“JADID” GAZETASI JAMOASI VA MUSHTARIYLARIGA
Avvalo, siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari xodimlarini, ilm-fan va madaniyat ahlini, barcha muhtaram ziyolilarimizni ijtimoiy-ma’naviy hayotimizdagi muhim voqea – “Jadid” gazetasining birinchi soni nashr etilishi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Ma’lumki, o‘tgan asr boshlarida, g‘oyat murakkab tarixiy sharoitda milliy ozodlik, uyg‘onish va taraqqiyot g‘oyalari bilan maydonga chiqqan ma’rifatparvar ajdodlarimiz o‘zlarining benazir salohiyati, noyob insoniy fazilatlari bilan fidoyilik va jasorat namunasini ko‘rsatdilar. Ularning tabarruk xotirasini e’zozlash, boy merosi, ibratli faoliyatini o‘rganish va targ‘ib etish bo‘yicha yurtimizda katta ishlarni amalga oshirmoqdamiz.
O‘tmishda jadidchilik harakati markazlaridan biri sifatida shuhrat qozongan Vatanimizda bugun shu nomda yangi gazetaning faoliyat boshlayotgani bu boradagi ishlarimizning yana bir amaliy natijasi, tarixiy adolat tantanasi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
O‘lkamizda ilk milliy matbuot nashrlariga asos solgan ma’rifatparvar jadid bobolarimiz gazetani “butun dunyodagi madaniy millatlarning hayot yo‘llari, olamdagi darajalari hamda insoniyat taraqqiysining eng yuqori pog‘onasiga erishmoq uchun lozim bo‘lgan sa’y va harakatlari to‘g‘risida bir-birlari bilan maslahat va kengash qilmoq uchun bag‘oyat zarur bir vosita” deb bilganlar.
“Jadid” gazetasi ana shunday ezgu an’analarni davom ettirib, ulug‘ ajdodlarimizning Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi bilan mushtarak bo‘lgan g‘oya va dasturlarini atroflicha yoritish, bu qutlug‘ merosni el-yurtimiz, birinchi navbatda, yoshlarimizning qalbi va ongiga yetkazishda, jamoatchilik fikrini shakllantirishda o‘ziga xos erkin minbar bo‘ladi, deb ishonaman.
Ana shunday sharafli va mas’uliyatli vazifani ado etishda gazeta jamoasi va uning mualliflariga yutuq va omadlar, barcha mushtariylariga esa yuksak ijtimoiy tafakkur yor bo‘lishini tilayman.