March 21, 2020

DILDORA KUSHNAZAROVA IJODIDAN

Bahoriy she'rlar

Unutdim...

Unutdim, yoshlarim diydamda qotdi, Yigʻlatib ketganing- endi men emas. Armon ufqidagi orzular botdi, Ishonch tuygʻusiga solgancha qafas.

Unutdim! Koʻzlarim senga begona, Hijronli xayolim oʻrnashgan gumon. Bugun yuragimda alam nishona, Tinchlik bermas sira ruhimga hamon.

Unutdim... Quvonchni gʻamlarga sotib, Hijroning guliga shabnam boʻldi dard. Taqdir yoʻllarida seni yoʻqotib, Intizor koʻzlarda qolmadi toqat.

"Unutdim!" Yangrasa dilimda sado, Uygʻoq tuygʻularga koʻksimni berib. Aks-sado berar shuurda nido, Sogʻinch ohangiga chunon berilib.

Unutdim, yoshlarim diydamda qotdi, Yigʻlatib ketganing- endi men emas!...

********************

Baxt nishonasi

Bugun hayotimda sen boʻlding paydo, Shirin xayollarga butkul asirman. Boshimga tushdimi bu shirin savdo, Dunyolardan kechishga hatto, tayyorman.

Baxtdan nishonadir koʻzimda uchqun, Ishqing olovida telba, sarsonman. Yuragingga asir, boʻlibman tutqun, Muhabbat shomida doim bedorman.

Olamni chekkaga suraylik bir zum, Otash nigohingda oʻzim paydoman. Yodingda, yoningda sevgiga mahkum, Sen meni suygandek, men ham... shaydoman....

**********************

Ko'zlaringda o'zimni ko'rsam

Hayotimda baxtdan nishona, Koʻzlarimda sevinchdanmi nam. Tuygʻularim emas pinhona, Koʻzlaringda oʻzimni koʻrsam.

Goh yuragim isming-la urar, Ketar undan bir zumgada gʻam. Dunyo bizdan iborat boʻlar, Koʻzlaringda oʻzimni koʻrsam.

Jarangdor sukunat ovozi, Ahvolingni koʻzingdan soʻrsam. Olamda muhabbat parvozi, Koʻzlaringda oʻzimni koʻrsam

Koʻzim yumsam unda surating, Tasavvurdan oʻchmaydi sira. Ketmoqlikka yetmas jurʼating, Koʻzlaringda oʻzimni koʻrsam.

Yuragingga joylanib besas, Kuylagan shoʻx ovozing boʻlsam. Bir orzuyim ushalsa shu bas, Koʻzlaringda oʻzimni koʻrsam

Koʻzlaringda aksimni koʻrib, Yuragingga joylanib ketsam...

DILDORA KUSHNAZAROVA BuxDU Filologiya fakulteti talabasi
BuxDU Matbuot xizmati

BuxDU Matbuot xizmati