𝕌𝕟𝕨𝕒𝕟𝕥𝕖𝕕 𝔸𝕥𝕥𝕖𝕟𝕥𝕚𝕠𝕟
Men 23 yoshda edim. Yangi kvartiramga ko‘chib o‘tganimda bu qarorning ortida katta sabab yo‘q edi. Men shunchaki mustaqil bo‘lishni istadim. O‘zimga tegishli bo‘lgan hayot, o‘zim yaratgan tinchlik — ana shuni orzulagandim. Ota-onamga bu haqda aytganimda, ular avvaliga qarshilik qilishdi. Tushunarli, axir yagona qizlari bir o‘zi yashashni xohlasa, bu har qanday ota-onani xavotirga soladi. Ammo vaqt o‘tib, ular qarorimni qabul qilishdi.
Men esa buni oson deb o‘ylagandim. Ammo mustaqillik – bu nafaqat erkinlik, balki mas’uliyat, tanish bo‘lmagan muhit, yolg‘izlik, va ba’zida... qo‘rquv ham ekan.
Yangi kvartira topish, ishga joylashish, begonalar bilan muomala qilish — bularning barchasi menga tanish bo‘lmagan dunyoni ochib berdi. Lekin men hayotim bu darajada o‘zgaradi, deb hech qachon o‘ylamagandim. Ayniqsa, u kvartirada kechalari eshitiladigan g‘alati erkak meni kuzatishni boshlamaguncha…
Yo‘l unchalik uzoq emas edi. Taksi orqali tez yetib bordim. Haydovchi bilan yo‘l-yo‘lakay Gongju haqida biroz suhbatlashdik. Shaharning sokinligi, qadimiy ruhga to‘la havosi, va shu yerda yashovchi odamlar haqida aytib berdi. U yaxshi insondek ko‘rindi. Bilmayman, balki hayotimdagi notanish, ammo iliq bir nuqta bo‘lgani uchundir — yuragimda mayin bir umid uchquni paydo bo‘ldi.
Kvartiramga yetib borgach, charchoq butun tanamni bosib oldi. Fikrimda faqat bitta narsa bor edi: narsalarni joylashtirib, tezroq uxlash. Bugun juda uzoq, zo‘r bergan kun bo‘ldi. Menga faqatgina tinchlik kerak edi.
Taksidan tushganimda meni eshik oldida bir ayol kutib oldi. U tabassum bilan menga qaradi, lekin nigohlarida g‘alati bir tanishlik, noaniq iliqlik bor edi.
— Salom, azizam. Oh, nihoyat kelding. Sen ancha ulg‘ayibsan. Men seni juda kichkina paytingda ko‘rganman — shu yerda, hovlida o‘ynab yurarding. Onang tez-tez meni uyimga seni olib kelardi.
Men hayrat bilan unga tikildim. Ochig‘i, u nima deyayotganini tushunmadim. Bu shaharga birinchi marta kelayotganimga amin edim.
— Ha-ha... ancha vaqt o‘tib ketdi, shuning uchun esingda bo‘lmasligi tabiiy, — dedi u xotirjam ovozda.
— Onang menga bu yerga ko‘chib kelayotganingni aytgandi. Men hozirgina bilib qoldim. Qo‘limdan kelganicha yordam beraman. Mana, bu kalitlar — sening kvartirang: 3-qavat, 12-xona. Mening kvartiram sening tepa qavatingda.
— Katta rahmat sizga, xonim. Chin dildan minnatdorman.
— Endi boraqol, joylashib, dam ol. Senga tinch tun tilayman...
U shunday deb, sekin burilib, zinadan yuqoriga ko‘tarildi. Eshik yopildi.
Ammo men hali ham o‘sha joyda, qo‘limda kalit bilan qotib qolgan edim. Uning aytgan gaplari... negadir... ko‘nglimda bezovtalik uyg‘otdi. Bu shahar — bu joy, va ayniqsa u ayol — menga g‘alati tanish tuyulgandi.
Men zinapoyadan yuqoriga ko‘tarilar ekanman, ikkinchi qavatga yetganimda bir erkak ko‘zimga tashlandi. U eshigini ochishga urinayotgan edi, kalitlarni kalitxonasidan chiqarib, qulfiga to‘g‘rilayotganida tasodifan yerga tushirib yubordi.
— Oh, kechirasiz... sizga yordam kerakmi? — dedim ehtiyotkorlik bilan.
Erkak birdan to‘xtadi. So‘zlarim havo ichida qotib qoldi. U asta egilib kalitlarni oldi, lekin boshini ko‘tarmay, g‘azab to‘la tovushda g‘o‘ldiradi:
— Tinchgina yo‘lingda davom etavermaysanmi, jin ursin...
Men dovdirab qoldim.
— Kechirasiz... men bu yerga endigina ko‘chib kelgan edim... shuning uchun...
Gapimni tugatishga ham ulgurmadim, u to‘satdan menga tik qaradi. Nigohi ogohlantiruvchi emas edi — u zo‘ravon, g‘azabli va hatto... xavfli edi.
