June 25, 2025

𝐌𝐢𝐧𝐞

𝐞𝐩𝐢𝐬𝐨𝐝𝐞 𝟏

Xona og‘riq va hayqiriqlarga to‘lgandi. Har bir ovoz devorlarni titratib, qorong‘ulik ichra ayovsiz sirni ochib turgandek tuyulardi.

Yigit go‘yoki taxtida o‘tirgan podshohdek o‘ziga xos sukunatda oʻtirardi. Uning ko‘zlarida yiltiragan sovuqlik, xonaga hukm surayotgan vahshiylikni ifoda etardi.

Devorga og‘ir, zanglagan temir zanjir bilan mahkam bog‘langan bir erkak titrab turar, tanasining har bir burchagidan qon sizib chiqardi. Uning najot istovchi nigohlari umidini allaqachon yo‘qotgandi.

Yigit gapirishni boshlarkan ovozi yurakni muzlatib yuboradigan darajada sovuq edi:

– Xo‘sh... yana so‘rayman. Yaxshilab o‘yla... seni bu yerga kim yubordi?

Erkakning lablari qimirlar, ammo tovush deyarli eshitilmasdi. Yutinib, har bir harakatda og‘riq to‘lqinlarida qiynaldi va nihoyat titroq ohangda shivirlagandek bo‘ldi: – Y… yo…shi…

Bu yagona so‘z, garchi aniq eshitilmasa-da yigit bu ismni darhol tanidi. Nigohi qorayib, lablari kulimsiradi, bu kulgi emas, balki hukm chiqaruvchi jilmayishdir.

– Yoshiko Xaruna — dedi u xuddi o‘ziga o‘zi gapirayotgandek.

Yoshiko Xaruna Yaponiyadagi mashhur mafiya yetakchilaridan biri. U yakuzalarning navbatdagi rahbari bo‘lishni istadi. Lekin afsuski, u joyda Jeon Jungkook bor. Ularning sobiq rahbari Yang Xui atigi yigirma to‘rt yoshida Jungkook tomonidan yo‘q qilingan. Bu esa Jungkookka o‘sha ulkan unvonga egalik qilish imkonini berdi.

Jeon Jungkook

Koreyada hech kimdan cho‘chimaydigan, qudratli jinoyatchilar jamoasining sardori. Uning harakati, uning hukmi edi. Va bu kuch, bu yovuzlik, boshqalarni hasad va qo‘rquvga g‘arq qilgan. U sekin, biroq aniq va murosasiz yurishda davom etmoqda, har bir qulagan raqib bilan bir pog‘ona yuqoriga ko‘tarilib. Dastlab faqat Koreya, so‘ng bosqichma-bosqich, qat’iyat bilan Osiyoning boshqa mamlakatlari ham uning hukmronligiga taslim bo‘la boshladi. Uning soyasi virus kabi tarqaldi, har bir burchakka singib bordi. Bu albatta, Yaponiyaning yirik jinoyat imperiyasini boshqarayotgan Yoshiko Xarunani xavotirga soldi. U Jungkookni yo‘q qilishga urinib, o‘ldirish uchun eng yaxshi odamini jo‘natdi. Ammo u bilmasdiki Jungkook oddiy yigit emas. Jeon Jungkookni yiqitadigan odam hali tug‘ilmagan, hattoki tug‘ilmasligi ham mumkin.

– Jungkook — dedi kimdir ortidan qat’iy ovozda.

Jungkook ortga qarab eng ishonchli odami, o‘ng qo‘li Taehyungni koʻrdi.

Kim Taehyung
Park Jimin

Kim Taehyung va Park Jimin Jungkookning eng yaqin odamlari. Ular nafaqat ishda, balki unga yaqin bo‘lgan yagona “oila” edi, garchi ularning yoshi katta bo‘lsa-da. Jungkook ularni "Hyung" deb atardi, bu oddiy hurmat belgisi emas, balki qalbdan chiqqan murojaat edi.

