"BIZ KIM TEMUR AVLODLARI"
Amir Temur... Bu ism har kimning qulog'i ostida turlicha jaranglaydi. Hattoki maktabga ketayotgan 1-sinf bolasidan so'rasangiz ham Amir Temur ismi unga begona emasligini tushunib yetasiz. Lekin har bir zamonning farzandi shunday fikrda deb ayta olmayman. Misol tariqasida men yoshi ulug' insonlardan eshitgan so'zlarimni keltirib o'tmoqchiman:
Biz istiqlolga erishgunimizcha juda ko'p qiyinchiliklarni boshdan kechirdik, juda ham ko'p sinovlardan o'tdik, ko'z o'ngimizda qanchadan qancha insonlar xalq dushmani deb e'lon qilindi. Vaholanki ular yurt istiqbolini ko'zlagan fidoyilar "jadidchilar" edi. O'sha vaqtlarda ta'lim dargohlarida tahsil olgan yoshlarga buyuk yurt asoschilaridan biri Amir Temur ham kallakesar sifatida o'rgatib kelindi.
Buning natijasida o'sib kelayotgan yosh avlodning ongida buyuk sohibqiron Amir Temurga nisbatan noto'g'ri bo'lgan fikrlar yuzaga keldi. Bazi bir insonlar Amir Temurga nisbatan tarixda yashab o'tgan salbiy qahramon sifatida qaray boshladi.
Aziz yurtdoshim, endi biroz o'ylab ko'ring, hozirgi kunda aksariyat yoshi katta insonlardan so'rasak , ularga shunday ta'lim berilganligi to'g'risida gapiradi. Shunday ekan keling aziz do'stim, men sizga sohibqiron Amir Temur haqida ma'lumot berib o'tsam. Men Amir Temurning butun tarixini so'zlab sizlarni zeriktirmoqchi emasman. Sababi hozirgi rivojlangan texnologiya asrida bunday ma'lumotlarni global olamdan topish mumkin. Shuning uchun aynan siz hohlagan va siz uchun kerakli bo'lgan joylarini aytib o'tmoqchiman.
Amir Temur ( to'liq ismi Amir Temur ibn Tarag'ay ibn Amir Barqul ) 1336-yil 9-aprel sanasida Kesh (hozirgi Shahrisabz ) yerlarida dunyoga keladi. Amir Temur ziyolilar oilasida dunyoga keladi. Uning otasi Amir Tarag'ay o'z qavmining e'tiborli kishilaridan biri edi. Onasi Takinabegim esa asli Buxorolik bo'lib, ziyoli va oqila ayol edi. Amir Temur 7 yoshga to'lganda otasi uni o'qishga beradi. O'sha davrlarda Amir Temur murabbiy qo'l ostida maxsus jang sanati, jumladan, kamondan o'q uzish, qilichbozlik va chavandozlikni o'rganadi. Uning juda ham keng fikrlash qobilyati, ziyrakligi yoshlik chog'idanoq namoyon bo'ladi. Undagi samimiylikni farqlay olish qobilyati Amir Temur atrofida sodiq do'stlarning yig'ilishiga sabab bo'ladi.
Amir Temur harbiy faoliyatini qo'l ostidagi navkarlari bilan viloyat amirlariga xizmat qilishdan boshlagan. Amir Temur o'zining g'oyalarida kuchli va qudratli markazlashgan davlat tuzishni va unda adolatli siyosat yuritishni maqsad qiladi. Amir Temur ko'p janglar olib borish natijadida o'z maqsadiga yetadi, ya'ni, Movarounnahr degan kuchli va qudratli davlatga asos soladi.
Tarixdan bizga ma'lumki, ba'zi bir hukmdorlar olib borgan urushdan so'ng u yerlar bosqinchilar tomonidan talanish oqibatida xarobaga aylanib ketadi. Amir Temur g'oyalarida esa bunday qarash bo'lmagan. Amir Temur yurishlarida inson e'tiborini o'ziga tortadigan jihatlari shundaki, u qayerni bosib oladigan bo'lsa u yerning madaniyatini ijobiy tomonlarini o'zlashtirib, o'z adolatli siyosati bilan yanada obod qiladi.
Amir Temurni "Usmoniylar" bilan bo'lgan urushi ko'pchilik uchun qiziq bo'lsa kerak. Usmoniylar hukmdori Boyazid endigina uyg'onish davri boshlangan Yevropani bosib olishni maqsad qiladi. Amir Temur esa Boyazidni bu yo'lidan qaytarishga urinadi. Boyazid uning bu taklifini qabul qilmasligi natijasida Usmoniylar bilan bo'lgan urush yuzaga keladi. Amir Temur Usmoniy turklar davlatini butkul bosib olish niyatida bo'lmaydi, chunki u Yevropa davlatlarining yaqin sharq mamlakatlariga nisbatan tajovuzkorona niyatda ekanligini juda yaxshi tushunar edi. Shuning uchun Amir Temur "Usmoniylar" ni mag'lub etgan bo'lsada ularning davlatini saqlab qoladi. Amir Temur Boyazidning vorislariga muruvvat qo'lini cho'zadi. Shunday bo'lsada, Amir Temurni Fransiya qiroli Karl VI, Angliya qiroli Genrix IV tabriklab unga maxsus maktub yuboradi. Shu orqali Amir Temur Yevropa xaloskori sifatida tarixda qoladi.
Aziz vatandosh Amir Temur haqida ma'lumot juda ham ko'p, lekin men sizga Amir Temur siymosini tanishingiz uchun asosiy joylarini keltirib o'tdim. Yuqoridagi ma'lumotlardan shuni xulosa qilish mumkinki, Amir Temur buyuk yurt asoschisi bo'libgina qolmay, o'zining teran aqli, kuchli va adolatli siyosati yordamida xalq mehrini qozongan buyuk shaxs sifatida tarixda qoladi.
Hozirgi davrda davlatimizda Amir Temur nomini abadiylashtirish maqsadida ko'p islohatlar olib borilmoqda. Jumladan, "Temuriylar davlat muzeyi" tashkil etilishi, 1996-yilni "Amir Temur yili" deb e'lon qilinishi, Toshkent shahar markazida Amir Temur haykalining o'rnatilishi, "Temurbeklar maktabi"ning tashkil etilishi bu gaplarimga yaqqol dalil bo'la oladi. Men istiqlol farzandi sifatida shuni aytishim mumkin, men shu yurtda tug'ilganimdan hamda sohibqiron Amir Temur avlodi ekanligimdan faxrlanaman.
Matn Amir Temur tavalludining 684-yilligiga bag'ishlab tayyorlandi.
Matn muallifi: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti "Televizion texnologiyalar" fakulteti 1-kurs 510-19 guruh talabasi Murtazo Kamolov;
510-19 talabasi Murtazo Kamolov;