January 7

TINIQ OSMON, YASHIL MAKON  

Suv va havo inson hayoti va sog‘lig‘ini ta’minlaydigan eng zarur tabiiy omillar ekani ma’lum. Afsuski, bugun jahon ahli suv yetishmovchiligi hamda havoning ifloslanib borayotganidan tobora tashvishga tushmoqda. Ayniqsa, so‘nggi vaqtlarda poytaxtimiz havoning ifloslanishi bo‘yicha dunyoda yuqori o‘rinlarda turgani achinarli holdir.

Havoning ifloslanishi qanday salbiy oqibatlarga olib kelishi haqida o‘ylashning o‘zi kishining aqlini shoshirib, o‘ylantirib qo‘yishi aniq. Keyingi uch kunda Toshkent shahri havosi sifati (AQI) haqida berilgan ma’lumotda haftaning seshanba, chorshanba kunlari shahar havosi zararli, deb baholandi. Kezi kelganda, havoda PM2.5 zarrasining ko‘paygani xavfli ekanini alohida qayd etish joiz. Xo‘sh, nima uchun aynan ushbu zarraga ko‘proq e’tibor qaratilyapti? Gap shundaki, yirik zarralardan farqli o‘laroq, bu kichik zarra biologik to‘siqlarni yengib o‘tib, organizmga joylashadi va inson salomatligiga xavf tug‘diradi.

Ma’lum bo‘lishicha, bu zarraning manbai asosan transport vositalari, sanoat korxonalari, qurilishlar, asfaltning eroziyaga uchrashi, avtopokrishka, tormoz kolodkalarini yuvish tufayli, shuningdek, aksariyat hollarda, qishloq xo‘jaligida amiakli o‘g‘itlardan foydalanish oqibatida yuzaga keladi. Bu zarraning xavflilik darajasi yuqoriligiga sabab shuki, inson kundalik nafas olish jarayonida xavf-xatarni sezmaydi, ya’ni zarralar organizmda muntazam to‘planib boradi. Xo‘sh, shunday ekan, biz yurtimizni va o‘zimizni bu ko‘rinmas xavfdan qanday asrashimiz mumkin? Nazarimizda, birinchi navbatda, pala-partish qurilishlarni tartibga solish zarur. Buning uchun har qanday qurilish jarayonini yashil makon yaratish bilan birga olib borish zarur. Ayniqsa, ko‘p qavatli uylar oldida, har bir yo‘lak oldida ko‘kalamzor maydonchalar yaratishga zudlik bilan kirishimiz lozim. Shuningdek, chiqindilarni belgilangan konteynerlarga tashlash va ularning usti yopiq bo‘lishini nazorat qilish shart. Kelajagimiz osmoni musaffo bo‘lishini, farzandlarimiz sog‘lom va barkamol o‘sishini istasak, har birimiz yurtimizni yashil makonga aylantirishga hissa qo‘shaylik.

Go‘zal XALILOVA,

o‘qituvchi