BOYSUN TUMANIDA “VATANPARVARLAR” HARBIY-SPORT MUSOBAQALARINING TUMAN BOSQICHI O‘TKAZILDI
Yoshlarni harbiy-amaliy sport musobaqalariga keng jalb etish, harbiy va psixologik tayyorgarlikka ega, buyuk ajdodlarimiz kabi mard, jasur, halol, jismonan baquvvat, bilimli, vatanparvar, qiyin va ekstremal vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanish ko‘nikmalarini egallagan barkamol avlod etib tarbiyalash maqsadida 2021-yildan mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri kubogi uchun “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Joriy yilning 4 aprel kuni Boysun tumanidagi Alpomish markaziy o‘yingohida tumandagi umumta’lim maktablarining 10-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalarining tuman bosqichi o‘tkazildi.
Ushbu musobaqada Janubiy operativ qo‘mondonligi tasarrufidagi Termiz garnizoni harbiy xizmatchilari, tuman hokimligi, tuman mudofaa ishlari bo‘limi, xalq ta’limi bo‘limi, O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi, bolalar va o‘smirlar sport maktabi, madaniyat bo‘limi, favqulodda vaziyatlar bo‘limi hamda umumta’lim maktablari o‘qituvchilari hamda 10-11-sinf o‘quvchilari ishtirok etishdi.
Dastalab ishtirokchilarga hamda Boysun tuman yoshlariga Termiz garnizoni harbiy qism harbiy xizmatchilari tomonidan harbiy qismda mavjud zamonaviy quro-yaroqlar ko‘rgazmasi hamda qo‘l jangi jamoasining jangovar chiqishlari namoyish etildi.
Mamlakatimizning barcha hududlarini qamrab, uch bosqichda o‘tkazilayotgan “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalari intellektual bilim, yuksak jismoniy tayyorgarlik, boy tajriba va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan harbiy xizmatchilarning yangi avlodini tarbiyalashga qaratilgan bo‘lib, unda o‘quvchi-yoshlar musobaqa nizomiga muvofiq “Safda qo‘shiq aytish”, “Temur tuzuklari”, “Mohir mergan”, “Harbiylashtirilgan estafeta”, “Jabrlanuvchiga birinchi yordam ko‘rsatish” shartlari bo‘yicha o‘zaro bellashadilar.
Yoshlarni ham jismonan, ham ma’nan yetuk, buyuk ajdodlarimizga munosib etib tarbiyalashda, ularda Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘ularini yanada oshirishda bu kabi musobaqalar muhim ahamiyatga ega ekani amalda o‘z isbotini topdi.
-Ushbu musobaqa yoshlar uchun iroda va mahorat sinovi bo‘ldi deydi,- harbiy qism komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari mayor Jamoliddin Mirzayev.
Nihoyat, murosasiz, qizg‘in bahs-munozaralar natijasiga ko‘ra «Vatanparvarlar» harbiy-sport musobaqasida uchinchi o‘rinni5-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining «Burgutlar» jamoasi, ikkinchi o‘rinni 3-sonli umumo‘rta ta’lim maktabining «Yosh gvardiyachilar» jamoasi qo‘lga kiritdi va 28-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining «Shunqorlar» jamoasi esa faxirli birinchi o‘rinni olib viloyat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
«Eng mohir mergan» nominasiyasida Jasmina Tursunova (5-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktab), «Eng kuchli sportchi» nominasiyasida Samandar Tursunov (6-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktab), «Amir Temur tuzuklari bilimdoni» nominasiyasida Og‘abek Sattorov (3-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktab) g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Birinchilikni qo‘lga kiritgan jamoa va nominasiya g‘oliblariga kubok, diplom va esdalik sovg‘alarni Tuman hokimligi va harbiy qism komandiri topshirdi.