Ha u xavfli jinoyatchi bo‘lishi mumkin, ammo hech qachon begunoh odamga tegmagan. Faqat jinoyat qilgan, gunohkorlar uning jazosi ostida ezilgan. Chunki Jungkook yaxshi bilardi, bu zolim va sovuq dunyoda begunohlar faqat yashab qolishga urinadi. O‘zi ham bir zamonlar aynan shunday qilgan. Ular singari ojiz, ular singari yolg‘iz bo‘lgan.

– U shu yerda... Yoshiko.

Jungkook bu ismni eshitarkan, lablarining chetida sezdirmay jilmaydi.

U yo‘lak bo‘ylab yurarkan, har bir qadami salobatli edi. Uning egnidagi qimmatbaho kostyum gavdasiga mukammal mos tushgan, har bir detal ustida o‘ylab ishlangan mukammallik belgisi edi. Sochlari ortga taralgan, yuzi esa bejirim va chiroyli. Jungkook mehmonxona tomon qadam bosdi, har bir yurishida hukm, har bir nigohida xavf bor.

– Yakuza rahbarini o‘ldirish uchun bunchalik ojiz bir odamni yuborishingizni kutmagan edim… — dedi Jungkook sovuq ohangda, erkakka yaqinlasharkan. Uning ovozida hukmronlik bor, bu ovoz buyruq berayotgan odamga tegishli edi.

– Xo‘sh, bunisi eplolmagan boʻlsa boshqasi eplaydi — dedi Yoshiko qaltis hazil qilib koʻzlarida qoʻrquv emas, kinoya bilan

Jungkook boshini ozgina qiyshaytirib, qoshini ko‘tardi. So‘ng asta orqasiga o‘girilib, xuddi qirollik taxtidek salobatli o‘rindiqqa o‘tirdi.

– Meni juda beparvo qabul qilyapsiz Yoshiko — dedi xotirjam.

– Jungkook-shii men sizdan qo‘rqmayman. Hozir qirollardek yashayotgan bo‘lishingiz mumkin, ammo vaqti kelganda... boshingizni tanangizdan ajratishdan tortinmayman. Xavotir olmang, uni suviner sifatida o‘zim bilan olib ketaman. Balki devorimga osarman.

Shunday degach Yoshiko asta-sekin o‘rnidan turdi, so‘ng bir lahzalik jimjitlik ichida ortiga qaramasdan uydan chiqib ketdi.

Ortidan sukut cho‘kdi.

– U o‘ziga haddan tashqari ishonmayaptimi? — dedi Jimin Jungkook tomon yurarkan, nigohi eshikda qolgancha.

– hech bo‘lmaganda yo‘q qilishimdan oldin o‘ynash uchun yaxshi o‘lja topdim — dedi Jungkook

Jungkook ayni shu lahzada ham Yoshikoni yo‘q qila oladi. Uning hayotini bir lahzada to‘xtatishga hech narsa to‘sqinlik qilolmasdi. Hech kim, hatto eng baland lavozimda o‘tirganlar ham, unga qarshi chiqishga jur’at eta olmaydi. Uni to‘xtatishga na qonun, na qo‘rquv yetardi. Ammo aynan shu cheksiz qudrat... uni zeriktirayotgandi. Hamma unga bo‘yin egardi. Hamma uning oldida bosh egib yurardi. Uning yonida hatto eng shafqatsiz jinoyatchilar ham ovoz chiqarolmasdi. Nihoyat unga qarshi tura oladigan bir jasorat, unga qarashda yuragi titramaydigan bir nigoh... unga qarshi kurashishga jur’at topgan yagona o‘lja bor, endi mana shu uning ichidagi hayvonni uyg‘otardi. Shuning uchun Jungkook hali ham kutyapti, o‘ynayapti, cho‘zyapti. Chunki u o‘lja bilan o‘ynashni yaxshi ko‘rardi. Axir qirolning taxti faqat kuch bilan emas, sabr bilan ham mustahkamlanadi.

