January 7

QATAG‘ON QILINGAN ADOLAT POSBONLARI  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mustabid tuzum davrida nohaq qatag‘on qilingan yurtdoshlarimizning hayoti va faoliyatini o‘rganish, ularning pok nomlarini tiklash, xotirasini abadiylashtirish borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda. Keyingi yillarda yuzlab ana shunday fuqarolar, jumladan, qanchadan-qancha jadid bobolarimiz O‘zbekiston Oliy sudi tomonidan oqlangani bu yo‘ldagi muhim amaliy qadam bo‘ldi.

Bugun inson qadrini ulug‘lash g‘oyasi davlatimiz va jamiyatimizning eng ezgu va oliy maqsadiga aylangan.

Bu maqsadga erishishning hal qiluvchi omillaridan biri esa, xalqimizning tarixiy xotirasini tiklash, millatimiz va mamlakatimiz saodati yo‘lida shahid ketgan ajdodlarimizning pokiza nomlarini abadiylashtirish, ularning xotirasiga hurmat bajo keltirishdir.

Davlatimiz rahbari Shavkat Miromonovich Mirziyoyev doimo marhumlar, ayniqsa, el-yurt manfaatlari yo‘lida jonini tikkanlar ruhiga ehtirom ko‘rsatish zarurligi haqida gapiradilar, bu borada muhim vazifalarni belgilab beradilar.

2023-yilning 31-avgust kuni poy­taxtimizdagi “Shahidlar xotirasi” xiyo­bonida mas’ullar va jamoatchilik vakil­lari bilan bo‘lgan uchrashuvda ham Prezidentimiz qatag‘on qurbonlari xotira­sini abadiylashtirish bo‘yicha muhim tashab­buslarni ilgari surdilar, barchamizga ko‘rsatmalar berdilar.

Bizningcha, avvalo, bunday tashabbuslarning ahamiyatini chuqur tushunishimiz, qalbdan his qilishimiz zarur.

Sho‘rolar qatag‘oni davrida minglab begunohlar qatorida prokuratura tizimi vakillari ham ko‘plab musibatlarga du­chor etildi. Or-nomusini har narsadan ustun qo‘yib, nohaqliklarga qarshi borgan, qat’iyat ko‘rsatgan, chin ma’noda dovyurak va vatanparvar mahalliy xodimlarning 150 nafari ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ulardan 30 nafari otib tashlangan. Qatag‘onga uchraganlarning aksariyati nafaqat sud-huquq tizimining fidoyi vakillari, balki el-yurt taqdiri uchun kuyungan, uning saodati yo‘lida borini berishga tayyor bo‘lgan millatimizning sadoqatli, salohiyatli, noyob iste’dodli farzandlari edi.

Jumladan, 1920-1924-yillarda Buxoro Xalq Sovet Respublikasi adliya xalq noziri va Respublika prokurori bo‘lib ishlagan Abdurahim Yusufzoda taraqqiyparvar “Yosh buxoroliklar”ning yetakchilaridan biri bo‘lgan. Uning tashabbusi bilan Buxoro shahrida uchta sud binosi barpo etilgan, sudlov organlarida birinchi bor apellyatsiya organi – “Taniz mahkamasi” (“Arz mahkamasi”) tashkil etilgan, sudyalarni olim, fozil, nasl-nasabli nomzodlardan saralab tayinlash yo‘lga qo‘yilgan, tarixiy-me’moriy obidalardan hibsxona sifatida foydalanish amaliyotiga barham berilib, ular qayta tiklanib, Buxoro madaniyat muzeyiga aylantirilgan. Aynan Abdurahim Yusufzodaning sa’y-harakatlari bilan 1924-yilda Moskvada rus va o‘zbek tilida “Buxarskaya jizn” nomli jurnal hamda O‘zbekistondagi ilk kinostudiya – “Buxoro-Rus kinojamiyati” tashkil etilgan.

Abdurahim Yusufzoda 1924 yilda Rossiya havo floti – “Dobrolyot” bilan shartnoma imzolab, Buxoro – Xiva – Toshkent – Olmaota yo‘nalishlarida havo qatnovi va pochtani yo‘lga qo‘ygan, “Yunkers” firmasidan 6 ta samolyot xarid qilinishiga erishgan. Afsuski, u 1936-­yilda NKVD xodimlari tomonidan hibsga olinib, 1937-yilda otuvga hukm qilingan.

