hozir olib kelamiz. Darhol ilg‘or suvchini qidirib ketishdi.

Qurib qolgan ariqdagi suv tegirmoniga chopib borishdi. Xayriyat, suvchi Quruq Ja’far shu yerda ekan. Uni oyog‘ini yerga tekkizmay majlisga olib kelishdi. Katta odamlar unga:

– Seni tabriklaymiz, o‘rtoq Quruq Ja’far! Yaxshiyam, sen bor ekansan. Kelganingdan behad shodmiz. Bu yerdagilarning hammasi gapirishdi. Balki sen ham biron nima dersan, – deyishdi.

Quruq Ja’farni minbarga da’vat etishdi. Suvchi sho‘rlik dovdirab qoldi: Nima deydi? Nima haqda gapiradi? U shunday hayajonlanib ketdiki, oqibatda minbarda turgan stakanni turtib yubordi, stakan chil-parchin bo‘ldi, suvi chor tarafga sachradi.

Suvchi o‘zini batamom yo‘qotib qo‘ydi. Zo‘rma-zo‘raki, titrab-qaltirab, dedi:

– Hechqisi yo‘q, suv – yaxshilik alomati...

U shunday dedi-yu, minbardan tushib, zalning bir burchagiga borib o‘tirdi.

Majlis so‘ngida shahardan kelgan hurmatli kishilardan biri ajoyib nutq irod qildi. U jumladan bunday dedi:

– Men bir narsani qat’iy ta’kidla­moq­chi­man. Yangi yerlarni o‘zlashtirishga alohida e’tibor bermoq kerak. Ilg‘or suvchilarning tajribasini chuqur o‘rganish va keng yoyish zarur. Hozirgina bu yerda so‘zga chiqqan suvchi Quruq Ja’far – u butun mamlakatga dong taratgan, sizning qishlog‘ingizning faxri – juda zo‘r gapni aytdi. Suv – bu yaxshilik alomati, dedi u. Men bu fikr­ga yuz foiz qo‘shilaman. Suvning qadrini bilasizlarmi! Suvchi Ja’farning qadrini bilasizlarmi?! Suv – kelajakdagi yutuqlarimizning garovidir! Suv – qop-qora tunda porlab turgan yulduz!

Suvchi Ja’farning yulduzi ham ana shunday porloq. Uning tajribasi bilan o‘rtoqlashish uchun O‘zbekistonga jo‘na­tishdi. Uning shavkatli mehnati haqida shoir T.Tushkunlikov she’r yozdi, unga kompozitor K.Ko‘tarinkilov ajoyib muzika bastaladiki, bu qo‘shiqni B.Bulbulov miriqib kuylamoqda.

Bir kuni suvchi Quruq Ja’farni shaharga taklif etishdi. Samur-Divichinskiy kanalining yigirma ikki yilligiga bag‘ish­langan katta miting bo‘ldi. Kutilmaganda raislik qiluvchi suvchi Quruq Ja’farga so‘z berib qoldi. Ja’far nima deyishini, nima haqda gapirishini bilmay, dovdirab qoldi. Ammo uzoq o‘ylab o‘tirishga vaqt ham, imkon ham yo‘q, hamma uning og‘ziga termulib o‘tirardi. Ja’far atrofga – miting ishtirokchilariga bir sira ko‘z yugurtirib chiqdi. Shu mahal minbarning bir chekkasida bir stakan suv turganini ko‘rdi. Ja’far yo‘talib oldi-da, boshladi:

– Mana, misol uchun, shu stakanni olaylik. Ota-bobolarimiz suv idishga quyilganda uni ichsa bo‘ladi, deb juda to‘g‘ri aytishgan, demak, men hozir mana shu suvni olib ic­hishim mumkin. Biroq shu suv stakanda, aytaylik, uch kun turib qolsa, uni ichib bo‘larmidi? Yo‘q, albatta! Nega? Chunki suv bir joyda uzoq turib qolsa ayniydi. Shuning uchun kanallar qazishadi, toki suv bir joyda to‘xtab qolmay, doimo oqib tursin. Yashasin, mana shu kanalni qazigan hurmatli mehnatkashlar!

Uning nutqini davomli qar­sak­lar bilan olqishlashdi.

