𝐄𝐍𝐒𝐋𝐔𝐕
Y/N sekin ko‘zlarini ochdi. Uning yuzida yumshoq tabassum paydo bo‘ldi, ammo birdan hayron bo‘lib atrofga qaradi. Mehmonlarning shovqini eshitilmasdi. Xona tinch, faqat shamlarning xushbo‘y hidi qolgan edi.
Uning nigohi sovg‘alarga tushdi. Stol ustida, pol tagida, hatto divanning yonida ham qadoqlangan qutilar bor edi.
— Voy, bu sovg‘alar buncha ko‘p?! — dedi u hayrat bilan.
Jungkook uning sochlarini ohista siladi. U Y/Nning hayratlangan nigohlariga boqarkan, lablariga kichik tabassum yugurdi.
— Sen bunga loyiqsan, — dedi u muloyim ovozda.
Y/N sovg‘alarni bir-bir ko‘zdan kechira boshladi. Uning yuragi allaqanday iliqlik bilan to‘ldi. Chunki bu kun uning hayotidagi eng yaxshi tug‘ilgan kun bo‘lgandek tuyulardi.
Y/N sovg‘alarga qarab turarkan, ich-ichidan hayajonga to‘ldi. U o‘z qo‘llari bilan ularni ocholmasligini esladi va xafa bo‘lgandek bo‘ldi.
U yuzini biroz egib, sekin ovozda dedi:
— Jungkook… iltimos, sovg‘alarni ochib, menga ko‘rsata olasanmi?
Jungkook uning ovozidagi mayin iltimosni eshitib, beixtiyor tabassum qildi. U Y/Nning yonida yanada qulayroq o‘tirdi va eng birinchi sovg‘ani oldi.
— Albatta, jagiya. Qaysisidan boshlasak ekan? — dedi u hazil aralash.
Y/N sezilar-sezilmas jilmaydi va ko‘zi tushgan eng katta qutini ko‘rsatdi.
Jungkook sovg‘ani ehtiyotkorlik bilan ochib, ichidan chiqqan narsani Y/Nga ko‘rsatdi…
Bu orada, Taehyung zinadan tushib, ularning yoniga keldi. U biroz chekkada turib, bu sahnani kuzatdi… Y/N va Jungkook o‘z dunyosida edi.
Jungkook katta sovg‘a qutisini ochdi va ichidan nafis oq ko‘ylak chiqdi. U barmoqlari bilan matoning mayinligini his qilib, ko‘ylakni Y/Nga yaqinlashtirdi.
— Bu sen uchun. Juda chiroyli, to‘g‘rimi? — dedi u mehr bilan.
Y/N ko‘ylakka tikilib qoldi. U har doim bunday nafis narsalarni kiyishni orzu qilgan, lekin hozir o‘zini kiyinish uchun ham harakat qila olmasdi.
— Juda chiroyli…🙂 — dedi u sekin.
Keyin boshqalarini ochaylik, juda qiziq!
Jungkook navbatdagi sovg‘ani ochdi. Ichidan kichkina marvaridli bilaguzuk chiqdi. U buni Y/Nning bilagiga taqmoqchi bo‘ldi, lekin Y/N qo‘llarini to‘liq harakatlantira olmagani uchun, Jungkook uni juda ehtiyotkorlik bilan ushlab, bilaguzukni taqdi.
— Bu juda yoqimli, kimdan ekan? — deb so‘radi Y/N qiziqib.
Jungkook qutini tekshirib, Taehyungning ismini o‘qidi.
— Bu Taehyungdan ekan.
Y/N ajablanib Taehyungga qaradi.
— Rostdanmi? Rahmat, Taehyung oppa! — dedi u minnatdorlik bilan jilmayib.
Taehyung kulimsirab qo‘ydi va bosh irg‘adi.
— Senga yoqgan bo‘lsa, xursandman, Y/N.
Jungkook boshqa sovg‘alarni ham ochib chiqarkan, Y/N o‘zini haqiqatan ham baxtli his qildi. Barcha sovg‘alar unga atalgan edi, va u hammasini ko‘rib chiqayotganida, Jungkookning doimiy e’tibori va mehrini his qilardi.
Lekin shu payt Taehyung biroz jiddiy tortib, burchakda turgan bir kichik qutiga ishora qildi.
— Bu oxirgi sovg‘a, lekin kimdan ekan, bilmayman, — dedi u sirli ohangda.
