July 10

Death at the Threshold

1-qism

"Ostonadagi o‘lim" (Death at the Threshold)
Bosh qahramonlar:
Jeon Jungkook — 27 yoshda, dunyoni bosib olmoqchi bo‘lgan mafiyalar qiroli.
Han Yura — 19 yoshda, ota-onasi bilan yashovchi oddiy oila qizi.
Ertalab hammasi odatdagidek boshlangan edi. Yura har doimgidek o‘z ishlari bilan band edi. U bu kun hayotidagi eng oddiy, eng odatiy kunlardan biri bo‘lishini o‘ylagan, biroq aslida bu — hayotining eng oxirgi tinch kuni edi.
Yuraning ota-onasi va 11 yoshli singlisi — uning bor budini, butun olamini tashkil qilardi. Ular har tongdagidek birga nonushta qilishar edi. Televizorda esa odatdagi ertalabki yangiliklar ketayotgan edi.
Ammo bir zumda hamma narsa o‘zgarib ketdi. Televizordagi barcha kanallarda bir xil xabar paydo bo‘ldi.
Ekranda yuziga qora niqob taqqan noma’lum shaxs ko‘rindi. Uning ovozi sovuq va hissiz edi. U butun dunyoga tahdid qilardi:
"Agar menga bo‘ysunsangiz — rahm qilaman. Aks holda, bu dunyoni ostin-ustin qilaman!"

Shundan so‘ng u g‘ayritabiiy, vahimali kulgiga o‘xshagan bir tovush chiqardi. Bu kulgu oddiy kulgu emasdi bu odamning ruhsiz, yovuz fe’lidan dalolat berardi.
Xabar tugaganidan keyin barcha telekanallar yana o‘z holiga qaytdi.
Lekin o‘sha vaqtdan boshlab, hamma muammolar boshlanib ketdi…

Insonlar vahimada edi. Ko‘chalarda to‘polon, vahima, baqiriq-chaqiriqlar avj olgan edi. Hammaning rangi oqarib ketgan, nigohlarida qo‘rquv, chalkashlik, ishonchsizlik mujassam edi. Televizorda eshitilgan o‘sha tahdidli xabar odamlarni larzaga solgan edi.
Harbiylar va hukumat vakillari tinchlikni saqlashga urinar, xalqni tinchlantirishga harakat qilardi. Ammo bu urinishlar befoyda edi. Chunki berilgan muddat atigi 24 soat edi — undan keyin insoniyat taqdiri hal bo‘lardi.
Hukumat rahbarlari bu xabarga jiddiy yondashmadi. Ular buni bir guruh yaramas yoshlarning qilgan ishi, internetdagi yolg‘on tahdid deb o‘ylashdi. Ularning o‘zicha "aqlli" qarorlari esa halokatning boshlanishi bo‘ldi.
Ammo...
Ertasi kuni — hech qanday rasmiy javob bo‘lmaganidan g‘azablangan Jeon Jungkook, o‘zining eng yaqin odamlari orqali qurollanish va harakatga o‘tishni buyurdi.
Shundan so‘ng, yana barcha telekanallarda o‘sha niqobli inson chiqdi. Ammo bu safar uning ovozida sovuqqonlik emas, g‘azab bor edi. U endi hotirjam emasdi.

"Men sizlarga vaqt bergandim. Sizlar esa bu imkoniyatning qadriga yetmadinglar. Endi men so‘zimda turaman… va butun dunyoni ostin-ustin qilaman."

Bu so‘zlardan so‘ng yana o‘sha vahimali, ruhni titratadigan kulgu eshitildi — yurakni muzlatadigan, insoniylikdan yiroq tovush.
Shu lahzalardan so‘ng dunyo endi avvalgidek bo‘lmadi.
Shahar ko‘chalari qurollangan askarlar tomonidan o‘rab olingan, osmon esa qiruvchi samolyotlarga to‘lib ketgan edi. Ular duch kelgan har qanday joyga o‘q uzar, bomba tashlar edi. Jungkook urush boshlab yuborgan edi.
Shunday bombalardan biri Yuraning uyiga tushdi.
Yura o‘sha vaqtda universitetda darsda edi. U hali hech narsadan bexabar, oddiy dars mashg‘ulotida o‘tirgan edi. Telefoni esa tinmay jiringlar, xabarlar yog‘ilardi. Ustoz unga qattiq ohangda qaradi:
— Yoki javob ber, yoki o‘chir telefonni!
Yura hafsalasi pir bo‘lib telefoniga qaradi... va o‘sha daqiqalarda uning butun hayoti ag‘dar-to‘ntar bo‘ldi.
Ota-onasi va 11 yoshli singlisi — ularning barchasi halok bo‘lgan edi. Uyga tushgan bomba, ularni yer bilan yakson qilgan, tan jarohatlari esa ularni hayotdan olib ketgan edi...
Yura titray boshladi. U ko‘z yosh to‘ka olmadi. Og‘zidan bir og‘iz so‘z ham chiqmadi. Tomog‘iga nimadir tiqilib qolgandek edi. Nafasi qisildi. Yuragi shunchalik og‘ridi — u o‘ziga ishongisi kelmas, bu xabarni yolg‘on bo‘lishini istardi…

