𝐃𝐚𝐫𝐤𝐧𝐞𝐬𝐬
“Qo‘llarim qonga belangan bo‘lishi mumkin, ammo malikamning xavfsizligi uchun jonim boricha kurashaman.”
Ariana uchun bu bir oy g‘ayritabiiy tushday o‘tdi. Hali-hanuz bir vaqtlar shafqatsiz yirtqich deb bilgan insoni bilan turmush qurganiga ishona olmas, go‘yo bu uyg‘onishni istamaydigan bir tush kabi edi.
Dushdan chiqqan Ariana hammom eshigi yonida to‘xtadida, qo‘llariga krem surtishga tushdi. Shu payt telefon jiringlaganini eshitishi bilan telefoniga qoʻl uzatdi va yuzida tabassum paydo boʻldi. Ariana vaqtni boy bermay qoʻngʻiroqqa javob berdi, ammo shu zahotiyoq telefon ortidan Taehyungning tarang ovozi eshitildi.
– qayerda eding? Senga ikki marta qo‘ng‘iroq qildim.
Ariana telefoniga qarab, haqiqatan ham ikkita javobsiz qo‘ng‘iroqni ko‘rdi.
– vannada edim… javob bera olmaganim uchun uzr.
– mensiz dush qabul qildingmi xotinjon? qaytganimda birga tushamiz, deb o‘ylagandim.
Ariana uyalganidan mavzuni o‘zgartirishga shoshildi.
– ha birozdan soʻng uyda boʻlaman, aytgancha qutini oldingmi? — so‘radi Taehyung.
Ariana hayron qoshlarini koʻtardi.
– shkafingni tekshir… oʻsha yerdan topasan. Tayyor bo‘l, o‘n besh daqiqada yetib boraman.
Ariana o‘rnidan turib, shkaf tomon yurdi. Ko‘p o‘tmay shkaf ichida oltin rang lenta bilan bezatilgan katta oq qutini ko‘rdi.
– janob Kim xotiningizni juda ko‘p erkalatmayapsizmi? — dedi Ariana qutini ocharkan.
– buni erkalash deb hisoblaysanmi? Qiziq… agar seni chindan ham erkalatsam, qanday munosabat bildirarkansan?
Ariana qutining ichiga joylashtirilgan to‘q qizil rangdagi nafis ko‘ylak, poshnali tufli, taqinchoqlar va libosni mukammal toʻldiradigan barcha mayda detallarni koʻrib lol qoldi.
– Taehyung bu... judayam ajoyib...
– endi esa tayyorlan xotinjon, borganimda seni aynan shu ko‘ylakda ko‘rishni istayman.
– ha ziyofat bor va sen yonimda bo‘lishing kerak.
– yaxshi unda men tezroq tayyorlana qolay.
Ariana qoʻngʻiroq yakunlab, hayajon bilan ziyofatga tayyorlana boshladi.
Oradan taxminan yigirma daqiqa o‘tgach, Taehyung yetib keldi. Shoshilgancha uyga kirib, zinadan yuqoriga ko‘tarilmoqchi bo‘lganida telefoni jiringlab qoldi. Ekranga qarashi bilanoq, uning kayfiyati keskin o‘zgardi. Taehyung bir zum ikkilanib, so‘ng qoʻngʻiroqqa javob berdi.
– agar bu qo‘ng‘iroq ish bilan bog‘liq bo‘lmasa, hozirning o‘zidayoq kimligingizni unutaman — dedi Taehyung g‘azabini yashirmay.
– o‘z otang bilan shunday gaplashasanmi? — dedi janob Kim sovuq ohangda.
Taehyung tishlarini g‘ichirlatib, istehzo bilan kulimsiradi.
– siz bu unvonni ancha oldin yo‘qotgansiz — degancha Taehyung qoʻngʻiroqni yakunlamoqchi boʻlganida janob Kimning gaplari uni toʻxtatdi.
– eshitishimcha, sen va rafiqang asal oyiga Parijga borib, ikki hafta oʻsha yerda qolibsiz. Ikki hafta davomida ishlarni tekshirishga yoki uchrashuvlar o‘tkazishga vaqt topdingmi, yo butunlay rafiqang bilan band bo‘ldingmi?
Bu so‘zlar Taehyungning qonini qaynatdi.
– xotinim bilan nima qilishim ham, ishlarimni qanday yuritishim ham sizni mutlaqo qiziqtirmasin. Bu bizning suhbatlarimizda xotinimni oxirgi marta tilga olinishi. Agar yana shunday qilsangiz oqibati yomon boʻladi — degancha qo‘ng‘iroqni yakunladi Taehyung.
