𝐃𝐚𝐫𝐤𝐧𝐞𝐬𝐬
"Men seni sevishdan to‘xtaydigan biror kun ham mavjud emas."
– xo‘sh, u mening xotinimga yana nima qildi?
Taehyung xotinining sochlari orasidan barmoqlarini asta yurgizdi. Ich-ichida g‘azab alangasi tobora kuchayib borayotgan bo‘lsa-da, teginishlari avvalgidek mehrli va ehtiyotkor edi.
Ariana boshini erining ko‘kragiga qo‘ygancha yotarkan, Taehyungning bag‘rida o‘zini xavfsiz his qilardi. Nihoyat u ichida yig‘ilib qolgan barcha shikoyatlarini aytib bo‘ldiyu, ko‘zlaridan yosh quyilib tushdi.
– bo‘ldimi? — deb so‘radi Taehyung mayin ohangda.
Ariana sekin boshini qimirlatarkan, Taehyung uning peshonasidan ohista o‘pdi.
– xavotir olma, bu boshqa hech qachon takrorlanmaydi. Men bunga yo‘l qo‘ymayman, va’da beraman...
Taehyungning gapi eshikning kutilmagan taqillashi bilan uzilib qoldi.
Ariana cho‘chib tushdi va beixtiyor ko‘rpani ko‘ksiga mahkamroq tortdi. Taehyung esa o‘rnidan turib, shimini kiydi va eshik tomon yo‘l oldi. Eshikni yarim ochishi bilan tashqarida turgan odamlaridan biri ko‘rindi.
– janob otangiz taxminan bir soatdan keyin yetib keladi — dedi qoʻriqchi.
Taehyung qisqa bosh irg‘ab, eshikni yopdi va yotoqga qaytdi.
– nima bo‘ldi? — deb so‘radi Ariana xavotir bilan, erining yuzidagi oʻzgarishni payqab.
Taehyung esa hech narsa bo‘lmagandek jilmayishga urindi.
– hech narsa azizam. Arzimas masala, xavotir olma.
Taehyung egilib, uning peshonasidan o‘pdiyu, so‘ng ko‘rpani surib, oʻz futbolkasini oldi va Ariananing kiyishiga yordam berdi. Ariana kiyinishni tugatishi bilan Taehyung uni quchog‘iga tortmoqchi bo‘ldi, ammo Ariana darhol uni to‘xtatdi.
– yo‘q! qo‘lingiz jarohatlangan.
– bu shunchaki kichkina jarohat...
– kichkina bo‘lsa ham jarohat, siz uni asrash o‘rniga meni quchoqlash haqida o‘ylayapsiz.
Taehyung xotinining jiddiy qiyofasiga qarab kulimsirab qo‘ydi va qoshlarini chimirib, bog‘langan qo‘liga qaradi.
– bu shunchaki yengil tirnalish, unchalik jiddiy emas...
– yo‘q, jiddiy va bu mavzu yopildi.
Ariana qat’iyat bilan gapirgan bo‘lsa-da, Taehyungning labida kulimsirash paydo bo‘ldi.
– bilasanmi, gapimni birinchi marta bo‘layotgan odam sensan.
Taehyung qo‘lini Ariananing beliga o‘rab, o‘ziga tortarkan, Ariananing nafasi bir lahzaga to‘xtab qolgandek bo‘ldi.
Taehyung muloyimlik bilan uning iyagidan tutib, yuzini o‘ziga qaratdi.
– nega uzr so‘rayapsan sevgilim? sen uchun yuragim urishdan to‘xtashiga ham roziman, gapim bo‘lingani esa buning oldida hech narsa emas.
Taehyung xotinining lablariga mehrli o‘pich qoldirarkan, ikkalasi ham beixtiyor tabassum qilishdi.
Janob Kim qasr eshiklaridan kirib kelarkan, uning og‘ir qadam tovushlari keng zal bo‘ylab aks-sado berardi. Yuzidagi jiddiy ifoda esa bu tashrifning sababi oddiy emasligini anglatardi.
– o‘g‘lim qayerda? u yaxshimi?
Xizmatkorlar darhol ta’zim qilishdi.
– janob Taehyung rafiqasi bilan nonushta qilmoqdalar janob — dedi ulardan biri past ovozda.
Janob Kim hech narsa demay ular ovqatlanayotgan xonaga bordi va qiya ochiq eshikdan ularni kuzatishni boshladi.
Ariana Taehyungning tizzasida qulay joylashib olgancha oʻtirarkan, Taehyung odatdagidek uni ovqatlantirishga urinardi. Bu ularning ikkisi uchun ham allaqachon odatiy holga aylangandi.
– yana bir necha luqma, va’da beraman shundan keyin seni majburlamayman — dedi Taehyung mehr bilan, bir qoshiq salatni xotinining ogʻzi tomon tutarkan.
– to‘ydim — dedi Ariana boshini chayqab.
– hali emas, qani og‘zingni och. Aks holda boshqa usullarni qo‘llashimga to‘g‘ri keladi.
Ariana unga qarshilik ko‘rsatishga urinarkan, Taehyung uni o‘ziga yaqinroq tortib, Ariananing bo‘yni bo‘ylab mayin o‘pichlar qoldirishni boshladi. Ariana esa labini tishlab, o'pichlar taʼsirida chiqib ketay deb turgan nozik nolani zo‘rg‘a ichiga yutdi. Taehyung ham aynan shu lahzani kutgandek, qoshiqni uning og‘ziga tutdi.
