Samarqand “Kelajak liderlari” klubi a’zolariga psixologik trening mashg‘ulotlari o‘tkazildi
Yosh liderlar uchun navbatdagi trening mashg‘uloti Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan malakali psixologlarni jalb etgan holda o‘tkazildi. Mutaxassislar Davlat boshqaruv akademiyasi Samarqand hududiy filiali hamda Samarqand davlat universitetidan jalb etildi. 50 nafar klub a’zolari 2 guruhga bo‘lingan holda treninglarda faol ishtirok etdilar.
Liderlarga jamoani shakllantirish, boshqaruvda qarorlar qabul qilish hamda liderlik ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida psixologik trening mashg‘ulotlari tashkil etildi. Ushbu mashg‘ulotlar orqali bo‘lajak rahbarlarning jamoani shakllantira olish qobiliyatlari, guruh ichida liderlik ko‘nikmalari yaqqol namoyon bo‘ladigan yetakchini aniqlash hamda jamoani boshqarishda murakkab qarorlar qabul qilishda e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan jihatlar yuzasidan bilim, malaka va ko‘nikma berildi.
Shuningdek, klub a’zolaridan davlat fuqarolik xizmatchisining bugungi kunda qo‘nimsizlik darajasi va sabablarini aniqlash, yoshlarni davlat fuqarolik xizmatiga keng jalb etish va davlat xizmati jozibadorligini aniqlash maqsadida ijtimoiy anonim so‘rovnoma o‘tkazildi. Ushbu so‘rovnomaga klub a’zolari obyektiv yondoshgan holda javob berishdi. Yosh liderlar barcha jarayonlarda katta qiziqish va faollik bilan ishtirok etdilar.
Kelgusida “Kelajak liderlari” klubi a’zolariga bu kabi psixologik treninglarni ko‘proq tashkil etish va yosh liderlarning ijtimoiy-psixologik faolligini oshirish hamda bo‘lajak rahbarlarning zamonaviy psixologik qiyofasi va portretini shakllantirishda amaliy qadamlardan biri bo‘ladi.