* * *

Oʻn sakkiz yoshdagi Suzy gavjum shahar boʻylab yurarkan, atrofdagi odamlarni kuzatdi. Kimdir yo‘lak chetidagi kafeda bir piyola kofe ichib o‘tirar, kimdir tonggi yugurish bilan band. Boshqalar esa, go‘yo dunyo faqat ular uchun bordek, seviklilari bilan qo‘l ushlashib, quvnoq jilmayishardi.

Suzy

Qiz o‘z manziliga yetib, oddiy kafe ichkarisiga kirdi. Bu uning ish joyi, u bu yerda oddiy ofitsiant boʻlib ishlaydi.

Suzy shkafdan fartuk olib beliga bogʻladiyu sochlarini orqaga yig‘di. Oddiy ko‘rinishiga qaramay, go‘zallik uni tark etmas, qanday kiyinmasin har doim chiroyli koʻrinardi. Suzyning go‘zalligi faqat tashqi ko‘rinishida emas, balki ichki nur, o‘ziga ishonch va mehribonligida ham edi.

Qiz peshtaxta oldiga borib eski daftari va ruchkasini oldiyu ishga kirishdi.

Qiz ishigi berilib ketganidan vaqt oʻtganini ham sezmay qoldi.

Tashqarida quyosh botib borarkan, osmon asta-sekin pushti va to‘q sariq tuslarga bo‘yalib, kunning yakuniga yetganini, yana bir tun kirib kelayotganini e’lon qilardi.

Suzy ishlarini yakunlab, uyga qaytarkan, qadamlarida ogʻirlik bor edi. U “uy” deb ataluvchi jahannam darvozasiga qadam qo‘yishni istamasdi, bu joy goʻyo uni ezardi, tiriklayin yutardi. Suzyni har safar uyda kutib oladigan o‘sha sovuq chehra, ayovsiz nigoh undan barcha kuchini so‘rib olar, ruhini mayib qilardi. Yani uning otasi. Puldan boshqa hech narsani ko‘rmaydigan, hech narsani istamaydigan odam. Uning ochko‘zligi oxirsiz, avval ayolini, endi esa qizini “boqayotgan” odam edi u. Ammo bu boqish emasdi bu yemirish, asta-sekin ichdan yo‘q qilish edi.

Suzyning onasi bir vaqtlar yuragida sevgi bilan to‘lib-toshgan, hayotga ishonuvchi ayol, ikki joyda ishlardi. Faqatgina erini boqish, uning xohishlarini qondirish uchun. Onasi oxir-oqibat yiqildi. Jismonan emas, ruhiy jihatdan. Tanasi bardosh bermadi. U o‘zi sevgan odamni boqib, nihoyat halok bo‘ldi. Ortda esa 14 yoshli qizni qoldirdi, bolaligini tortib olingan qizni.

Suzy o‘sha kundan beri o‘zini unutdi. Hayotini bir chetga surdi. O‘qishdan voz kechdi. Orzularni dafn qildi. Endi u shunchaki yashar, faqat eng yomon ko‘radigan odami otasini ovqatlantirish uchun. Ular "ota-qiz" degan soʻz hech qanday muhabbat yoki yaqinlikni anglatmasdi. Bu faqat ular oʻrtasidagi zanjir edi.

Suzy uy eshigini ochib, ichkariga kirarkan divanda cho‘zilib yotgan otasi yana ichkilik domida uxlab qolgandi. Suzy unga qarab ham qo‘ymadi. Bu manzara unga notanish emas, u buni har kuni koʻradi.

