BLOOD LOVE
Shaharning aynan badavlatlar yashaydigan qismida ulg‘aydim. Hashamatli uyimiz "Kim"lar oilasining ko‘rki edi. Oilamizdagi yagona farzand edim, lekin hech qachon 19 yoshli qizga o‘xshamasdim. Balki bu otamning meni malika kabi katta qilgani uchundir.
Hayotimda biror marta ham qiyinchilik ko‘rmaganman. Go‘yo oppoq sharlar ichida, orzularga burkangan qizcha edim va butun hayotim ham xuddi shunday shirin davom etadi deb o‘ylardim. Hayotim faqat iste’dodlarimni oshkor qilish, har xil to‘garaklarga borish va o‘zimni rivojlantirish bilan o‘tgan.
Tonggi quyosh nurlari derazam orqali yuzimni yoritganda ko‘zlarimni ochdim. Men har doim erta uyg‘onishga odatlanganman, hatto haftaning dam olish kunlarida ham. Bu odatim go‘yo o‘zgarmas qoida edi. Ko‘zlarimni ishqalab, ohista cho‘zildim va kunni odatiy tartibda boshladim.
Yolg‘iz nonushta qildim. Ota-onam muhim ish safari tufayli Amerikaga ketishgan, shuning uchun butun hafta uyda yolg‘iz qolaman. Odatda, otamning haydovchisi meni o‘qishga olib boradi, lekin men har doim mustaqil bo‘lishga intilganman. Shuning uchun bugun ham o‘qishga o‘zim borishga qaror qildim. Ko‘chaning boshigacha piyoda bordim va taksi to‘xtatdim.
Bugun ham o‘qish kunim odatdagidek zerikarli o‘tdi. Hech qanday o‘zgarish, hech qanday hayajon... Darslar tugashi bilan sumkamni yig‘ishtirayotganimda eng yaqin dugonam Rosé oldimga keldi.
— Bugun va’dangni bajarasanmi? — dedi u kulimsirab.
Men bir lahzaga to‘xtab qoldim. O‘qish bilan band bo‘lib, unga bergan va’damni butkul unutgan edim.
— Qanday va’da haqida gapiryapsan? — hayron bo‘lib so‘radim.
Rosé qoshini chimirib, menga jiddiy qarab turdi-da, so‘ng yengil jilmaydi.
— Nahotki shunchalik tez unutding? Axir bugun uyimda kichik bayram bo‘ladi! Kelishing shart… Va’da bergansan!
Uning ovozida hazil aralash shijoat bor edi. Ammo men bu vaziyatda qanday yo‘l tutishni bilmay qoldim. Ha, unga borishga va’da bergan edim, lekin ota-onam ruxsat bermagan.
— Kechir, Rosé, bugun bora olmayman... Otam juda qattiqqo‘l, buni bilasan-ku, — dedim noiloj.
Roséning yuzidagi quvonch o‘rnini tushkunlik egalladi. U hech narsa demay sinfdan chiqib ketdi. Men uni to‘xtatmadim. U juda qaysar va tez hafa bo‘ladigan qiz edi. Lekin nima qilay? Otamga qarshi chiqa olmasdim. Men har doim uning aytganlarini qilib kelganman.
O‘qish darvozasidan chiqqanimda, otamning haydovchisi Felix meni kutib turganini ko‘rdim.
— Felix, bugun o‘qishdan erta chiqishimni qayerdan bilding? — hayron bo‘lib so‘radim.
Felix kelishgan yigit edi. To‘g‘risi, menga bo‘yi baland, o‘ziga ishongan yigitlar yoqardi. U otamning eng ishonchli haydovchisi edi. Taxminimcha, otam uni men o‘rta maktabda o‘qib yurgan paytlar ishga olgan.
— Otang menga seni bugun uyga olib borishimni aytdi, — dedi Felix va mashinaning yo‘lovchi eshigini ochdi. — Qani, Y/N, o‘tiring.
Men sukut saqlagancha mashinaga chiqib o‘tirdim. Derazadan tashqarini tomosha qilib ketayotgandim, Felixning menga sinchkovlik bilan qarayotganini sezdim.
— Biror narsa bo‘ldimi? Kayfiyating yo‘qdek, — dedi u qoshini chimirib.
Men unga javob berishni istamasdim. Chunki Felix bilan gaplashganimda, har safar gap otamga yetib borishini bilardim.
— Hech narsa bo‘lmadi, shunchaki biroz charchadim, — dedim beparvo ohangda.
Felix indamay bosh irg‘adi va yo‘lida davom etdi. Men esa derazadan tashqariga termilib, o‘yga cho‘mdim...
— Felix, bugun meni kutubxonada qoldira olasanmi? Bugun kutubxonaga borishni rejalashtirgandim, — dedim unga savol nazari bilan qarab.
Aslida, kutubxonaga borish rejam yo‘q edi. Lekin uyga qaytishni istamaganim uchun shu bahonani o‘ylab topdim. Baribir uyda hech kim yo‘q, yolg‘izlik esa meni zeriktirardi.