Taehyung tezda yuqoriga ko‘tarilib, xonasiga kirdi va ziraklarini taqishga qiynalib, asabiylashayotgan Arianani koʻrdi. Soʻng devorga suyangancha xotinini zavq bilan kuzatishni boshladi toki Ariana uni payqamagunicha.
– qachon keldingiz? — so‘radi Taehyungni koʻrgan zahoti Ariana.
– koʻp boʻlmadi — degancha Taehyung Arianaga yaqinlashib, ziraklarini muloyimlik bilan uning qoʻlidan oldi va soch tolalarini qulogʻi ortiga oldi.
Soʻng asta ularni Arianaga taqdi.
– hozir qanchalik ajoyib ko‘rinayotganingizni tasavvur ham qila olmaysan. Rostini aytsam, meni ziyofatga borish fikrimni qayta ko‘rib chiqishga majbur qilyapsan.
Taehyung Ariananing yuzidan oʻpdi.
– kech qolmasdan oldin ketaqolaylik — dedi Ariana jilmayib.
Hashamatli mehmonxona oldida toʻxtagan mashinadan avval Taehyung tushdi, soʻng Arianani tushishiga yordamlashdi.
Ariana mashinadan tusharkan, nafasi tomog‘iga tiqilib qoldi, go‘yo butun mamlakatning nigohi bir zumda unga qadalgandek bo'ldi. Yorqin chiroqlar, qimmatbaho liboslar va shivir-shivir ovozlar orasida u o‘zini xuddi sahnaga chiqqan malikadek his qildi. Taehyung esa uning belidan yengil quchib, qulog‘iga shivirladi.
– bugun hamma sen kimga tegishli ekaningni biladi.
Ular qarshisidagi jurnalist va kameralarga yuzlanib bir necha rasmga tushishgach, mehmonxona ichiga kirishdi. Katta zalga kirishlari bilan, ular Jimin va uning rafiqasini uchratishdi. Taehyung va Jimin qo‘l berib ko‘rishishdi. So‘ng Jimin Ariana tomon yuzlandi.
– xayrli kech Kim xonim. Men Park Jimin eringizning do‘stiman. Bu esa mening rafiqam Hana.
– sizlarga ham xayrli kech, tanishganimdan xursandman.
Ko‘p o‘tmay, ular Jungkook va uning rafiqasi Suzy bilan ham uchrashishdi. Do‘stona salomlashuvlardan so‘ng, erkaklar biznes mavzusiga sho‘ng‘ib ketishdi, uch ayol ham bir zumda til topishib oldi. Suhbat qizib borayotgan paytda Suzy to‘satdan atrofga qarab, qiziqib so‘radi.
– aytgancha… janob Lee qayerda?
– bilmayman, kelganimizdan beri uni ko‘rmadim — dedi Hana.
– janob Lee kim o‘zi? — soʻradi Ariana.
– bugungi ziyofatni tashkil qilgan inson. Bu yerga kelgan barcha mafiya boshliqlari va ularning oilalari aynan uning taklifi bilan yig‘ilgan.
Bu paytda Jungkook Taehyungning nigohi sal narida turgan xotinidan uzilmayotganini payqab, kulimsiradi.
– u butunlay seniki… tikilishni bas qil, boʻlmasa uni bu qarashing bilan yeb qoʻyasan — dedi Jungkook.
– xoʻsh shunday boʻlsa nima qilibdi? — javob berdi Taehyung.
– ehtiyot bo‘l Taehyung, juda bog‘lanib qolma. Bu sen yashayotgan dunyoda bir kun kelib senga qarshi qurolga aylanishi mumkin — suhbatga qoʻshildi Jimin.
Jimin do‘stining eng qadrli narsasini yo‘qotishini istamasdi. Taehyungning dushmanlari uni yiqitish uchun har qanday yo‘ldan qaytmasdi. Agar u his-tuyg‘ularini jilovlay olmasa, oqibatlari hech kim tasavvur ham qilolmaydigan darajada dahshatli bo‘lishi mumkin. Taehyungning sevgisi o‘zi qurgan butun imperiyani qulatishga qodir yagona zaif nuqta edi. Mafiya dunyosida sevib qolish qat’iyan man etilgan. Agar bu sodir bo‘lsa, oʻlimga teng xavfni anglatardi.
