Today

𝗘𝗠𝗣𝗜𝗥𝗘 𝗢𝗙 𝗗𝗘𝗦𝗜𝗥𝗘

2-BOB

Kingsli

— Neytga qoʻngʻiroq qil.
Mashinani qizgʻin qoʻngʻiroq ovozi egalladi, lekin hech kim javob bermadi.

— Lanati.

Keskin oʻngga burilib, mushtlarimdan birini rulga urdim.

Boshqalarning signal chalishiga va baqir-chaqirlariga eʼtibor bermasdan, mashinalar orasida ilondek burilib harakatlandim.

Hozirgi maqsadim bitta.

Firma binosiga borib, oʻsha tuban harom bilan yuzma-yuz gaplashmagunimcha bu toʻxtamaydi.

Bugun ertalab oʻsha hujjatni birinchi marta koʻrganimda, nimadir notoʻgʻri deb oʻylagandim. Koʻz oʻngimda yotgan ism va lanati isbotlar qandaydir xatolik ekanligiga shubhasiz ishongandim.

Hisob-kitobdagi adashish.

Tasodif.

Tizimdagi la’nati nosozlik.

Lekin unday emasdi.

Xususiy detektivdan oʻrgangan faktlarim ham xato emasdi.

Qoʻlga kiritish uchun qanchalik past ketishimga toʻgʻri kelib, tanish-bilishchilik qilishga majbur boʻlganim hujjatlar ham yolgʻon emasdi.
Haqiqat butun shu vaqt davomida roʻparamda ochiqdan-ochiq yotgan ekan, faqat men koʻrlar kabi buni koʻrmabman.

Bu kibr edimi?

Yo johillikmi?

Axir men juda oz vaqt ichida tez oʻsib ketdim. Nafaqat bu, balki gʻururim sababli keraksiz va cheksiz janglarga ham shoʻngʻib ketdim. Meni deyarli oʻldirishiga sal qolgan oʻgay onam ham shafqatsizligimga guvohlik berishi mumkin. Men u ayolning kulini koʻkka sovurish uchun chiqqanman, lekin buni sekin-asta, u uzil-kesil tomoqiga arqon solishni oʻylab qolgunicha qilaman. Lekin yana bir tarafdan, u shunchalik manman va xudbin ayolki, bunday yoʻlni tanlash haqida hech qachon oʻylamaydi ham.
Butun shu vaqt davomida men oʻzimni birovning oʻyinchogʻiga aylanishdan yoki boshqarilishidan ustun deb bilardim. Axir men la’nati Kingsli Shouman — bor-yoʻgʻi bir necha yil ichida mislsiz darajada oʻsib ketgan "Weaver & Shaw" firmasining egasi va hammuassisiman.
Ikki daho oʻzlarining mushtlashuv kunlarini ortda qoldirib, dunyoni egallashga qaror qilganlarida shunday boʻladi. Bir paytlar Neytning hamma narsaga erishish ishtiyoqi bilan mening kuchim toʻqnashsa nima boʻlishi haqida oʻylardik. Agar u senator otasining soyasidan chiqib, hamma hisoblashadigan qudratli kuchga aylanishni tanlasa nima boʻlardi?
Agar men dadam qoldirgan boylikdan foydalanib, eng yaqin doʻstimning ishtiyoqidan oziqlansam-chi?
Javob oddiy edi. Cheklovlar yoʻq.
Neytning feʼlida menga eng yoqadigan narsa ham shu edi — hatto bir-birimizni urib, mashinalarda poyga oʻynab, eng goʻzal qizlarga yetishishda musobaqalashgan kunlarimizda ham. Men gʻolib boʻlganimda ham, u yanada kuchliroq boʻlib, goʻyo hammani ostin-ustun qilishga tayyor holda qaytardi.
Uning matonati cheksiz edi.
Xuddi halqa yoki cheksizlik belgisi kabi.
Xuddi la’nati ufq kabi.
Agar Nataniel Uiverga toʻgʻri imkoniyatlarni bersangiz, u bitta qasr quradi, keyin yana boshqalarini va oxiri butun bir la’nati shaharni barpo etadi. Boshqa odamlar katta narsalarni orzu qilishsa, u butun dunyoni egallashni orzu qiladi. Otasi kabi siyosiy yoʻl bilan emas, balki boshqacha, bildirmaydigan yoʻl bilan. Hech kim koʻrolmaydigan va unga ozor berolmaydigan xilvat joydan turib.
Aynan men maʼqul koʻradigan uslubda.
Shu sababli ham biz xuddi in va yan kabimiz.
Yuqori sinfda birinchi marta koʻrishganimizda, bir-birimizni koʻrarga koʻzimiz yoʻq edi. Ikkalamiz ham intiluvchan edik — u ich-ichidan, men esa ochiqchasiga va toʻqnashib ketishimiz bor-yoʻgʻi vaqt masalasi edi. Bu noqonuniy urishish ringlaridan birida sodir boʻldi, chunki ikkalamiz ham janglarda tez-tez qatnashardik. Men birovni oʻldirib qoʻymaslik uchun boks bilan shugʻullanardim. U esa asabini bosish uchun qilardi.

