March 6, 2025

“Adolat” milliy huquqiy axborot markazi davlat muassasasi jamoasi orasidan 2025-yilning fevral oyi uchun “Oyning eng yaxshi xodimi” aniqlandi.

Unga ko‘ra, Markazning Normativ-huquqiy hujjatlarga yuridik ishlov berish boʻlimi yetakchi maslahatchisi Amanbayev Alisher Gayratbay uli “Oyning eng yaxshi xodimi” deb topildi.

Alisher Amanbayev 2001-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq tumanida tugʻilgan, ma’lumoti oliy, mutaxassisligi boʻyicha huquqshunos.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimidagi mehnat faoliyatini 2022-yilda “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi davlat muassasasi binoga xizmat koʻrsatuvchi xodimi lavozimidan boshlab, 2023-2024-yillarda muassasada Normativ-huquqiy hujjatlarga yuridik ishlov berish boʻlimi katta maslahatchisi lavozimida ishlagan.

Hozirgi vaqtda Markazning Normativ-huquqiy hujjatlarga yuridik ishlov berish boʻlimi yetakchi maslahatchisi lavozimida samarali faoliyat yuritib kelmoqda.

Alisher Amanbayev oʻzi faoliyat koʻrsatuvchi tarkibiy boʻlinmaning zimmasiga yuklatilgan tegishli vazifa hamda funksiyalardan kelib chiqqan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi (www.lex.uz) tizimi orqali mamlakatimizda qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning rasmiy nashr etilishini, ularning turkumlashtirilgan hisobini va nazorat nusxalarini elektron shaklda yuritilishini ta’minlash, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, tadbirkorlik subyektlari vakillarini va aholining keng qatlamini Lex.uz tizimidan foydalanishga o‘rgatish bo‘yicha o‘quv-seminarlarini tashkil etish, normativ-huquqiy hujjatlarning mazmuni va qoidalarini jamoatchilikka tushuntirishga qaratilgan huquqiy targʻibot tadbirlarida faol ishtirok etmoqda.

“Adolat” milliy huquqiy axborot markazi davlat muassasasi jamoasi Alisher Amanbayevni ushbu eʼtirof bilan tabriklab, kelgusi ishlarida muvaffaqiyat, g‘ayrat va shijoat doimiy hamroh bo‘lishini tilaymiz.