Qatag‘on yillarida nohaq ayblangan yana bir prokuror Mirzo Qo‘qonboy Abduxoliqzoda arab, fors, rus va turk tillarini mukammal bilgan. U 1916-yilda Jizzax qo‘zg‘oloni qatnashchilari ustidan sud jarayonida o‘ttizdan ziyod jizzaxliklarni o‘limdan saqlab qolgan.

O‘zbekiston Adliya xalq komissarligi huzuridagi prokuratura tergovchisi, Zarafshon okrug katta tergovchisi, Buxoro prokuraturasi tergovchisi lavo­zim­larida ishlagan Mirzo Qo‘qonboy Abduxoliqzodaning uyida jadidchilar Vadud Mahmud, Cho‘lpon, Munavvarqori Abdurashidxonov kabi ma’rifatparvarlar tez-tez uchrashib turishgani, ularni el-yurt qayg‘usi birlashtirgani haqida ma’lumotlar bor.

Darvoqe, Mirzo Qo‘qonboy Abdu­xoliqzoda yetuk olim, ziyoli ham. U “Jizzax qo‘zg‘oloni”, “Namoz shaykasi”, “Tog‘ qizi”, “Istadjon”, “Qamchindan qon tomadi” kabi tarixiy voqealarga boy roman, qissa, hikoya va ocherklar yozgan. Rus tilidan biologiya, antropologiya, zoologiya, botanika darsliklarini o‘zbek va tojik tillariga tarjima qilgan.

Umuman, qatag‘onga uchragan o‘nlab xodimlar davlat va siyosat arbobi darajasiga yetgan edi. Bugungi kunda ular haqida taqvim yaratildi, har biri haqida alohida monografiya va hujjatli filmlar tayyorlanmoqda. Shuningdek, qatag‘onga uchragan xodimlarning oilasi va boshqa yaqin kishilari ro‘yxati tuzildi, 10 nafarining yashagan manzillari aniqlandi. Hozirda ko‘cha, mahalla va maktablarga qatag‘on qilinganlarning nomlarini berish hamda yodgorlik lavhalari o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Bosh prokuraturaning “O‘zbe­kis­ton prokuraturasi tarixi muzeyi”da alohida burchak tashkil etilib, qatag‘on qilingan prokuratura xodimlari haqidagi ma’lumotlar va tegishli tarixiy hujjatlar joylashtirildi.

Davlatimiz rahbarining 2023-yil 31-avgustdagi topshiriqlari ijrosini ta’min­lash maqsadida maxsus Farmoyish qabul qildik. Farmoyish asosida qatag‘on qurboni bo‘lgan prokuratura xodim­larining nomlarini tiklash va xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha Bosh prokuror o‘rinbosari rahbarligida ishchi guruh tarkibi tasdiqlandi.

Bosh prokuratura tomonidan tay­yorlangan va qatag‘onga uchragan xodimlarga bag‘ishlangan “Tarixiy xotira beqiyos” nomli kitobning birinchi jildi nashr etilgani Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi xodimlari bilan hamkorlikdagi ishlarning ilk natijalaridandir. Kitobga 1917 – 1940-yillarda faoliyat yuritgan va qatag‘onga uchragan 40 nafar xodim haqida ma’lumotlar kiritildi. Unda qatag‘on davrining qurboni bo‘lgan prokuratura xodimlarining hayoti va faoliyati tarixiy hujjatlar va boshqa dalillar vositasida ochib berilgan.

Nafaqat soha vakillari, balki keng kitobxonlar ommasiga mo‘ljallangan mazkur kitob el-yurt manfaatlari uchun jonini tikkan ajdodlarimiz ruhiga bugungi avlodning hurmat va ehtiromi ifodasidir. Qolaversa, yoshlarimiz ongiga Vatanga muhabbat, xalqqa sadoqat, halollik, odillik kabi tuyg‘ularni yanada chuqur singdirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi, degan umiddamiz.

Xulosa sifatida Prezidentimizning quyidagi so‘zlarini keltirish o‘rinlidir: “Xalqimiz asrlar davomida og‘ir sinovlarda, bosqinchi va yovuz kuchlarga qarshi mashaqqatli kurashlarda bukilmas iroda va jasorat namunasini amalda namoyon etib kelgan.

O‘z ozodligi, erkinligi yo‘lida kurashib, behisob qurbonlar bergan ota-bobolarimiz jasorati xotiramizdan hech qachon o‘chmaydi”.

Nig‘matilla YO‘LDOSHEV,

O‘zbekiston Respublikasi

Bosh prokurori