𝕌𝕟𝕨𝕒𝕟𝕥𝕖𝕕 𝔸𝕥𝕥𝕖𝕟𝕥𝕚𝕠𝕟
Kvartiramga qayta kirib, eshikni orqamdan asta yopdim. Ichkarida hali ham begona havoning hidi bor edi, lekin o‘zimcha bu yangi joyga xos dedim. Yig‘ib kelgan narsalarim ko‘p emasdi — faqat keraklilari: bir necha kiyim, tish cho‘tkasi, daftarlarim va bir nechta yegulik.
Uzoq yurganim va bugungi voqealar asabimni charchatgandi. Jimjit xona ichida narsalarimni joylashtirishni boshladim. Har bir harakatimdan biroz shovqin chiqardi, bu esa meni beixtiyor eslab yuborishga majbur qildi: "Shovqin qilma." Suganing sovuq ovozi quloqlarimda yangradi.
Hammasi joyida. Endi biroz yegulik yeyishim kerak. Oshxonaga borib, oddiy sendvich va shokoladli ichimlikni ochdim. Har bir luqmada ham dam, ham xavotir bor edi. Bu xonada o‘tirganimga ko‘p bo‘lmagandi, lekin yuragim ichkaridan qisilayotganday tuyuldi.
Qornim to‘lgach, chiroqlarni birin-ketin o‘chirib chiqdim. Kvartira asta qorong‘ilashdi. Yotoqxonamga kirib, charchoq bilan yotoqqa yotdim. Ko‘zimni yumganimda, jimjitlik ichida faqat yuragim urishlarini eshitardim.
Ushbu xona meni qabul qiladimi, yo‘qmi — buni hali vaqt ko‘rsatadi.
2-sentabr, soat 14:00
Bugun ancha kech uyg‘ondim. Yangi joyga ko‘nikish — oson emas. Xonadagi begona hid, har bir tovushga quloq tutishga majbur qiladigan jimlik... Bularning barchasi hanuz menga begona edi.
Ko‘zimni ochganimda birinchi qilgan ish — telefonimga qarash bo‘ldi. Onamdan xabar kelgan: “Sen haligacha ishga topshirmadingmi?” Haqiqatdan ham, ko‘chib kelish, o‘zimni joylashtirish bilan ovora bo‘lib, hozirgacha birorta ishga hujjat topshirmagandim. O‘zimni aybdor his qildim.
Noutbukimni stol ustiga qo‘yib, ish qidirishni boshladim. Ko‘p o‘tmay, bir kichik, ammo ko‘nglimga yoqqan kafedan ish topdim. Arizani yubordim. Yuragimda birinchi qadamni qo‘ygandek yengillik his etdim.
Kvartiramda hali yegulik yo‘qligini eslab, do‘konga borishga qaror qildim. Avval dush qabul qildim, so‘ng o‘zim uchun qulay kiyimlarni tanlab, kalitlarni oldim va eshikni ochdim.
Bu atrof hali menga noma’lum. Shu bois, kecha ko‘rganim va iliq kutib olgan ayoldan do‘kon manzilini so‘ramoqchi bo‘ldim. To‘rtinchi qavatga chiqib, eshigini taqillatdim. Javob bo‘lmadi. Quloq solib kutdim, yana bir marta taqillatdim — ammo sukut.
Bir zumda ikkilanib qoldim. Nihoyat, boshqa tanishim — Suga xayolimga keldi. Har qalay, u bu joyni mendan yaxshi biladi. Nafasimni to‘g‘rilab, ikkinchi qavatga tushdim. Eshigini taqillatmoqchi edimki, u birdan eshikni ochdi. U sovuq nigoh bilan menga tikildi.
— “Kichkina kalamush, mendan yana nima istaysan?” — dedi u, ovozida bepisandlik ohangi bor edi.
Bir zum hayratda qoldim. Laqabim... “kalamush”?! Meni jahlim chiqdi, ammo ovozimni past tutdim.
