Taʼlimi sohasida keng qamrovli islohotlar: “Dolzarb 90 kunlik” dasturi doirasida muhim vazifalar belgilandi
2025-yil 15-may kuni Prezidentimiz rahbarligida maktab taʼlimi tizimidagi islohotlarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi bo‘lib o‘tdi. Unda taʼlimning barcha bosqichlariga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, yoshlar tarbiyasi va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Yig‘ilishda davlat rahbari tomonidan yoshlar bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan “Dolzarb 90 kunlik” dasturi e’lon qilindi. Ushbu dastur yoshlarda ijtimoiy faollikni oshirish, ularning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, madaniy-ma’naviy saviyasini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Jizzax viloyati Pedagogik mahorat markazida maxsus yig‘ilish tashkil etildi. Unda viloyat hokimining o‘rinbosarlari Zafar Azimov va Akmal Savurbayev, viloyat Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshlig‘i Sanobar Suyarova, tumanlardagi Maktabgacha va maktab taʼlimi bo‘limi rahbarlari, viloyatdagi oliy taʼlim muassasalari rektorlari va prorektorlari, shuningdek, Pedagogik mahorat markazi rahbariyati ishtirok etdi.
Yig‘ilishda yozgi taʼtil davrini mazmunli va samarali tashkil etish, maktabgacha taʼlim muassasalariga bolalarni qamrab olishni kengaytirish, maktab o‘quvchilari bandligini taʼminlash va ularning ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi keng muhokama qilindi.
Boshqarma boshlig‘i Sanobar Suyarova o‘z nutqida viloyatda “Dolzarb 90 kunlik” dasturi doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan muhim vazifalar va ustuvor yo‘nalishlar haqida batafsil axborot berdi. U yozgi taʼtil davrida o‘quvchi yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sport, sanʼat, fan va texnologiyaga oid to‘garaklarga keng jalb qilish, maktabgacha taʼlim muassasalariga bolalarni qamrab olish ko‘rsatkichini oshirish borasidagi chora-tadbirlarga alohida urg‘u qaratdi. Shuningdek, tumanlardagi masʼul rahbarlar va muassasa direktorlarining faol tashabbus ko‘rsatishi zarurligini taʼkidladi.
So‘ngra Jizzax viloyati Pedagogik mahorat markazi direktori I. Axmedov so‘zga chiqib, markazning bugungi faoliyati, erishilgan natijalar hamda amalga oshirilayotgan innovatsion tashabbuslar haqida ma’lumot berdi. U, shuningdek, pedagoglarning malakasini oshirish, zamonaviy metodikalarni joriy etish, interaktiv treninglar tashkil etish kabi yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirdi. Bundan tashqari, qurilishi rejalashtirilayotgan yangi markaz binosi, uning texnik imkoniyatlari, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanishi va yaratiladigan shart-sharoitlar haqida yig‘ilish ishtirokchilariga batafsil axborot berdi.
Dastur doirasida quyidagi ustuvor yo‘nalishlar belgilandi:
- Yozgi taʼtil davrida barcha taʼlim muassasalarining sport maydonchalari, to‘garaklari va laboratoriyalarini faoliyatga jalb etish, ulardan mahalliy yoshlar ham foydalanishiga sharoit yaratish;
- Sanʼat va adabiyot kechalari, intellektual o‘yinlar, ijod markazlari hamda maʼnaviy-maʼrifiy kontentlar ishlab chiqish va ularni yoshlar orasida ommalashtirish;
- IT, dasturlash, animatsiya, robototexnika va moliyaviy savodxonlik bo‘yicha zamonaviy kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan kurslarni tashkil etish;
- Maktabgacha taʼlim muassasalariga bolalarni qamrab olish darajasini oshirish, oilalar bilan hamkorlikda erta yoshdagi bolalarning har tomonlama rivojlanishini ta’minlash;
- Yozgi davrda maktab o‘quvchilari bandligini ta’minlash, ular uchun turli to‘garaklar, oromgohlar va ijtimoiy loyihalarni yo‘lga qo‘yish orqali bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga ko‘maklashish;
- Barcha taʼlim muassasalarida moliyaviy mustaqillik masalalarini ko‘rib chiqish va amaliy mexanizmlar ishlab chiqish.
Ushbu vazifalarni amalga oshirishda oliy taʼlim muassasalari rahbarlari va prorektorlari, shuningdek, maktabgacha hamda maktab taʼlimi tizimidagi rahbarlar shaxsan mas’ul etib belgilandi. Dastur ijrosiga faqat belgilangan shaklda emas, balki tashabbuskorlik va zamonaviy yondashuvlar asosida yondashish zarurligi alohida taʼkidlandi.