January 29, 2022

Ahmad Lutfiy Qozonchining “Oʻgay ona” asari

“ - Bu mening eski, avvalgi onam emas, ota.
- Nega eski onang emas, oʻgʻlim? Kasal boʻlguncha shunday edi, hozir ham shunday. Yoki sizni yaxshi koʻrmaydimi?
- Yaxshi koʻradi”.

Ahmad Lutfiy Qozonchining “Oʻgay ona” asari

Assalomu alaykum azizlar! Sizlarga sevimli yozuvchim Ahmad Lutfiy Qozonchining eng sara asarlarida biri “Oʻgay ona” haqida gapirib beraman.
“Oʻgay ona” soʻzini eshitganimizda, avvalo, hammamizning koʻz oldimizga salbiy maʼno kasb etuvchi, yaxshilikdan bir qadar yiroq inson namoyon boʻladi. Nimagadir ularni ham “ona” deymiz, lekin ijobiy baholay olmaymiz. Ammo ular orasida ham farzandiga oʻz onasidek boʻlolmasada, mehr koʻrsata oladiganlari mavjud.
Men soʻz yuritmoqchi boʻlgan kitobimda aynan shunday ona ifodalangan deb oʻylayman. Yozuvchining ham maqsadi shu boʻlsa kerak: oʻgay ona borasidagi fikrlarimizni ijobiy tarafga oʻzgartirish.
Bu kitobni oʻqishim juda orqaga surilgan. Internetdagi munozaralar orqali juda koʻp eshitganim, ammo bir qancha vaqt oʻqishga imkonim, xohishim boʻlmaganim bir asar. Lekin oʻqiganimdan keyin “Nega oldinroq oʻqimading, Abdulaziz” degandim oʻzimga . Ammo shukur oʻqidim.
Bevosita romanga toʻxtaladigan boʻlsak, u oʻn toʻqqiz yoshli goʻzal Fotimaning ikki yetim farzandi bor erkakka turmushga chiqishi, yetimlarni hech kimdan kam qilmay parvarish qilishi va ibratli hayotiga bagʻishlanadi. Hoʻsh, uni bunday qurbonlikka nima majbur qildi? Gulday yoshligini oʻziga munosib tarbiyali, bilimli, yosh yigit bilan oʻtkazsa ham boʻladiku?! Bu bilan biz uning eri oʻziga munosib emasdi, degan fikrdan yiroqmiz.
Aslida, Fotimaning yetimlarga bu qadar rahmi kelishiga undagi diniy bilimlar, islomiy qarashlar taqozo etmaganmikin? Mana asarning mohiyati, yozuvchining bu asarni yozishdan maqsadi qayerda!
Diniy bilimlar haqiqiy insonni tarbiyalovchi, unga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatuvchi shamchiroqdir. Mana nima uchun bugun biz qizlarimizga, onalarimizga haqiqiy diniy bilimlarni oʻrgatishga muhtojmiz. Buni asarni oʻqish jarayonida oʻzingiz ham tushunib olasiz.
Quyidagi buyuk soʻzlar Fotimaning hayotidagi shioriga aylangan edi: “Har yetimga qilingan yaxshilik Alloh huzurida paygʻambarimizga qilingan yaxshilik singaridir deb qabul qilinsa, yetimlarga zarar yetmaydi.”
Yozuvchi asarida hali hech kim qalam urmagan haqiqiy onadanda afzalroq oʻgay onani tasvirlab bera olgan. Uning ishonchli chiqishini taʼminlay olgan va haqiqiy inson qanday boʻlishi kerakligini isbotlab bera olgan. Hammamiz ham bunday ishlar yaxshi ekanligini bilamiz, biroq hammamiz ham kuchli iroda ila ularni bajara olmaymiz.
Oʻqing! Zero eng yaxshi xulosa bu – oʻzingiz chiqargan xulosadir!

Abdulaziz Nabiyev
Sirdaryo viloyati yuridik texnikumi oʻquvchisi