— “Men bu yerda yaqin do‘kon bormi deb so‘ramoqchi edim. Bezovta qilgan bo‘lsam, uzr.”
Suga menga yana tikildi, so‘ng labining bir cheti bilan kulimsiradi. Bu kulgi... hazilmi, kinomi — farqlash qiyin edi.
— “Do‘kon uzoqda emas. Ammo yo‘lni ko‘rsatganim uchun menga ichimlik olib kelasiz. O‘zingizning hisobingizdan, men kutaman.”
Shu gapni aytib, eshikni yopib qo‘ydi. Javob berishga ham ulgurmadim.
Pastga tushib, eshikdan chiqdim. Darhaqiqat, do‘kon bu yerdan unchalik uzoqda emas ekan. Reklamasi allaqachon uzoqdan ko‘zga tashlanib turardi. O‘zimga alam qilib, ichimda pichirlab qarg‘andim:
“Ahmoq erkakdan so‘ramasam ham bo‘larkan-ku... jin ursin.”
Do‘kon ichida uyim uchun zarur bo‘lgan oz-moz yegulik va ehtiyoj narsalarini olib, kassaga yaqinlashdim. Bir necha soniyaga to‘xtab, o‘ylanib qoldim. “Ichimlik olib qo‘yaqolay, axir va’dam bor edi...”
Nihoyat, xaltalarimni ko‘tarib, uyga qaytdim. Ikkinchi qavatga chiqayotib, ichimdan umid qildim — “Balki sezmay qolar...” Sekin yurib, Suganing eshigi yonidan o‘ta boshladim. Ammo, orqamdan eshitilgan tanish, sovuq ohang meni to‘xtatdi:
— “Qayerga ketyapsan, kichkina kalamush?”
Qaltirab to‘xtadim. Sekin ortimga qaradim. Suga eshik oldida turardi, qo‘llarini ko‘kragiga chalishtirib, menga befarq tikilardi.
— “Men... uhm... men kvartiramga ketyotgan edim...” – dedim duduqlanib.
— “Ichimligim qani?” – dedi u, ko‘zlarini uzmasdan.
— “Men... ha, olgan edim...”
Paketlarimni kovlab, ichimlikni topdim va unga uzatdim. Lekin kutilmaganda Suga qo‘limdan tutdi va meni bir harakatda devorga tirab qo‘ydi. Yuragim bo‘g‘zimga tiqildi. U yuzini menga yaqinlashtirdi. Nafasi yonoqlarimga tegdi. Men beixtiyor ko‘zlarimni yumdim.
“O‘pmoqchimi?..”
Lekin u lablarimga emas, qulog‘imga engashib, sovuq ovozda shivirladi:
— “Shovqin qilma, kichik kalamush.”
So‘ng ichimlikni qo‘limdan olib, hech nima bo‘lmaganday, eshigini yopib qo‘ydi. Men esa haligacha joyimda qotib turardim. Yuragim go‘yoki ichimda urilmay, bezovta tebranardi.
3-sentabr,
Ertalabki 07:30
Tongning ilk nurlari derazamga tushar-tushmas, uyg‘onib ketdim. Soatga qarasam — ishga borish vaqti. Tezda tayyorlandim, o‘zimni nisbatan yengil va chiroyli ko‘rinadigan tarzda kiyinib, kvartiramdan chiqdim. Zinapoyadan pastga qarab tusha boshlaganimda, ikkinchi qavatga yetganimda kutilmaganda eshik ochildi.
Suga.
U odatdagiday, sovuq nigohi bilan menga tikildi. Qo‘llarini ko‘kragiga chalishtirib, o‘sha o‘ziga xos befarqlik bilan so‘radi:
— “Qayerga ketyapsan, kichkina kalamush?”
