February 1, 2022

Mich Elbom "Morrining seshanba darslari" asari

Haqiqat shuki, Mich,- dedi u,- o‘lishni o‘rgangan kuning yashashni ham o‘rganasan.
Men bosh irg‘adim.
-Yana takrorlayman,- ta'kidladi u, - o‘lishni o‘rgangan kuning yashashni ham o‘rganasan.
U jilmaydi va men uning bu so‘zlarni takrorlashdan maqsadi nima ekanligini tushundim.

©Mich Elbom
"Morrining seshanba darslari"

Assalomu alaykum qadri qaddidan baland, aziz va yuksak salohiyatli kitobxon do‘stlarim! Kitob-insonni ezgulikka, yaxshi yashashga, maqsadli bo‘lishga va hayotda to‘xtamay ildam qadam tashlashga o‘rgatadi.

Ilm-hikmat!-" Barcha ezguliklar bilim nafi tufaylidir. Bilim bilan hatto osmonga ham yo‘l topiladi! "deya ta'kidlab o‘tgan buyuk alloma Yusuf Xos Hojib.Hayotda mana shu ma'rifatparvar bobokalonlarimiz izidan borar ekanman, qo‘limdan kitob tushirmaslikka harakat qilaman, zero ilmli ayol jamiyat tayanchi.
Shu yaqin kunlarda qo‘limga tushgan kitob bu-" Morrining seshanba darslari " kitobi bo‘ldi. Bu kitob meni butunlay o‘zgartirdi desam hech ham adashmagam bo‘laman.Nafaqat o‘zgartirdi, balki meni tafakkurimni shu qadar boyitdiki, ta'rifga til ojiz. Qarashlarim, fikrlarim barchasi ijobiy tomonaga sezilarli tarzda o‘zgardi. Yozuvchining ushbu kitobi insonni umrining har lahzasidan unumli foydalanishga, o‘zgalarga mehr ulashishga, har bir o‘zgarish va hatti harakatdan hikmat qidirishga, bir so‘z bilan aytganda shunchaki yashamaslikka o‘rgatadi. Yozuvchi yoziqlari orqali ruh tetikligi har narsaga qodirligini, ruhiyat kuchli bo‘lsa, inson tabiatini ham go‘zallashtirib borishini ko‘rsatib o‘tadi.
Aziz kitobxonlar, ushbu kitobni o‘qish chog‘ida ta'sirlanmay qolmaysiz. To‘g‘risi ko‘zlarimdan yoshlar marjon shodasidey terilib duv-duv to‘kilardi. Oilamni qadrlashga, ota-onamga va o‘zgalarga mehr ulashishga va hayotda shunchaki yashamaslikka da'vat etgan bu kitobni yuksak qadrlayman. Va sizlarga ham tavsiya etaman.
Zero, ushbu kitob Mich Elbomning insoniyatga qilgan chinakam tuhfasi desam hech ham mubolag‘a qilmagan bo‘laman🤍

©Sevinch Saidmurodova
Toshkent pediatriya tibbiyot instituti talabasi