“Adolat” milliy huquqiy axborot markazi davlat muassasasi jamoasi orasidan 2024-yilning dekabr oyi uchun “Oyning eng yaxshi xodimi” aniqlandi.
Unga ko‘ra, Markazning Binoga xizmat koʻrsatuvchi xodimi Qurbonboyev Shoxrux Botir oʻgʻli “Oyning eng yaxshi xodimi” deb topildi.
Shoxrux Qurbonboyev 1999-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Amudaryo tumanida tugʻilgan, ma’lumoti oliy, mutaxassisligi boʻyicha iqtisodchi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimidagi mehnat faoliyatini 2024-yilda “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi binoga xizmat koʻrsatuvchi xodimi lavozimidan boshlab, hozirgi vaqtda mazkur lavozimda munosib darajada faoliyat yuritib kelmoqda.
Shoxrux Qurbonboyev oʻzining lavozim yoʻriqnomasi asosida zimmasiga yuklatilgan vazifalar hamda funksiyalardan kelib chiqqan holda Yuridik adabiyotlar doʻkonida sotuvchi-kassir sifatida doʻkondagi bosma kitob mahsulotlari, darsliklar, oʻquv qoʻllanmalari, kanselyariya mahsulotlari va boshqa tovarlarning savdosini amalga oshirish, doʻkonga yuborilgan kitob mahsulotlari hamda boshqa tovarlarni qabul qilib olish, ularning hisobini yuritish, Markaz tomonidan nashr etilgan hamda bosmaxonalardan olib kelingan tayyor kitob mahsulotlarini tegishli hajmda va sifatda qabul qilib olish, tashkilot xodimlarining ish faoliyati uchun zarur boʻlgan ofis jihozlari, inventarlar, kanselyariya mahsulotlari, xoʻjalik vositalari bilan Markazning barcha xodimlarini ta’minlash, shuningdek inventarizatsiya jarayonlarini tashkil etish hamda oʻtkazishda samarali ish yuritib kelmoqda.
“Adolat” milliy huquqiy axborot markazi davlat muassasasi jamoasi Shoxrux Qurbonboyevni ushbu eʼtirof bilan tabriklab, kelgusi ishlarida muvaffaqiyat, g‘ayrat va shijoat doimiy hamroh bo‘lishini tilaymiz.