𝕌𝕟𝕨𝕒𝕟𝕥𝕖𝕕 𝔸𝕥𝕥𝕖𝕟𝕥𝕚𝕠𝕟
Bugun Y/N odatdagidan ancha erta uyg‘ondi. Ko‘zlarini ochgan zahoti yuragidagi og‘irlikni his etdi. U kechagi tahdid, Jiminning shafqatsiz so‘zlari va uning qilgan ishlarini yana bir bor yodga soldi. Ko‘ngli aynib, nafas olish qiyinlashdi. Biroq vaqt yo‘q edi. U asta o‘rnidan turdi, har bir harakati qat’iyatli edi.
Jamadonini olib, faqat eng kerakli narsalarni yig‘di. Yuragi ezilib borsa-da, o‘zini majbur qildi — bu uy uni bo‘g‘ayotgan edi.
U eshikni ochdi, zinaga qadam qo‘yganida, ikkinchi qavatdagi koridorda Suga unga qarab chiqib keldi. Uning qiyofasi har doimgidek sokin edi, lekin Y/Nning qo‘lida jamadonni ko‘rgach, ko‘zlarida yilt etgan hayratni yashira olmadi.
—Ko‘chib ketyapsanmi?.. — dedi u past ovozda, qiziqishini yashirishga uringan holda.
Y/N to‘xtadi. Bir lahza sukut saqladi. So‘ng, yuragidagi alamni yutib:
—Ha. Uyimga qaytayapman. Endi, ehtimol, bu yerga umuman qaytmayman, — dedi.
Suga bir zumda o‘zini yo‘qotgandek bo‘ldi. Y/Nning ko‘zlariga tik boqdi.
—Nima deding?.. Nega?.. Bu… u sabablimi?.. — dedi, ohangida qiziqish va beparvolik aralashib.
Y/N boshini egdi. Uning yuragi og‘riq bilan qisilardi.
—Ha... Men ketishim kerak.
Soxta jasorat bilan ko‘zlarini olib qochdi. U axir uni sevardi… Suga esa bundan bexabar edi. Har bir yolg‘on so‘z Y/Nning yuragini tilka-pora qilardi.
U zinadan tushib, Suganing yonidan o‘tib ketmoqchi bo‘ldi, lekin…
Suga to‘satdan uning bilagidan tutib qoldi. Qo‘li iliq edi, ammo Y/N bu iliqlikni his qilishdan qo‘rqdi.
—Kut… shunchaki ketib qolmoqchimisan?.. — dedi Suga ohangida yuragini yashira olmay.
Y/N hech narsa demadi. U shunchaki jim edi. Ko‘zlaridagi yoshlarni ko‘rsatmaslik uchun boshini burdi. Bu sukunat ularning orasida aytilmagan, ammo yurak bilan his etilgan minglab so‘zlarning o‘rnini bosardi.
Birdan orqa tomondan sovuq, qattiq va kinoyali ovoz eshitiladi:
—Sevgilim...
Y/Nning yuragi bir lahza to‘xtagandek bo‘ldi. U asta boshini ko‘tardi — zinaning narigi tomonida Jimin turardi. Uning ko‘zlari qotib qolgan, sovuq jilmayishi esa yurakni muzlatardi.
Suga hushyor turib, birdan hushsizlanayotgandek qotib qoldi.
Jimin sekin, mag‘rur yurib ularga yaqinlashdi. Nigohi bir zumda Sugadan Y/Nga o‘tdi, keyin yana Sugada to‘xtadi.
—Oh... siz Y/Nning qo‘shnisisiz shekilli, — dedi u ohangini buzmasdan. —U siz haqida menga ko‘p gapirgan. Tanishganimdan mamnunman. Men — uning yigiti. Jimin.
Y/N jim. Gapira olmadi. Qo‘llari titrardi.
Jimin hech qanday ogohlantirishsiz Y/Nning qo‘lini ushlab, o‘ziga tortdi. Harakati shunchalik tabiiy va hukmron ediki, Y/Nda qarshilik ko‘rsatishga na kuch, na jur’at qoldi.
—Sevgilim... — dedi Jimin, boshini egib, uning yuziga yaqinlasharkan. —Yaxshi uxlay olmadingmi?
Y/N jilmayishga urindi, ammo bu shunchaki maska edi.
—Yaxshiman... faqat... bu yerga o‘rganib qolgan edim, xolos...
Jimin jilmaydi. Lekin bu jilmayishda hech qanday iliqlik yo‘q edi. Faqat ogohlantirish, tahdid.
