March 21, 2020

Tariximizning qayg’uli damlaridan lavha !!! Abulfayzxon davrida Buxoro (1711-1747)

Saroy (Registon) oldi tinch bo'lsa bas!
Buxoro arki. Xon saroyi

Davlatchiligimizning eng zaiflashuv paytiga asos solgan qo’g’irchoq hukmdor, zaif va notavon Buxoro xoni bo’lgan bu shaxs hukmdorlik qilgan davr O’rta Osiyoning siyosiy, ijtimoiy, madaniy, iqtisodiy inqirozi jarayoni kechgan davrdir.
Abulfayzxon feodallar oldida oddiygina hukmdor bo’lib, Abdurahmon Tole ning ‘’Tarixi Abulfayzxon’’ asarini o’qish jarayonida uning mamlakat hayotida hech qanday ta’sirga ega bo’lmaganini yaqqol anglaymiz.
Mamlakat 20-yillardan boshlab alohida hududlarga bo’linib keta boshladi. Dastavval Ibrohim kenagas Samarqandda va Shahrisabzda bosh ko’tarib,mustaqil xonlik e’lon qildi.Bu davlat yarim mustaqilligini 1859-yilgacha saqlab,birlik yo’lida katta to’siqqa aylangan fasod uyasi edi.
O’ratepada yuz qabilasi o’z hukmini o’rnatdi. Hisor, Qobodiyon,Badaxshon mahalliy sulolalar qo’liga o’tib ketdi.
Amudaryo janubidagi viloyatlar Vali Muhammadxon avlodlari qo’lida to’plandi.Keyinchalik alohida xonliklarga aylandi.Ahmadshoh davrida afg’on istilochilariga yemak bo’ldi.


Farg’ona Ubaydulloxon soniy zamonasi oxiridayoq mustaqillik da’vo qildi.Shoxrux biy ming ismli kimsa separatizm yo’liga o’tdi.Uning avlodi Abdurahimbiy mustaqil Farg’ona biyligini tuzib parchalanishni boshladi.


Feodallar orasida haqiqiy urush ketar, mamlakat xonavayron,hukmdor arki esa qon qusishni boshlagan davr edi.Xon qabohat yo’lini tanladi :bisotidagi barcha 8 o’g’lini qatl etishga buyurdi.Birginasi omon qoldi xolos.


O’zi qo’g’irchoq xon bo’la turib boshqa mamlakatlar ichki ishiga aralashishga harakat qildi.Misol uchun Rusiyaning Xivaga 1717-yilda yuborgan Cherkasskiy( Davlat Girey) ekspeditsiyasining xon Sherg’oziy tomonidan tor-mor qilinishini hazm qila olmay, Rusiya podshosiga hamdardlik bildirdi. Abulfayz yordami bilan 1715-yili o’z mamlakatidan quvilgan shahzoda Shoh Temur ibn Musaxon 1722-yili Orolbo’yida isyon qilib, xon deya o’zini e’lon qildi va Xiva xonligi ikkiga bo’linib,yanada qiyinchilikka tushdi. Keyinchalik Xiva Eron tomonidan ishg’ol etilib, avvalgi nufuzini butunlay yo’qotdi.


Abulfayzxon hukumatini ag’darishga uringan Rajab sulton va Ibrohimbiy 1723-yili qozoq-qo’ng’irot va qoraqalpoqlardan foydalanishga qaror berdilar.Bu mudhish fojealarga olib kelishini xayollariga ham keltirmadilar. O’sha asrning daxshatli armiyasini tuza olgan ko’chmanchi qalmoqiya bir vaqtning o’zida ham qozoq ham qoraqalpoq ham turkmanlar va o’zbeklar ustiga yurib, ularni xonavayron qildilar. Toshkent va Turkistonni qalmoq askarlari vayron qildilar. Toshkentning tub aholisi kamayib,qozoqlar va jung’orlar nufuzi oshdi. Hozirda ham shaharning asl aholisi qisman Chorsu atrofida yashab, atrof hududlardan ko’chib kelganlar bilan aralashib ketgan. Jung’oriya zulmida qolgan,och, qochoq, ko’chmanchi qozoq va qoraqalpoqlar Ibrohimbiy da’vati bilan Movarounnahrga kelib 7 yil davomida bu hududdagi barcha shahar va qishloqlarni odamdan holi,dala va ekinzorlarni don-u dundan nari qildilar. Tarixchi olim Beysembiyev yozishicha o’sha yillar mo’g’ul istilosida bo’lgani kabi daxshatli edi. Buxoroda aholi yashaydigan faqat 2 mahalla qolgan, Samarqandda 1735-yili birgina shayxdan boshqa odam yashamagan.

