“Adolat” milliy huquqiy axborot markazi davlat muassasasi jamoasi orasidan 2025-yilning yanvar oyi uchun “Oyning eng yaxshi xodimi” aniqlandi.
Unga ko‘ra, Markazning Huquqiy axborot va veb-resurslar boʻlimi yetakchi maslahatchisi Xamdamova Madina Yusupovna “Oyning eng yaxshi xodimi” deb topildi.
Madina Yusupovna 1984-yilda Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahrida tugʻilgan, ma’lumoti oliy, mutaxassisligi boʻyicha jurnalist.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimidagi mehnat faoliyatini 2004-yilda “Inson va qonun” huquqiy gazetasi birlashgan tahririyatining yetakchi mutaxassisi lavozimidan boshlab, turli yillar mobaynida Tahririyatda muxbir, muharrir, kabi lavozimlarda, shuningdek “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi Veb-resurslar bilan ishlash boʻlimi yetakchi mutaxassisi lavozimida mehnat faoliyatini olib borgan.
Hozirgi vaqtda Markazning Huquqiy axborot va veb-resurslar boʻlimi yetakchi maslahatchisi lavozimida samarali ish yuritib kelmoqda.
Madina Yusupovna oʻzi faoliyat yurituvchi tarkibiy boʻlinmaning zimmasiga yuklatilgan vazifalar hamda funksiyalardan kelib chiqqan holda jamiyatda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan huquqiy axborot va targʻibot materiallarini tayyorlash va tegishli tartibda jamoatchilik e’tiboriga yetkazilishini ta’minlashda, xususan “Hudud24.uz” saytiga doimiy ravishda maqolalar, kontentlar tayyorlab borishda, saytni qonunchilikdagi yangiliklar hamda fuqarolarning bilishi muhim boʻlgan huquqlari va majburiyatlari haqidagi ma’lumotlar bilan boyitishda, qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyatini televideniye orqali matbuot anjumanlari yoki brifing shaklida aholiga yetkazib borilishini tashkil qilishda, aholini eng koʻp qiziqtiradigan huquqiy masalalarni tahlil qilish maqsadida oʻrganishlar, soʻrovnomalar va boshqa turdagi tadbirlarni oʻtkazib borishda faol ishtirok etmoqda.
“Adolat” milliy huquqiy axborot markazi davlat muassasasi jamoasi Madina Yusupovnani ushbu eʼtirof bilan tabriklab, kelgusi ishlarida muvaffaqiyat, g‘ayrat va shijoat doimiy hamroh bo‘lishini tilaymiz.