U yana Sugada nigoh qoldirdi — Suga jim, ammo qo‘llari musht bo‘lib siqilgan edi.
Jimin asta Y/Nning peshonasiga o‘pdi. Suga bu lahzada yuziga musht tushgandek bo‘ldi. Ammo jim qoldi.
—Qani, sevgilim. — Jimin pichirladi. — Uyga qaytamiz.
U Y/Nning chamadonini olib, uni belidan mahkam ushlab, hech qanday orqaga qarashsiz zinadan pastga olib tushdi.
Suga esa jim turganicha, yuragi portlab ketgudek bo‘ldi.
Y/N va Jimin zinadan tushib, padezdan chiqishgach, Jimin bir zumga to‘xtaydi. Uning qo‘li hanuz Y/Nning belida, lekin bu iliqlik emas, egallovchanlik edi. Ammo ko‘cha shamoli yuzlariga urilgach, Jimin darhol qo‘lini tortdi. Ko‘zlarida endi iltifot emas, sovuqqon nazorat hukm surardi.
—Yordamchim seni uyga olib boradi,—dedi u ohangida qatiy buyruq va sovuq beparvolik bilan, qo‘lini qora mashinaga ishora qilib. —Kechaga gaplashganlarimizni unutmaysan degan umiddaman… Ko‘rishguncha, kichik xonim.
U oxirgi so‘zlarni jilmaygancha aytdi, ammo bu jilmayish mehrli emasdi. Bu jilmayishda tahdid yashiringandi — nazorat, ustunlik, va biron nimani kutish. U ortiga o‘girilib o‘z mashinasiga qarab yurdi, darvozaning temir eshiklari silliq yopilganida, u allaqachon salonda joylashib, mashina motorining g‘uvillashi bilan ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Jimining yordamchisi jim-jit holatda Y/Nning jamadonini olib, mashina bagajiga joylashtirdi. Keyin esa orqa eshikni ochib, qo‘li bilan sal egilib Y/Nga qaradi.
—Marhamat, xonim.
Y/N ichidan bir og‘ir nafas oldi. Bu oddiy kuz bo‘lishi kerak edi ammo yuragida nimadir siqib turgandi. U mashinaga o‘tirarkan, oynadan tashqariga qaradi. Endi bu boshlangan o‘yin emas, bu qochib qutula olmaydigan haqiqat edi.
Oradan bir necha soat o‘tgach, nihoyat mashina sekin to‘xtadi. Y/N jimgina eshikni ochdi. Qorong‘ulik ichida uyning tanish siluetlari ko‘zga tashlandi hammasi o‘z joyida, o‘z holicha. Go‘yoki hech nima o‘zgarmaganday.
U sekin qadam tashlab uyga kirdi. Ichkariga kirmasidan turib ohangsiz ovozda chaqirdi:
—Men qaytdim... Otajon? Oyijon?
Oshxonadan taralayotgan pishiriq hidi bir zumda to‘xtadi. Keyin sharpaday harakat bilan onasi chiqib keldi. Uning ko‘zlari kattalashdi, og‘zi ochilib qoldi.
—Y/N... bu... bu rostan ham senmisan? — dedi u titroq ovozda.
Onasi yelib kelib uni mahkam quchoqlab oldi. Quvonch va hayrat orasida onaning ko‘zlarida yosh yaltiradi.
—Dadasi! Qizimiz qaytibdi! — deb qichqirdi onasi orqaga qarab, va yana Y/Nga qarab uning ko'ksini yengil o'rib qo'yadi.
—Nega kelishing haqida xabar bermading....
Bir zum o‘tib, otasi ham xonadan chiqdi. Yelkalari keng, yuzi charchoqdan cho‘kkan bo‘lsa-da, ko‘zlarida faqat mehr bor edi.
—Hoy, mening malikamni urma. Endi qaytganiga ham rosa jig‘ibiyron bo‘lyapsan, — dedi u Y/Nning onasiga yumshoq kinoya bilan, keyin Y/N tomon yurdi.
U qizining boshini siladi, ammo hech qanday savol bermadi. Bu sukutda «hammasini o‘zing aytishingni kutaman» degan ishora bor edi.
Y/N esa boshini pastga soldi. Ichidagi og‘irlik, ruhidagi charchoq va begonalik hissi bu tanish uyning devorlari ichida ham tarqamagandi. Ammo hech bo‘lmasa, bu yerda hech kim uni og‘zini bog‘lab olib ketmasdi.