Jungkook qutiga qaradi va sekin uni oldi. Ichidan esa juda mayin tilla uzuk chiqdi.
Y/N uning qanday chiroyli va nafis ekanini ko‘rib, hayratda qoldi.
— Bu juda go‘zal… kimdan? — dedi u qutiga qarab.
Jungkook boshini egdi va jilmayib qo‘ydi.
— Bu mendan, jagiya.
Y/N uning ko‘zlariga tikildi. Jungkook esa uning barmoqlarini ohista ushlab, uzukni sekin taqdi.
— Men har doim senga tegishliman, xuddi sen menga tegishli bo‘lganing kabi.
Bu so‘zlar xonaga og‘ir jimlik olib kirdi.
Taehyung esa sezilar-sezilmas boshini pastga egdi. Ularning bir-biriga bo‘lgan hislari ortib borayotganini aniq his qilardi…
Jungkook navbatdagi sovg‘ani olib, qutini ochdi. Ichidan turli xil qimmatbaho kosmetikalar chiqdi – lab bo‘yog‘i, tonal krem, upalar va boshqa bezaklar. U qutining ustiga qaradi va Sohyunning ismini o‘qidi.
— Bu Sohyundan ekan… — dedi u biroz beparvo ohangda.
Y/N esa ko‘zlarini aylantirdi va lablarini chiqardi.
— “Bu Sohyundan ekan~” — dedi u Jungkookni taqlid qilib, ohangiga atay nazokat qo‘shib.
Keyin qoshlarini ko‘tarib, lablarini qip-qizil qilib bo‘yashni tasvirlab, kichik spektakl boshladi.
— “Oppa~ mana bu rang menga yarashadimi? Hmm? Yana ozgina surtaymi? Yoki shunchaki tabiiy go‘zallik etarlimi?”
Jungkook bir lahza unga hayrat bilan tikilib turdi, keyin esa kulib yubordi.
— Bu nima edi?! — dedi u kulgusini to‘xtatolmay.
Y/N yengilgina kulib qo‘ydi va yelkasini qisdi.
— Shunchaki Sohyunning rolini o‘ynab ko‘rdim-da~
Jungkook uning burnini ohista chimchilab qo‘ydi.
— Jin ursin, shunaqangi chiroyli bo‘lib turibsan-ki, hatto rashk qildirib ham bo‘lmaydi!
U kosmetikalarni yana qutiga joylab, bir chetga qo‘ydi.
— Baribir bular senga kerak emas. Sen shundoq ham mukammalsan.
Y/N uning bu gapidan qoniqib jilmaydi va yelkasini Jungkookning ko‘kragiga ohista tiradi.
— Bilaman.
Jungkook uning sochlarini silab, o‘ziga yanada mahkamroq tortdi.
U esa ko‘zlarini yumdi va o‘zining haqiqatan ham baxtli ekanini his qildi…
Jungkook va Taehyung xizmatkorlarga yordam berib biroz xonani tozalashadi, Jungkook xizmatkorlarga yordam berish uchun qo‘lidan kelganini qildi. Taehyung ham hech narsa demay unga qo‘shildi. Mehmonlardan qolgan idish-tovoqlar yig‘ildi, pol artinganidan keyin xona ancha ozoda bo‘lib qoldi.
Y/N esa divanda sokin o‘tirardi. U harakatlana olmagani uchun atrofga qarabgina o‘tirardi.
Jungkook ishga sho‘ng‘ib ketib, bir necha daqiqaga Y/Nni unutib qo‘ydi. Ammo unga qarab, qizning zerikib qolganini sezdi.
U tezda yoniga borib, uni ehtiyotkorlik bilan divanda qulayroq joylashtirdi.
— Zerikdingmi, malikam? — dedi u, barmoqlari bilan Y/Nning sochlarini ohista silab.
Y/N unga ma’yus jilmayib qaradi.
— Biroz...
Jungkook o‘zining telefonini olib, video ochdi va Y/Nning qo‘llariga tutqazdi.
— Mana, istaganingni ko‘rib o‘tir.
Y/N barmoqlarini harakatlantirishga harakat qildi, lekin ekranni to‘liq boshqara olmasdi. U yengil xo‘rsindi va Jungkookga qaradi.
— Men uni o‘zim bosolmayman...
Jungkook telefonni yana qo‘liga oldi, Y/Nga yaqinroq o‘tirdi va videoni o‘zi qo‘yib berdi.
— Yaxshi, qaysi videoni tomosha qilmoqchisan?
