January 7

JARIDA VA MAJALLA  

Siddiqiy-AJZIY

O‘tgan asrlardagi ulamo va shuarolarimiz tarafidan turli lisonlarda va turli shevalarda jild-jild kitoblar, risolalar va devonlar tasnif va tahrir buyurilgan bo‘lsa ham, asri hozir ulamolari orasida hanuz suyub lazzat va muhabbat ila o‘qugan kishi ko‘rilmagan edi. Durust ba’zi birlari o‘qur va mutolaa ham qilurlar. Lekin, o‘qub bo‘lar bo‘lmas uyning toqchasiga tashlarlar. Andin mutaassir bo‘lmak va sohibi kitobning maslaklaridan voqif bo‘lub bahramand bo‘lmak va oning maromincha amal qilmakka u qadar ahamiyat bermas edilar. Ahodisi sharifa va kutubi mutabarrukaning har tarafini diqqat nazari ila boqub dini mubin islom muhofazasi va baqoyi millat maqsadi ila taammuq nazar qilmagan zotlar nihoyatda ozliqlari sababli Turkiston aholisi orasida hadisi sharif va udaboyi mutaqaddim kalomlaridagi ma’nilarni nazarda tutub ibratlanmak kabi maqsudlarga noil bo‘lmaganlar ko‘bdir.

O‘tgan azizlar va salafi solihiynlarning maqsadlari ila zamoni hoziradagi jarida va majallalarning muddao va maslaklari nazari umumiy tarafidan haqiqatan birdir. Bularning vazifalari Qur’oni Karim va hadisi sharif mazmuniga muvofiq targ‘ibi ilm va ma’rifat, din va dunyo ma’muriyatini o‘z lison va shevasi ila ochuqdan-ochuq umum anglarliq darajada bayon qilmakdir. Har yerda bo‘lgan voqealarni kishiga ta’sir qiladirgan va tanbeh beradirgan xabarlarni zikr qiladir. Xulosa: har majalla va jarida o‘z sheva va o‘z maslagi ila olam murodiga savq qiluvchi bir xodimdir.

Masalan Qozonda muntashir “Ad-din val-adab” ila Orenburg‘dagi “Sho‘ro” majallasini olayluk. “Ad-din val-adab” ulamoyi kirom qoshlarida shoyistayi marg‘ub va matlub bo‘lub, oyati Qur’oniya va ahodisi sharifani tafsir va tarjimasi ila yana bir necha zaruriyati diniyadan bohis bir majallayi mufidadir. “Sho‘ro” esa ismiga muvofiq bir ruh g‘azosidek ma’nolarni hoviydir. Afsuski, bizim Turkistonimiz aholisidan bir necha adaddan ziyodalari buningdek majallalardan istifoda qilmaydirlar. Ajabo! Aholimiz jarida va majallalarni o‘qumoqdan muncha hazar qilur ekanlar, gunohdir deb shubhalari bormi? Bayt:

Majalla-maxzani irfon, jarida- maktabi fazl

Bu ikki naqd gironmoyadan-da, biz mahrum.

5-numru “Sadoyi Turkiston”da ikki-uch asarli xabarlarni ko‘zdan kechurdim. Namanganda janob Is’hoqjon afandining xatna bobida urf-odatdan chiqmoqg‘a qilg‘on jasoratlari ham masjid maktab binosiga qilgan iqdomlari, qozixona jome’ sharifida janob To‘raxon afandining jumaning farzidan ilgari qilgan va’zlari va Mirzo Hamdamboyning madrasa yonida maktab bino qilmoq xabarlari…

Ko‘b muddatdan beri qo‘l­lari­mizdagi kutubi muqaddasaga amal qilub ulamoyi kiromning muhim va’zlarini eshitgan bo‘lsak edi. Ushbu kundag‘i razolatlarga giriftor bo‘lmag‘on bo‘lur eduk. Manim bu so‘zlarni yozmakdan maqsudim: jaridadan xabardor kishilar ko‘b mutaassir bo‘linur ekanlar. Shul sababli oni taklifi hidoyat uchun bir xodim ekanligiga e’tiqod qilub ko‘broq rag‘bat qilmog‘larini munosib ko‘rurman.

“Sadoyi Turkiston” 1914-yil 21-son.

Nashrga tayyorlovchi:

Nodira EGAMQULOVA