— Xo‘p, unda seni kutubxonaga olib boraman, — dedi Felix.
U mashinani boshqa ko‘chaga burdi va yo‘lida davom etdi.
* * * * * * * * *
Felix meni kutubxona binosi oldida qoldirib ketdi. O‘ylaganimdek, u mendan shubha qilmadi. Men uning xarakterini yaxshi bilganim uchun kutubxonaga kirib ketdim—u meni kuzatishi mumkinligini taxmin qilgandim.
Ichkariga kirib, biroz kitob javonlari orasida yurdim. Atrof sokin, odatdagidek tinch edi. Bir necha daqiqa vaqt o‘tkazgach, hech kim menga e’tibor bermayotganiga ishonch hosil qildim va asta-sekin orqa eshik tomon yo‘l oldim.
Eshikni ochdim va shoshilinch ravishda tashqariga chiqib ketdim.
Shahar ko‘chalarini biroz aylanib, yo‘l-yo‘lakay bir finjon qahva ham sotib oldim. Birdan telefonim jiringlab qoldi.
"Ah, bu qahva juda issiq..."
Qahvani bir qo‘limga olib, sumkamdan telefonimni chiqarayotganimda tasodifan bir erkakka urilib ketdim.
"Jin ursin, Y/N, hammasiga o‘zing aybdorsan! Shunchaki ko‘chaning bir chetiga chiqib, keyin javob bersang bo‘lardi-ku!"
Qo‘limdagi qahva erkakning kiyimiga to‘kilib ketdi, hatto qo‘lim ham qizib ketdi.
Erkak yengil shivirlagancha tisarildi va kiyimiga qaradi. Uning qoshlari chimirilgan, ko‘zlari esa menga tikilgan edi. Ichimda vahima boshlab yubordi.
"Voy, kechirasiz! Men—men shunchaki..." Gapimni tugata olmadim, chunki u shunchalik sovuq nigoh bilan qaradiki, tilim kalimaga kelmay qoldi.
Erkak teran nafas oldi va ustidagi qahva tomchilariga qarab qo‘ydi. "Keyingi safar ehtiyot bo‘ling," dedi u qattiq, ammo baribir osoyishta ohangda. Keyin, cho‘ntagidan oq mato chiqardi va sekin kiyimiga bosdi.
Men shoshilib sumkamdan qog‘oz sochiq oldim va unga uzatdim. "Rostdan ham afsusdaman, sizni shunday iflos qilib qo‘ydim."
U bir lahzaga menga tikildi, so‘ng qog‘oz sochiqni oldi. "Muammo yo‘q."
Shu payt telefonim yana jiringladi. Uning kimligini ham tekshirmasdan tezda javob berdim. "Alo?"
"Nega telefoningni olmayapsan?" tanish ovoz eshitildi.
Bu ovozni eshitib, yuragim yana ham tez ura boshladi. Axir bu...Felex edi, men unga nima deb javob berishni bilmadim va haqiqatni aytim.
"O‘sha joyingda tur," dedi Felix jiddiy ohangda. "Hozir seni olib ketaman."
"Men... yaxshi, tushunarli," dedim yutinib. Telefonni o‘chirib, yana oldimda turgan erkakka qaradim. U hanuz qog‘oz sochiq bilan kiyimiga yopishgan qahva dog‘ini artayotgan edi.
"O‘zingizni yaxshi his qilyapsizmi?" deb so‘radim biroz noqulaylik bilan.
U nigohini mendan uzmay, bir lahza jim turdi. "Ha," dedi nihoyat. "Lekin keyingi safar shoshilmasdan yurishni o‘rganish kerak bo‘ladi."
Men uning sovuqqina ohangidan battar qizarganimni his qildim. "Yana bir bor uzr... agar kiyimingizni tozalash yoki almashtirish kerak bo‘lsa, men—"
"Kerak emas," deb kesib o‘tdi u. So‘ng, nigohini menga qadagancha: "Ismingiz nima?" deb so‘radi.
Bunday savolni kutmagan edim. Bir lahza ikkilanib qoldim. Felix har qanday daqiqada yetib kelishi mumkin edi, lekin shu erkakning nigohi meni joyimga mixlab qo‘yganday bo‘ldi.
"Y/N," dedim oxiri.
U yengil bosh irg‘adi. "Yaxshi. Keyin yana uchrashamiz, Y/N."
U shunday deb ortiga burildi va shoshilmasdan ketdi.
Men esa uning ortidan qarab qotib qoldim. Bu qanday uchrashuv edi? Va u "yana uchrashamiz" deb nimani nazarda tutdi?
Shu payt mashina signal chaldi. Felix yetib kelgandi. Men esa hali ham bo‘lib o‘tgan voqeadan ancha gangib turgandim...
Felixning qahrli nigohi meni o‘ziga tortdi. U mashina eshigini ochib, qattiq ohangda dedi:
— O‘tir.
Men hech narsa demay mashinaga chiqdim. U har doimgidan ham jiddiyroq edi. Rulga suyanib, menga bir lahza tikilib qoldi.