– ushladim — dedi Taehyung g‘olibona tabassum bilan.
To‘satdan yangragan ovoz xonadagi muhitni bir zumda o‘zgartirdi.
Eshik oldida turgan janob Kimning nigohi ikkisiga qadalgan, qiyofasi esa odatdagidek jiddiy edi.
Ariana janob Kimni koʻrgach darhol o‘rnidan turishga urindi. Ammo Taehyung qo‘lini uning beliga mahkamroq o‘rab, joyida ushlab qoldi. Otasining borligi uni zarracha ham bezovta qilmasdi.
– mehmonni shunday kutib olasanmi Taehyung? — deb so‘radi janob Kim unga yaqinlasharkan.
– mehmonlar mehmonxonada kutishadi. Birovning uyiga bostirib kirib, uning shaxsiy hayotiga aralashishmaydi.
Janob Kimning yuzi jiddiylashdiyu nimadir demoqchi bo‘lib, nigohini Ariana tomonga burdi.
– o‘rningizda bo‘lsam, keyingi so‘zlarimni yaxshilab o‘ylab olardim.
Taehyungning ovozi xonadagi hammani sukutga cho‘mdirdi. U sekin o‘rnidan turib, otasining ko‘zlariga tik qaradi.
– kim bilan gaplashayotganingizni unutmang. Unga nisbatan zarracha hurmatsizlik qilsangiz ham, bundan afsuslanasiz.
Janob Kim o‘g‘lining ko‘zlariga tikilarkan chuqur nafas olib, o‘zini bosishga harakat qildi. Soʻng ortiga burildi va eshik tomon yurdi.
– xotining bilan nonushtani tugatgach, kabinetingga kel.
Taehyung javob bermadi, faqat otasining uzoqlashib borayotganini kuzatib turdi.
Eshik yopilishi bilan xonadagi taranglik biroz yumsharkan, Taehyung darhol Ariana tomon qaradi.
Taehyung salfetkani olib, Ariananing lablari chetidagi kichik dog‘ni artdi va peshonasiga mayin o‘pich qoldirib, kulimsiradi.
Taehyungning ovozidagi mehr va muloyimlik bir necha daqiqa oldingi sovuq tahdidlardan asar ham qoldirmagandi.
Taehyung xonadan chiqib ketarkan, Ariana jimgina uning ortidan qarab qoldi. Xayolida son-sanoqsiz savollar aylanardi, ammo Ariana indamadi.
Taehyungning kimdir uning ishlariga aralashishini yoqtirmasligini yaxshi bilardi. Shuning uchun ham qiziqishi qanchalik kuchli bo‘lmasin, sukut saqlashni afzal ko‘rdi.
Taehyung kabinetiga kirarkan, Janob Kim allaqachon shu yerda qoʻlida qahva bilan kresloga bemalol suyanib o‘tirardi.
Taehyung eshikni yopib, otasining ro‘parasidagi kresloga o‘tirdi.
– bu yerga nima maqsadda keldingiz?
Janob Kim qahvasini stol ustiga qo‘yib, chuqur nafas oldi.
– sening ahvolingni bilish uchun keldim. Yaqinda Italiyada yuz bergan mojaro va olgan jarohating haqida eshitdim. Shuning uchun darhol yo‘lga chiqdim.
Janob Kim bir lahza sukut saqladi.
– oramizdagi barcha kelishmovchiliklarga qaramay, sen mening o‘g‘limsan. Men esa o‘g‘limga nisbatan xavotirimni e’tiborsiz qoldira olmayman.
Oradagi biroz muddatli sukutdan soʻng Taehyung kulib yubordi.
– demak hujumlardan bexabarmidingiz? meni o‘sha ishlarning ortida siz yo‘qligingizga ishontirishga urinmang.
Janob Kimning yuzi oqarib ketdi.
– nima? yo‘q... men... men bunday ish qilmayman...
Janob Kim gapini tugatishga ulgurmasidan, Taehyung stolga musht tushirdi.
– menga yolg‘on gapirmang! yolg‘onchilardan qanchalik nafratlanishimni yaxshi bilasiz.
– nahotki meni hali ham ahmoq deb o‘ylasangiz? Siz mening o‘limimni xohlagansiz. O‘sha hujumlarda ham ishtirokingiz bor edi, shunday emasmi?
Taehyungning nigohi otasiga qadaldi.
– hammasi meni yo‘q qilish uchun edi. Shunday emasmi?
Janob Kim ilk bor o‘zini noqulay his qildi. Har doim so‘z topa oladigan odam bo‘lsa-da, bu safar nima deyishni bilmay qolgandi.
– men... o‘sha hujumchilar bilan hech qanday aloqam yo‘q va men hech qachon sening o‘limingni xohlamaganman — dedi janob Kim nihoyat.
Taehyung go‘yo otasining gaplarini eshitishga toqati qolmagandek deraza tomon yurdi.
– chiqing... va endi yolg‘on tashvishingiz bilan qaytib kelmang.
Janob Kim o‘g‘liga tikilib qoldi. Ammo Taehyungning nigohi hali ham deraza ortidagi manzaraga qadalgandi.
Taehyungning ovozi bir lahza pasaydi.
– mening otam allaqachon vafot etgan.
Bu so‘zlar pichirlab aytilgan bo‘lsada, janob Kimni har qanday baqiriqdan ham kuchliroq yaraladi.
Janob Kim bir necha soniya jim turgach, hech narsa demay xonani tark etdi.