— Menga bu umuman qiziq emas, — dedi u sovuq ohangda. — Devorlar juda yupqa. Agar shovqin qilsang, pushaymon bo‘lasan, qizaloq. Yodingda bo‘lsin: eshiklaringni doim qulflab yur. Bu atrofta g‘alati odamlar ko‘p...
U shunday degach, eshigini ochib ichkariga kirdi va eshik og‘irlik bilan yopildi.
Men esa yuragim tez ura boshlagan holda jim turib qoldim. Xuddi biror qora energiya tanamga singib ketgandek edi. Nafasimni rostlab, o‘zimni qo‘lga oldim.
— X-xo‘p... yodimda saqlayman... — dedim o‘zimga, ammo ovozim past eshitildi.
Uchinchi qavatga ko‘tarilib, kalitni topishga urinib kvartiram eshigiga bordim. Quloqlarim hanuz pastdagi erkakning sovuq ohangini eshitayotgandek edi. Kalitni titroq qo‘llarim bilan burdim.
Men kalitni burdim va eshik ohista g‘ijirlab ochildi. Ichkaridan sovuq havo yuzimga urildi. Yuragim hapriqib urardi. Ichkariga qadam qo‘ydim va eshikni orqamdan yopdim. Svetlarni yoqishga ham ulgurmadimki, qop-qorong‘i ichkaridan birdan bir erkak qarshimda paydo bo‘ldi.
—AAAAH! — qattiq baqirib yubordim. Qo‘limdagi jamadon sirg‘alib yerga tushdi va ichidagi buyumlar to‘kilib ketdi.
—Oh lanati! Kechirasiz, bu yerda kimdir bor deb o‘ylamagandim... — dedi u, qo‘llarini ko‘targancha, xuddi o‘zini oqlamoqchi bo‘lgandek.
Tanam muzlab ketdi. Nafasim qisilayotgandek bo‘ldi.
—S-siz... siz kimsiz? Bu yerda nima qilyapsiz? — ovozim titrab chiqdi, so‘zlarim o‘zimga ham notanish eshitildi.
—Men isitish tizimini to‘g‘irlayotgandim... — dedi u, asta orqaga bir-ikki qadam tashlab. — Uy egasi menga ertaga kelishimni aytgandi. Siz bugun kelasiz deb o‘ylamagan edim...
Men unga ishonmadim. Hali yuragim urishni bas qilmagandi, ammo og‘zimdan boshqa so‘z chiqmadi:
—Iltimos... chiqib keting. Hozir darrov.
Erkak boshini qimirlatdi, ammo nigohi baribir g‘alati edi. U orqasiga burilib, eshik tomon yurdi.
—Albatta... kechirasiz yana bir bor.
Eshik ochildi. Sovuq shamol yana kirib keldi.
U chiqdi. Eshik yopildi.
Men darhol qulfladim.
Bu oddiy voqea bo‘lishi mumkin edi. Balki chindan ham isitish tizimini tuzatishga kelgandir. Ammo nimadir... nimadir joyida emas edi.
Kvartira ichiga chuqur nafas olib yana bir qadam tashladim. Ichkarida sokinlik... va qorong‘ilik.
Men svetni yoqib, hali ham titrayotgan qo‘llarim bilan narsalarimni joylashtirishga harakat qila boshladim. Har bir harakatimda yuragim hali ham o‘z holatiga qaytmagandi. O‘zimcha tinchlanishga harakat qilayotgan edimki, birdan eshigim taqilladi.
Soatga qaradim — allaqachon 21:00 yaqinlashayotgan edi. Yuragim yana tez ura boshladi. Nafasimni bosib, eshik tomon yurdim. Sekinlik bilan ochdim.
Eshik ortida — o‘sha erkak. Ikkinchi qavatda uchrashgan sovuq nigohli qo‘shni.
—Men senga shovqin solma degandim, nega baqirding? Uyingdan ilon chiqdimi? — dedi u sovuq ohangda, ko‘zlarimga tikilib.
Men dovdiradim.
—M-men... ichkarida kutilmaganda odam chiqib qoldi... qo‘rqib ketdim...
U yelkasini qisib qo‘ydi, go‘yoki bunga parvo qilmaganday.
—Bu yerda odamlar tinchlikni qadrlaydi. Ayniqsa, men. Shovqin yo‘q bo‘lishi kerak.
Men boshimni egib, xijolat bilan gapirdim:
—Kechirasiz... endi bunday bo‘lmaydi.
U allaqachon ketishga hozirlanayotgandi. Shunda beixtiyor so‘radim:
—Ismingizni bilsam bo‘ladimi?
U bir zum jim qoldi. So‘ng sekin, silliq ohangda javob berdi:
—Suga.
Shunday dedi-yu, ortiga o‘girilib, zinapoyadan pastga tushib ketdi. Qadam tovushi asta-asta uzoqlashib bordi. Men esa joyimda qotib turdim. Uning ismi boshimda aylanardi: Suga.
Kvartiraga qaytib kirarkanman, eshikni ehtiyotkorlik bilan ichkaridan qulfladim. Yuragim hali ham tinchlanmagandi.