𝗘𝗠𝗣𝗜𝗥𝗘 𝗢𝗙 𝗗𝗘𝗦𝗜𝗥𝗘
IKKI YIL OʻTIB
— DADA! — deb qichqirdim-da, zinalardan yugurib tushib, uydan chiqish eshigi tomon otildim. Har bir qadamimda krossovkam marmar polga urilib, qarsillagan ovoz chiqarardi.
Ovozimni eshitib, dadam toʻxtadi va hayron boʻlgandek menga qaradi, yuzida tabassum qalqdi.
Dadamning menga qaraganida yuzidan tabassum uzilmaydi. Hatto jahli chiqqan paytlarda ham tezda barchasini unutib, menga qarab jilmayib qoʻyaveradi.
Xizmatchimiz Marthaning aytishicha, uni chin yurakdan jilmaytira oladigan yagona inson men emushman. Ommaviy axborot vositalari uni "shafqatsiz iblis" deb atashadi, men esa faqat oʻzimga tabassum hadya etadigan bu "super kuchim" bilan faxrlanaman.
Lekin OAVdagilar mutlaqo haqiqatdan yiroq, chunki dadam yoshligidanoq menga qanchalik fidoyi ota boʻlganini ular bilishmaydi.
Dadam unchalik qarimagan. Yoshi oʻttiz yettidan oʻttiz sakkizga oʻtayotgan boʻlsa-da, kelbatli qaddi-qomati kiyimida darhol koʻzga tashlanadi. Boʻylari baland, elkador va qornida aniq bilinib turadigan mushaklari bor.
Hazillashmayapman. Men biladigan eng sogʻlom inson — u. Yuzidagi biroz ajinlar esa uni hammadan ham donoroq koʻrsatadi — bir insonni hisobga olmaganda, albatta.
Qolaversa, hozir menga mehr bilan boʻqib turgan moviy-kulrang koʻzlaridagi qarash odamni lol qoldiradigan darajada haybatli.
Nega koʻpchilik undan hayiqishini va uni shafqatsiz deb bilishini tushunaman. Biron kishida shunday boylik, kelbat va xarakter boʻlsa, odamlar yo unga taʼzim qilishadi, yo undan yiroq yurishadi.
Lekin yana bir bor aytaman, men uning jigargushasiman va menda super kuch bor.
— Telefoningizni unutibsiz, — dedim-da, telefonni unga koʻrsatib silkitdim va vanilli milk-sheykimdan bir hoʻplab qoʻydim. Ertalabki qahva oʻrniga men uchun ayni shu ajoyib ichimlik edi.
Dadam xursincha telefonni qoʻlimdan oldi. U narsalarni osongina unutadigan odam emas — xotirasi juda oʻtkir, lekin oxirgi paytlarda nimadir sababdan xayoli har doimgidan ham koʻproq boʻlingandek tuyulyapti.
Ehtimol, muhim biror ish bilan banddir. Yoki oʻgay buvim Syuzan bilan tugamaydigan sud mashmashalari sababchidir. Qasam ichaman, ulardan biri oʻlmaguncha bu sudlashuvlar hech qachon tugamaydi, ikkalasi ham yon beradigan emas.
Dadam telefonni yonchoqiga solib, yuzimdan chimchilab qoʻydi:
— Sensiz nima qilardim-a, kichkina farishtam?
Men darhol ortimga tisarildim:
— Ey! Men endi kichkina emasman. Bir oy oldin yigirma yoshimni nishonladik-ku.
— Baribir men uchun har doim kichkinasan. Qolaversa, vanilli milk-sheyk hamon eng sevimli ichimliging, bu esa fikrim toʻgʻriligini isbotlaydi.
— Bu shunchaki kayfiyatimni koʻtaradigan ichimlik!
— Ha-ha, albatta.
— Men rostdan ham oʻsib qoldim. Anavi boy-bostimga bir qarang!