Oʻshanda uni oʻlim yoqasiga kelguncha dopposlagandim. Lekin u baribir yiqilmadi, hatto qoni polni qizilga boyagan boʻlsa ham taslim boʻlishdan bosh tortdi. Men uni oʻldirib qoʻymasligim uchun tashkilotchilar jangni toʻxtatishga majbur boʻlishgandi.
Oʻshanda birinchi marta munosib raqibni koʻrgandim. Menga tikilib, qon tuflab, yana oʻrnidan sapchib turganidagi uning qatʼiyat kuchi hamon yodimda.
Oʻshanda u shunchaki taltaygan senatorning oʻgʻli emasligini angladim. U undan ham ortiqrogʻi edi.
Ushbu voqeadan keyin ham uni bir necha bor pachoqlab tashladim, lekin u to mening ustimdan gʻalaba qozonmaguncha, qayta-qayta jang qilishga qaytaverdi. Keyinchalik bu oʻrtamizda qandaydir marosimga lanati odatga aylandi.
Biz raqib edik, lekin tez-tez bir-birimizni maktab direktori, ota-onalarimiz va hatto politsiya qoʻlidan qutqarib qolardik.
Bizning oʻz dunyomiz bor edi va unga begonalarning kirishiga yoʻl qoʻymasdik. Koʻplab ayollar oʻrtamizga suqulishga, ikkalamizni ham oʻynatishga urinishdi, lekin biz ularni bir daqiqadayoq haydab solardik. Har qanday narsa — fikrlar, strategiya, xodimlar ustida urishishimiz mumkin edi, lekin hech qachon ayol kishi uchun emas.
U sababli шеriklik va doʻstligimizni xavf ostiga qoʻyishga arzimaydi. Toʻgʻri, "doʻstlik" soʻzi unchalik toʻgʻri kelmasligi mumkin; baribir bir qaraganda hamon raqibmiz. Hali ham musobaqalashamiz, urishamiz va bir-birimizning xatolarimizni yuzimizga solamiz.
Lekin xuddi in va yan kabi bir-birimizni toʻldiramiz. U jim boʻlgan joyda men shovqin solaman. U sovuqqon boʻlgan joyda men qizqqonlik qilishim mumkin, bu esa sherikligimizni juda foydali qiladi.
Men va Neyt biror maqsadni koʻzlasak, hech narsa bizni toʻxtata olmaydi.
Lekin hech boʻlmaganda bugun ertalabgacha shunday deb oʻylagandim.
Bir oz oldin boʻlib oʻtgan oʻsha la’nati telefon qoʻngʻirogʻigacha.
Qizimning hayotiga haqiqiy xavf borligini anglab yetgunimgacha.
U eshigim tagida paydo boʻlganida, uni xohlayman deb oʻylamagandim.
Lekin uning beayb, kamalakdek jilolanuvchi koʻzlariga bir bor qarashim bilan, oʻzimda hech qanday tuygʻu yoʻq deb oʻylagan odam unga oshiq boʻlib qoldim. Uni kimgadir berib yuborishni hatto xayolimga ham keltirmadim, keltira olmasdim ham. U mening bir boʻlagim edi va uni his-tuygʻulardan xoli tarzda himoya qilishim kerakligini bilardim. Oʻsha paytda yosh va kaltafahm boʻlganimning ahamiyati yoʻq edi. Bolani qanday tarbiyalash haqida hech vaqo bilmasligimning ham ahamiyati yoʻq edi.
Onamni haydab solib, oʻynashiga uylangan qattiqqol otam bilan yashash meni hissiz bir haromiga aylantirib qoʻygandi. Yagona maqsadim — hamma narsani va oʻzimni ham yakson qilish edi. Oʻsha onam oʻz joniga qasd qilganida, otamni ham, uning xotinini ham, onamning hayotiga zomin boʻlgan bu la’nati dunyoni ham hech qachon kechirmaslikka qasam ichganman.