Qiz indamay o‘z xonasiga yo‘l oldi. U o‘zini karavotga tashlab, noutbukni ochdi. Bir necha marta sichqonchani bosdi va tanish oynani ochdi — blog sahifasi. Bu qizning haqiqiy panohi edi. U yerda u yengil nafas olar, iztiroblarini so‘zlarga bogʻlardi. Har bir harf yuragidan to‘kilgan alam, har bir jumla unsiz qichqiriq. Umidsizlik, iztirob, sokin qarshilik hammasi qog‘ozga emas, lekin ekranga to‘kilardi. Suzyning blogini yuzlab odamlar o‘qirdi. Ular uning yozuvlarini nafaqat so‘z, balki she’r, ilhom, dardga yo‘g‘rilgan najot sifatida qabul qilishardi. Qiz barmoqlarini tugmalarga yurgizdi. So‘zlar xuddi yuragidan to‘g‘ri ekranga oqib tushayotgandek:

"Agar super kuchim bo‘lsa, men nilufarlar bilan to‘la joyga uchib ketardim.

Bahorning musaffo osmoni oralab, yomg‘ir meni eski do‘stim kabi bag‘riga bosar edi...”

Shu satrlarni yozgach, Suzy chuqur nafas oldi. Ichidan bir oz og‘riq chiqqandek bo‘ldi. Dunyo o‘sha-o‘sha edi. Ammo hech bo‘lmasa bir necha daqiqa davomida, u unga o‘ziniki emasligini eslata oldi.

* * *

Kechki soat 5:00

Quyoshning oxirgi nurlari binoning birinchi qavatidagi katta ofis xonasiga tushardi.

Xonadagi har bir detal, har bir mebel parchasi izzat va sokin kuch timsoli edi. Markazda joylashgan keng, silliq yuzali stol xonadagi hokimiyat markazi. Orqa tomonda esa devorni to‘ldirib turgan eski, qimmatbaho kitob javonlari xonaga kutubxona kabi jiddiy ruh bag‘ishlardi. Chap tomondagi derazalar bog‘ tomonga ochilgan, tabiat bilan xonani bog‘lab turgandek edi.

Bu yerda harakati diqqatli, nigohi fayllar orasida yo‘qolgan Jeon Jungkook oʻtirardi. Uning siymosi xonaga yarashardi, jim, biroq buyruq beruvchi. U varaqni asta yopib, qora charm kursisiga suyanarkan, yengil nafas oldi. Bo‘yni ertalabdan beri davom etayotgan ishning og‘irligini allaqachon his etgandi.

Shu payt eshik ochilib, ichkariga qadam bosgan yigit jilmaygancha gapirdi: – Jungkook allaqachon soat 5.00 bo‘ldi. Klubdagi yig‘ilishga yetib borishimiz uchun 7.00 ga tayyor bo‘lishimiz kerak.

Jungkook indamay bosh irg‘adi.

– Taehyung hyung qayerda? — so‘radi u ko‘zlarini yumgancha, bo‘yin mushaklarini bo‘shashtirar ekan.

– Kostyumlarni olib kelgani chiqqandi, qaytib kelgan bo‘lsa kerak — dedi Jimin

So‘z og‘zidan chiqqan zahoti eshik yana ochildi va ichkariga baland bo‘yli, jiddiyat va nafislik aralashgan nigohli yigit turli xil kostyumlarni ko‘targancha kirdi.

– Yaxshi, kiyimlarimizni oldim — dedi Taehyung bemalol stulga cho‘zilib o‘tirarkan, oyoqlarini bir tomonga choʻzgancha.

– Jungkook uchun qora, men uchun kulrang, Jimin sen esa oʻzing olasan — dedi Taehyung.

– Nega men uchun olmadingm?— dedi Jimin qoshlarini sal ko'tarib, kinoyali nigoh bilan qararkan.

– goʻyo sen men olganimni yoqtiradigandek gapirsan, shuning uchun meni tanlovim ustida bahslashgandan ko‘ra, oʻzing olsang maʼqul boʻladi

– Yaxshi — deya qisqa javob berdi Jimin.