— Qanchalik boʻying oʻsmasin yoki yoshing ulgʻaymasin, buning ahamiyati yoʻq. Baribir men uchun oʻsha-oʻshasan.
— Hatto qarib, yuzimga ajinlar tushib, sizga qarashib yurgan paytlarimda ham-a?
— Hatto oʻshanda ham. Shunga koʻnikishingga тўғри keladi.
— Siz bilan gaplashib boʻlmaydi, dada. Umidsiz holatdasiz.
— Gvinet Ketrin Shou, sen hozir kimni umidsiz deyaabsan?
Men uning qiyshayib qolgan galstukini toʻgʻrilab, soxta xafachilik bilan dedim:
— Yosh oʻtib borayotgan boʻlsa ham, biror kim bilan oila qurishni xohlamayotgan muayyan bir Kingslini-da.
— Mening kichkina farishtam bor, shuning uchun menga boshqa hech kimning keragi yoʻq.
— Bir kun kelib men baribir ketaman, dada.
— Agar barchasi mening ixtiyorimda boʻlsa, ketmaysan.
— Meni umrbod yolgʻiz oʻtkazmoqchimisiz?
— Hm... — U goʻyo insoniyat boshiga tushgan kulfatning yechimini qidirayotgandek menga oʻychan tikilib qoldi. — Nazariy jihatdan, yoʻq. Chunki vaqti kelib nevaralar koʻrishni xohlayman. Lekin oʻsha natijaga olib boradigan jarayon menga umuman yoqmaydi.
— Kutilmagan homiladorlik ham boʻlib qolishi mumkin-ku.
Dadam birdan qotib qoldi, men esa tilimni tiymaganim uchun ichimda oʻzimni soʻkdim. Barcha mavzular orasida aynan shu mavzu unga umuman yoqmasdi — taxminimcha, onam sababli.
Sakkiz yoshimgacha u buni mendan yashirib kelgan. Oʻsha paytgacha onang oʻlib ketgan deb aytardi, lekin keyin uning Neyt bilan gaplashayotganini eshitib qoldim va oʻshanda u menga achchiq haqiqatni aytishga majbur boʻldi
Oʻsha voqeadan keyin biz bir-birimizga hech qachon xiyonat qilmaslik va aldamaslikka ahd qilganmiz.
— Homiladormisan? — Uning ovozidagi barcha hazil-huzul birdan yoʻqoldi.
— Nima? Yoʻq, albatta unday emas, dada.
U yelkamdan tutib, koʻzlari koʻzlarim bilan bir chiziqqa kelguncha pastga egildi.
— Gven, agar shunday boʻlsa, menga toʻgʻrisini ayt.
— Yoʻq...
— Anavi velosipedli bolami? Oʻsha haromini hoziroq oʻldiraman!
— U Kris emas. Shunchaki hazillashgandim. Kechiring.
— Ishonching komilmi? Chunki u jalabning bolasini uyiga hozir azroil bilan birga "kutilmagan tashrif" buyuraman!
— Unday qilmang, dada. Rostdan ham homilador emasman. Vaʼda beraman.
U chuqur tin olib, goʻyo birov koʻksiga musht tushirgandek orqaga tisarildi. Hozirgi aytgan gaplarim, ehtimol, uning eshigida qanday paydo boʻlib qolganimni esiga solgan boʻlsa kerak.
Bu xonadonda taqiqlangan mavzu boʻlmish maʼlumotsiz onam... Dadam hali maktabda oʻqib yurgan paytlarida meni bobomning uyi oldiga tashlab ketgan. Yonimda esa arzimagan bir parcha xat bor edi: "U seni qizing, Kingsli. Nima qilsang qil."
Men mana shunday dunyoga kelganman. Tashlab ketilgan. Keraksizdek uloqtirilgan.
U hatto dadamga menga gʻamxoʻrlik qilishni ham tayinlamagan. Shunchaki "nima qilsang qil" degan, xolos.