Aynan shuning uchun oʻsmirlik chogʻimda xavfli yoʻlga kirib, deyarli hamma narsani barbod qilayotgandim.
Lekin kichkina qoʻllari va pushti yuzi boʻlgan bu mitti chaqaloq barbod boʻlgan hayotimga bostirib kirishidan oldin edi u. Hatto DNK testini topshirmasdan turib ham uning mening qonimdan ekanini bilardim. U meniki boʻlishi kerakligini sezgandim.
U men oʻzimni loyiq deb bilmagan ulkan neʼmat edi. Ismining maʼnosi ham shundan kelib chiqqan. Gvinet.
Uning dunyoga kelishi menga hayotimni vayron qilishdan butunlay farq qiladigan yangi maqsad ato etdi. Men har doim qudratga intilib yashaganman, lekin u – men barcha narsaga erishishim uchun yetarli sabab edi.
Chunki kuchga ega boʻlganlargina oʻz oilasini himoya qila oladi.
Gven esa mening yagona oilam.
Uni xavfdan asrash uchun yoʻlimda chiqqan har bir kimsani qirib tashlashga tayyor boʻlgan yagona oilam.
Lekin men xatoga yoʻl qoʻydim.
Atrofimga yetarlicha diqqat bilan qaramabman, shu bois unga xavf solishi mumkin boʻlgan yagona odamni payqamabman. Uni yigirma yil davomida tarbiyalaganimdan keyin mendan tortib olishi mumkin boʻlgan oʻsha insonni koʻrmabman.
— Lanati! — Men gazni bosib, Neytga qayta qoʻngʻiroq qildim.
U nihoyat goʻshakni oldi va zerikkan ovozda gap boshladi:
— Tinchlikmi, King? Majlisim bor edi.
— Majlislarni yigʻishtir. Bu favqulodda holat.
— Nima gap oʻzi? — Uning ovozi birdan jiddiylashdi.
Unga butun gʻazabimni toʻkish uchun ogʻiz ochgan edim hamki, mashinalarning quloqni qomatga keltiruvchi ovozi boʻlib yubordi. Toʻsatdan bir mashina oldimga otilib chiqdi va tormozni qattiq bosdim, havodan qarsillagan keskin ovoz tarqaldi.
Lekin foydasi yoʻq edi.
Temirning temirga urilishidan chiqqan dahshatli ovoz qulogʻimni qitiqladi va xavfsizlik yostiqchasi meni shiddat bilan orqaga otdi, hatto boʻynim deyarli sinib ketayozdi.
Peshonamdan oqib tushayotgan suyuqlik koʻzlarimni toʻsib, koʻrish maydonimni qizgʻish tuman qoplab oldi, koʻzlarim yarim ochiq holatda qolgandi.
Bir soniya ichida goʻyo oʻz tana qobigʻimdan ajralib chiqqandek, boshqa bir olamga oʻtib qolgandek oʻzimni yoʻqotib qoʻydim.
Quloqlarim tinmay zillillardi, tanam esa endi oʻnikidek tuyulmasdi. Men qayerdadir suzib yurgandek edim — harakatsiz, kiprik qoqmay, ammo atrofda qandaydir harakat bor edi.

Mendan emas.
Ovozlar, ranglar va tuygʻular bir-biriga qorishib ketdi, tashqaridagi toʻpolon asta-sekin qulogʻimga chalinardi va u bilan birga Neytning ovozi eshitildi: — King! Kingsli... biror narsa de. Nima la’nati voqea boʻldi?
— Gven... — xirillab pichirladim men. — Unga... gʻamxoʻrlik... qil...
Yanada koʻproq narsa aytgim kelardi.
Bizning la’nati hayotimizga olib kirgan narsalari uchun uni soʻkib-soʻkib tashlagim kelardi. Hammasi uning va uning oʻsha bexatar, puxta rejalari dasti bilan ostin-ustun boʻlib ketmoqda.
Lekin ogʻzimdan boshqa hech qanday soʻz chiqmadi.
Koʻz oʻngim asta-sekin qorongʻulashib borar, koʻrinmas qoʻllar meni tubsizlikka tortib ketardi.
Meni kechir, mening mitti farishtam.