* * *

Jungkook uzoq vaqt dush ostida jim turdi. Sovuq suv uning tanasi bo‘ylab jimjimador ohangda sirg‘alib oqardi. Uning o‘ng qo‘li ko‘kragigacha cho‘zilgan, terisida gul, harflar va ko‘z shaklidagi tatuirovkalar jilvalaranar va bularning har biri o‘ziga xos hikoya edi. Jungkook tanasini oldinga egib, qo‘llarini devorga qo‘ygan, ko‘zlari yumilgan va atrofdagi jimlikda qandaydir ichki tinchlik va og‘riq yashiringan. Uning orqasida bir nechta chandiq izlari bor edi, har biri hayotda kechirgan kurashlari va bosib o‘tgan mashaqqatli yo‘lining dalili edi. Ular unga yengilmasligini eslatar, o‘lim bilan yuzma-yuz kelgan onlardan qolgan belgilar edi. Jungkook beliga oq sochiqni o‘rab, dushdan chiqdi. Ho‘l sochlaridan suv tomchilari asta yelkasiga sirg‘alib tushardi.

U sekin shkaf yoniga yurdi. Ko‘zguda o‘z aksini bir lahza kuzatdi. So‘ng qora kostyumini kiyib, galstugini sinchkovlik bilan bog‘ladi. Bilagiga Rolex soatini taqib, ho‘l sochlarini orqaga taradi. Har bir harakati ichki ishonch va o‘ziga xos jozibani taratardi. Jungkook o‘zining sevimli to‘pponchasini olib, uni belidagi maxsus qurol ushlagichiga joylashtirdi.

Soʻng xonasidan chiqib, tashqariga chiqdi.

Tashqarida to‘rt mashina va bir necha qoʻriqchilar yoʻl uchun tayyor turardi. Markazdagi qora mashinaga Jungkook bilan yana ikki kishi o‘tirdi. Ikki mashina oldinda, ikki mashina orqada, uning mashinasi markazda himoyada edi.

Oʻsha holat deb tassavur qilamiz

Mashinalar "Illusion" Seulning eng mashhur va sirli tungi klubi tomon yo‘l oldi. Bu yer oddiy insonlar orzu qilsa-da, hech qachon kira olmaydigan maskan. Faqat mamlakatning eng qudratli, eng badavlat odamlari uchun ochiq edi. "Illusion" boylik va xavf birlashgan manzil edi. Seulning qorong‘i osmonida miltillagan chiroqlar ostida bu klub o‘z eshiklarini mafiya rahbarlari va gangsterlarga ochardi. Pulga to‘lib-toshgan bolalar bu yerga nafaqat ko‘ngilxushlik, balki kuchlarini namoyon qilish uchun ham kelishardi. Ammo kirish pul emas, taklifnoma bilan bo‘lardi. Maxsus, sirli, nazorat ostidagi taklifnoma.

Klubning birinchi qavati bar va sahna uchun ajratilgan. Ikkinchi qavat VIP boʻlim, maxsus bitimlar, sirli uchrashuvlar uchun ajratilgan, begona nigohdan butunlay yiroq xonalar mavjud edi.

Beshta qora mashina klub kiraverishida to‘xtarkan, atrofdagilar yakuza rahbarining kelganini anglab yetgandilar. Klub eshigidan kirishlari bilan ularni alkogol hidi qarshi oldi. Zal bo‘ylab baland musiqa jaranglardi. Jungkook qo‘llarini cho‘ntagiga tiqqancha, ortiqcha e’tiborni jalb qilmasdan birinchi qavatdan o‘tib, VIP bo‘lim tomon yo‘l oldi. U yerda bugun muhim uchrashuv bo‘lishi kerak edi.

