February 25, 2022

“Kelajak liderlari” a’zosi mahallalardagi yoshlar yetakchilari uchun o‘quv-amaliy seminar o‘tkazdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Jizzax viloyati filiali inspektori, “Kelajak liderlari” klubi a’zosi Jo’rabek Davurov tomonidan Yoshlar ishlari agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 19-yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-92-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida alohida reja-grafikka muvofiq, joriy yilning 21-28-fevral kunlari bevosita joylarga chiqqan holda mahalalardagi yoshlar yetakchilari hamda yoshlar ishlari agentligi tuman (shahar) bo‘limlarida tashkil etilgan lavozimlarga ochiq tanlovlar asosida ishga qabul qilingan xodimlar ishtirokida seminar-treninglar o‘tkizib kelmoqda.

Reja grafikka muvofiq, J.Dovurov tomonidan Jizzax viloyatidagi yoshlar yetakchilari hamda Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi xodimlari ishtirokida o‘quv-seminar o‘tkazilib, yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, ular bilan ishlashning vertikal tizimini yaratish, yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish, kabi ko‘plab maqsadlarni o‘z ichiga olgan “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorining mazmun-mohiyati to‘liq yoritib berildi.

Shuningdek, tadbirda mahallalarda joriy etilayotgan tizimning tub mohiyati, yoshlar yetakchilari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (EMSK,KPI) asosida baholash mexanizmlari, undagi mavjud indikatorlarni hisoblash tartibi bo‘yicha atroflicha tushuntirishlar berildi.

Mazkur qarorga asosan har bir mahallada tashkil etilgan yoshlar yetakchisining asosiy vazifalaridan biri, “Yoshlar balansi”ni shakllantirish, yoshlar to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali” elektron platformalariga kiritib borish, ular bilan samarali ish tashkil qilish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.

Bugun, yurtimizda olib borilayotgan ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlarni fuqarolarga, ayniqsa yoshlarga yetkazish va joylarda samarali ish tashkil etish uchun har bir davlat xizmatchisidan yuqori bilim va tajriba talab etiladi. Bu esa ularning o‘z ustida muntazam ishlab, bilim va salohiyatini rivojlantirib borishlarini taqazo etadi.

Aynan mazkur yo‘nalishdagi ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish, har bir davlat xizmatchisi uchun ishdan ajralmagan holda, ortiqcha mablag‘ sarflamasdan malaka oshirishlariga sharoit yaratish maqsadida, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan onlayn malaka oshirish platformasi - ilm.argos.uz ishga tushirilganligi, ushbu platformaga davlat xizmatchilari uchun zarur kompetensiyalar bo‘yicha videoqo‘llanmalar, mavzularga oid taqdimotlar, testlar yuklanganligi, platformadan kunning istalgan vaqtida internet aloqasi mavjud bo‘lgan istalgan joyda foydalanish imkoniyati yaratilganligi hususida to‘liq tushuntirishlar berildi. Seminar davomida yoshlar yetakchilari uchun mazkur o‘quv platformasidan foydalanish bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildi.

O‘zaro savol-javob va mavzular yuzasidan fikr mulohazalar almashinish bilan ochiq muloqot tarzida o‘tgan ushbu seminarda tuman hokimi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Jizzax viloyati filiali mas’ul xodimlari, yoshlar yetakchilari va sektor kotiblari ishtirok etdilar.

Seminar mashg‘ulotlarida Jizzax shahridagi 34 ta mahalla yoshlar yetakchilari faol ishtirok etishdi va tadbir yakunida yoshlar yetakchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar oldilar.

🇺🇿 Jizzax "Kelajak liderlari" klubi Axborot xizmati: https://t.me/Jizzaxviloyat_kelajakliderlari