AKADEMIK LITSEYLARDA HIMOYALANGAN, SIFATLI AN’ANAVIY TA’LIM DAVOM ETMOQDA
Hammamizga ma’lumki, 2020-2021-o’quv yili pandemiya sababli har yilgidan murakkab sharoitda boshlandi. Chunki, Jahon hamjamiyatini tahlikaga solgan Covid-19 pandemiyasining zararlari hali bartaraf etilmagan.Pandemiyaning noilmiy va ilmiy ishlab chiqarishga, bir so’z bilan aytganda, jamiyatning barcha jabhalariga salbiy ta’siri bois an’anaviy shaklga qaytish, shu jumladan, ta’lim jarayonida ham an’anaviy shaklga qaytish yuzasidan hukumatimiz qator chora va tadbirlarni ishlab chiqmoqda.
Oliy va o’rta maxsus vazirligining 2020-yil 5-oktabrdagi “Oliy ta’lim muassasalari tasarrufidagi akademik litseylarda 2020-2021-o’quv yilini an’anaviy tarzda boshlash to’g’risida”gi 518-sonli buyrug’i va shu asosida 2020- yil 20-oktabrda Samarqand shahar Xalq deputatlari kengashi va tegishli mutasaddi tashkilot a’zolaridan tashkil topgan ishchi guruh tomonidan SamVMI akademik litseyida 2020-2021-o’quv yili an’anaviy tarzda boshlashni tashkil etish maqsadida nazorat tekshiruvi o’tkazilganligi, asosiysi, ota- onalar o’rtasida dars jarayonlarini boshlash maqsadida o’tkazilgan so‘rovnoma natijalari SamVMI akademik litseyida an’anaviy ta’lim jarayonini boshlash uchun huquqiy asos bo’ldi. Tekshiruv natijasiga ko’ra akademik litseyda sanitariya me’yorlari talab darajasida bajarilganligi, akademik litsey o’quvchilarining ota-onalaridan ijtimoiy so’rovnomalar o’tkazilganligi, ushbu so’rovnoma natijasiga asosan farzandini an’anaviy ta’lim olish uchun yuborishga tayyor ota-onalar 316 nafar (44%)ni tashkil etgan bo’lsa, 401 nafar ( 56%) ota-ona farzandini onlayn ta’lim tizimida o’qitishni ma’qul ko’rganligini hisobga olgan holda akademik litseyda o’quv mashg’ulotlari 26-oktabrdan an’anaviy tarzda boshlandi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, epidemiyaning zararli oqibatlarini oldini olish maqsadida akademik litseyda ham qator choralar ko’rildi.Birinchi navbatda, ta’lim shaklini ixtiyoriy tanlash imkoniyati yaratilib, an’anaviy darslar bilan birgalikda onlayn darslar ham yo’lga qo’yildi. Akademik litseyda barcha o’quv xonalari va ijtimoiy masofani saqlashga mo’ljallangan maxsus yo’laklar tayyor holatga keltirildi.2020- yil 15-oktabr kuni maqsadli ravishda akademik litseyning barcha ishchi xodimlari Covid-19 uchun test topshirdi. Test natijasiga ko’ra 6 nafar o’qituvchi va 2 nafar texnik xodimda koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Musbat natija aniqlangan xodimlar sog’ligini tiklash maqsadida ishdan ozod qilinib, izolyatsiyaga olindi. Sog’ligi tiklangach, tegishli oilaviy poliklinikadan berilgan ma’lumotnoma asosida o’z mehnat faoliyatiga qaytdi. Ta’lim muassasasiga kiruvchilar antiseptik vositalar hamda bir martalik tibbiy niqob bilan ta’minlandi. Kirish eshiklari ikkita bo’lganligi sababli dastlab ikkita, so‘ngra ijtimoiy masofani yanada kengroq saqlash zaruriyatidan kelib chiqib yana ikkita eshik ochilgach, yetarli darajadagi harorat o‘lchagichlar bilan ta’minlandi. Dars jarayonida tibbiy qoidalarga rioya qilinishi, ya’ni tibbiy niqoblardan foydalanish, antiseptik vositalardan foydalanish, ijtimoiy masofani saqlash kabi holatlarni nazorat qilish maqsadida xonalar kuzatuv kameralari bilan jihozlandi.Kirish eshiklari oldida harorat o‘lchanishidan tashqari muassasa hamshirasi dars vaqtida o‘quv xonalarini tekshirib, o‘quvchilar bilan qisqa tushuntirish ishlarini olib borish yo’lga qo’yildi. SamVMI akademik litseyi ota-onalar bilan o’tkazgan so‘rovnomasida ota-onalar tomonidan berilgan takliflarni inobatga olib ixtiyoriy an’anaviy dars jarayonlariga qaytdi.Onlayn ta’lim tizimini tanlagan o‘quvchilar uchun sharoit yaratish maqsadida telegram ijtimoiy tarmog’i va Moodle tizimida darslar yo’lga qo’yildi.Ajdodlarimizning “Beshikdan to qabrgacha ilm izla” degan ibratli hikmatini amaliyotga tatbiq etishga harakat qilayotgan pedagoglarimiz hozirgi qiyin vaziyatga qaramay sifatli an’anaviy ta’lim jarayonini tashkil etishmoqda. Fikrimizcha, hozirgi sharoitda pandemiyaning zararli oqibatlarini oldini olish, o’qituvchi va talabalarni sog’ligini saqlash maqsadida ularni gripp va pnevmoniyaga qarshi emlash jarayoniga jiddiy e’tibor berish zarur.
SamVMI akademik litseyi rahbariyati