— Bundoq narsalar bilan hazillashma, Gven, — dedi dadam qatʼiy va jiddiy ohangda.
— Bilaman. Qasddan qilmadim. — Kayfiyatni koʻtarish umidida unga qarab jilmaydim. — Yana biror narsani unutmayapsizmi?
U portfelini polga qoʻyib, quchogʻini ochdi:
— Beraqol buyoqqa.
Men oʻzimni uning bagʻriga otdim va boʻynidan mahkam quchdim:
— Sizni yaxshi koʻraman, dada.
— Men ham seni yaxshi koʻraman, farishtam. Sen menga berilgan eng aziz neʼmatsan.
Koʻzlarimga yosh qalqdi. Onam uchun ham qimmatli neʼmat boʻlmaganim, u meni keraksiz matohdek uloqtirib ketgani, ikkalamizni ham tashlab qochgan qoʻrqoq ekani yuragimni qanchalik ezishini aytib, gapni rasvo qilmaslik uchun oʻzimni tutishga harakat qildim.
Chunki negadir dadam hamon uni kutayotgandek tuyulardi. Yigirma yil oʻtdi... u ham charchagan boʻlsa kerak. Sabr kosasi toʻlgan boʻlishi tayin.
Balki mening ham sabr kosam toʻlgandir. Dadamning shuncha mehriga qaramay, qalbimning bir boʻlagi yetishmayotganini, u allaqachon men yetib borolmaydigan olisda yoʻqolganini har doim his qilardim.
Balki shuning uchundir, ich-ichida hech narsasi yoʻq, puch odam boʻlib ulgʻayganimning sababi. Tashqaridan shirin va muloyim, lekin ich-ichidan mutlaqo boʻm-boʻsh bir inson.
Miyasi joyida boʻlmagan, nuqsonli bir kimsaman.
Mendaqa inson uchun hayotda choʻkmay, tik turish uchun roʻyxatlar va ovunchoqlar kerak boʻladi.
— Shampuningni almashtirdingmi, Gven? Yana vanil hidi-ku, lekin boshqa brendmi?
Men uning bagʻridan ajralib, koʻzlarimni suzdim. Dadamning burni juda oʻtkir — tishimni yuvib, tonna-tonna ogʻiz chayuvchi vosita ishlatganimdan keyin ham, uning ortidan yashirincha biror narsa ichganimni darhol sezib oladi.
— Ikki xil brendni aralashtirib ishlatdim. Rostdan ham, dada, burningiz juda gʻalati-a.
— Bularning bari farishtam beruxsat ichib olgan paytlarini tutish uchun-da.
Men yuzimni buroshdirdim, dadam esa sochlarimni toʻzitib qoʻydi, malla tolalari har tomonga sochilib ketdi.
— Sochimga tegmang! — Men ortga siltanib, itoatsiz sochimni tartibga keltirdim.
— Baribir goʻzalsan.
— Buni faqat otam boʻlganingiz uchun aytyapsiz.
— Senda mening genlarim bor, farishtam, bu esa hazilakam narsa emas. Sen har qanday odamning koʻziga goʻzal koʻrinasan.
Neytdan tashqari.
Uning ismini oʻylashim bilan vujudimdan titroq oʻtdi. Yuzim qizarib ketmasligi uchun bor kuchimni yigʻib, dadam bilan xayrlashdim.
U ketganidan keyin zinalarga oʻtirib, milk-sheykimni yonimga qoʻydim va bilaguzugimni ushladim. Ikki yil oldin tugʻilgan kunimda u menga sovgʻa qilgan oʻsha bilaguzukni.
Oʻsha tugʻilgan kunimda uni oʻpganimda, u meni shunday shafqatsizlarcha rad etgandiki, bu haqda oʻylasam hamon suyak-suyagimgacha uyalib ketaman.