Y/N ko‘zlarini pirpiratib, kulib qo‘ydi.
— Bilmasam, bironta qiziqarli narsa qo‘ya qol.
Jungkook biroz o‘ylab, ikkovlariga yoqadigan kulgili video qo‘ydi.
Y/N ehtiyotkorlik bilan boshi bilan Jungkookning yelkasiga suyanib, videoni tomosha qila boshladi.
Jungkook esa unga qarab jilmaydi. U Y/Nni baxtli his qilish uchun hech narsani ayamasdi…
Xona ichida sokinlik hukm surardi. Video ovozi eshitilib turgan bo‘lsa-da, Jungkookning fikri butunlay Y/Nda edi.
U Y/Nning yonida jim o‘tirib, qizning yuzidagi har bir ifodani kuzatardi. Qiz ba’zan yengil jilmayar, ba’zan esa video nima haqida ekanini tushunishga uringandek boshini biroz qiyshaytirardi.
Jungkook unga sinchkovlik bilan qaradi. Y/Nning mayin yuz tuzilishi, nozik lablari va tiniq ko‘zlari uni yana o‘ziga rom qilgandek edi.
— Qulay joylashdingmi? — deb ohista so‘radi u.
Y/N boshini sekin qimirlatib tasdiqladi.
— Ha, yaxshi.
Jungkook chuqur nafas oldi.
— Agar charchasang, ayt, yotqizaman.
Y/N unga qarab kulimsiradi.
— Shunchalik menga qarashga odatlanib qoldingmi?
Jungkook ko‘zlarini qisib jilmaydi.
— Senga qarash men uchun odat emas, majburiyat ham emas. Men shunchaki… xohlayman.
Y/N uning gaplaridan bir lahza jim qoldi. Jungkookning ko‘zlariga tik boqdi. Uning nigohida hissiyotlar juda chuqur edi.
Y/N mayin ovozda gapirdi:
— Shunchaki xohlaysanmi?
Jungkook unga yaqinroq suykaldi, lekin hech qanday ortiqcha harakat qilmadi.
— Ha, chunki sen menikisan.
Bu so‘zlar xonani jimjit qildi.
Jungkookning ovozida shunday ishonch bor ediki, Y/N hatto qanday javob berishni ham bilmay qoldi.
U shunchaki unga suyanib, videoni tomosha qilishda davom etdi.
Jungkook esa qizning sochlarini asta silab, hech kimga sezdirmasdan yuragining qanday tez urayotganini his qildi…
Jungkook soatga qarab, ichida bezovtalik sezdi.
Kecha ham Y/N ancha charchagan edi, bugun esa ancha kech bo‘lib qoldi. U har doimgidek dorilarini vaqtida berishi kerak edi, lekin mehmonlar, bayram, keyin esa xonani tozalash bilan band bo‘lib, vaqt qanday o‘tib ketganini ham sezmay qoldi.
Jungkook Y/Nga qaradi. Qiz hali ham videoga qarab o‘tirardi, lekin ko‘zlari ancha xiralashgandek tuyuldi. U allaqachon charchagan, lekin o‘zi yotish haqida so‘ramagan edi.
Jungkook asta yoniga engashdi.
— Jonim, yotishing kerak. Juda kech bo‘ldi.
Y/N boshini unga burib, yengil jilmaydi.
— Men hali uxlamoqchi emasman, hozir yaxshi kayfiyatdaman.
Jungkook yengil xo‘rsindi.
— Bilasanku, doim vaqtida uxlashing kerak.
Y/N uning gapiga kulib qo‘ydi.
— Jungkook, ba’zida vaqtni buzib yashash ham qiziqarli-ku.
Lekin Jungkook bunga e’tibor bermadi. U shundoq ham Y/Nni juda zaif qilib qo‘ygan, agar vaqtida dorilarni ichmasa, organizmi buni ko‘tara olmaydi.
Shu sababli u hech narsa demasdan sekin o‘rnidan turib, dorilarni oldi.
Y/N unga bir zum tikildi.
— Hozir emas, kechroq ichsam bo‘lmaydimi?
Jungkook qattiq ohangda gapirdi.
— Yo‘q. Bilasan-ku, dorilaring vaqtida ichilmasang, ahvoling yomonlashishi mumkin.
U past ovozda gapirgan bo‘lsa ham, ohangida hech qanday bahsga o‘rin yo‘qligi sezilib turardi.
Y/N ichida nimadir g‘ashlik his qildi. U hammasini yaxshi bilardi. Jungkook har doim unga g‘amxo‘rlik qilardi… yoki unga shunday tuyulardi.