Suvchi Ja’farni o‘sha yerda qora “Volga”ga o‘tqazishdiz-yu, to‘g‘ri boshqa joyga – eski hammomga yangi toslar keltirilishiga bag‘ish­langan mitingga olib ketishdi. U mashinadan tushishi hamono minbarga boshladilar. Suvchi gapni ila ketdi:

– Misol uchun bir stakan suvni olaylik... Nikolay zamonida boylar ana shu suv uchun xalqni qanchalar qiynagan... Aytish mumkinki, xalq daryo bo‘yida-yu, ammo suvga zor edi. To‘g‘ri, ba’zan ular ayrim joylarda hammomlar qurishgan, unga odamlarni jalb etishni mo‘ljallashgan. Nima bilan? Hammomdagi suv bilanmi? Qayoqda deysiz, gapiraman desa, bu borada gap ko‘p, odamning kallasiga aqlli fikrlar hammomda keladi, degan naql bor-ku, axir. Bugungi shonli kunda, ya’ni eski hammomga yangi toslar tushiriladigan tantanada men sizlarni chin qalbimdan tabriklayman.

Mitingdan so‘ng suvchi Ja’fardan televideniye orqali so‘zlashini iltimos qilishdi.

Quruq Ja’far dedi:

– Yaxshi, ma’qul. Men roziman. Faqat bir shartim bor: mening oldimga bir stakanda suv qo‘ying­lar.

Bir soatdan so‘ng Quruq Ja’far zangori ekran orqali nutqini boshladi:

– Hurmatli teletomoshabinlar! Misol uchun mana shu bir stakan suvni olaylik...

Shundan keyin suvchi Ja’far bir hafta davomida turli yig‘ilish va mitinglarda nutq so‘zladi.

Pionerlar bilan uchrashuvda bunday dedi:

– Aziz bolalar! Xalqning maqolini sira esdan chiqarmang­lar – yo‘l boshlash kattadan, suv ichish kichikdan.

Zootexniklar kengashida so‘zga chiqib ayt­diki, suvga havas qilgan — chanqog‘ini qondiradi, otga havas qilgan — oyog‘ini toldiradi.

Astronomlarning ilmiy konferensiya­sida u ajoyib ilmiy farazni ilgari surdi: suv – rangsiz, oy esa dumaloq. ­Badiiy tarjima problemalariga bag‘ish­langan konferensiyada ham ishtirok etdi. Bu mo‘tabar anjumanda suvchi Ja’far shunday original fikr aytdiki, hamma yoqasini ushlab qoldi: “Quduq tabiiy ravishda o‘zi suv berishi kerak, avval paqirda suv quyib, keyin suv olinadigan quduqlarning bahridan o‘tish zarur”.

Bir jurnalistga bergan intervyusida ijobiy qahramonga nisbatan o‘z munosabatini tubandagiga bayon qildi: “Tinch oqar daryoning tagi shiddatli bo‘ladi”.

Bir kuni juda katta majlis ochildi. Darhol Quruq Ja’farga so‘z berishdi. Endi Quruq Ja’far oldingi Ja’far emasdi, ya’ni tortinib, gapini yo‘qotib qizarib-bo‘zarib o‘tirmadi. Minbarga dadil, shahdam qadamlar bilan chiqib bordi. Ikki qo‘li bilan minbarning ikki tomonidan ushladi, salobat bilan zalga razm soldi. Tomog‘ini bir qoqib oldi-da, vazminlik i­­la boshladi:

– Misol uchun, mana shu bir stakan... – Ja’far birdan tutilib qoldi. Tili kalimaga kelmay dovdiradi. Yuzlari sholg‘om bo‘ldi. Gap shunda ediki, unga nisbatan alohida hurmatning ifodasi sifatida minbarning bir chekkasiga odatdagidek suv emas, bir stakan choy qo‘yilgandi. Suvchi Ja’far bu qiyin holdan chiqib ketish uchun o‘zicha dedi: – Suv... choy... arpachoy... ko‘kchoy... qora choy... Umuman aytganda... men suvga cho‘kib ketdim...

Anchadan beri suvchi Ja’farga hasad aralash havas qilib yurgan choyxonachi Jamil o‘n uchinchi qatorda o‘tirib, raqibining ahvolini diqqat bilan kuzatardi. Oxiri u chiday olmay, o‘tirgan joyidan baqirdi:

– Ha, aziz do‘stim, nima bo‘ldi? Daryoga faqat qalpog‘ing oqdimi yoki boshing ham oqib ketdimi?

Shu kundan e’tiboran suvchi Quruq Ja’farning porlagan yulduzi so‘na boshladi. Choyxonachi Jamilning yulduzi esa kundan-kunga ravshanroq bo‘lib boraverdi.

Mamatqul HAZRATQULOV tarjimasi.