September 14, 2021

Talabalar bilan motivatsion uchrashuv

Samarqand "Kelajak liderlari" klubi a’zolarining Samarqand iqtisodiyot va servis institutining iqtidorli va faol talabalari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda klubning Boshqaruv Kengashi a’zolari tomonidan ishtirokchilarga klubning maqsad va vazifasi, klub a’zolari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, klubning kelgusidagi istiqbolli rejalari haqida batafsil ma’lumot berdi. Klubning har bir a’zosi shaxsiy va kasbiy rivojlanishi uchun yo‘lga qo‘yilgan loyihalar va "karyera modeli" orqali lavozimda ko‘tarilish bo‘yicha tushuncha berib o‘tdi. Ishtirokchilarni davlat xizmatiga qiziqtirish hamda davlat xizmatchisi erishishi mumkin bo'lgan yutuqlar to‘g‘risida to‘liq tushuncha berish maqsadida klubning Prezidenti va ayni ushbu ta’lim muassasasining bitiruvchisi bo‘lib, bugungi kunda davlat fuqarolik xizmatida yuqori natijalarga erishib kelayotgan Abduvaliyev Sheroz tomonidan amaliy master-klass tashkil etildi.

Uchrashuvda ishtirok etgan talabalar kelgusida "Kelajak liderlari" klubiga qanday a’zo bo‘lish mumkin, klubga a’zo bo‘lish uchun nimalarga ko‘proq e’tibor qaratish kerak va shu kabi boshqa savollar bilan murojaat qilishdi.

"Talabalarni qiziqishi va shijoati, yangiliklarga intilishi menda yoshlar orasiga yanada ko‘proq kirib, ularni eshitish, ulardan yoshlar muammolariga oid yangi g‘oya va takliflarni o‘rganish ishtiyoqini oshirdi" - deydi klub Prezidenti Sheroz Abduvaliyev.

Endilikda klub a’zolari bu kabi ochiq muloqot va uchrashuvlarni muntazam ravishda yo‘lga qo‘yishni maqsad qilishdi.
Urashuvdan foydalanib, ishtirokchilar orasida "Lider" so‘rovnomasi ham o‘tkazilib, talabalarning fikri va muammolari ham o‘rganildi.

Samarqand "Kelajak liderlari" klubi axborot xizmati
https://t.me/kelajakliderlari