— Nega menga yolg‘on gapirding?
Yutkundim. Axir u kimligini bilmay turib, bunday gapirishga haqqi bormi? Shunchaki ozgina erkinlik istagandim xolos.
— Men faqat biroz sayr qilmoqchi edim... Hech qanday yomon niyatim yo‘q edi, — dedim iloji boricha ishonch bilan.
Felixning yuzi biroz yumshadi, ammo hali ham ko‘zlarida g‘azab uchqunlari bor edi. U chuqur nafas oldi va mashinani harakatga tushirdi.
— Otang seni ishonib topshirgan. Senga biror narsa bo‘lsa, mendan javob so‘raydi.
— Lekin men bolakay emasman, Felix. O‘zimga o‘zim javob bera olaman, — dedim ranjib.
U indamay rulni mahkam ushladi. Mashina ichida og‘ir sukunat hukm surdi. Men esa o‘ylardim... Bugun uchrashgan yigit kim edi? U nega menga shunchalik g‘alati qaradi?
Birdan Felix so‘radi:
— U kim edi?
— Kim? — hayron bo‘lib unga qaradim.
— Kutubxona oldida to‘qnashib ketgan yigit.
Yuragim tez ura boshladi. Felix meni kuzatib turganmidi? Bu qandaydir noqulay hisni uyg‘otdi.
— Men uni tanimayman. Tasodifan urilib ketdim xolos...
Felix bir lahza jim qoldi. So‘ng, sekin boshini qimirlatib, pichirladi:
— Tasodiflar yo‘q, Y/N. Ayniqsa, bu shaharda...
Men uning so‘zlariga tushunmadim. Ammo ichimda qandaydir g‘alati hissiyot paydo bo‘ldi. Shu yigit bilan yana uchrashishim mumkinmi?.. Va agar uchrashsam, bu nimalarga olib kelishi mumkin?
Oradan bir hafta o‘tdi.
* * * * * * *
Bugun nihoyat ota-onam Amerikadan qaytadigan kun edi. Ularga juda ham ko‘p savollarim bor edi—nima uchun safarlari bunchalik uzoq cho‘zildi? Nima uchun hatto qo‘ng‘iroqlarimga ham ba’zida javob berishmadi? Ammo men hamma savollarni hozircha ichimda saqladim. Muhimi, bugun ular qaytishadi.
Men aeroportga ancha erta yetib keldim. Felix mashinani bir chetga qo‘yib, har doimgidek jim kuzatib turardi. Men esa kutish zalida oldinga-orqaga yurib, asabiylashardim. Nihoyat, uzoq kutgan samolyot yo‘lovchilari chiqib kela boshladi.
Va men ota-onamni ko‘rdim.
Ular odatdagidek jiddiy edilar, lekin bugun yuzlarida yana qandaydir qo‘rquv, xavotir va charchoq ham bor edi. Bu odatiy emasdi. Onam meni ko‘rishi bilan jilmayishga harakat qildi, lekin nigohidagi noqulaylikni yashira olmadi.
— Y/N, jonim, seni ko‘rganimdan xursandman! — dedi u ohangida zo‘rlab chiqarilgan shodlik bilan.
Otam esa bir og‘iz ham gapirmadi.
Men ularning oldiga borib, onamni mahkam quchoqladim. Keyin otamga qaradim.
— Dadam, siz yaxshimisiz? Hammasi joyidami?
Otam nigohini Felixga qisqa tashlab oldi, so‘ng chuqur nafas olib:
— Bu yer emas, — dedi qisqagina.
Men hayron bo‘ldim. U har doim hamma narsani joyida va to‘g‘ri rejalashtiradigan odam edi. Uni bunchalik bezovta qiladigan narsa nima edi?
Mashina tomon yurar ekanmiz, onam yana jilmayishga harakat qildi.
— Y/N, azizam, bu hafta yaxshi o‘tdimi? Qandaydir muammolar bo‘lmadi?
Men shu haftada bo‘lgan barcha sirli voqealarni esladim—Roséning bayramiga bora olmaganim, kutubxonadan qochib chiqishim, o‘sha g‘alati yigit bilan uchrashuvim… Ammo ota-onamni yanada tashvishga solishni istamadim.
— Ha, hammasi yaxshi, — dedim.
Otam esa chuqur xo‘rsindi.
— Endi avvalgidek bo‘lmaydi, Y/N, — dedi u.
Men hayron bo‘lib unga qaradim.
— Nima? Nima avvalgidek bo‘lmaydi?
Otam bir necha lahza sukut saqladi. Felix esa g‘amgin nigoh bilan orqadan kuzatib turardi.
Va nihoyat, otam past ovozda so‘z boshladi:
— Biz sen bilan gaplashishimiz kerak. Juda jiddiy gap.
Ichimdan nimadir uzilib tushganday bo‘ldi. Bu safar ota-onam oddiy ish safaridan qaytishmagandi.
Bu safar nimadir butunlay o‘zgargandi.