SIZNING FIKRINGIZ...
— Yangi 2024-yilning dastlabki yangiligi – “Jadid” gazetasining nashr etilishi bo‘ldi. “Jadid” barcha yurtdoshlarimizga muborak bo‘lsin!
— Qaytadan tashkil etiladimi, yo‘qdan bino bo‘ladimi, muhimi milliy matbuotda yangi nashr paydo bo‘ldi — “Jadid”. Bu nom jarangdor va e’tiborni tortadi. Jadidlar dasturiga qaraydigan bo‘lsak, adabiyot va publitsistika, san’at va madaniyat asosiy o‘rinda turgan. “Jadid” sahifalarida ham bu aniq ko‘rinadi. “Jadid”dan shaxsan mening umidim katta.
— Gazetalarni kirillda, lotinda bosilibdi deyishdan ko‘ra, ularning dizayni ustida ishlash kerakligi haqidayam gapirishimiz kerakdir. O‘zbekistonda xuddi shunaqa nusxada va shaklda 15 tacha gazeta chiqsa kerak. Agar undan ko‘p bo‘lmasa.
Boshqalarni bilmadim, auditoriyani jalb qilish uchun ham hozirgi kunda gazeta dizayni juda muhim. Shu bilan birga, dizayner ham o‘z ustida doimiy ishlab, izlanishda bo‘lgani yaxshi.
— “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi o‘z davrida turlicha nomlangan, ya’ni inqilobiy o‘zgarishlar bu gazetada ko‘p bo‘lgan. Eng muhimi, u bugun yangi nom bilan 700-800 nusxada emas, balki yigirma mingga yaqin adadda chop etilayotir.
Asosiy masala gazetaning qo‘lma-qo‘l o‘qilishida, o‘z o‘quvchilarini topishdadir...
— Yangi gazetaning shov-shuvini eshitib o‘qigim keldi. Lekin topolmadim. Tezroq elektron versiyasini yo‘lga qo‘yinglar. Telefonda bo‘lsayam o‘qib turaylik.
— Gazetalar “davri” yana qachonlardir qaytishi kerak. “Jadid”chilar jamoasiga ijodiy barkamollik tilayman. Iloji bo‘lsa, nashr soni ko‘payib, har bir xonadonga kirib borsa... Elektron shaklini yoritish masalasini ham o‘ylab ko‘rish kerakmikan. Faqat obuna bilan cheklansa, gazeta yuksalishi qiyin hozirgi vaqtda. Ya’ni ijtimoiy tarmoqlarda faollashish maydonini yaratish kerak.