VIP qavat jimlik va nazoratga bo‘ysungan hudud. Har bir xona maxsus qurilgan, qalin pardalar, ovoz yutuvchi devorlar, kamera yo‘qligi bu yerda faqat so‘zlar emas, nigohlar ham sir saqlanardi. Jungkook eshiklardan birini ochdi. Ichkarida allaqachon uni bir erkak kutayotgandi, erkakning nigohi xavotirli, harakati esa siqilgan. Jungkook hech bir so‘zsiz uning ro‘parasiga o‘tirdi. Uning ortidan Taehyung va Jimin ham joy oldi. Atrofda ularning sukunatdagi soyadek turuvchi qo‘riqchilari yon atrofni nazorat ostiga oldi.

– Shunday qilib, janob Choi men kelishuvimiz allaqachon yakunlandi deb hisoblagandim. Nega men bilan uchrashmoqchi boʻldingiz? — dedi Jungkook erkakning ko‘zlariga tikilib.

Bu milliardlab dollarlik kelishuv edi. Faqat pul emas, ta’sir, kuch, nazorat ham edi.

– Janob Yoshiko men bilan uchrashgani keldi, Mr. Jeon. U... oilam bilan tahdid qildi. Aytdiki, agar men kelishuvni buzish uchun hech bo‘lmasa urinmasam natijasi dahshatli bo‘ladi. Men sizga xiyonat qilolmasligimni bilardim. Shu bois, sizni bu yerga chaqirdim.

Jungkook jim o‘tirarib, janob Choining har bir so‘zini tingladi, ammo yuzida hech qanday ifoda paydo bo‘lmadi.

– Siz kelishuvni davom ettirasiz janob Choi. Sizning oilangiz xavfsiz bo‘ladi — dedi u nihoyat

Jungkook boshqa hech nima demadi. Choi esa ko‘proq gap kutmadi. U yaxshi bilardi Jeon qo‘llab-quvvatlayotgan ekan, biror kimsa tegishga jur’at eta olmaydi. Shunchaki boshini egib, hech kimga nigoh tashlamasdan xonani tark etdi.

Ichkaridagi sukunatni Jimin buzdi. U hafsala bilan stolda turgan viskidan bir qultum ichdi, yuzidagi o‘ta charchagan ifoda bilan shunday dedi: – Bu Yoshiko rostdan ham asablarimni buzmoqda...

Taehyung hech nima demadi, faqat xayolga tolib qarab o‘tirardi.

– Jungkook, agar u chindan ham oilasiga zarar yetkazsa, keyin nima qilamiz?

– Uning yashash joyining har bir tafsilotini bilib oling. Faqat yashash joyi emas... uning hayoti, aloqalari, shaxsiy va professional maydonlari. Men uchun hech nima sir bo‘lmasligi kerak. U o‘z ixtiyori bilan o‘lishni istayotgan ko‘rinadi — dedi Jungkook

Jungkook uchun odamlar keladi, ketadi, bu muhim emas. Hech kim unga bevosita tegishga jur’at eta olmaydi, ammo biror kimsani vosita sifatida ishlatish, aybsizlarni o‘lja qilish esa u yomon ko‘radigan, hatto jirkanadigan narsadir.

Ular suhbatlarini davom ettirdilar. Vaqt sekinlik bilan oʻtdi. Klub ichida uzoqdan qarab turgan qizlar Jungkook, Taehyung, Jiminga yaqinlashishga urinishdi, ammo qo‘riqchilar qizlarning yo‘llarini to‘sdi. Atrofdagi ayollar ularga o‘zlarini bag‘ishlashga tayyor edilar, ayniqsa Jeon Jungkook kabi yosh va chiroyli yakuza rahbari uchun. Biroq bunday takliflar yigitlarning ko‘zida qadrsiz edi. Istaklar aslida shunchaki insoniy ehtiyojlarning soyasi, haqiqiy quvonch nazorat va sadoqatdagi kuchda edi.