Ko’chmanchilar dehqonchilik maydonini toptadilar natijada ochlik boshlandi. Ocharchilik butun mintaqaga tarqalgan va 12 000 o’zbek va tojik Hindistonga ko’chib ketgan. Natijada 1740-yil Nodirshohning zambaraklari mintaqani forslar zulmiga osongina tashladi. Samarqand va Buxoro shahriga ko’plab eroniylar ko’chib kelishdi. Bu siyosatni amir Shohmurod ham qo’lladi. Shohmurod 1785-yillardan so’ng 40 000 eroniyni shaharlarga joylashtirdi. Amir Nasrulloh ularni davlatning eng yuqori lavozimlariga qo’ydi.Natijada shahar aholisi tarkibida turkiyzabonlar kamayib, bu ikki qadimiy shahar fors-tojik aholisi qo’lida qoldi. Hatto Suxaryova aytishi bo’yicha shaharga keyinchalik kelgan turkiylar ham ko’p sonli erondan kelganlar ta’sirida tojiklashib ketishgan va hozir ularning avlodlari o’zini tojik, vatanini Tojikiston, qardoshini Eron deya noto’g’ri fikrlamoqda.


Chingiz avlodlari hukmronligining so’nggi davri keldi. Rus rassomi Vereshchagin 1868-yilda bunday degan edi : “ Endilikda bu mintaqada Chingiziylar davri o’tdi”. Bu fikrlar 100 yil keyin aytilgan bo’lsada ammo biz so’zlayotgan davrda ham Chingiziy xonlarning hukmronligi tugab borayotgan edi. Abulfayz 1747-yili qon qusdi.1806-yili Abulg’oziy V Xiva taxtini Muhammad Rahimga topshirdi( Firdavs ul iqbol).
Mintaqamiz istilochilar zarbasiga uchradi. Butun Osiyodagi XVIII asr inqirozining eng salbiy ko’rinishi Movarounnahrda kuzatilindi.1740-yili qizilbosh eroniylar o’zbek davlatchilik asoslarini tor-mor qildi. Jung’oriya Xiva hamda Buxoro xonlarini qaramlikka undadi. Qozoqlar yashashga joy, qoraqalpoqlar kiyishga kafan,qo’qonliklar dehqonchikka maydon, turkmanlar ko’pkariga ot topa olmay qolgan zamonlar edi.


Eng daxshatlisi Xitoyning VIII asrda tugagan ekspansiya siyosati qaytadan boshlandi. Inqirozda qolgan va kuchsiz Qoshg’ar xo’jalari o’z hukmdorlari qalmoqiyaning xitoy muntazam qo’shini tomonidan tor-mor qilinganidan so’ng yangi ,,kofir” – chinliklar zulmiga tushishdan boshqa ilojlari qolmadi.Ularga yordam bera oladigan qo’shnisi yo’q edi.Xitoy manjur imperatori qozoq va qoraqalpoqlarni va hattoki Qo’qon xoni Erdonani 1759-yili o’ziga tobe qilishga erishdi.Erdonaxon tezda Afg’on hukmdori Ahmadshohga va Muhammad Rahim Buxoriyga maktub yozib, Xitoyning Markaziy Osiyoni egallash niyati borligini ma’lum etdi va birlashishga undadi.Bu mohir siyosat ittifoqlikka olib kelmadi ammo Xitoy orqaga tisarilishga majbur bo’ldi. Erdonaxonning ajoyib siyosati natijasida Xitoy hujumi amalga oshmadi.
Xorazmning XII-XIII asrda imperiya bo’lganini avlodlar allaqachon unutgan edilar. Taxt o’yinchoq bo’lib qoldi. Inoqlar hukmida bo’lgan xonlar oyiga yangilanib turdi. 1760-yillar Xorazm tarixidagi eng qora davrlardan biri edi. Norbo’tabiy davrida Qo’qon gullayotganida Buxoro va Xiva ochlik va ko’chmanchilar dastidan dod demoqda edi. Ocharchilik bu hudud aholisini holdan toydirdi.


1760-yillarda turkman avboshlari Xorazmga yopirildilar. Ular qo’lga tushgan barcha joylarni xonavayron qildilar.Muhammad Amin inoq Buxoroga qochdi.Xorazmliklar ham Orol tomonga va Buxoroga ommaviy ko’cha boshlashdi. O’sha davrda Munis yozishi bo’yicha Urganchda bor yo’g’i 10-20 xonadon yashagan va juma namozida bor yog’i 3 kishigina qatnashgan ekan. Odamxo’rlik holati ham yuz bergan. Misol uchun shahar atrofida 3-4 ayol ko’zga ko’ringan qariya va bolani tutib,ularning go’shtini yeyishgan. Buxoro atroflarida Munisning ma’lumoticha qo’ng’irot qabilasidan bo’lgan sarbozlar odam go’shtini kabob qilayotgan bir guruh yo’lto’sarlarni ko’rib ularni qilichdan o’tkazgan.Hatto o’z qo’shnisining bolasini so’yib yeyish holatlari bo’lgan.Bu daxshatli xotiralar tariximizning bir qismidir.
Nihoyat Muhammad Amin Xivada qisman tartib o’rnatdi.Buxoroda amir Shohmurod shariatni tikladi. Qo’qonda Olimxon o’zini xon deb e’lon qildi.Ammo bu uch davlatning alohidaligi keyingi asrda yangi istilochilarga qo’l keldi xolos.Rusiya mintaqani 5 qismga bo’lib, ig’vo urug’’ini sochdi. Avlodlar endilikda yer suv talashib o’zlarining mag’lubiyatga olib kelgan qora tarixlarini unutmoqdalar.

TAMOM

Kanalga a'zo bo'ling.
BUXORO ISLOM OLAMI MADANIYATI POYTAXTI