Agar oʻn sakkiz yoshimda Neyt menga nisbatan sovuqlashib qoldi deb oʻylagan boʻlsam, hozir u xuddi toshdek qotib qolgan. Juda zarur boʻlmaguncha men bilan gaplashmaydi. Biz juda kam koʻrishamiz, dadamga tushlik olib borish bahonasida idoraga borganimda ham, u shunchaki meni koʻrmaganga oladi.
U buni dadam sezib qoladigan darajada qoʻpollik bilan qilmaydi. U oʻta ustalik bilan, bildirmay harakat qiladi. Oxirgi bir necha yil ichida uni necha marta koʻrganimni barmoq bilan sanasa boʻladi.
Yoʻlimiz kesisgani — yigirmatacha.
Suhbatlar esa — nol. Shunchaki befarq va sovuqqina "Ahvollaring qanday?" degan gapini hisobga olmaganda.
Toʻgʻri, u Neyt amaki boʻlib yurgan paytlarida ham har doim yonimda boʻlmagan. U koʻproq dadam uchun kelardi va menga goʻyo fondagi shovqindek eʼtibor bermasdi.
Shunchaki bir chetdagi koʻrinmas odam edim, xolos.
Shunchaki bir bola.
Lekin u paytlari hech boʻlmasa uning yonida ich-ichimdan portlab ketgudek boʻlmay yashay olardim.
Uni oʻpganimdan keyin, oʻn sakkiz yil davomida oʻrtamizda boʻlgan oʻsha samimiy va erkin munosabatlarni barbod qildim.
Lekin buning uchun afsuslanmayman.
Chunki uning uchun shunchaki bir boladan ortiqroq boʻlishni umid qilgandim. Menga boshqacha koʻz bilan qarashini xohlagandim.
Endi esa barcha umidlarim havoga sovurildi.
Lekin yaqin haftalar ichida dadamning tugʻilgan kunini rejalashtirishim kerak, bu esa u ham oʻsha yerda boʻlishini anglatadi.
Yutundim, yuragim koʻkragimda gupirlab urardi.
Vaholanki bunday boʻlmasligi kerak edi, chunki men uni allaqachon unutganman, bilasizku. Nima boʻlganda ham shuning oʻzi maqbul, aks holda dadamning tepa sochi tikka boʻlardi, shuning uchun hammasi joyida.
Men yaxshiman.
Oxirgi ikki yil davomida oʻzimga shuni uqtirib kelaman, lekin bu hech qachon haqiqatdek tuyulmagan. Shuning uchun boʻlsa kerak — axir u Neyt-ku.
Ichimdagi boʻshliqni jilovlashni va uni kuchga aylantirishni oʻrgatgan oʻsha Neyt.
— Bu boʻshliq hech qachon yoʻqolmaydi. Xohlaysanmi-yoʻqmi, bu endi sening bir boʻlaging, — degandi u oʻn besh yoshimda, dadamning sharob podvalida yashirinib oʻtirganimda meni topib olgach. Sabrim tugaganda va dadamning kayfiyatini buzishni xohlamaganimda shunday qilaman — yashirinib olaman.
Oʻsha kun ham ana shunday ogʻir kunlardan biri edi. Tugʻilgan kunimni ham, oʻzimni ham yomon koʻrib ketgandim. Hech narsani eslamasam-da, oʻzimni yoʻl chetiga tashlab ketilgan oʻsha chaqaloqdek his qildim. Oʻzimni hech kimga keraksizdek his etib, ichim boʻshab qoldi. Shunchalik boʻshliq ediki, hatto nafas ololmasdim, dadam "Tugʻilgan kuning bilan" deb kuylaganda koʻzyoshlarimni zor-zor tutib turishimga toʻgʻri kelgandi.
Dunyodagi eng yaxshi otam boʻlishiga qaramay, oʻzimni toʻlaqonli his qilmayotganimni aynan oʻsha kuni angladim. Oʻzimni gʻalati deb oʻylardim, chunki yagona tilagim onam boʻlishi edi.
Har bir tugʻilgan kunimda faqat shu narsani tilardim. Onamni. Oʻz onamni. Qaytishini va menga buni nima uchun qilganini tushuntirib berishini xohlardim.