Lekin har safar bu dorilarni ichgach, Y/N o‘zini yanada kuchsiz his qilardi.
Yoki bu dorilarni ichmasam, yaxshiroq his qilarmidim?
Lekin Y/N bularni ovoz chiqarib aytishga jur’at etmadi.
U ko‘zlarini yumib, sekin bosh irg‘adi va dorilarni ichdi.
Jungkook qoniqqandek yengil nafas oldi va mayin jilmaydi.
— Aqlli qiz. Endi yotamiz.
U Y/Nni divandan ko‘tarib, yotoqxonaga olib ketdi. Bugun yana bir marta rejalari ish berdi.
Jungkook Y/Nni yotoqqa yotqizarkan, u allaqachon kuchsizlanib, ko‘zlarini yumgan edi. Dorilar ta’sir qila boshlagandi.
Jungkook uning yoniga engashib, sochlarini ohista silab qo‘ydi.
— Sen mening eng chiroyli va beg‘ubor boyligimsan, — deya pichirladi u.
Y/N uning gaplarini eshitmadi, yoki eshitsa ham javob bera olmadi.
Jungkook asta yostiqqa suyanib, chuqur nafas oldi. U bugungi kun haqida o‘ylardi.
Bugun hamma Y/Nning naqadar chiroyli ekanini ko‘rdi. Jungkook bu qizni faqat o‘zi uchun yaratganday his qilardi.
Lekin bugun Sohyun va boshqa xodimlar haddan tashqari ko‘p qiziqib qolishdi.
"Y/N qanday nogiron bo‘lib qoldi?"
Bu savol Jungkookni ich-ichidan bezovta qilgandi. Chunki bu faqat uning siri edi. Hech kim bu haqiqatni bilmasligi kerak.
U chuqur xo‘rsindi va yana Y/Nga qaradi. Qiz tinch uxlayotgandi.
Jungkook unga yaqinroq egilib, peshonasidan asta o‘pdi.
— Men seni hech qachon tashlab ketmayman, Y/N. Sen faqat men uchun yashaysan.
Shu payt eshik sekin taqilladi.
Jungkook yuzini jiddiy qiyofaga keltirib, sekin o‘rnidan turdi va eshikni ochdi.
Taehyung edi.
— Tinchlikmi? — so‘radi Jungkook past ovozda.
Taehyung ichkariga qarab oldi. Y/N uyquda edi.
— Gaplashishimiz kerak, — dedi u.
Jungkook unga sovuq tikildi.
— Ertaga gaplashamiz. Y/N uxlayapti.
Taehyung bir soniya o‘ylanib turdi, keyin juda jiddiy ohangda gapirdi.
— Bu qiz... haqiqatdan ham baxtlimi, Jungkook?
Jungkookning ko‘zlari o‘zgardi. U boshqacha bo‘lib ketdi.
— Albatta, baxtli.
Taehyung bir lahza sukut saqladi. Keyin chuqur nafas olib, orqaga yurdi.
— Ertaga yana gaplashamiz.
U ketib qoldi.
Jungkook eshikni asta yopdi va yana Y/Nga qaradi.
Taehyung juda ko‘p narsa sezayotgan edi. Bu Jungkookga yoqmadi.
U yonboshiga yotib, Y/Nning qo‘lidan ushladi.
— Seni hech kim mendan tortib ololmaydi.
Va shu holatda uxlab qoldi.
Yakshanba kuni
ertalab Jungkook balkonda o‘tirib, qo‘lidagi qahvasini ohista ho‘pladi. U yangi hafta boshlanganini his qilib turardi, lekin bu hafta juda tez o‘tib ketgan edi.
U o‘z xayollariga sho‘ng‘igan paytda eshik taqilladi.
— Kelishimni kutmadingmi? — dedi Taehyung tabassum bilan.
Jungkook soatiga qaradi.
— Sen odatda erta kelmaysan.
Taehyung kulib qo‘ydi.
— Bugun maxsus kun.
Jungkook yuziga shubhali ifoda bilan qaradi.
Shu payt orqadan nozik, yoqimli ovoz eshitildi.
— Jungkook, nihoyat tanishamizmi?
Jungkook nigohini Taehyung ortida turgan qizga qaratdi.
U uzun sariq sochli, moviy ko‘zli va nafis libos kiygan chiroyli qiz edi. U doimiy tabassum bilan qarab turardi....