Ammo bu endi haqiqat edi.
Qaytib hech narsa o‘z joyiga kelmasdi.
U endi yolg‘iz edi.

Shu vaqtda butun shahar evakuatsiya holatiga o‘tkazildi. Barcha telekanallarda bo‘lib o‘tgan voqealar haqida, bu halokatlarga sababchi bo‘lgan sirli mafiyaning rahbari haqida gap borar edi. Endi u qaysi shaharga yo‘l oladi? Uning keyingi nishoni kim bo‘ladi? Bular haqida turli taxminlar yuritilar, ammo hech kim aniq javob bera olmasdi.
Ammo bu paytda Han Yura uchun bu yangiliklarning biror qiymati qolmagandi. Endi dunyo parchalanib ketsa ham unga farqi yo‘q edi.
U hanuz oilasining o‘limidan o‘ziga kela olmagan, ruhiy jihatdan tamoman vayron edi. Uning jonidan ortiq ko‘rgan singlisi atigi 11 yoshda edi. U hayotda Yuraning eng katta quvonchi, eng beg‘ubor xazinasi edi. Endi esa… bu baxt undan abadiy uzilgan edi.
Shahar haligacha notinch edi. Portlashlar, o‘qlar ovozi, ko‘cha-ko‘yda qochayotgan odamlarning vahimali qiyqiriqlari — bularning barchasi jahon urushi tasvirini eslatardi. Har tarafda yaradorlar, halok bo‘lgan odamlar yotar edi. Son-sanoqsiz.
Kasalxonalar to‘lib ketganligi sababli, Yuraning universiteti vaqtincha evakuatsiya markaziga aylantirildi. Ana shu yerga shahar aholisi joylashtirildi.
Yura endi hech kimsiz qolgan edi. Na unga quchoq ochib yupatadigan ota, na boshi silab erkalatadigan ona, na quvonch bilan bag‘riga yopishadigan singlisi bor edi. U doimo mustahkam, irodali, sinovlarga qarshi kurashuvchi qiz edi, ammo hozir… bu dunyoda yolg‘iz edi. Shu qadar tushkunlikda ediki, na tashqarida bo‘layotgan urush, na boshqa voqealar unga ta’sir qilardi.
Kecha u yashagan uy kulgu, mehr va iliqlik manbai edi. Bugun esa… kuldan boshqa hech narsa qolmagandi.
Shunga qaramay, Yura taslim bo‘lishni istamadi. U hayot uchun kurashishga qaror qildi. Endi unda faqat bitta maqsad bor edi — yaqinlari uchun qasos olish.
Endi Yura avvalgiday quvnoq, ochiqko‘ngil qiz emasdi. Bo‘lib o‘tgan voqealar uni bir kechada o‘zgartirib yuborgan edi. Ichki og‘riq uni harakatga undar, g‘am esa uni yanada sovuq va matonatli qilgan edi.
Nima qilish kerakligini bilmasa-da, u yordam qo‘lini cho‘zayotgan tengdoshlariga qo‘shildi. Universitet hozirda shifoxona vazifasini o‘tardi — yaradorlar shu yerga keltirilayotgan edi. Yura ham ko‘ngilli hamshira sifatida faoliyat boshladi.
Bu ishlar unga azoblarini unutishga, ichidagi bo‘shliqni to‘ldirishga biroz bo‘lsa-da yordam berardi. Lekin ich-ichidan u baribir yolg‘iz edi.
Shifoxonada ishlayotganda u doim turli mish-mish gaplarga duch kelardi. Bu gaplarda mudofaa kuchlari yengilayotgani, askarlar yetishmayotgani, va hattoki, hukumat ayollarni — hatto talabalarni ham armiya safiga olishni rejalashtirayotgani haqida so‘z yuritilardi...

Yura bu gaplarga ishonmaslikka harakat qilardi.
Lekin yuragi allaqachon his qilgan edi: bu urush hali tugamagan.
Bu faqat boshlanish edi.

Mualif: Gulnora🤍