January 7

VATAN — YURAKLARGA BERILGAN KENGLIK  

Abdulla SHER,

O‘zbekiston xalq shoiri

Cho‘lpon

Bo‘lolmadi “oqilu dono”,

O‘tga otdi ayamay o‘zni.

Shon-shuhratdan ko‘rdi u avlo

“Ozodlik!” deb atalgan so‘zni.

Sindirishgach gugurt cho‘pini,

Umri bilan yoqdi gulxanni

Va hilolga ilib do‘ppini,

Chiqib ketdi yulduz tergani.

* * *

Fayzulla Xo‘jayev xotirasiga

Tarixning qorong‘u yo‘laklaridan

Jilmayib boradi yop-yorug‘ inson,

Shafaqqa o‘xshagan kuraklaridan

Qotgan qon shaklida boqadi zamon.

Qo‘rqmagan ko‘krakning kuraklari bu,

Xiyonat pichog‘in jim kutib oldi.

Buyuk Turkistonning ertaklari bu,

Qotgan qon shaklida abadiy qoldi!

* * *

Vatan – yuraklarga berilgan kenglik.

Qichqirib, chiranib, ko‘krakka mushtlab,

Yalang‘och shovqinga ko‘mmaylik nomini.

Vatan – yuraklarga berilgan kenglik.

Shivirlab kuylaylik Vatan haqida

Navbahor kuni

Po‘stlog‘idan kechgan kurtakka o‘xshab.

Shivirlab so‘ylaylik Vatan haqida

Uzoq qish tuni

Oq tongni uyg‘otgan ertakka o‘xshab.

Shivirlab o‘ylaylik Vatan haqida

Tilsim deb uni,

Farhodga aylangan go‘dakka o‘xshab.

Vatan – yuraklarga berilgan kenglik...

G‘oya

Sen kelmasdan dunyo oq edi,

Oppoq edi barcha narsalar.

Ko‘nglim tog‘u vaqtim chog‘ edi:

Labda – kulgu, qo‘lda – qarsaklar.

Sen kelding-u, bari qolib jim,

Olachalpoq tushga aylandi.

Butun olam jo bo‘lgan kaftim

Qil ham sig‘mas mushtga aylandi.

So‘ng men sodda, yumshoq paytlarni

Ko‘mib keldim olis tomonga.

Olib chiqdim qaysar baytlarni

Zamon degan ko‘hna maydonga.

Oqqush edim, rom etdi qoya –

Men burgutga aylanib qoldim.

Tog‘ ekansan, ey yuksak g‘oya,

Yuksaklarga boylanib qoldim.

* * *

Ustoz Abdulla Qodiriy va

undan avval o‘tgan barcha buyuk

Abdullohlarga

Abdullohlar juda ko‘p o‘tgan

Bu dunyoda men ham Abdulloh.

Ular menga ishonib, kutgan,

Men ulardan qarzdorman, Alloh!

Jangnomadir ular hayoti,

Matonatga ism har biri.

Botinida qolgan faryodi

Bu olamda sirlarning siri.

Ular tutdi buyuk ko‘ksini

Yurtu iymon himoyasiga.

Hatto tarix boqar o‘ksinib

Kechmishlarning hikoyasiga.

Ta’qiblaru surgunu zindon...

Erkka tashna tillar cho‘g‘landi.

Hayhot, ular tug‘ilgan zamon

Qatl o‘qlari zimdan o‘qlandi.

Jaholatga qayraldi tig‘lar,

Hukm ahlining farmoni bajo:

So‘z tovushdan ayrilib yig‘lar,

Ho‘ngrab yig‘lar har bitta hijo.

Toptab o‘tdi nasru nazmni

Goho etik, gohida tuyoq,

Yodga chizar ular rasmini

Fojiadan qorilgan bo‘yoq.

Yillar oshib, asrlar oshib,

Tikiladi menga ul ko‘zlar

Va chiqar-u qalbimdan toshib,

Yorib tashlar qalamni so‘zlar.

O‘rtanadi ichu tashlarim,

Yig‘lay boshlar she’rga tomgan yosh...

Siz tinch yoting, men, adashlarim,

Siz uchun ham ko‘targanman bosh!

Bedorlik

Yangilanar yil har yil,

Biz esa – eski.

Qarimaydi garchand til,

So‘z esa – eski.

Eslatadi qirovni

Sochlardagi oq.

Izlasak bir-birovni,

Xotira – chiroq.

Oh, u kunlar, u kunlar

So‘zga ko‘chmaydi,

Gulxan bo‘lgan uchqunlar

Ko‘kka uchmaydi.

Endi yurakmas, ko‘proq

Titraydi qo‘llar.

Tunlari qilar so‘roq

O‘tilgan yo‘llar.

Garchand ko‘zni yumamiz,

Uyqu esa – yo‘q;

Uyqu qochar – quvamiz,

Tovonimiz cho‘g‘.

Biz qo‘shiqlar to‘qidik

Yot ohanglarga;

Ba’zan she’rlar o‘qidik

G‘irt garanglarga.

Hammasidan yumib ko‘z,

Unutay desak,

Dard haqida boshlar so‘z

Bo‘yalgan kesak.

Kesaklar orasida

Tosh bo‘lolmasmiz.

Yana qayta rasida,

Yosh bo‘lolmasmiz.

Bu dunyo o‘zi nima? –

Bilolmadik hech.

Evoh, biz chiqqan kema

Suvga tushdi kech.

Ters qo‘yilgan narvondek

Yopishmay tomga,

G‘urubdagi karvondek

Boramiz shomga.

Gulni kuylaydi olam

Cho‘pdan yasab soz...

Lekin yaxshi gaplar ham

Ko‘p bo‘lgani rost.

Shukrona aytsa bo‘lur,

Shukrona ham – baxt.

Yuzimizga sochar nur

Yorug‘lashgan Vaqt.

Nihoyat nasim kirar

Quvib qayg‘uni,

Kiprikka tutib berar

Qochgan uyquni.