– men nima qilayotganimni juda yaxshi bilaman va oʻzimga tegishli bo‘lganini himoya qilishga ham qodirman — dedi Taehyung sovuq ohangda.
– tushundim… shunchaki ehtiyot bo‘l, do‘stim — degancha Jimin ogʻir xoʻrsindi.
– xayrli kech janoblar — suhbatga janob Lee qoʻshildi.
Jungkook, Jimin, Taehyung va janob Lee biznes masalalarini muhokama qilish uchun biroz holiroq joyga oʻtishdi.
Yuvinish xonasidan chiqib, mehmonlar zaliga qaytayotgan Ariana birdan tanish ovozni eshitdi.
– ancha vaqt o‘tdi, shunday emasmi Ariana?
Bu ovozni eshitishi bilan Arianani ko‘zlari katta-katta ochilib, tanasi titradi. Ariana orqasiga o‘girilib, eng dahshatli tushiga ro‘baro‘ keldi.
– Lusiano… — dedi Ariana ovozi titrab.
– meni hali ham eslayotganingdan xursandman azizim. Bu lahzani qancha vaqt kutganimni tasavvur ham qila olmaysan. Qolaversa… bu to‘q qizil libosda juda ham jozibali ko‘rinyapsan — dedi Lusiano nigohini libosga qaratib.
Lusiano qadam tashlagancha, ular orasidagi masofani qisqartirib, gapirishda davom etdi.
– otang haqida eshitdim, uni yo‘qotganing juda achinarli… va turmushing bilan tabriklayman — qoʻlini siqish uchun Arianaga uzatdi.
Ariana atrofga alanglab, Taehyungni qidirdi. Lekin uni hech qayerda ko‘rmagach, yuragi yanada tez urib ketdi. Ariana xo‘rsinib, Lusianoning uzatilgan qo‘liga qaradi-da, qat’iylik bilan gapirdi.
– menimcha qo‘lingizni siqishim to‘g‘ri boʻlmaydi janob Lusiano. Qolaversa erim begona erkaklarni qoʻlidan tutishimni yoqtirmaydi.
Lusiano qo‘lini sekin tortib, bosh irg‘adi.
Ariana keyingi lahzada nima bo‘lganini anglashga ham ulgurmasidan Luciano to‘satdan uning belidan quchib, o‘ziga yaqin tortdi.
– ammo u seni men kabi qadrlay olmasa kerak. Balki undan seni menga berishini so‘rashim kerakdir? Bu safar yanada yuqori narx taklif qilaman. Bunday taklifni hech bir mafiya rad etolmaydi — dedi Lusiano kulimsirab.
Ariana bor kuchi bilan undan qutulishga urinib, ko‘kragiga musht tushirdi.
Lekin Lusiano Arianani qo‘yib yuborish niyatida emasdi. Uning qo‘llari yanada mahkam qisilgach, Ariananing ko‘zlariga yosh to‘lib, qichqirmoqchi bo‘ldi. Ammo Lusiano birdan qo‘li bilan uning og‘zini yopdi.
– tinchlan… seni yana ko‘rish uchun qancha vaqt kutganimni bilganingda edi… — dedi Lusiano Ariananing qulog‘iga pichirlab.
Nihoyat Ariana butun kuchini yig‘ib, uni o‘zidan uzoqlashtirdi. Lusiano tabassum bilan qarab, hech narsa bo‘lmagandek orqasiga burildi va yo‘lak bo‘ylab ketdi. Ariana esa o‘sha yerda qotib qoldi. Nafasi notekis, qo‘llari titrar, o‘zini xo‘rlangan his qilardi.
Bu paytda, biznes boʻyicha suhbatga berilib ketgan Taehyung Suzy va Hana tomonga qarab, Arianani koʻrmagach birdan yuragi g‘ash tortdi.
– Ariana qayerda? — dedi Taehyung Hana va Suzyning oldiga kelib.
– yuvinish xonasiga ketgandi… lekin ancha vaqt bo‘ldi.
Taehyung hech narsa demay, yuvinish xonasi tomon shoshildi. Qadamlarining tezligidan g‘azabi va xavotiri bilinib turardi.
Taehyung asosiy yoʻlakka burilganida oʻrtada qotib turgan Arianani koʻrishi bilan birdan to‘xtadi. Ariana o'zidan biroz uzoqlikda turgan Taehyungni koʻrdiyu, oʻzini tutmay yugurib, uni quchoqladi. Taehyung ham xotinini tinchlantirish uchun sochlarini asta siladi.