June 14, 2025

Haunting Adeline

Prolog

───────────────────────

Uyimning oynalari osmon bo‘ylab gumburlab o‘tayotgan momaqaldiroq kuchidan larzaga keldi. Yiroqda chaqmoq chaqadi, tunni yoritadi. O‘sha bir lahzada, o‘sha bir necha soniyalik yorqin nurda, derazam tashqarisida turgan erkak ko‘rindi. U menga qarab turibdi. Har doim menga qarab turadi.

Men har doimgidek, odatdagidek harakat qilaman. Yuragim bir urishni o‘tkazib yuboradi, so‘ngra tez ura boshlaydi, nafasim sayozlashadi, qo‘llarim terlab ketadi. Uni nechanchi marta ko‘rishimdan qat’i nazar, u har safar menda aynan shu reaksiyani paydo qiladi.

Qo'rquv.

Va hayajon.

Nega u meni hayajonga solishini bilmayman. Men bilan nimadir noto‘g‘ri bo‘lsa kerak. Tomirimdan suyuq olovdek issiqlik oqib o‘tib, orqasida lovullagan jimirlash qoldirishi — bu oddiy hol emas. Aqlimda bo‘lmasligi kerak bo‘lgan fikrlar paydo bo‘lishi — bu ham odatiy emas.

U hozir meni ko'ra oladimi? Yupqa ko'ylakdan hech narsa kiymaganim uchun matodan bilinib turgan ko'krak uchlarimni hammi? Yoki kiygan shortigimning zo'rg'a yopayotgan sonlarim orasini ham? Unga bu ko'rinish yoqadimi?

Albatta unga bu yoqadi.

Shu sababli u menga tikiladi, to‘g‘rimi? Shu sababli har kecha qaytib keladi, har safar qarashlari yanada ochiq, bemalol bo‘ladi, men esa jim turgancha unga qarshi chiqaman. Ichimda esa u yaqinroq kelsin, degan umid bor — toki uni tomog‘iga pichoq tirashga sabab bo‘lsin.

Haqiqat shuki, men undan qo'rqaman. Dahshatga tushaman, aslida

Lekin derazam tashqarisida turgan o‘sha erkak menga xuddi qorong‘i xonada o‘tirgandek his qildiradi — ekranda dahshatli film ketayotgan televizor yolg‘iz nur manbai bo‘lib turadi. Bu qo‘rqinchli, yurakni muzlatadi, va men faqatgina yashirinmoqchiman. Ammo ichimdagi bir qismim meni qimirlatmaydi, dahshatga o‘zimni ochiq holda tutib turadi. Shu dahshatning o‘zida u derazadan qarab, nimadandir zavq topadi.

Yana qorong‘ulik. Chaqmoq esa endi ancha uzoqroqda chaqmoqda.

Nafasim tobora tezlashmoqda. Men uni ko‘ra olmayman, lekin u meni ko‘radi.

Ko‘zimni derazadan zo‘rg‘a uzib, qorong‘i uyning ichkarisiga qarayman, go‘yoki u qandaydir yo‘l topib ichkariga kirib olgandek vahimadamanki, orqamga qarayman. Parsons Manor’da soya qanchalik chuqur bo‘lmasin, qora-oq katakli pol har doim ko‘zga ko‘rinib turadi.

Bu uyni men buvim bilan bobomdan meros qilib olganman. Mening bobom va buvim bu uch qavatli viktorian uslubidagi uyni 1940-yillarning boshlarida qurdirgan — qon, ter, ko‘z yoshlar va besh nafar quruvchi hayoti evaziga.

Afsonalarga ko‘ra — yoki aniqrog‘i, Nananing aytishicha — uy qurilish jarayonida yonib ketgan va o‘sha yong‘inda besh nafar quruvchi halok bo‘lgan. Men bu fojiali voqea haqida hech qanday yangilik maqolasini topa olmadim, lekin Manor’da kezib yurgan ruhlar umidsizlik hidini taratadi.

Buvim (Nana) har doim shunday dabdabali hikoyalar aytardi, ota-onam esa bunga javoban ko‘z yumardi. Onam buvimning aytganlariga hech qachon ishonmagan, lekin menimcha, u shunchaki ishonishni xohlamagan.

Ba'zida tunda qadamlar ovozlarini eshitaman. Bu tovushlar sakkson yil oldin fojiali yong‘inda halok bo‘lgan ishchilarning ruhlaridan bo‘lishi mumkin… yoki uyim tashqarisida tik turgan o‘sha soyadan ham bo‘lishi mumkin.

U meni kuzatyapti.

Har doim meni kuzatib turadi.