April 17, 2023

Baqara surasi, 153-oyat tafsiri

https://t.me/qurondan_oyatlar1/536

Islom ummatiga Alloh taolo ulkan mas'uliyatni - butun dunyoni ilohiy yo'lga da'vat etishni yuklagan. Bu juda ham mashaqqatli ish. Bunday ulkan mas'uliyatni ado etish uchun kamida shunday ulkan sabr kerak bo'ladi. Shu bois, Allohushbu oyatda mo'min bandalarini sabr-toqatga chaqirmoqda. Qur'oni Karimda sabrga da'vat ko'p takrorlanadi. Chunki Allohga toatda ham, gunohdan saqlanish, yo'ldagi to'siqlarni yengish uchun ham, zaiflik kelib qolganda ham, havoi nafsni jilovlash uchun ham sabr kerak va hokazo. O'tgan ulamolarimizdan birlari sabrni umumiy tarzda uchga bo'lganlar: Birinchisi: Alloh harom qilgan narsalardan va gunohlardan saqlanishga sabr. Ikkinchisi: toat va qurbat hosil gilish uchun sabr.Uchinchisi: yetadigan musibat va qiyinchiliklarga sabr. Demak, mo'min-musulmon banda mazkur qiyinchiliklarni yengish uchun katta miqdordagi sabrga ega bo'lishi kerak. Ammo hamma narsaning chegarasi bo'lganidek, gohida sabr ham tugashi, susayishi mumkin, bunday holatda namoz yordamga keladi. Namoz bitmas-tuganmas yordamchi, kuchga-kuch, quvvatga-quvvat baxsh etuvchi, qalbga madad beruvchi, sabrga-sabr qo'shuvchi, sokinlik va xotirjamlik manbaidir. U ojiz, zaif odamni quvvat va yordamning asl manbai bo'lmish Alloh taologa bog'lovchi vositadir. Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalom qachon bishdan tashvishga tushsalar, namoz o'qishga shoshilar edilar. Shu, Alloh taolo qiyinchilik va mashaqqatlar ostonasida turgan Islom ummatini sabrga va namozga chaqirmoqda. Va ortidan:

«Albatta, Alloh sabrlilar bilandir», deb ta'kidlamoqda. Payg'ambarimiz Muhammad alayhissolatu vassalom hadislaridan birida: «Mo'minning ishi ajoyib, Alloh unga nimani qazo qilsa ham yaxshilik bo'ladi. Xursandlik yetsa, shukr qiladi - yaxshi bo'ladi. Musibat yetsa, sabr qiladi - yaxshi bo'ladi», deganlar. Imom Termiziy rivoyat qilgan boshqa bir hadisda, odamlarga aralashib, ularning ozorlariga sabr qilgan musulmon ularga aralashmaydigan va ozorlariga sabr qilmaydigan musulmondan yaxshidir, deganlar. Madinai Munavvarada Payg'ambar alayhissalom atroflarida birikib, alohida xususiyatlariga ega bo'lgan jamiyat qurgan musulmonlar o'zlariga yetgan ulug' ne'matni - Allohning dinini, Islomni dunyoga tarqatish uchun uzoq va mashaqqatli kurash oldida turganliklari e'tiboridan Qur'oni Karim ularni bu ishga ruhiy-ma'naviy tomondan tayyorlash uchun bo'lg'usi qiyinchiliklarga qanday munosabat etish yo'llarini ko'rsatadi.