Lekin dadam oʻsha kuni juda baxtiyor edi, xuddi barcha tugʻilgan kunlarimdagi kabi. U har safar ularni haftalab oldindan rejalashtirib, katta voqeaga aylantirardi. Shuning uchun ham nonkoʻrlik qilib, uning koʻz oʻngida hoʻngrab yigʻlay olmasdim.
Shu sababli sharob podvaliga sezdirmay kirib oldim va buni yakkalanib, sukunatda qildim.
Eshik ochilib, u paydo boʻlgunicha. Neyt amaki. U oʻsha paytlarda hamon amaki edi, bir ogʻiz gapi bilan har qanday bezorining ota-onasini joyiga oʻtirqazib qoʻya oladigan haybatli inson edi. Oʻn yoshimda bir qizcha: "Sening onang foBisha boʻlgani uchun tarbiyasizsan", deganida u bir marta shunday qilgandi. Bu anchadan beri yurgan mish-mish edi: Kingsli Shou foBishaning nafsi bilan boʻlib, u gʻoyib boʻlgach, yolgʻiz ota boʻlishga majbur boʻlgan, degan gaplar yurardi.
Dadamga aytmagandim, chunki u shov-shuv koʻtarib, toʻpolon qilishini bilardim. Lekin oʻsha kuni Neyt dadamning oʻrniga meni maktabdan olib ketgani keldi va nimadir boʻlganini sezib qoldi. Meni shunday soʻroqqa tutdiki, oxiri oʻkirib yigʻlagancha hammasini anqayib aytib berdim. Oʻsha kuni kechqurun u haligi qizning uyiga borib, onasiga ya: yo qizingizni tiyib olasiz, yo boʻlmasa bor-yoʻgʻingizni tortib olib, sudga beraman, dedi.
— Seni ogʻritgan odamlarni yashirmaysan, Gvinet, eshityapsanmi? Aynan shunday munosabat ularni senga va boshqalarga ozor berishda davom etishga undaydi. Agar Kingning aralashishini xohlamasang, mening oldimga kelasan. Tushundingmi?
Uning mashinasida jim oʻtirdim, haligi bezori qiz va uning onasi qanchalik dahshatga tushganidan hamon hayratda edim. Oʻsha momentda Neytga xuddi dadamga sigʻingandek sigʻinib qolgandim.
— Tushundingmi? — deb uqtirdi u oʻsha qatʼiy ovozida. Men esa oxiri bosh silkidim.
— Barakalla. Endi esa bularning barini unutishing mumkin boʻlgan joyga boramiz.
U meni koʻngilochar parkka olib bordi va vanilli muzqaymoq olib berdi. Bu hayotimdagi eng baxtli kunlardan biri edi.
Ertasi kuni ertalab haligi bezori qiz mendan uzr soradi. Oʻshanda odamlar Neytdan faqat otasi kim boʻlgani uchun emas, balki u har doim vaʼdasining ustidan chiqqani uchun ham qoʻrqishini anglab yetdim.
Oʻn besh yoshimda sodir boʻlgan voqea ham haligi bezori qiz voqeasiga biroz oʻxshash edi. Neyt meni topib, yonimda choʻnqayib oʻtirdi, lekin menga qoʻl tegizmadi.
— Lekin men buni yomon koʻraman. — Yuzimni qoʻllarim bilan berkitdim. — Ichimda nimadir yetishmasligini yomon koʻraman.
— Uning seni boshqarishiga yoʻl qoʻyasanmi yoki uni qarshingda tiz choʻktirasanmi? Chunki senda faqat ikkita yoʻl bor, Gvinet. Uni nima bilan toʻldirishni oʻzing hal qilasan. Kuch bilanmi yoki ojizlik bilan?
Men ikkalasini ham tanlamadim.
Men ichimdagi boʻshliqni u bilan toʻldirishni tanladim.