Uning ovozida doimiy masxara aralash edi, ammo endi bu meni avvalgidek cho‘chitmasdi. Men jilmaydim va ovozimda biroz quvonch bilan javob berdim:
— “Ishga ketyapman! Men shu yaqin oradagi kafega ariza topshirgan edim, qabul qilishdi. Juda yaqin ekan — bir ko‘cha narida.”
U hech narsa demadi. Bir lahzaga menga tikilib turdi-da, so‘zsiz o‘z kvartirasiga kirib ketdi. Eshik yopildi. Qiziq, bu odam hech qachon hech nimaga izoh bermaydi. Har doim o‘z olamida.
Men esa uning sovuqligiga e’tibor bermay, yuragimda kichik ishtiyoq bilan kafe tomon yo‘l oldim. Bugun men uchun yangi bosqich boshlanardi.
3-sentabr, 08:15
Men allaqachon kafeda ishlaydigan qiz — Jennie bilan telefon orqali gaplashishga ulgurgan edim. U juda yoqimli, mehribon ovozga ega edi. Kecha menga ish jadvali haqida aytib berganida, birinchi kunim kechgacha davom etishini tushuntirgandi. Bugun nihoyat uni yuzma-yuz ko‘rishim kerak edi.
Kafening eshigi ochilib, ichkariga kirganimda, rostdan ham iliq va shinam muhit qarshi oldi. Kassaning ortida turgan qizni ko‘rib, darrov uni tanidim — bu, albatta, Jennie edi. U yorqin tabassum bilan menga qarab kulimsiradi.
— “Salom! Men Y/Nman, bu yerga ofitsiant bo‘lib ishlashga ariza topshirgan edim,” — dedim muloyimlik bilan.
— “Oh, Y/N! Men Jennieman, kecha gaplashgan edik, esingdami? Yangi joyga kunikib qoldingmi?” — dedi u samimiy tabassum bilan. Uning ovozidayoq iliqlik sezilardi. U juda yoqimtoy qiz ekan.
— “Ha, albatta. Hozircha ba’zi narsalarni joylashtiryapman, lekin tez orada bu yerga ko‘nikib ketaman deb o‘ylayman,” — dedim men, jilmayib.
— “Istasang, senga yordam berishim mumkin,” — taklif qildi u mehribonlik bilan.
Men bosh silkidim va kuldim:
— “Yo‘q, yo‘q, rahmat. Hamma narsa mening nazoratimda. Men buni uddalayman.”
— “Ajoyib! Mayli, birinchi kuningda seni qiynamayman. Bugun faqat buyurtmalarni qabul qilib, mijozlarga kofe tayyorlab berasan. Men kassada turaman. Senga omad!”
— “Xo‘p, rahmat Jennie!” — dedim minnatdorlik bilan.
Men ishga sho‘ng‘ib ketdim. Kafe asta-sekin mijozlarga to‘la boshladi. Mijozlarga birin-ketin yaqinlashib, tabassum bilan buyurtmalarni oldim. Ular bilan iliq muomala qilishga harakat qildim. Kofe mashinasining shovqini, havoga taralgan qovurilgan qahva hidi va odamlarning sokin suhbatlari meni yanada erkin his qildirardi.
Dastlab biroz hayajonlanib turgandim, lekin tezda o‘zimni qo‘lga oldim. Bu ish menga yoqdi.
Soat 23:00
Ish nihoyat tugadi. Men Jenniega yaqinlashayotgan edimki, eshik ochilib, baland bo‘yli bir erkak ichkariga kirdi.
— “Hey, Jennie. Menimcha, bugun hamyonimni shu yerda qoldirib ketganman,” — dedi u, atrofga ko‘z yugurtirib.
— “Ha, bo‘lishi mumkin. Shu yerlarni qidirib ko‘r. Ehtimol, orqada qolib ketgandir,” — dedi Jennie muloyim ohangda.
Erkak ko‘p o‘tmay hamyonini topdi va hech narsa demay eshikdan chiqib ketdi. Jennie menga o‘girildi:
— “Bugun qiynalmading, deb umid qilaman. Kafeni yopish vaqti bo‘ldi, ketaylik.”
— “Albatta, bu unchalik qiyin emas edi. Men uddaladim,” — dedim men kulib.
Biz kafedan chiqib, yo‘llarimizni ajratdik. Jennie uyiga ketdi, men esa shahar chiroqlari ostida, tinch kechada uyim tomon yo‘l oldim. Ammo yuragimda bir g‘alati his tug‘ildi. Orqamda kimdir yurganday tuyuldi. Orqamga qarasam, haqiqatdan ham bir erkak menga ergashayotgan edi.
— “Hey, qizaloq. Sening isming Y/N to‘g‘rimi?” — dedi u, sirli va ohangdor tovushda.
— “Ha, to‘g‘ri... Siz... siz hamyonini yo‘qotib qo‘ygan odamsizmi?” — dedim, ovozimda ishonchsizlik sezilarli edi.
— “Ha, to‘g‘ri. Men — Jimin,” — dedi u yengil jilmayib.
— “Sizga yordam kerakmi?”
— “Ha, balki... Menda sizning ijtimoiy tarmoqlaringizni olish imkoniyati bormi? Instagram, yoki boshqa narsa...”
— “Uhm... rostini aytsam, menda bunday narsa yo‘q,” — dedim, biroz asabiylik bilan. Albatta, bu yolg‘on edi. Begona insonlarga ma’lumot berish xavfli edi.
— “Hmm, bu g‘alati. Hozirda hammaning ijtimoiy tarmog‘i bor. Lekin mayli, sen ajoyib qiz ekansan. Yana uchrashamiz, deb o‘ylayman. O‘zingni ehtiyot qil.”
U so‘zsiz o‘girilib, qorong‘ilikka singib ketdi. Men esa boshimda yuzlab savollar bilan uyga yetib bordim. Charchaganim shunaqangi kuchli ediki, hatto ovqat ham yegim kelmadi.
Ikkinchi qavatga chiqdim. Bu safar Suga yo‘q edi. Nafasimni yengillatib, uchinchi qavatga chiqib, kvartiramga kirdim. Televizorni yoqib, hammomga kirdim. Issiq dushdan so‘ng, sochlarimni sochiq bilan o‘rab, xona ichiga chiqdim.
Shu payt eshik taqilladi.
Eshikni ochganimda, Suga turardi. Ko‘zlarida odatdagidek jahl bilan.
— “Hoy, kichkina kalamush, televizorning ovozini pasaytir. Shovqinni yomon ko‘raman, men senga shovqin qilasan demagandim,” — dedi u va hech qanday taklifsiz ichkariga kirib, televizorni o‘chirib qo‘ydi.
— “Hoy! Bu mening kvartiram! Sen—”
Gapim og‘zimdanoq chiqmay turib, ko‘zlarim divan ostida turgan ichki kiyimlarimga tushdi. Yuragim dukillab ketdi. Suga ham ko‘zlarim qayerga qarayotganini sezib, shubha bilan pastga qaradi. Men bir sonda yugurib borib, ichki kiyimlarimni qo‘llarimga oldim va ko‘ksimga yashirishga urindim.
— “Birovning uyiga ruhsatsiz kirish mumkin emasligini bilmaysizmi?” — dedim, ortimni o‘girgancha.
— “Sen esa odamning yuziga qarab gapirish kerakligini bilasanmi?” — deb javob qildi u, sokin, lekin tanbeh ohangda.
— “Chiqib ket.”
Shu payt u to‘satdan qo‘limdan ushlab, meni o‘ziga qaratdi. Qo‘limdagi ichki kiyimlar polga tushib ketdi. Men qizarib ketdim. U ham pastga qaradi, keyin tezda ko‘zlarini ko‘kka tikdi.